Kayfiyat - zaif yoki o’rtacha kuchga ega bo’lgan va odatda ancha barqaror emotsional holatdir. Frantsuz yozuvchisi Mopassan bunday degan edi: "Bizning vaqti chog’ligimizni qayg’uga, laqmaligimizni azobga aylantiradigan o’sha sirli ta’sirlar qaerdan kelib chiqadi? Men juda xursand bo’lib o’yg’onaman, qo’shiq aytgim keladi. Buning sababi nima? Daryo bo’ylab pastga tushaman va unchalik ko’p sayr qilmay, to’satdan uyga g’amgin bo’lib qaytaman, go’yo uyda meni qandaydir falokat kutayotgandek. Buning sababi nima?" Bu sababsiz bo’lib tuyulgan tipik kayfiyatning namunasidir.
Affekt - tez paydo bo’ladigan, nihoyat darajada kuchli, g’oyat jo’shqinlik bilan o’tadigan qisqa muddatli emotsional holat. Masalan, birdaniga achchiqlanish, g’azablanish, to’satdan qo’rqish. Bu paytda odam o’zini boshqara olmay qoladi. Affektiv holatning paydo bo’lishi miya po’stlog’ida kuchli qo’zg’alish manbaining vujudga kelishi bilan bog’liqdir. Buning natijasida tormozlanish jarayonlari susayadi va katta yarim sharlar po’stlog’i po`stloq osti markazlaridan kelayotgan shiddatli impul’slar oqimini nazorat qilish, bostirish imkoniga ega bo’lmay qoladi. Shunday qilib, miya po’stlog’i bilan po`stloq osti faoliyati o’rtasidagi zarur muvozanat o’zgaradi. Lekin har bir kishi bu emotsional ta’sirlanishga qarshi kurasha olishi mumkin. Masalan, g’azabning oshganini his qilgan vaqtingda o’z fikringni qandaydir boshqa bir predmetga qaratishga intilish ayniqsa muhimdir. Bu affekt holatiga uning boshlanish vaqtidayoq barham berishga, dastlabki ta’sirlanishni tezda bosish qiyin bo’ladigan kuchli tuyg’ularga aylanishning oldini olishga yordam beradi.
Ehtiros (havas) - kuchli va shu bilan birga uzoq vaqt davom etadigan, qandaydir bir qiziqish, intilish va faoliyat bilan bog’liq bo’lgan barqaror his-tuyg’ulardir. Masalan, kishi fan, musiqa, sportga havas qo’yishi mumkin. Kishilarda ularning psixik va jismoniy holatiga yomon ta’sir ko’rsatadigan havaslar ham bo’ladi. Ular orasida ichkilikbozlikka, narkotiklarga (giyohvandlikka), qimor o’yinlariga hirs qo’yishni ko’rsatish mumkin. Agar kishi o’zida ana shu havaslarni yengish uchun iroda kuchini topa olmasa, ular uning sog’ligiga zarar yetkazadi va hatto halokatga ham olib borishi mumkin. Ayrim havaslar ancha barqaror bo’lib, uzoq davom etadi va kishini hayajonlantirib, nisbatan osoyishta o’tadi. Lekin shunday his-tuyg’ular ham borki, ular kimda paydo bo’lmasa, uni ayniqsa, kuchli va chuqur larzaga keltiradi. Psixologiyadagi bunday emotsional holatlarni stressli (zo’r berish) holatlar deb atash qabul qilingan.
Stress - odamni kuchli, chuqur larzaga keltiradigan his-tuyg’ular oqibatidagi emotsional holat. Ular kuchli psixik zo’r berishlarda: xavf - xatar vaqtida, ortiqcha jismoniy va aqliy mehnat qilishda, faoliyatning juda qiyin va mas’uliyatli damlarida vujudga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |