II bob O’zbekistonda diniy turizmni rivojlantirish imkoniyatlari
2.1.O’zbekiston diniy turizmida Turkiya tajribasi
O'zbekistonda, ayniqsa, ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlari keng. Chunki ziyorat qilishga arzigulik qadamjolarimiz, dunyo tamadduniga ulkan hissa qo'shgan mutafakkirlarimizning muqaddas ziyoratgohlari bor. Xo'sh, bu muqaddas qadamjolarga, ziyoratgohlarga yana ham ko'proq sayyohlarni jalb etish uchun nimalar qilish kerak? Quyida biz bu boradagi Turkiya davlati tajribasi haqida so'z yuritamiz.
Kino va turizm: Turkiyada kino va turizmni yonma-yon qo'yishadi. Xo'sh, bu ikki sohaning qanday o'zaro bog'liqlik joyi bor? Albatta, o'ziga xos tarixga ega bu mamlakat uch tomonidan dengizlar bilan o'ralgan, qulay obi havo sharoiti, dam olish uchun juda katta suv havzalari bilan mashhur. Lekin hamma ham bu o'lkaga cho'milish yoki dam olish uchun tashrif buyurmaydi. Turkiyada ziyorat turizmi keng rivojlangan. Bunda esa, shubhasiz, tarixiy filmlar va seriallarning o'rni katta. «Muhtasham yuz yil» teleserialini barchamiz sevib tomosha qilganmiz. Unda real hayotga yaqin tarixiy voqealar – Usmoniy hukmdorlar hayoti ko'rsatib berilgan. Bu filьm televizor ekranlariga chiqqandan so'ng Turkiyaga boradigan sayyohlar soni bir necha marta ortib ketgan. Chunki odamlarda sulton Sulaymon hukmronlik qilgan davrdagi saroylar, sultonning o'zi, o'g'illari, xotinlari dafn etilgan joylarni borib ko'rish istagi tug'ilgan. Haqiqatan ham, Evropa va Osiyoni bog'lab turuvchi Istanbul shahrida ko'radigan, tomosha qiladigan manzillar, ziyoratgohlar ko'p. Lekin sulton Mahmud tomonidan salkam 7 gektar erda bunyod etilgan «To'pqopi» saroyini ko'rmasdan ketsangiz, bu ulkan kentga kelganingiz bekor. Buning sababi o'sha «Muhtasham yuz yil» filmi. Turkiyada turistlar oqimini ko'paytirishda, shubhasiz, «Muhtasham yuz yil»ning mantiqiy davomi bo'lgan «Ko'sem» serialining ham alohida o'rni bor. Sayyohlar aynan Ko'sem, uning farzandlari va nevaralari qabrlarini ziyorat qilish uchun ham Turkiyaga, Istanbulga borishadi
Yaqinda mamlakatimiz teleekranlarida «Erto'g'ril» filmi paydo bo'ldi. Usmoniylar imperiyasi asoschisi Usmonning otasi Erto'g'ril haqidagi teleserial yaratilganiga hali juda ko'p bo'lgani yo'q. Lekin turk sayyohlik byurolari vakillarining aytishicha, ilgari ko'pchilikka ma'lum bo'lmagan Eskisheher shahri yaqinidagi Syogyut shaharchasiga Erto'g'ril va uning safdoshlari, turmush o'rtog'i Halima xotunning qabrini ziyorat qilish uchun yiliga 2 million nafarga yaqin mahalliy va xorijlik sayyohlar tashrif buyurayotgan ekan. Mana, kinoning kuchi, qudrati. Shu o'rinda savol tug'iladi. Xo'sh, nega shu paytgacha ulug' bobolarimiz, deylik dunyoning juda katta qismini zabt etgan, buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temur haqida filьm ishlanmagan. To'g'ri, sobiq sho'rolar davrida Amir Temur qoralangandi, bosqinchi sifatida talqin qilinar edi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin-chi? Albatta, istiqlol davrida buyuk bobomiz haqida film yaratishga harakatlar bo'ldi, lekin bu film O'zbekistondan tashqariga chiqmadi. Bundan o'n yillar burun Parij yaqinidagi bir liцeyda uchrashuvda ishtirok etgan edim. Tadbirda liцey o'qituvchilari bilan ochiq muloqot qildik. Men litseyda jahon tarixi fani qanday o'qitilishi bilan qiziqdim. Buyuk Amir Temur haqida so'radim. Jahon tarixi fanidan dars beruvchi o'qituvchilar Amir Temurni bilishmadi. Ayrimlari bu nomni eshitganini, lekin tarixini bilmasligini aytdi.
E'tibor bering, jahon tarixida dunyoni egallagan, buyuk imperiyalar tashkil etgan sarkardalar barmoq bilan sanarli darajada oz. Lekin nisbatan Amir Temur shaxsiga qiziqish kuchliroq bo'lgan Franцiyada ham tarix darsliklarida ulug' bobomiz haqida ma'lumot yo'q. Kinochilarimiz buyuk Amir Temur bosib o'tgan shonli yo'lni, u Evropani Usmoniylar istilosidan saqlab qolganini, Samarqandga Evropa mamlakatlaridan elchilar kelganini, ular bilan diplomatik munosabatlar o'rnatilganini, xatlar yozilganini ko'rsatuvchi film suratga olishsa, ishonchim komilki, bu kinoni butun dunyo katta qiziqish bilan tomosha qiladi. Samarqandni, Shahrisabzni, Amir Temur maqbarasini, uning avlodlari qurgan imoratlarni ziyorat qilish uchun O'zbekistonga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Mirzo Ulug'bek shaxsi haqida ham shu gapni aytish mumkin. Buyuk astronom, matematik, shu bilan birga adolatparvar shoh, o'n beshinchi asrda yulduzlar olami bilan qiziqqan, observatoriya qurgan inson haqida filьm ishlansa, hech shubhasiz, dunyo kino muxlislari sevib tomosha qilishadi. Yoki Boburning Andijondan Hindistongacha bosib o'tgan yo'li, uning temuriyzodalar, Shayboniyxon bilan munosabatlari va janglari kimni qiziqtirmaydi. Biri-biridan bachkana filmlar o'rniga shunday ulug' insonlarimiz haqida bittagina yaxshi kino yaratsak a'lo ish bo'lardi. Shunday emasmi? Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, bunday filmlarni yaratish uchun juda katta mablag' kerak, albatta. Lekin katta mablag' tikib yaratilgan filьmlar, albatta, o'zini oqlaydi. Yaqinda Turkiyaga safarimiz chog'ida biz bir guruh o'zbekistonlik jurnalistlar «Mendirman Jaloliddin» seriali suratga olingan kinopavilьonni borib ko'rdik. «Erto'g'ril» seriali ham shu erda suratga olingan ekan. Juda katta hududni egallagan tasvirga olish maydonini qurish uchun millionlab AQSh dollari sarflangan. Lekin bu erda olingan filьmlarni ko'rib, yuqorida aytganimizdek, dunyoning barcha burchaklaridan millionlab sayyohlar Turkiyaga safar qilmoqda.
E'tibor bergan bo'lsangiz, bugun teleekranlarimizni egallab olgan turk seriallarining hammasida Istanbulning va boshqa shaharlarning odamlarni o'ziga jalb qiladigan manzillar – Osiyo va Evropani bog'lovchi ko'prik, dengiz bo'ylaridagi restoran va kafelar, chiroyli tabiat manzaralari ko'rsatiladi. Aslida bu ham yurtga sayyohlarni jalb etishning, mamlakatni reklama qilishning bir yo'li. Yana bir gap. O'zbekistondagi Turkiya elchixonasining Madaniyat va turizm bo'yicha maslahatchisi Alparslon Akinjining yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan bir tadbirda ta'kidlashicha, bu mamlakatda ota yurtlariga qiziqish juda kuchli. Turkiya fuqarolari O'zbekistonga kelmagan bo'lsa ham unga bo'lgan muhabbati va sog'inchi sabab uylarining devoriga Buxoro yo Samarqanddagi obidalar rasmini osib qo'yishgan. Turkiyada naqshbandiylik ta'limotiga ergashuvchi va tatbiq qiluvchi 30 millionga yaqin aholi bor. Lekin ularning hammasi ham Naqshband hazratlari haqida to'liq ma'lumotga ega emas. Xoja Bahouddin Naqshband va Naqshbandiya tariqati haqida kinofilьm ishlansa, O'zbekistonga ziyoratchilarning katta oqimi kelishiga sabab bo'lishi aniq. Naqshbandni faqat Turkiyada emas, butun musulmon olamida yaxshi biladi. U mangu qo'nib topgan qadamjoni ziyorat qilishni istaganlar juda-juda ko'p.
Turkiya ziyorat turizmi haqida gap ketsa, birinchi bo'lib Jaloliddin Rumiy hazratlari tilga olinadi. U jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk so'z ustalari Mavlononi o'zlariga ustoz deb bilgan. Mashhurlikda Firdavsiyning «Shohnoma»si, Sa'diyning «Guliston»i, Hofizning «Devon»i bilan bir qatorda turadigan Rumiyning «Masnaviyi ma'naviy»sini olimlar inson ma'naviy hayotining qomusi deb bilishadi. Uni nafaqat Sharqda, balki G'arbda ham ixlos bilan o'rganishgan. Mashhur italьyan yozuvchisi Jovani Bokkachcho «Masnaviyi ma'naviy»dagi qator hikoyatlar asosida novellalar yaratgani ma'lum. Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiy 1207 yilning 30 sentyabrida hozirgi Afg'oniston shimolidagi Balx viloyatida ulug' shayx Muhammad Bahouddin Valad xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Bahouddin Valad so'fiylar va fiqh donishmandi bo'lgan. Shu bois ham sulton Muhammad Xorazmshoh uni saroyga taklif etgan. Lekin Bahouddin Valad uning taklifini qabul qilmay, maktabdorlik va ilmiy-ijodiy ish bilan shug'ullangan. Jaloliddinning buvisi esa xorazmshohning qizi bo'lgan. Keyinroq Valad oilasi, muridlarini olib, Balxdan ketadi va Makka safaridan so'ng Iroqu Ajam shaharlarini kezib, Turkiyaning Ko'nya shahrida qo'nim topadi. Saljuq sultonlari tarafidan izzat-ikrom bilan qabul qilingan Bahouddin Valad shu erda muqim yashab qoladi. Valadning vafotidan so'ng, uning o'rniga Jaloliddin Ko'nya madrasasining bosh mudarrisi bo'ladi. Hazrat Alisher Navoiy «Ustozlar ustozi» deb sharaflagan, Abdurahmon Jomiy esa «U payg'ambar emas, ammo payg'ambarlik kitobi bor» deb ulug'lagan Mavlono Jaloliddin Balxiy-Rumiy 1273 yilning 17 dekabr kuni vafot etadi. Mavlono nomi bilan yuritiluvchi majmua bugun, shubhasiz, Ko'nyaning asosiy sayyohlik ob'ekti hisoblanadi. Majmuaga kirishingiz bilan bu erda taralayotgan hazin nay navosi butun vujudingizni qamrab oladi. Kuy sehridan mast bo'lasiz. Ma'lumotlarga qaraganda, Rumiy hazratlarining qabrini ziyorat qilish uchun shaharga har yili yarim million nafar xorijlik, 1,5 million nafar mahalliy turistlar sayohat qilishadi.
Xo'sh, bunga qanday erishilgan. Rumiyning kitoblari dunyoning ko'plab tillariga tarjima qilingan. Bu ulug' zot haqida hujjatli filьmlar ishlangan. Bundan tashqari, har yili Mavlono vafot etgan kun – 17 dekabrda Shabi Arus marosimi o'tkaziladi. Unda dunyoning ko'plab mamlakatlaridan jurnalistlar, din peshvolari, siyosatchilar ishtirok etadi. Masalan, 2020 yilning 17 dekabrь kuni ham pandemiyaga qaramay, shu tadbir tashkil etildi. Aynan Mavlono nomi bilan ataladigan madaniyat saroyida, qat'iy karantin talablari ostida bo'lib o'tgan tadbirga, dunyoning turli davlatlaridan olimlar, mavlaviya tariqati namoyandalari, jurnalistlar, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi, mamlakat parlamenti hamda Ko'nya shahri hokimligi rahbarlari qatnashdilar. Yana bir muhim jihat – Ko'nyada Mavlono Jaloliddin Rumiy shaxsi shu darajada ulug'lanadiki, go'yo odamlar shundan nafas olayotgandek. Bundan ko'rinib turibdiki, turizmda, ayniqsa, ziyorat turizmida targ'ibotning o'rni ham juda muhim. Mustaqillikka erishganimizdan so'ng Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Motrudiy, Abduxoliq G'ijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, So'fi Olloyor, Zangi ota kabi ko'plab islom olamidagi buyuk bobolarimizning qabrlari ta'mirlanib, ziyoratgohlarga aylantirildi. Islom dunyosida ularning obro'si juda baland. So'nggi yillarda chegaralarimiz sayyohlar uchun keng ochildi. Endigi vazifa bu ulug' zotlar faoliyatiga bag'ishlangan turli tadbirlar uyushtirish, islom davlatlaridagi turistik firmalar bilan aloqalarni yo'lga qo'yishdan iborat. Yana ijtimoiy tarmoqlarga, xorijiy internet saytlarga bu insonlar haqida ingliz, franцuz, arab va boshqa xorijiy tillarda maqolalar, suratlar joylashtirishimiz lozim. Ishonchim komilki, shu ishlarni yo'lga qo'ya olsak, O'zbekistonda ziyorat turizmi etakchi o'ringa chiqadi.
Turkiyaning Ko'nya shahridan 35-40 kilometr chetroqda Chatal ho'yuk nomli tepalik bor. Ko'nyaga tashrif buyurgan sayyoh, albatta, bu tepalikni ham borib ko'radi. Sababi tarixchilarning aytishicha, insoniyat bundan o'n ming yillar avval, ya'ni ilk bor g'ordan chiqib yashashni boshlagan kezlari, birinchi marta shu erda o'ziga uy qurib yashagan ekan. Aytishlaricha, tepalik o'rnida kichik shaharcha bo'lgan. Shunisi qiziqki, bu uylarning eshigi bo'lmagan. Odamlar uyiga tomdagi teshikdan tushishgan. Ular shu yo'l bilan o'zlarini yirtqich hayvonlar hujumidan himoya qilgan. 2012 yilda YuNESKOning madaniy meros obidalari ro'yxatiga kiritilgan bu tepalikdagi uylar asosan g'isht va yog'ochdan qurilgan. Shunisi e'tiborliki, olib borilgan qazish ishlaridan so'ng uni shu holatda saqlashga katta e'tibor qaratilgan. Qazish ishlari olib borilgan maydonning usti yomg'ir va qor o'tkazmaydigan qilib yopilgan. Eski devorlar qulab ketmasligi uchun qazilgan joylar qum to'ldirilgan qoplar bilan mustahkamlangan. Bundan chiqadigan xulosa shuki, bizning yurtimizda ham qazish ishlari olib borilgan va olib borilayotgan manzillar bisyor. Ularni shundayligicha yomg'ir va qorlardan saqlash uchun turk do'stlarimizning usulidan foydalansak yaxshi bo'ladi. Shu o'rinda bir gap. Bizning mamlakatimizda ham yoshi Chatal huyuk bilan teng bo'lmasa ham ahamiyati jihatidan undan qolishmaydigan tarixiy yodgorliklar bor. Masalan, qazish ishlari natijasida qadimgi Termizda juda ko'p budda yodgorliklari, binolari topilgan. Bu shaharda I asrdan boshlab ulkan buddaviylik inshootlari qurilgan. Ulardan biri umumiy maydoni 8 gektar, er ostida va ustida qurilgan imoratlar majmuasidan iborat Qoratepa buddaviylik majmuasidir. Shuningdek, Fayoztepa va Zo'rmolada ham buddaviylik monastirlari bo'lgan. Bu diniy inshootlardan topilgan san'at namunalari hozir O'zbekiston davlat tarixi muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi hamda Termiz va Termiziylar merosi tarixi muzeyi ko'rgazmalar zallarini bezab turibdi. Aslida ular dunyoning eng mashhur muzeylaridan joy olishga arzigulik manbalardir. Ha, ko'hna Termizning har bir inshooti, hech bir mubolag'asiz, katta bir muzey. Masalan, Qoratepaga tashrif buyuradigan sayyohlar bu joyda qazib ochilgan inshoot qoldiqlarini ko'rib lol qoladi. Bu manzilga nisbatan qiziqishi ortib, qayta-qayta tomosha qilgisi keladi. Ayni paytda Fayoztepa zamonaviy sayyohlik manziliga aylantirildi. Lekin masalaning ikkinchi jihati, bu erga etarlicha sayyohlarni jalb qila olmayapmiz. Chunki bu erda shunday noyob yodgorlik borligini hamma ham bilavermaydi. Bugun dunyoda 450-500 million nafar budda dini vakillari yashaydi. Xo'sh, qadimgi Termizda shunchalik buddaviy imoratlar ko'p ekan, nega bu haqdagi ma'lumotlarni asosiy dini buddizm bo'lgan Butan, Kombodja, Laos, Myanma, Tailand kabi, shuningdek, aholisining ma'lum qismi bu dinga sig'inadigan Hindiston, Janubiy Koreya, KXDR, Xitoy, Mongoliya, Nepal, Shri-Lanka, Yaponiya kabi mamlakatlarda targ'ib qilmaymiz. Bu obidalardan xabardor bo'lgan yapon, xitoy, koreys yoki boshqa millat vakillari, albatta, Termizga bir kelib ketadi. Bunga hech shak-shubha yo'q. Ularni saqlash masalasini ham hech qachon unutmasligimiz lozim. Ayni paytda yurtimizning ko'plab tarixiy manzillarida qazish ishlari olib borilyapti. Lekin qazilgan manzillarni shu holatda saqlash ham muhim ish. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, ularning ustini yopish, devorlari qulab tushmasligi uchun barcha choralarni ko'rishimiz shart. Shunda bu erlarga sayyohlarni bemalol boshlab bora olamiz.
