“BUYUK – HADISSHUNOS OLIM IMOM AL-BUXORIY HADISLARINING INSON HAYOTIDAGI O‘RNI”
Nurmuhammadova Dilobar
NamDU Tarix yo‘nalishi talabasi
Annotatsiya: O‘z davrining buyuk allomalaridan biri muxaddis Imom Ismoil Al-Buxoriy o‘zining hadislari bilan Islom dunyosiga va inson qalbiga bamisoli quyosh nurlari kabi kirib borgan. Uning islom dunyosidagi o‘rni, mehnatlari va shuhrati beqiyosdir. Bu buyuk allomaning ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish bu insonga bo‘lgan hurmatimiz va insoniy burchimizdir. Bu buyuk allomaning porloq xotirasini abadiylashtirish maqsadida yurtimizda qator islohotlar amalga oshirildi.1-prezidentimiz Islom Karimov ham shu islohotlarga boshchilik qildilar. Bu allomaga nafaqat bizni yurtimizda balki xorijiy mamlakatlarda ham e’tibor va hurmat kuchlidir. “Qubbat ul-islom” islom dinining gumbazi hisoblangan Buxoroyi sharifda ulug‘vor va muhtasham maqbara barpo etilgan. Imom–al Buxoriyni ilmiy merosini yurtimizdagi har bir yosh avlod katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Imom–al Buxoriyni hadislaridan bexabar inson bu dunyoda bo‘lmasa kerak. Imom–al Buxoriy hadislari orqali inson o‘z ma’naviy salohiyatini oshiradi, dunyo qarashi kengayib hayotning har qanday vaziyatidan to‘g‘ri xulosa chiqarishni o‘rganadi.
Kalit so‘zlar: alloma, muhaddis, hadis, islom, me’ros, din, taraqqiyot, saxix, ma`rifat, ilm-fan, Batxa, Yereb, qur`on, ma`rifatparvar, Movaraunnahr.
Dunyoda juda ko‘plab mamlakatlar mavjud bo‘lib, ularning har birida o‘ziga xos va mos taraqqiyot ilgari surilgan. O‘sha davrdagi taraqqiyot hozirgi kun uchun juda muhim ahamiyat kasb etgan. Lekin shunday bo‘lsada ilm-fan taraqqiyoti deganda ko‘z o‘ngimizda O‘rta Osiyo va uning bir bo‘lagi bo‘lgan Movaraunnahr keladi. Xususan Movaraunnahrda ko‘plab allomalar yetishib chiqqan lekin hadis ilmi deganda Imom-al Buxoriy gavdalanadi. U zotning ta’riflariga to‘xtaladidan bo‘lsak “Amirul-mo‘minin” ya’ni hadis ilmida mo‘minlarning amiri, “Imomud-dunyo” dunyodagi barcha mo‘min va musulmonlarning imomi, “Shayhul-islom” musulmonlarning ustozi, dini islom g‘amida soch-soqoli oqargan ustozdurlar. Asl ismlari Muhammad “Al-Buxoriy” nomi esa islomiy taxallusidur. Bu nom iste’dodlari yashnab gurkirab ulug‘langan davrlardan boshlab islom madaniyati tarixi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan va Alloh taolo u zotning nomlarini uzoq davrlar zikr qilinmoqligini nasib etib, tengsiz martaba ato etgan.
Agar Al-Buxoriy ismini hadis majmualari borasida talqin qilinsa, darxol ma’lum va mashhur “Al-jome-as-sahih” “Ishonarli to‘plam” kitobi ko‘z oldimizga keladi. Agar bu nomni islomiy mafkura alomatlaridan iborat “Kalom” bahsida zikr qilinsa, shu kitob muallifi Muhammad ibn Ismoildan boshqa kishi tushinilmaydi. Bu ism allaqachon o‘zining asl ismidan g‘olib bo‘lib ketgan edi. Chunki “Al-Buxoriy” deyilsayoq, Buxoro shahrida shu nom shu nisbat bilan tanilib, qanchadan qancha olim-u fozillar yashab o‘tgan bo‘lishiga qaramay butun musulmon olami dastlab faqat Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriyni tushunadigan bo‘lib qolishgan. Haqiqatdan ham bu kishi “Al-Buxoriy” nomi bilan o‘ziga xos va bemisol shuxrat topganlar. Rivoyatga ko‘ra u zotning o‘g‘il farzandi bo‘lmagan, ammo hurmat yuzasidan u zotning ismlari shu laqab bilan boshlab tilga olinadi, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Murg‘iba ibn Bardizba – “Bardiz”-qadimgi forschada “Bo‘ston”, bu atama Buxoroliklar lug’atida dehqon, ekin ekuvchi ma’nolarini anglatgan.
