Buyuk ipak yo’lida madaniyatlararo aloqa Baltabayev Xurmat,
Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi, Nukus shahri.
xurmatbaltabayev@gmail.com
+998907092274
Taraqqiyotning omili ishlab chiqarish deyiladi. Lekin savdosiz, madaniyatlarning almashuvisiz taraqqiyot bo‘lmaydi. Savdo esa yo‘lsiz bo‘lmaydi. Yo’l bor joyda harakat bo’ladi. Shuning uchun taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi ham shubhasiz yo’llar hisoblanadi. Davlatlar iqtisodiyotining kuchliligi, madaniyatning qanchalik turfa xil va boy ekanligi, uning jahondagi nufuzi mamlakatdagi yo’llarning holati va ahamiyatiga bog’liq.
Shunday yo’llardan biri “Buyuk Ipak yo’li” bo’lib, u Atlantika okeani qirg‘oqlaridan Tinch okeani qirg‘oqlarigacha cho‘zilib, butun Osiyo qit’asi bo‘ylab O‘rta yer dengizi davlatlarini Uzoq Sharq davlatlari bilan birlashtirgan. Bu oddiygina yo‘l yoki okeandan okeangacha bo‘lgan yo‘llar tizimi bo‘lib qolmay, balki tinchlik va hamkorlikka intilgan xalqlarni birlashtiruvchi, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi murakkab madaniy-iqtisodiy ko‘prik bo‘lgan.
Buyuk Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi miloddan avvalgi II asrga borib taqaladi. Ammo “ipak yo’li” atama sifatida ishlatila boshlaganiga ko’p bo’lgani yo’q. “Buyuk Ipak yo‘li” talqini tarix faniga nemis sayyohi va tarixchisi Ferdinand Rixtgofen tomonidan 1877 yilda kiritildi. U “Xitoy” kitobida Sharq davlatlaridan o‘tuvchi bu yo‘lni birinchi marta “Ipak yo‘li” deb ataydi. Nemis tilida ushbu atama “Seiden Strassen”, ingliz tilida “The silk road”, rus tilida chiqqan kitoblarda “Великий шелковый путь”, xitoy adabiyotida “Sijou chjilu” deb yuritilgan. Ipak yo’li nomi bilan atalishidan oldin qadimgi Xitoy manbalarida u “dao” (yo’l), “G’arbiy meridianal yo’l” deb nomlangan.
Nomidan ham ma’lum bo’lishicha, karvon yo’llaridagi savdoning asosiy buyumi butun jahonda juda qimmatbaho bo’lgan ipak mahsulotlari edi. Masalan, o’rta asrlarning dastlabki davrida ipak eng qadrli hisob-kitob birligi, ya'ni pul o'rnida ishlatilib, hatto tillani muomaladan siqib chiqaradigan darajagacha chiqar edi. Masalan, bir otning narxi o’nta ipak kiyimliklariga tenglashtirilgan. Ipak matolarning ahamiyatini yana quyidagi misoldan ham bilib olsak bo’ladi.G’arbiy mamlakatlarga borgan elchi yoki savdogar ipak matolarni iloji boricha ko’p olib borishi kerak. Aks holda “yeyishga ovqat ham topolmasligi mumkin” deyiladi yozma manbalarda. Xitoyda ipakchilikning yuksalishiga sabab bu hudud tabiati va iqlimining qulayligi edi. Qolaversa bu davrlarda Xitoyda paxta hali tarqalmagan edi. Paxtani O’rta Osiyodan olib kelish qimmatga tushar edi. Shuning uchun xitoyliklar ipak savdosidan daromad olishga katta e’tibor berishdi.
Ipak qit’alararo yo’l orqali tashib o’tiladigan asosiy mol bo’lsa ham, lekin yagona emas edi. Markaziy Osiyo aholisi bilan Xitoy o’rtasida otlar, harbiy anjomlar va qurol-yarog’lar, choy savdosi, chinni buyumlar yetakchi mahsulotlar edi. Xitoyliklar Farg’onaning arg’umoq otlariga juda qiziqqanlar. Chunki u paytlarda Xitoyda chopqir va kuchli otlar yo’q edi. Ular bir necha marta Farg’onaga otlar sotib olish uchun borganlarida farg’onaliklar otlarni ko’p miqdorda berishni istamay, faqat sovg’a tariqasida 2-3ta berib yuborishgan ekan. Xitoyliklar Farg’ona otlarini qo’lga kiritish uchun bu hududga bir necha marta hujum qilishgan. O’rta Osiyoda ipak yo’li bo’yidagi savdoda choy mahsuloti juda ko’p sotib olingan. Shuni aytib o’tish joizki, O’rta Osiyo aholisi o’rtasida choy ichish V asrdan keyin keng tarqala boshlagan. Yana Yevropada Xitoyning chinni buyumlariga ham talab yuqori edi. Xitoyda chinni buyumlar maxsus oq, ko’k rangdagi loydan tayyorlangan va nafisligi bilan ajralib turgan.
Markaziy Osiyodan esa Xitoyga tok (uzum) va beda olib borilgan va ular Xitoyda keng tarqalgan. Shunday qilib, Buyuk Ipak yo’li G’arb va Sharq o’rtasida ipak, choy, chinni idishlar tayyorlash, uzum va beda yetishtirish sohalarining o’zaro almashinuviga katta hissa qo’shgan.
Yana shuni aytib o’tish lozimki, bu yo’l hech qachon yagona bir yo’l bo’lmasdan, balki azim bir daraxtning sadasiga o’xshash tarzda shoxlanib ketgan turli-tuman yo’nalishlarni o’z ichiga olgan edi. Masalan, yo’l Dunxuan shahrida ikkiga bo’linib, shimoliy-g’arbiy tarmog’I Gobi sahrosining cheti bo’ylab o’tgan, keyin sharqiy Turkiston orqali Farg’ona bilan Toshkentdan Samarqandga, Buxoroga, Xorazmga olib borgan, keyin esa Kaspiy dengizi qirg’oqlariga yetib kelar edi. Yo’lning janubiy-g’arbiy yo’nalishi esa TaklaMakon sahrosini (Xitoy hududida) janub tarafidan aylanib o’tib, Xo’tan va Yorkent shaharlari orqali Baqtraga va Marvga kelar edi, bu yerdan karvonlar Eron, Suriya davlatlari orqali o’tib, O’rta Yer dengizi bo’yiga yetib kelar edi, mahsulotlarning bir qismi dengiz yo’li bilan Rim va Yunonistonga kelib tushar edi.
Bu yo’ldan mashhur allomalar, sayohatchi va tadqiqotchilar sayohat qilib o’z asarlarini, qaydnomalarini yo’l safarida yozib borganlar. Xitoy ruhoniysi Syuan Szyan, venetsiyalik savdogar Marko Polo, arab sayohatchisi va savdogar Ahmad ibn Fadlan, vengriyalik tadqiqotchi Arminiy Vamberi, amerikalik geolog olim Rafael Pampelli va frantsiyalik sayohatchi Jozef Martenlar aynan shu Buyuk ipak yo’lidan yurib ajoyib sayohatlarni boshidan kechirganlar.
Buyuk ipak yo’li orqali nafaqat savdo karvonlari, balki xalqlarning erishgan madaniy yutuqlari, ma’naviy qadriyatlari, diniy g’oyalari ham jahonga tarqalib borar edi. Masalan, Hindistonning budda dini shu yo’l bilan Xitoyga Markaziy Osiyo orqali kirib kelgan. Eramizning birinchi asrlarida Kichik Osiyodan Movarounnahrga xristianlik dini kelib yetgan. Arab xalifaligining qattiqqo’l harbiy navkarlari VII asrda islom ta’limotini olib kelganlar.
Buyuk ipak yo’lining rivoji Amir Temur davrida ancha yuksalgan. Uning davrida bu yo’lga e’tibor qaratilib uning xavsizligi va xalqaro savdodagi ahamiyati mustahkamlandi. Savdo ko’lami ham ancha ortdi. CHet mamlakatlardan Samarqandga olib kelinadigan mollarning miqdori naqadar ko’p bo’lganligini Klavixo bu shaharda bo’lgan vaqtida Xitoy poytaxti Xonbaliqdan 800 tuyalik savdo karvoni kelganini qayd etganidan ham faraz qilish mumkin. Yo’llarning xavfsizligi masalasiga esa Amir Temurning mana bu so’zlari dalildir: «Saltanatimning u chetidan bu chetigacha biron bolakay boshida bir lagan tilla ko’tarib o’tadigan bo’lsa, bir donasiga ham zarar yetmaydigan tartib-intizom o’rnatdim». Klavixo ham o’z asarida bir marta Misr elchilarini 20 nafarga yaqin suvoriy Samarqandga qo’riqlab borganini ko’rganligini yozgan.
Amir Temur vafotidan keyin temuriy shahzodalar o’rtasida bo’lgan toj-u taxt uchun kurash mamlakatni kuchsizlantirib qo’yadi. Buning natijasida savdo aloqalari ham bir muddat to’xtab qolgan. Bundan tashqari XVI asrga kelib dengiz savdo yo’llarining ochilishi bilan Buyuk ipak yo’lining ahamiyati tushib ketdi. O’rta Osiyoda uchta xonlik davrida ham bu yo’lga unchalik e’tibor berilmadi va G’arb bilan Sharq o’rtasida Buyuk ipak yo’li orqali olib boriladigan qizg’in savdo aloqalari pasayib ketdi.
XX asrga kelibgina Buyuk ipak yo’lini tiklashga qaytadan e’tibor qaratila boshlandi. 1987 yil YUNESKO madaniy taraqqiyot bo’yicha BMT ning umumjahon deklaratsiyasi davrasida “Ipak Yo’li – Muloqot Yo’li” xalqaro dasturini qabul qildi. Bu dastur O’rta Osiyo xalqlari boy madaniy tarixlarini keng qamrovda tadqiq etishni nazarda tutadi. Biroq uning asosiy maqsadi – sharq bilan g’arb o’rtasida madaniy va iqtisodiy aloqalar o’rnatishdan iborat edi. Bu dastur asosida ko’plab (30 dan ziyod) xalqaro ilmiy konferensiya (jumladan, Samarqand 1990 – yil oktabr; Buxoro 1996 – yil fevral) va seminarlar o’tkazildi. “Buyuk Ipak yo‘li” dasturining yakuniy konferensiyasi 1997 yilda Parijda bo‘lib o‘tdi. O‘sha yerning o‘zida katta e’tiborga loyiq ko‘rgazma tashkil etilib, unda Osiyo xalqlarining asrlar davomida erishgan madaniy yutuqlari namoyish etildi.
1993 yil may oyida Bryusselda Yevropa Komissiyasi Markaziy Osiyo hamda Kavkaz mamlakatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillari uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda «Yevropa va Osiyoni bir-biriga bog’laydigan «Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo’lagi» (TRASEKA)ni barpo etish masalasi ko’rib chiqildi. Aytish mumkinki, ayni shu uchrashuv «Buyuk ipak yo’li»ni tiklash borasida dastlabki amaliy qadam bo’ldi. Hozirga qadar jahonning 50 mamlakatlari TRASEKA yo’llari orqali o’z yuklarini manzillarga yetkazayotir. Mazkur yo’llardan SHarq ham, G’arb ham birday manfaat topadi. Markaziy Osiyo va Kavkaz uchun jahon bozoriga keng yo’l ochiladi. 1998 yil sentyabr oyida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Yevropa –Kavkaz-Osiyo transport yo’lagini (TRASEKA) rivojlantirish bo’yicha xalqaro anjuman bo’lib o’tdi. Unda 32 davlatning rahbari, 10dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishdi.
1995 - yil 2 - iyunda O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimovning “Buyuk Ipak Yo’lini qayta tiklashda O’zbekistonning ishtirokini avj oldirish va Respublikada sayyohlikni rivojlantirish borasidagi chora tadbirlar to’g’risida” farmoni e’lon qilindi. Shu asosida “O’zbekturizm” milliy kompaniyasi Ipak Yo’li o’tgan tarixiy manzillar bo’ylab 200 dan ortiq yo’nalishlar ishlab chiqdi.
2000-yil 20-avgustdan 4-sentyabrgacha bo’lgan 14 kun davomida “O’zavtoyo’l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Xitoy Xalq Respublikasiga “Buyuk ipak yo’li bo’ylab” ilmiy ekspeditsiya tashkil qildi. Ekspeditsiya vazifasi XXRda Buyuk ipak yo’lini qayta tiklash va uni zamonaviy yo’lga aylantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilgani va bu borada Xitoy tajribalarini o’rganishdan iborat edi. Shu bilan birga Buyuk ipak yo’lining tarixi va o’tmishdagi yo’nalishlarini o’rganish ham ekspeditsiya vazifasiga kirgan. Ilmiy ekspeditsiya Qadimgi Xitoyning markazi Sian shahridan Ergashtomgacha bo’lgan Buyuk ipak yo’li qismining tarixi va hozirgi ahvoli bilan tanishib chiqdi.
Markaziy Osiyo hududida joylashgan O’zbekiston, Qozog’iston, Turkmaniston, Qirg’iziston va Tojikiston davlatlari ham hozirgi kunda jahon xo’jalik tarkibiga asta-sekinlik bilan kirib bormoqda. Jahon xo’jalik tarkibiga kirib borishda Markaziy Osiyo davlatlari uchun «Buyuk ipak yo’li»ning roli benihoyat kattadir. “Buyuk Ipak Yo’li” sayyohligida sayyohlar uchun qulay shart – sharoitlar yaratish, ularga xizmat ko’rsatish maqsadida yangi shinam mehmonxonalar, kempinglar, hotellar, umumiy ovqatlanish va dam olish maskanlari bunyod etilmoqda. Shu sababli bu yo’nalishlar bo’ylab safar qiluvchilar soni yil sayin ortib bormoqda.
Bobokalonlarimiz qachonlardir ikki dunyoni - SHarq va G’arb dunyosini «Ipak yo’li» orqali bog’lashda faollik ko’rsatgan ekanlar, «Ipak yo’li» tufayli G’arb va Sharqqa, janub va shimolga chiqish imkoniyatini qo’lga kiritgan ekanlar, savdo madaniyati bobida o’ta ishbilarmon sifatida jahonga mashhur bo’lgan ekanlar, bu ibratli tarixiy merosni tiklash va uni rivojlantirish bugungi avlodning asosiy vazifasidir.