Albatta, O'zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida ibratli ishlar boshlangan. Bunda O'zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo'yicha qo'mita tashabbusi ko'rsatyapti. Yaqinda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi vakillari bilan yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish masalasiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbirda so'ngi yillarda respublikamizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha qilinayotgan ishlar, bunda ikki davlat rahbarlarining o'zaro tashrifi, mamlakatimizda turkiyalik tadbirkorlarning ko'payib borishi va turli sohalardagi tajriba almashuvlar soha rivojiga katta turtki bo'layotgani ta'kidlandi. Bu borada 2018 yilda O'zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Din ishlari bo'yicha qo'mita va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi o'rtasida anglashuv memorandumi imzolangani muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. Tadbirda ziyorat turizmini amaliy jihatdan rivojlantirish bo'yicha 2021 yilda Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasiga qarashli 81 nafar viloyat bosh imom xatibini Samarqand va Buxoroga ziyoratini uyushtirish, Turkiya Diyonat boshqarmasi o'tkazadigan bosh imom xatiblar uchrashuvini O'zbekistonda tashkil etish bo'yicha taklif bildirildi. Shu ish bo'yicha mutasaddilar 2021 yilga mo'ljallangan yo'l xaritasini tayyorlashi maqsadga muvofiq ekanligini aytildi. Shuningdek, «Umra+” dasturi bo'yicha Indoneziya bilan kelishuvlarga erishilgan, Pokiston bilan muzokaralar olib borilmoqda. O'zbekiston musulmonlari idorasi qoshida «Muslim tur», Buxoroda «Mir Arab tur» mas'uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat ko'rsatmoqda. Turkiya tomonining xohishiga ko'ra, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi qoshida «Vaqf tur» turizm tashkiloti bilan hamkorlikda Buxoro va Samarqandga to'g'ridan-to'g'ri reyslar tashkil etish masalasi hukumat doirasida muhokama qilinmoqda. Shuni unutmaslik lozimki, Turkiya teleradiokompaniyasi dunyodagi yirik ommaviy axborot vositalari orasida eng katta beshtalikka kiradi. TRT tasarrufida 14 ta telekanal, 35 ta radiokanal bor va ular 48 tilda dunyoga axborot tarqatadi. Biz bu imkoniyatdan to'laroq foydalanishimiz mumkin. Buning uchun turk telekanallariga O'zbekistonning tarixiy joylari va buyuk din va madaniyat arboblari haqidagi reklamalarni, badiiy va hujjatli filьmlarni ko'proq joylashtirishimiz lozim bo'ladi.
Turkiya va boshqa davlatlar tajribasiga suyanadigan bo'lsak, avvalo, Kuvayt, Qatar, Oman, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Pokiston, Eron kabi mamlakatlar bilan turizm sohasida o'zaro hamkorlik aloqalarini yana ham kuchaytirish, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi va islom davlatlari turizm vazirliklari o'rtasida ikki tomonlama kelishuvlarga erishish lozim. Shuningdek, yurtimizda xorijiy turizm kompaniyalari ishtirokida uchrashuvlar va seminarlar tashkil etish, islom davlatlari uchun O'zbekiston ziyoratgohlarini yoritib beruvchi maxsus axborot resurslarini tayyorlash, nashrlar chop qilish, respublikamizdagi diniy ulamolar va ziyoratgohlar to'g'risidagi ma'lumotlarni o'zida mujassamlashtirgan muzeylar tashkil etish ham maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, ziyoratgohlarga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun tarixiy obidalarimiz va islom dini bo'yicha bilimga ega, arab hamda ingliz tilini mukammal biladigan gid-tarjimonlarni tayyorlash, yurtimizdagi islom dunyosida mashhur bo'lgan diniy ulamolar va bu ulug'larimizning ziyoratgohlari ro'yxatini tuzish, ularning yagona turizm yo'nalishini, Buxoro, Samarqand, Farg'ona va Surxondaryo mintaqalarining har birida alohida diniy ziyoratgohlar xaritasini va yo'nalishlarini ishlab chiqish zarur. Yana bir gap. Ziyorat turizmi sayyohlari uchun va ularning talabiga mos ravishda kichik mehmonxonalar, joylarda halol brendi asosida ovqatlar tayyorlash tashkil etilsa, halol ovqat tayyorlaydigan ovqatlanish korxonalarning ro'yxati tuzilib, ularning elektron xaritasini ishlab chiqilsa yaxshi ish bo'lardi. Masjidlarda va ziyoratgohlarda ziyorat turizmi bo'yicha kelgan ayol sayyohlar uchun maxsus alohida namoz o'qiydigan joylarni tashkil etish, maxsus «ochiq eshiklar kuni» kabi tadbirlarni o'tkazish, xorijdan keladigan ziyoratchilarni jalb qilish uchun maxsus chegirmalar asosida diniy turizm marshrutlari ishlab chiqish ham yaxshi natija beradi, deb o'ylaymiz.(Bekqul Egamqulov nutqidan)
Do'stlaringiz bilan baham: |