SAID AHMAD (1920-2007)
S aid Ahmad (taxallusi; asl ism-sharifi Husanxo‘jayev Saidahmad) (1920.10.6, Toshkent - 1920) — O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1980). O‘zbekiston Qahramoni (1999). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1968).
Toshkent rassomlik bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida o‘qigan (1940—43). «Mushtum» jurnali (1938—39; 1955—57), «Yosh leninchi» gazetasi (1940—41), O‘zbekiston radioqo‘mitasi (1941—43)da, «Qizil O‘zbekiston» gazetasi (1943—47) va «Sharq yulduzi» (1948—50; 1957—59) jurnalida adabiy xodim bo‘lib ishlagan.
Birinchi hikoyalar to‘plami — «Tortiq» (1940). «Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «Cho‘l burguti» (1960), «Cho‘l oqshomlari», «Odam va bo‘ron» to‘plamlariga kirgan hikoyalarida zamondoshlarining murakkab taqdiri, ruhiy kechinmalari ehtiros bilan aks ettirilgan. Said Ahmad o‘z hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G‘afur G‘ulomning yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi lakonizmdan o‘rganishga intilgan va ular ijodi Said Ahmadning yozuvchi bo‘lib yetishishida «darslik» vazifasini o‘tagan. Ayni paytda u hajvchi, yumorist sifatida tanilgan. Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. Romanlarida ham yumoristik yo‘nalish muhim o‘rin tutadi. Uning yumoristik mahorati «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1976), «Kuyov» (1986) komediyalarida yorqin namoyon bo‘lgan. «Kelinlar qo‘zg‘oloni»dagi xalqona yumor bilan yo‘g‘rilgan Farmon bibi millat mentalitetini, o‘zligini, kuchli va ojiz jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgan betakror obraz darajasiga ko‘tarilgan.
«Ufq» trilogiyasi (1964—74), «Jimjitlik» romani (1988) adib ijodida alohida o‘rin tutadi. «Ufq» romani 20-asr millat hayotining o‘n yillik davri — 2-jahon urushi, urush va urushdan keyingi yillar voqealarini o‘z ichiga oladi. Trilogiyada o‘sha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlar ko‘ksidagi armonlar, shu musibatlarni yengishga qodir mislsiz matonat va shijoatlar yozuvchi iste’dodiga xos ehtiros, zo‘r ilhom bilan aks ettirilgan. Asarda Ikromjon, Jannat, Azizxon, Dildor, Asrora kabi teran, xalqchil, yorqin milliy obrazlar yaratilgan. «Jimjitlik» romanida esa sirtdan tinch, sokin ko‘ringan sho‘ro davrining ichki dramalari, tuzum inqirozi butun keskinligi, shiddati bilan ko‘rsatilgan. Asardagi deyarli barcha yetakchi personajlar fojeiy qismat egalaridir. Roman o‘zining asov, «bebosh» ifoda tarzi bilan jozibalidir.
Said Ahmad istiqlol yillarida ham hayotdagi o‘zgarishlar haqida ko‘plab maqola, badialar yozdi, avvalgidek quvnoq yumoristik, jo‘shqin lirik hikoyalar yaratdi. «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) hajviy to‘plamlari, «Yo‘qotganlarim va topganlarim» (1998), «Qorako‘z majnun» (2001), «Kiprikda qolgan tong» (2003) kitoblari, 3 jildli «Tanlangan asarlari» (2000) chop etildi. «Yo‘qotganlarim va topganlarim»da G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirtemir, Shayxzoda, Saida Zunnunova va boshqa bir qator zabardast o‘zbek yozuvchi va shoirlarining jonli qiyofasini badiiy bo‘yoqlarda ifodalab berdi. Istiqlol tufayli odamlar qismati va ruhiyatidagi evrilishlar haqida bahs etuvchi «Qorako‘z majnun», «Ot bilan suhbat», «Azroil o‘tgan yo‘llarda» hikoyalari, qatag‘on davri xotiralari bilan bog‘liq «Borsa kelmas darvozasi», «Taqdir, taqdir...», «Oftob oyim» hikoyalari, adibning o‘zi yaqindan muloqotda bo‘lgan ustoz adiblar, tengdoshlari, shogirdlari va, nihoyat, o‘z hayot va ijod yo‘li haqidagi xotira-esselari mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida muhim hodisa bo‘ldi.
Said Ahmadgagina xos nozik kuzatishlar, erkin, asov bir ruh, ham hazin, ham nurli, pokiza tuyg‘ular, beg‘ubor hazilmutoibalar bilan yo‘g‘rilgan xotira-esselar bu janrning zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi namunalari qatorida turadi. Feleton janrida xam samarali ijod qilgan. 1947 yili «xalq dushmani» sifatida hibsga olingan. Stalin vafotidan so‘ng oqlangan.
«Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Kuyov» komediyalari hozirgi O‘zbek milliy akademik teatrida, «Kelinlar qo‘zg‘oloni» dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. «Ufq» asari asosida dramalar, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida «Muhabbat mojarosi» filmi (1970) va boshqalar yaratilgan.
«Do‘stlik» (1996), «Buyuk xizmatlari uchun» (1997) ordenlari bilan mukofotlangan.
11. Odil Yoqubov — 1926-yili Qozogʻistonning Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlogʻida ziyoli oilada tugʻilgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, urushda qatnashish uchun yoshini katta koʻrsatib, Yaponiya frontiga joʻnagan. 1945-yildan 1950-yilgacha haqiqiy harbiy xizmatda boʻldi. 1951–1956-yillar mobaynida Oʻrta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi Milliy universitet)da taʼlim olgan. „Literaturnaya gazeta“ning Oʻzbekiston boʻyicha muxbiri, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi raisi, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi bosh muharriri va boshqa mas’ul vazifalarda ishlagan.
Yoqubov 1985-yil Oʻzbekiston xalq yozuvchisi ordeni bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston milliy universiteti filologiya fakultetini tugatgan (1956). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1955-59), „Literaturnaya gazeta“ning Oʻzbekistondagi maxsus muxbiri (1959-63; 1967-70), „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasi va Oʻzbekiston davlat kinematografiya qoʻmitasida bosh muharrir (1963-67), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari (1970-82), „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazeta bosh muharriri (1982-87), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi kotibi (1987-91), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qoʻmitasi raisi (1991 yildan) va ayni vaqtda Markaziy Osiyo xalklari madaniyati Assambleyasining birinchi vitseprezidenti (1995 yildan). Dastlabki asari- „Tengdoshlar“ qissasi 1951 yilda eʼlon qilingan. „Dastlabki qadam“ (1953), „Ikki muhabbat“ (1955) hikoyalar toʻplami, „Tilla uzuk“ (1961) qissa va hikoyalar toʻplamida muhabbatni insonga xos ulugʻ, muqaddas hislat sifatida tasvirlaydi. „Muqaddas“ qissasida (1960). Yozuvchining chinakam yozuvchiga xos uslubi va yoʻli namoyon boʻldi. Mazkur asarda xudbinlik yoʻliga tusha boshlagan yigitning toʻgʻri yoʻlga qaytishi masalasi qalamga olingan. „Er boshiga ish tushsa…“ romani (1966) Ikkinchi jahon urushi davridagi front orqasidagi hayot, mehnat qahramonliklari, xalqimizning vatanparvarligi va mardligi haqida. „Bir felyeton qissasi“ (1961), „Qanot juft boʻladi“, „Matluba“ (1970) qissalari va koʻpgina hikoyalarida yoshlarning turmushda yuz bergan ziddiyatlarga qarshi mardonavor kurashi, muhabbati tasvirlangan. „Ulugbek xazinasi“ romani (1973) olim va hukmdor Ulugbek davridagi ijtimoiy munosabatlar, olis oʻtmishimizdagi nur va zulmat oʻrtasidagi kurash haqidagi asardir. Romanda ayanchli takdirlar, fojialar koʻp, ammo optimistik ruh- inson tafakkuri va ezgulikning tantanasiga ishonch bor. „Koʻhna dunyo“ (1982) romanida oʻrta asrda yashab jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan olimlar Ibn Sino va Beruniyning fojiali taqdiri qalamga olingan. „Diyonat“ (1977), „Oq qushlar, oppoq qushlar“ (1988), „Adolat manzili“ (1998) romanlarida oʻzbek xalqining 20-asrning 60-70 yillaridagi hayoti va kurashi manzaralari haqqoniy tasvirlangan. Garchi bu asarlarning asosiy qahramonlari turli sohalarning vakillari, harakterlari ham turlicha boʻlsada, taqdirlari, maqsad va intilishlari bilan birbirlariga oʻxshaydilar. Ular nopob tuzumda yashab koʻp nohaqliklarni, fojialarni boshdan kechirgan, ammo tinmay mehnat qilgan va kurashgan, milliy mustaqillik poydevorini qurgan, mustahkam irodali, mard va olijanob insonlardir. Yoqubov mazkur romanlari bilan oʻzbek nasridagi ijtimoiy ruh, keskin konflikt, harakterlar, psixologizmni sezilarli darajada kuchaytirdi, uni yangi harakterlar, yangi badiiy xulosalar bilan boyitdi. Yoqubov „Chin muhabbat“ (1955), „Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi“, „Yurak yonmogʻi kerak“ (1958), „Olma gullaganda“ (1961), „Muzaffar Temur“ (1996), „Bir koshona sirlari“ (2000) kabi pyesalar, „Dilbarim“, „Baqor yomgʻirlari“ kinossenariylari (1971) muallifi. Yoqubov mohir tarjimon, munaqqid, publitsist. Uning Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov va boshqalar ijodiga bagʻishlangan adabiy portret va maqolalari bor. Asarlari chet tillarga, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillariga tarjima qilingan. Yoqubov ijodi haqida adabiyotshunoslar Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Leonid Terakoyan, Umarali Normashov, Norboy Xudoyberganov, Botir Norboyev va boshqalar ilmiy tadqiqot ishlari qilishgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureata (1977), "Doʻstlik" (1994), "El-yurt hurmati" (1998) ordenlari bilan mukofotlangan
ZULFIYA (1915-1996)
O ‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlaridayoq (1931—1934) adabiy to‘garaklarda she’rlar mashq qila boshladi. 1935—1938 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. So‘ngra 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Dav-lat nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1950—1953 yillarda esa «O‘zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalida bo‘lim boshlig‘i. 1953—1980 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi.
Zulfiya 17 yoshida yozgan «Xayot varaqlari» (1932) birinchi she’rlar to‘plami bilan Oydin, Muzayyana Alaviya, Xosiyat Tillaxonovalar safiga kirib keldi.
Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus mumtoz adabiyoti, xalq og‘zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli benihoya bo‘ldi.
Shoira «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig‘i» (1938) kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Ayni chog‘da mazkur to‘plamlardagi she’rlari shoiraning she’riy mahorat sirlarini egallayotgan davrini xarakterlovchi asarlar sifatida ham muhim edi.
Urush davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. To‘plamdagi she’rlar vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g‘alabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan xarakterlidir. Zulfiyaning «Mening Vatanim», «Qo‘limda qurolu ustimda shinel», «Bizni kut» kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovar ruhini ifodalovchi asarlar qatoridan o‘rin olgan.
Shoiraning urushdan so‘nggi yillarda yozilgan «Dalada bir kun» (1948), «Tong qo‘shig‘i» (1953) kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar» (1958), «Kuylarim sizga» (1965) to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Uni «So‘roqlaydi shoirni she’rim» (1960), «Oydin» (1953), «Quyoshli qalam» (1967) kabi ocherk va dostonlari H. Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustoddarning yorqin xotiralariga bag‘ishlangan.
Zulfiya H. Olimjonning «Semurug‘», «Zaynab va Omon» dostonlari asosida pesa va opera librettosini ham yaratgan.
Zulfiya «Uylar», «Shalola» kabi she’riy majmualari uchun Hamza nomidagi respublika Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. Hind mavzuidagi she’rlari uchun Javoharlal Neru nomidagi xalqaro sovrin, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun xalqaro «Nilufar» mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Shoira Hindiston, Yugoslaviya, Shri Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda bo‘ldi. U 1956 yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida o‘tkazilgan birinchi konferentsiyasida qatnashib, mashhur «Mushoira» (1958) asarini yaratdi.
Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira Nekrasov, Lermontov, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognetsvet, M. Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
Atoqli shoira 81 yoshida, 1996 yil 1 avgustida vafot etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |