2. Yagona g’azna hisobraqamida byudjet daromadlari ijrosini hisobga olish
Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi davlat byudjeti daromadlari qismi asosini mamlakatimizda 2014 yil 1 yanvardan amalga kiritilgan O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining 50-51-52-moddalari bilan belgilab qo’yilgan daromadlar tashkil qiladi.
Davlat byudjetiga majburiy to’lovlarning kelib tushishi soliq va bojxona tizimlariga kiruvchi maxsus vakolatli organlar hamda mazkur vazifa zimmasiga yuklatilgan boshqa davlat organlari tomonidan ta’minlanadi.
Davlat byudjetiga o’tkaziladigan soliqlar va majburiy to’lovlarning hisobga olinishi yoki byudjet hisobiga keragidan ortiq miqdorda o’tkazib yuborilgan summalarning qaytarib berilishi respublikamizda amalda bo’lgan Soliq Kodeksi, Bojxona Kodeksi, shuningdek, 2001 yil 19 fevralda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining kassa operatsiyalarini amalga oshirish orqali ijrosini ta’minlash to’g’risida”gi 1009-sonli raqam bilan davlat ro’yxatidan o’tkazilgan yo’riqnomalar asosida bajariladi.
Davlat byudjetining markaziy bo’g’ini bo’lgan respublika byudjetiga Soliq Kodeksining 23-moddasida belgilab berilgan umumdavlat daromadlari va majburiy to’lovlari tushiriladi. Ma’lumki, umumdavlat ahamiyatiga ega bo’lgan tartibga soluvchi soliqlar bo’yicha to’lovlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Byudjet parametrlari to’g’risidagi maxsus qarori bilan har moliya yili uchun tasdiqlanadigan normativlar bo’yicha respublika byudjetiga o’tkaziladi.
Umumdavlat soliqlarining ayrimlari bo’yicha to’lovlar to’lig’icha respublika byudjetiga yoki Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining byudjetlariga o’tkazilishi mumkin.
Qoraqalpog’iston Respublikasi va mahalliy hokimiyat organlari byudjetlariga tartibga soluvchi umumdavlat soliq to’lovlarining normativlarga asosan taqsimlanadigan ma’lum qismi, mahalliy byudjetlarga o’tkazilishi belgilab qo’yilgan umumdavlat soliqlarining bir qismi hamda mahalliy soliqlar va boshqa xil yig’imlar bo’yicha to’lovlar o’tkaziladi.
Tartibga soluvchi umumdavlat soliqlardan to’lovlarini bajarish yuzasidan zimmasidagi majburiyatlarni bajaruvchi soliq to’lovchilar tomonidan to’langan soliqlar va boshqa to’lovlar summalari tegishli banklar tomonidan respublika byudjetiga o’tkaziladi va O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan tartib-qoidalarga muvofiq respublika byudjetining asosiy hisob-kitob raqamiga jamlanadi, shuningdek, amaldagi qonunchilik normalariga asosan Qoraqalpog’iston Respublikasi va mahalliy hokimiyat organlarining byudjetlariga o’tkazib beriladi.
Mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldiriladigan umumdavlat soliqlarining qanday qismi Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahri mahalliy byudjetining shahar byudjetiga o’tkazilishi, qanday qismini ular tasarrufidagi tuman/shahar byudjetlariga o’tkazib berish kerakligini belgilovchi normativlar Qoraqalpog’iston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadigan maxsus qarorlar bilan belgilanadi.
Alohida shahar hududiga kiruvchi tumanlarning mahalliy byudjetiga umumdavlat soliqlarining qanday qismini ajratib berish lozimligini belgilovchi normativlar, o’z navbatida viloyat miqyosidagi shahar hokimlari qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Ma’lumki, Davlat byudjetining markaziy bo’g’ini bo’lgan respublika byudjetiga Soliq Kodeksining 23-moddasida belgilab berilgan umumdavlat daromadlari va majburiy to’lovlari tushiriladi. Ma’lumki, umumdavlat ahamiyatiga ega bo’lgan tartibga soluvchi soliqlar bo’yicha to’lovlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Byudjet parametrlari to’g’risidagi maxsus qarori bilan har moliya yili uchun tasdiqlanadigan normativlar bo’yicha respublika byudjetiga o’tkaziladi.
Yuqorida keltirilgan chizmada davlat byudjetining daromadlar qismini tashkil qiluvchi moliyaviy resurslarning “G’aznachilik” dasturiy majmuasi ishga tushgunga qadar amal qilib kelgan harakati ko’rsatilgan (2-rasm).
Rasmda ko’rsatilgan tartib bo’yicha 2012 yilgacha bo’lgan davrda byudjet tizimi byudjetlarining barchasi uchun birdek ochiq bo’lgan tranzit tarzda harakatlanishi mumkin bo’lgan daromad va tushumlar saqlanadigan maxsus hisob-kitob raqamlari orqali daromad va tushumlar kirim qilinib kelindi. 2011 yilning oxiriga kelib davlat byudjeti mablag’larini yagona g’azna hisobvarag’iga o’tkazish chora-tadbirlari amalga oshirila boshlandi. Bu davrda O’zbekiston Respublikasi “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi qonuni talablaridan kelib chiqib, 2012 moliya yilining 1 yanvaridan boshlab davlat byudjetining daromadlari va xarajatlari G’aznachilikning Yagona g’azna hisobvarag’idan amalga oshirilishiga asoslangan tartiblar yo’lga qo’yildi.
Ushbu tartibga ko’ra, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat byudjetiga o’tkaziladigan soliqlar va majburiy to’lovlar banklar tomonidan qabul qilinadi va belgilangan tartibda 23402, 23403, 23407, 23409, 20207, 20205 va 23411-sonli balans hisobvaraqlarda ochilgan shaxsiy hisobraqamlarga (ShHR) kirim qilinadi va ular hisobidan tegishli byudjetlar va Davlat maqsadli jamg’armalari hisobiga belgilangan miqdorlarda ajratmalarni amalga oshirish tartibi 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab joriy etildi. Buning natijasida tegishli byudjetlar daromadlari, shu jumladan, davlat maqsadli va boshqa byudjetdan tashqari jamg’armalari daromadlari hisobi “G’aznachilik” dasturiy majmuida ular uchun ochiladigan tegishli shaxsiy g’azna hisobvaraqlarida yuritiladigan bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |