Rejalashtirish tartibga soluvchi jarayon sifatida korxona faoliyatini yaqin va uzoq
istiqbol sari ilgari surish, asoslab berish, muayyanlashtirish va izohlab berishni ifodalaydi. Oxirgi
holatda gap korxona faoliyatini bashorat qilish haqida borishi mumkin. Bashorat qilishni
rejalashtirishning boshlanishi va uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan davomi sifatida ko`rib
chiqish mumkin. Rejalashtirish va bashorat qilish o`zaro aloqada bo`lgan ikkita jarayon bo`lib,
xo`jalik faoliyatini avvaldan bajarilgan hisob-kitoblar, eng kam tavakkalchilik va eng yuqori
natijalarga erishish asosida yuritishni ko`zda tutadi.
Rejalashtirish korxona tomonidan bajariluvchi vazifalar muayyanlashtirilgan rejalarda o`z
aksini topadi. Bozor iqtisodiyotida reja “yot unsur” yoki “yuqoridan” keluvchi buyruq sifatida
qabul qilinishi sababli, hozirgi xo`jalik yuritish faoliyatida indikativ reja va bashorat deb
nomlanuvchi, lekin mohiyatiga ko`ra rejalashtirishning barcha hollarda ob`yektiv zaruriyatini
tasdiqlovchi tushunchalardan foydalaniladi. Demak, rejalashtirish, jumladan, indikativ reja va
bashorat – korxonalarning xo`jalik faoliyati uchun mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish uchun
barcha omillardan foydalanish va tayyorgarlikning o`z vaqtida bo`lishi bilan bog’liq bo`lgan
qulay sharoitlarni yaratishdir.
Reja va rejalashtirish orasidagi farqni anglash muhim ahamiyat kasb etadi. Rejalashtirish
indikativ reja yoki prognoz kabi rejalarni ishlab chiqish jarayoni bo`lsa, reja korxonaning
ma`lum bir vaqt mobaynida amalga oshiruvchi texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlarini o`zida aks
ettiruvchi hujjatni ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, reja – korxonaning maqsadli vazifalari
va ularni amalga oshirish yo`llarini belgilab beruvchi rejalashtirishning moddiylashgan shaklidir.
Shu tariqa rejalashtirish bozor va bozor mexanizmiga qarama-qarshi bo`lmasdan,
aksincha, ishlab chiqarishning maqbul yo`nalishlarini aniqlash, foydalanilmagan zaxira va
imkoniyatlarni qo`llash, korxonaning oqilona baho siyosatini shakllantirish hamda xo`jalik
yuritish aloqalarining samarali shakllarini o`rnatishga ko`maklashadi. Rejalashtirish va bashorat
qilish yordami bilan ichki va tashqi bozordagi iste`molchilar talabi aniqlanadi, korxonaning
tashqi iqtisodiy faoliyati kuchaytiriladi.
Biroq rejalashtirish imkoniyatlarini safarbar qilish rejalashtirishning o`zidagina
ifodalanmaydi. Rejalashtirish odamlar, birinchi o`rinda mutaxassislar tomonidan amalga
oshirilishi sababli istalgan reja yoki bashoratning hayotga tatbiq etilishi ko`p jihatdan
iqtisodchilarning malakasiga, ular rejalashtirishning uslubiy asoslarini yaxshi bilishiga,
shuningdek, ishlab chiqarish rejalarining bozor talablarini hamda korxonaning mo`ljallangan
daromadga erishishini hisobga olishiga ham bog’liq. Rejani ishlab chiqish qanchalik asoslab
berilgan bo`lsa, uning haqiqiyligi va iqtisodiyotdagi ahvol bilan bog’liqligi shunchalik yuqori
bo`ladi.
Korxonalar faoliyati va iqtisodiyotda rejalashtirishdan tashqari bashorat qilish ham katta
rol’ o`ynaydi. Bashorat qilish xo`jalik faoliyati yurituvchi sub`yektning istiqbolda yuzaga kelishi
mumkin bo`lgan holatlarni ilmiy asoslagan holda avvaldan ko`ra bilishini ifodalaydi. U yuzaga
kelayotgan yoki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy
holatlarni baholash va tahlil qilish asosida yaratiladi hamda muqobil qarorlarni tanlashga imkon
yaratadi.
33
Avvalgi ma`muriy-buyruqbozlik tizimining xo`jalik yuritish sharoitlarida, ko`p yillar
davomida fan-texnika taraqqiyoti va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarining uzoq muddatli
istiqboli ishlab chiqilgan. Uning asosida xalq xo`jaligining alohida tarmoqlari, shuningdek,
respublikalardagi ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish istiqbollari shakllantirilar edi. Biroq
bu bashoratlar doim ham ishonchli emasdi va asosiysi, doim ham amaliyotda qo`llanavermas edi.
Bu esa boshqa sabablar bilan birga o`tgan asrning 80-yillari oxirida iqtisodiyot inqirozga
uchrashiga olib keldi. Boshqacha qilib aytganda, xo`jalik amaliyoti rejalashtirish va bashorat
qilishning ustunliklaridan etarlicha foydalana olmadi. Shu sababli iqtisodiy faoliyat
bashoratlarini ishlab chiqish va qo`llash bo`yicha jahon tajribasini o`rganish va uning o`ziga xos
xususiyatlarini mamlakatimizdagi ishlab chiqarish va yuzaga kelayotgan bozor munosabatlari
sharoitlarida qo`llash juda muhimdir.
Bashorat qilish rejalashtirish tavsifida o`z aksini topadi: ishlab chiqarish va korxona
iqtisodiy hayotining boshqa jihatlarini strategik rejalashtirish - o`rta va uzoq muddatli
bashoratlar asosida hamda joriy rejalashtirish - qisqa muddatli bashoratlar asosida ishlab
chiqiladi. Bu yo`nalishlarning ikkalasi ham o`zaro uzviy aloqada bo`lib, ishlab chiqarish
strategiyasini fan-texnika taraqqiyoti va hayotning real voqeligi bilan bog’laydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |