Shahar yoshi aniqlashga doir tadqiqotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Shuningdek, shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi boʻylab, chunonchi yirik arxeologik yodgorliklar — Poykend, Qoʻrgʻoni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Boʻston, Qoʻzimontepa, Oqsochtepa va boshqa shahar harobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro xususidagi yozma manbalarda keltirilgan maʼlumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jyoz davri (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi) dayoq vujudga kelib, ular sinchli yarim yertoʻlalardan iborat boʻlgan (qurib qolgan Mohondaryo tarmogʻi mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar buni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi 6—5-asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmogilari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzilgoxlar paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi 4-asrda esa Buxoro arki qurilajak hudud baland mudofaa devori va keng xandaq bilan oʻrab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi 1-ming yillik boshidan Oʻrta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh oʻzaro birlashib va toʻxtovsiz taraqqiy etib borib, kattagina shaharga — Buxoro vohasining savdohunarmandchilik va maʼmuriy markaziga aylangan.
Shayboniyxon tomonidan Buxoroda zarb etilgan tanga (1510-yil)
XVI asrda, Shayboniylar oʻzbek sulolasi hukmronligi davrida, Markaziy Osiyo mintaqasining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida Buxoroning mavqei ancha ortdi. Buxoro shahri avvalboshda uluslardan biri markazi maqomida, keyin esa butun boshli davlat poytaxti maqomida boʻlib keldi.
Buxoro tarixi, madaniyati va meʼmorchiligida Shayboniylar sulolasining uch vakili alohida oʻrin tutadi. Ubaydullaxon (otasi Mahmud Sulton oʻlimidan soʻng Buxoroni boshqargan, 1533—1540-yillarda esa butun oʻzbeklar xoni — Oliy hukmdor boʻlgan[14]) — Shayboniyxon (1500—1510) halok boʻlgandan keyin oʻzaro urushlarga chek qoʻygan va Buxoro binolarini tiklashga bor kuch-gʻayratini sarflagan sarkarda va bahodir. Uning davrida Buxoroning siyosiy va iqtisodiy markaz sifatidagi mavqei ancha kuchaydi va shahar davlat poytaxti vazifasini oʻtay boshladi. XVI asrning birinchi yarmida Movarannaxrda eng muhim saroy adabiy doirasining shakllanishi Ubaydullaxon nomi bilan bog’liq. U Ubaydiy adabiy taxallusi bilan turkiy, fors va arab tillarida sheʼrlar ham yozgan.[15] Uni shaxsan bilgan zamondoshlarining xotiralariga qaraganda, bu hukmdor oʻz davrining ilgʻor va yetakchi siymosi boʻlgan. Uning „madaniy saviyasi Temuriylar rahnamolari savodxonlik darajasidan aslo qolishmasdi“ va u „oʻz kutubxonasiga koʻproq eʼtibor berar edi“: u Buxoroda miniatyurada oʻziga xos Buxoro uslubi yaratilgan birinchi kutobxonaning asoschisi hisoblanadi. Uning maʼnaviy-ruhoniy murshidi — murabbiysi naqshbandiya tasavvuf tariqatiga mansub soʻfiy Maxdumi Aʼzam va Shayx Abdulloh Yamaniy — Mir Arab boʻlgan (Ubaydullaxon inʼom etgan mablagʻ hisobiga uning piri Shayx Abdulloh Yamaniy tomonidan Buxoroda Mir Arab madrasasi qurilgan). Ubaydullaxon mohirona Qurʼon oʻqigan va turkiy tilda sharhlar bergan, iste’dodli qo’shiqchi va sozanda edi. U xattotlik bobida 7 ta husnixat usulini, ayniqsa nasx va nastaʼliqni nihoyatda yaxshi egallagan, Qurʼonning bir necha nusxalarini koʻchirib, Makka va Madinaga joʻnatgan.
Shayboniylar davrida davlat poytaxti boʻlgan Buxoro shahri ilm va maʼrifat kishilari jamlangan bir goʻshaga aylandi. Ubaydullaxon davrida Buxorodagi ilmu hunar ahli shunday yuksak bir darajaga erishdiki, bu jihatdan shahar Husayn Boyqaro zamonasidagi Hirotni ham esga solib turar edi.[16][17]
Ubaydullaxon oʻlimidan keyin Movarounnahrning ikki asosiy shaharida bir vaqtning oʻzida ikki xon: Buxoroda Ubaydullaxonning oʻgʻli Abdulazizxon (1540—1550), Samarqandda esa Abdullatifxon (1540—1552) hukmronlik qilishdi. Movarounnahrning boshqa shaharlarida hukmdorlik qilgan oʻzbek sultonlari ularning hokimiyatini nomigagina eʼtirof etishdi.
Ubaydullaxonning oʻgʻli — Abdulazizxon (1533-yildan Buxoroni boshqargan. 1540—1550-yillarda esa Buxoroda davlat hukmdori) ham betakror va isteʼdodli insonlardan biri edi. Zamondoshlarining soʻzlariga qaraganda, Abdulazizxon olim va shoirlar homiysi boʻlgan, „nasx husnixatida ajoyib xat bitar, sheʼr yozish bilan mashgʻul boʻlgan“, Aziziy degan adabiy taxallus qoʻllagan. U mashhur Buxoro kutubxonasiga alohida eʼtibor bilan qarab, unga homiylik qilgan. Bu dargoh saroy madaniy hayotining oʻziga xos markazi boʻlib, Buxoro-Samarqand badiiy xattotlik maktabi shakllanishida katta rol oʻynagan edi. Ana shu maʼrifat dargohi Movarounnahr miniatyura rassomchiligi maktabi shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatdi.[18]
Aynan Abdulazizxon hukmronligi davrida Buxoroda rekonstruksiya — mukammal taʼmirlash va yangi binolar barpo etish jarayoni boshlangan edi. Bu, ayniqsa, Buxoroning eski bozori joylashgan nuqtalarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Shahar yangi mudofaa devori bilan oʻralgan. Magʻoki Attori masjidi mukammal taʼmirlangan va masjid, hammom va savdo-sotiq timini (chorsuni) oʻz ichiga olgan Sarrofon meʼmoriy ansambli bilan toʻgʻri yoʻl bilan bogʻlangan edi.