Imom Al-Buxoriyning otasi Ismoil edi. Uning kunyasi Abul-Xasan bo‘lib o‘z davrining yetuk muxaddislaridan, imom Molikning shogirdi va ashoblaridan hisoblangan. Tijorat ishlari bilan ham shug‘ullangan. Afsuski uning qalamiga mansub birorta asar haqida ma‘lumotga ega emasmiz. Biroq uni Hamad ibn Zayd, imom Molik, Abu Muoviya kabi yirik muhaddislarning hadislaridan rivoyat qilgani, Abdulloh ibn al-Muborakning suhbatida bo‘lib undan ta’lim olgani haqidagi ma’lumotlar ayrim manbalarda keltiriladi.
1
Uning shogirdlaridan esa Iroqlik bir qancha olimlar Ahmad ibn –Xafs, Nasr ibn Husayn va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Imom al-Buxoriy “At-Tarix al-Kabir” asarida otasining tarjimai holi haqida talay ma’lumotlar beradi. Tarixchi al Xofiz ibn Xibbon o‘zining “Kitob at-sikkot” ya’ni “Buyuk insonlar haqida kitob” nomli asarida Ismoil ibn Ibroxim ya’ni Al-Buxoriyning otasi Hamad ibn Zayd va Molikdan hadislar rivoyat qilgan, undan esa Iroqlik olimlar hadislarni naql qilganlar-deya takidlaydi. Manbalarda ta’kidlanishicha, Ismoil o‘ta taqvodor, xudojo‘y halol inson bo‘lgan. Tarixchi Axiyd ibn Xafasning yozganlari bu fikrimizga dalildir. Abu Abdulloh ya’ni Imom –al Buxoriyning otasi bandalikni bajo keltirayotgan chog‘ida “Uni ziyorat qilganimda menga u “Bor molu dunyoyimdan harom yo‘l bilan, shubhali nopok, yo‘l bilan topilgan bir dirham ham bilmayman” deb iltijo qilganida mening nafasim bo‘g‘ilib butun vujudim uning ulug‘vorligi oldida hech narsaday tuyuldi”–deb yozadi. Mazkur kitobda, shuningdek, Imom Al-Buxoriyning otasiga xos bo‘lgan yana bir qancha insoniy fazilatlar va uning alohida xususiyatlari ham qayd etiladi.
Imom Al-Buxoriyning onasi ham taqvodor, diyonatli va har–xil karomatlar sohibasi, g‘oyatda oqila, fozila ayol sifatida tanilgan. Ma’lumki, Imom al- Buxoriyning yoshligida ko‘zi jarohatlanib, ko‘rish qobiliyati susaygan. Har qancha urinishsa ham tabiblar uni davolay olmaganlar. Kunlardan bir kuni Al–Buxoriyning onasi tushida Ibrohim alayhissalomni ko‘rgan va u zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab “Ey volida. Sening duolaringning bardavomligidan Alloh taolo o‘g‘lingga to‘liq ko‘rish qobiliyatini qaytardi”,- deya xitob qilganlar. Keyin u ,,Uyqumdan uyg‘onsam, o’g’lim Muhammadning ko‘z nuri to‘liq qaytib, tuzalib ketibdi’’, degan rivoyat mavjuddir. Abu Ali al G‘assoniy degan olim “Muhammad ibn Ismoilning yoshligida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan. Uning onasi taqvodor ayol bo‘lib, tushida Ibrohim Xalilullohni ko‘rganda u “Ko‘p duolar qilib yig‘laganingdan Alloh taboraka va taolo o‘g‘lingni ko‘z nurini qaytardi’’,-degan. Ona “Ertalab uyg‘onsam, Alloh o‘g‘limga ko‘z nurini qaytarganini ko‘rdim” degan ma’lumot bilan yuqoridagi rivoyatni aynan qaytaradi.
Imom Al-Buxoriy ilm-fan va madaniyat ravnaqida avvaldan mashhur bo‘lgan Buxoro shahrida tavallud topgan. Mana shu muhtasham shahar-Buxoroyi sharifda 194 hijriy sana, shavvol oyining 13-kunida salotul-jumadan keyin ya’ni 810 milodiy sana, 20-iyul jami muhaddislarning imomi, Muhammadning muborak hadislariga durdonasimon sayqal berib, ularni abadul-abad barhayot qilgan ulug’ zot imom al- Buxoriy dunyoga kelgan.
Mutaffakir Abdurahmon Jomiy mashhur muhaddisning ilmiy ijodiy salohiyatiga yuksak baho berib, “Batxa ya’ni Makka va Yereb Madinada yasalgan tanganing sayqali Buxoroda kamoliga yetdi” deb yozgan edi. Ma’lumki, manbalarda o‘rta asrlarning bir qator donishmandlari tavallud topgan oylari va kunlari tugul hatto yillarida ham aniqlik bo‘lmay, xilma-xil ma’lumotlar ko‘rsatilgan hollar bot-bot uchraydi. Imom al-Buxoriyning tug‘ilgan vaqti kuni, oyi, yili aniq keltirilishining boisi shundaki, allomaning yozishicha, u tug‘ilgan vaqt otasi o‘z qo‘li bilan yozib qo‘ygan varaq zamondoshlariga yetib kelgan. Imom al- Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, bolaning tarbiyasi volidasi zimmasida bo‘lgan. Birmuncha ulg‘ayib aqli raso bo‘lgach uning qalbida islomiy ilmlarga ayniqsa Muhammad s.a.vning muborak hadislarini o‘rganishga va yodlashga moyillik tobora kuchaya boradi. U dast avval Ibn al- Muborak va Vaqiyning hadislariga oid asarlarni yod oladi. Imom al-Buxoriyning kotibi uning asosiy tasnifi “Sahih” asari roviylaridan biri bo‘lmish Abu Jafar Muhammad ibn Abu Xotam ar Varroq shunday deb yozadi, Al-Buxoriyning “Hadislarni yod olish ilhomi menga boshlang‘ich maktabda o‘qiyotganimda kelgan edi” deganini eshitganimda, o‘shanda necha yoshda edingiz” deb so‘radim. U “O‘n yoshda balkim undan ham kichik edim” deb javob bergandi. Bu misoldan ko‘rinib turibdiki, Imom al-Buxoriy juda yoshligidan boshlab hadislarni yod olib, bu mashg‘ulotga alohida zavq-shavq va qiziqish bilan qaragan.
Allomaning ustozlari haqida gapiradigan bo‘lsak, u eng avvalo o‘sha paytda Buxoroning taniqli muhaddislaridan sanalgan ad-Dohiliydan saboq olgan. Hadislarni o‘rganish bo‘yicha olim tashkil etgan to‘garaklarning shuhrati keng tarqalgan bo‘lib, uning faoliyati yoyilib ulkan samaralar bergan.
Kunlardan bir kun Dohiriy o‘z odaticha talabalarga saboq berar, Imom al- Buxoriy ham boshqa tolibi ilmlar qatori dars tinglab o‘tirgan edi. Shunda ad-Dohiliy bir hadis isnodi haqida gapirib “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan” deb zikr qildi. Shunda Al-Buxoriy “Abu Zubayr hech vaqt Ibrohimdan rivoyat qilmagan” dedi va bu bilan u ad-Dohiliyning sanad xususidagi xatodan ogoh qilmoqlikni hohlagan. O‘z shogirdlaridan bu gapni eshitgan Dohiliy esa hayratga tushib, uning so‘zini dag‘allik bilan bo‘ldi. Al- Buxoriy o‘ta hotirjamlik bilan “Ustoz agar ishonmasangiz asl manbaaga qarang” dedi. Ad- Dohiliy manbaaga qarab shogirdi aytgan gapni to‘g‘riligini e’tirof etib tan oldi.
Manbalarda keltirilishicha Al-Buxoriy o‘n yoshidan boshlab yod olish ilhomi nasib etgan bo‘lsa yoshi ulg‘aygan sari bu istak tobora kuchayib, u nafaqat hadislarni shunchaki yod olish balki yoshligidan boshlab hadislarni “Sahih” ishonchli va “G‘ayri sahih” ishonchsizlarga ajratish ularning illatlarini aniqlash hadis roviylari ma’lumoti to‘g‘riligi ishonchli yoki ishonchsizligi, roviylarning maishiy hayoti yashash joylari tug‘ilgan va vafot etgan sanalari va bir-birlari bilan o‘zaro munosabatlari tafsilotlarini bilish turli roviylar keltirgan hadislarni bir-biriga solishtirib muqoyasa qilish, ularning bir–biri bilan bog‘liqligini yohud uzilishlar mavjud holatlar hadis ilmining yana boshqa xilma-xil muammolarini tadqiq qilish hadislarni saralab jamlash va Qur’oni Karim oyatlari bilan uzviy bog‘liqlikda o‘rganish kabi masalalarga qiziqdi. Imom Al-Buxoriy o‘z vatanida va xorijiy mamlakatlarda mingdan ortiq ustoz shayx, mashoyihlardan hadis rivoyat qilgani haqida manbalarda aniq ko‘rsatilgan. Al-Buxoriyning ilk ustozlari sifatida o‘sha davrda Buxoroda ko‘zga ko‘ringan muhaddislardan Muhammad ibn Salom al- Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Poykandiy, Abdulloh ibn Muborakning kitoblarini yod oldi. Tez fursatda Al-Buxoriyning noyob qobiliyatini va zukkoligini ko‘pchilik ulamolar tomonidan shuningdek Al-Buxoriyga ustozlik qilgan yetuk muhaddislar tomonidan ham e’tirof etila boshlandi.
2
Bu hol shu darajaga yetdiki, xatto ayrim taniqli olimlar ham Al-Buxoriyning o‘z darslarida hozir bo‘lishidan tashvishlanib uning huzurida biror xato va kamchilikka yo‘l qo‘yishdan xavotirlanadigan bo‘lib qoldilar. Ular o‘z kitoblaridagi xatolarni tuzatish uchun Imom Al-Buxoriyga murojaat qilardilar. Manbalarda keltirilishicha Al-Buxoriy xadislar talabida xorijiy yurtlarga safarga chiqishdan oldin bir voqea sodir bo‘lgan ekan. Bu haqida buxorolik olim Salim ibn Mujohid shunday hukoya qiladi; “Bir kun do‘stim Muhammad ibn Salom al-Poykandiyning uyiga borgan edim u menga Biroz oldinroq kelganingda, yetmish ming hadisni yod biladigan bir bolakayni ko‘rar eding-a” dedi. Men shu zahoti orqamga qaytib yugurib ko‘chaga chiqdim va o‘sha bolani uchratib, “Yetmish ming hadisni yod biladigan bola senmisan?” -deb so‘rasam, u “Ha, balkim undan ham ortiqrog‘ini bilaman”,-dedi. U yana sahobalar va tobeinlardan, toki ularning ko‘plarini tavallud va vafotlarini, ularning maskanlarini aniq bilmagunimcha birorta ham hadis rivoyat qilmayman dedi. Shuningdek, sahoba va tobeinlarning har bir hadisini Qur’oni Karim va payg’ambarimizning hadislariga tayangan holda rivoyat qilaman” -dedi. Salim ibn Mujohidning ushbu so‘zlari ham Al-Buxoriyning yoshligidan boshlab o‘ziga puxta ishonchi va mas’uliyati bo‘lgani shu tufayli el orasida obro‘- e’tibor topganiga dalildir. Muhammad ibn Salom al-Poykandiyning “Muhammad ibn Ismoil qachon mening huzurimga kirsam xar doim men o‘zimni yo‘qotib qo‘yib doim undan xavotirda turaman’’-degan e’tirofga qo‘shimcha, al-Xofiz ibn Xajar. Muhammad ibn Salom al- Poykandiy bilan bog‘liq bu voqealar xalil Al-Buxoriyning ilmi Buxorodagi o‘z ustozlari darajasida ekanidayoq sodir bo‘lgani, qolaversa Imom al- Buxorodan jo‘nab ketgandan keyin al- Poykandiy u bilan boshqa uchrashmaganini hisobga olsak, ta’kidlamoqchi bo‘lgan fikrimiz yanada aniqlashadi deb o‘ylaymiz…
Azaldan muhaddislar orasida arabcha “Rixlat” istilohi biror hadisni bilish yoki isnodni oliy darajasiga yetkazish maqsadida yo‘lga chiqqan insonning safari ga nisbatan ishlatilar ekan. Ilm yo‘lidagi fidoiylik bu yumushga butun vujudiyu aql zakovatini bor imkoniyu himmatini baxshida etish aql bovar qilmas darajadagi quvvai xofizasi va boshqa fazilatlari Imom Al-Buxoriyning islom dunyosining buyuk allomalaridan biri sifatida tanitdi. Imom Al-Buxoriy rivoyat qilgan hadislarning roviylari ko‘p hollarda hatto imom Molik va imom Abu Xanifaning toifasiga kiradi.Bu fikrni ko‘plab muhaddislar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaganlar.
Demak imom Al-Buxoriy o‘n olti yoshga yetguncha o‘z yurtidagi mashoyihlardan hadis eshitib ulardan saboq oladi. Mana shundan keyin islomiy ilmlarning markazi Payg‘ambarimizning vatani, Qur’oni Karim nozil bo‘lgan muqaddas diyor Rasululloh s.a.v sahobalarining maskani Xijozi sharif tomon ravona bo‘ldilar.
Imom Al-Buxoriy Shomda ham bo‘lib, unda Yusuf Faryobiy, Abu Nasr Is’hoq ibn Ibrohim va Odam ibn Abu Iybos Abul- Yaman al-Xakam ibn Nofi va Xayvat ibn Shuriyx kabi bir qancha mashhur olimlardan saboq oldi. Shundan so‘ng Misrga o‘tib, Usmon ibn as-sog‘ Saiyd ibn Abu Maryam, Abdulloh ibn Solix, Axmad ibn Solix, Axmad ibn Shubayb, Asbag‘ ibn al-Faraj, Sa’iyd ibn Abu Isolar va shularga o‘xshash olimlardan dars oladi.
Imom al- Buxoriy juda ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgan bo‘lsada uning yakkayu yagona maqsadi hadis ilmi bo‘yicha saboq olish niyatida bordi. Bu joylardagi taniqli olimlar bilan muloqotda bo‘lib o‘z ilmini muttasil boyitishga intildi. “Bag‘dod tarixi” nomli asarning muallifi bo‘lgan al-Xatib-Bag‘dodiy o‘z kitobida Ja’far ibn Muhammad al-Qatton degan olimning Imom Al-Buxoriyning o‘zi: “Men hadislarni ming ehtimol undan ham ortiq shayx-u ulamolarga tayanib yozdim. Mening kitobimda birortayam isnodi ko‘rsatilmagan hadis yo‘q deb aytganini eshitganman”-, degan so‘zlarni keltiradi. Tarixchilar Imom al-Buxoriyning ustozlari soni haqida ham ma’lumotlar keltirishgan. Jumladan olim Muhammad ibn Xotamiyning yozishicha Imom Al-Buxoriyning o‘zi suhbatlaridan birida unga “Bir ming saksonta shayx (ustozdan) yozganman” degan. X asrda yashagan Isfaxonlik olim Muhammad ibn Is’hoq ibn Manda al-Isfaxoniy (922-1005) Imom al-Buxoriyning ustozlari haqida maxsus asar yaratib alifbo tartibida ularni nomma-nom keltiradi. Hozirgi kunda Saudiya Arabistonida istiqomad qiluvchi vatandoshlarimiz, iqtidorli olim Nazar Muhammad al-Faryobiy taqiq qilib keng ko‘lamda ilmiy muomalaga kiritgan ushbu mo‘jazgina risola 1991-yili Saudiya Arabistondagi “Maktabat al-Kavsar” matbaasida chop etilgan. Imom al-Buxoriyning ustozlari haqida nisbatan mufassal ma’lumot beradigan ushbu manbaa kengroq to‘xtalish lozim.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam o‘z davrida ko‘plab hadisshunos allomalar bo‘lgan lekin ular ichida hadislar soni va sifati bo‘yicha ham imom Al-Buxoriy ajralib turadi. Imom Al-Buxoriy umrini hadisshunoslikka bag‘ishlagan. Muhaddislikni hayotini mazmuni deb bilgan. Imom Al-Buxoriy o‘z sohasini yetuk mutaxasisi bo‘lish uchun bir ming sakonga yaqin ustozdan ta’lim olganligi ham alohida diqqatimni tortdi. Qolaversa, u hadislarni shunchaki yozib ketmadi u eshitganlarini aniq ashyoviy dalillarga tayanib va tahlil qilib yozdi. Imom al-Buxoriy hadislari o‘sib kelayotgan kelajak avlodni ongini o‘stirishda fikrlash doirasini kengaytirishda katta ahamiyatga ega. Imom al-Buxoriy hadislari hayotning oq-u qorasini ajratishda yordam beradi. Zero hadislar ezgulikka chorlar. Bu insonning qilgan mehnatlari izsiz ketmadi. Yurtimizda bu zot tug‘ilib o‘sgan Buxoro shahrida obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bu zotning maqbaralari qayta ta’mirlandi. 1998-yilga kelib bu inson tavalludining 1200 yilligi keng nishonlandi. Nafaqat yurtimiz miqyosida balki xorijiy mamlakatlardan ham mehmonlar tashrif buyurdi. Bu buyuk allomaga bo‘lgan hurmatimiz nishonasidir. Qolaversa, Buxoro shahridagi bir necha mahallalarga Imom al-Buxoriy nomi berildi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
1. O`zbekiston Republikasi Musulmon idorasi O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi “Imom Buxoriydan qirq hadis” “Movaraunnaxr” nashriyoti. Toshkent 2018.
2. O`zbekiston vazirlar mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi Imom Buxoriy xalqaro markazi O`zbekiston ma`rifatparvarlar jamiyati “Buyuk yurt allomalari” Toshkent “O`zbekiston” 2018.
Do'stlaringiz bilan baham: |