Oʻzbek xoni Abdullaxon II hukmronligi davridan boshlab (1557—1598; 1583-yildan Buxoro xonligi hukmdori) Buxoro xonlikning uzil-kesil poytaxti boʻlib qoldi. Bu davrda shaharsozlik taraqqiy etdi va meʼmorlik yuksak darajaga koʻtarildi[19]. Buxoro shahri yangi mudofaa devori bilan oʻraldi. Joʻybor shayxlari yerlari (50—60 gektar) shahar sarhadiga qoʻshib olingach, uning yer maydoni 500 gektarga yetdi. Shaharda rekonstruksiya ishlari davom ettirildi, ana shu taʼmirlash va takomillashtirish jarayonida eski toʻkilgan binolar taʼmirlangan yoki butunlay buzib tashlangan va ayrim koʻchalar kengaytirilgan edi. Eski shahar va Yangi shahar bozorlari hududida meʼmorchilik majmualari — masjidlar, madrasalar, hammomlar, karvonsaroylar va hokazolarni oʻz ichiga olgan oʻziga xos diniy-ijtimoiy markazlar vujudga keldi. Bozorlar kengayib borishi asnosida turarjoy binolarining siqib, nari surish jarayoni ham yonma-yon kechdi. Yangi turarjoy mavzelari, xonaqoh va masjidlar Buxoro chekkalaridagi odamlar bir mahallar tashlab ketgan maskanlarda bunyod etila boshladi. Abdullaxon II va uning amirlari, ularning orasida eng nufuzlisi Qulbobo koʻkaldosh, naqshbandiya tasavvuf tariqati peshvosi Xoja Islom Joʻyboriy, keyin esa uning oʻgʻli — Xoja Saʼd Joʻyboriy qurilishlarning asosiy donatorlari — homiylari va buyurtmachilari sifatida ish koʻrgan edi.
Taʼlim tarbiyaga eʼtibor kuchaydi, har bir mahallada maktab ochildi, baʼzi xonadonlarda uy taʼlimi joriy etildi. Bu davrda mamlakatda adabiyot va ilm-fan taraqqiy etdi. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylandi. Hofiz Tanish Buxoriyning Abdullanoma (Sharafnomayi shohiy), Hasanxoja Nisoriyning Muzakkiri ahbob va boshqa koʻpgina ilmiy asarlar yaratildi. Shoir, adib va ilohiyotchi olimlardan Mushfiqiy, Nizom Muammoiy, Muhammad Darvish oxund, qozi Poyonda Zominiy, mulla Amir, Muhammad Alti Zohid, tabiblardan mavlono Abdulhakim va boshqalar yashab ijod etdi. Abdullaxon IIning oʻzi ham isteʼdodli shoir boʻlib, „Xon“ taxallusi bilan oʻzbek va fors tillarida sheʼrlar yozdi.
Buxoroda mashhur Abdullaxon kutubxonasi tashkil qilinib, unda Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniylar kabi mashhur xattotlar kitob koʻchirish bilan mashgʻul boʻlishdi.
Bu davrda, Buxoroda hunarmandchilik, savdo-sotiq yanada rivojlandi. Hunarmandlar turli ipak matolar, uy-roʻzgʻor, zargarlik buyumlari, qurol-yarogʻlar va boshqa tayyorlardilar.
XVII asr — XVIII asrning birinchi yarmida Buxoroda Shayboniylarga qarindosh boʻlgan Ashtarxoniylar (Joniylar) oʻzbek sulolasi hukmronlik qildi.
Hozirgi kunda Buxoro shahrida 30 dan ortiq yirik sanoat korxonasi mavjud. Viloyat sanoat korxonalari yalpi mahsulotining yarmidan koʻprogʻi Buxoroda ishlab chiqariladi. Korxonalarda asosan mahalliy xom ashyo qayta ishlanadi. Ayrim korxonalar gaz va neft sanoati hamda qishloq xoʻjaligiga xizmat qilishga ixtisoslashgan. Buxoro toʻqimachilik kombinati („Buxoroteks“), qorakoʻl zavodi, zardoʻzlik, pillakashlik fabrikalari, paxta, yogʻekstraksiya, vino, gʻisht, remontmexanika zavodlari, un, goʻsht, uysozlik kombinatlari, poyabzal, tikuvchilik fabrikalari hamda hunarmandchilik tarmoqlari ishlab turibdi. Shaharda 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda qurilgan qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatadi: „BuxTel“ (Isroil) mayonez, „OmegaSitora“ (Gretsiya) moʻyna buyumlari, „GufikAvitsenna“ (Xindiston) dori-darmon, „Marmar“ (AQSH) qurilish materiallari ishlab chiqaradi. 1996 yilda Buxoroda Koreya Respublikasida ishlab chiqarilgan telefon stansiyalari oʻrnatildi. Buxoroda Oʻzbekiston paxtachilik i.t. institutining filiali, bogʻdorchilik, niholchilik tajriba xujaligi va „Sohibkor“ xoʻjaligi joylashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |