O‘rta muddatli siklning bosqichlari
O‘rta muddatli siklni o‘rganish uchun uning asosiy bosqichlarini ajratib olish
lozim (13.1-rasmga qarang). Odatda iqtisodiy sikl to‘rtta fazaga ajratiladi:
♦ inqiroz (siklik to‘lqinning trend liniyasi uzra joylashgan pasaytiruvchi
qismi – a qism);
♦ depressiya (tushkunlik) – (siklik to‘lqinning trend liniyasi ostida
joylashgan pasaytiruvchi qismi – b qism);
♦ jonlanish (siklik to‘lqinning trend liniyasi ostida joylashgan yuksaltiruvchi
qismi – s qism);
♦ yuksalish (siklik to‘lqinning trend liniyasi uzra joylashgan yuksaltiruvchi
qismi – d qism).
Inqiroz – qayta ishlab chiqarishning gurkirab rivojlanayotgan ishlab
chiqarish mahsulotni sotish bilan bog‘liq keskin muammoga duch kelgan
vaziyatidir. Bozorga taqdim qilingan tovar va xizmatlar to‘lovga layoqatli munosib
talabni topa olmaydi. Sotilmay qolgan tovarlar tovar-moddiy zahiralarning
to‘planib qolishiga olib keladi, foyda kamayadi, ishlab chiqarish hajmlari
qisqaradi, investisiyalar hajmi ham qisqaradi, ishchi kuchiga bo‘lgan talabning
pasayishi oqibatida ishsizlik ortadi. To‘lovga layoqali talabning kamayishi
bularning barchasini yanada kuchaytiradi.
Depressiya bosqichida investisiyalash mutlaqo to‘xtaydi, iqtisodiyot
turg‘unlikka yuz tutadi.
Jonlanish bosqichida so‘nishning eng quyi nuqtasidan o‘tiladi va
iqtisodiyotning inqirozdan avvalgi holatiga asta-sekin qaytish boshlanadi. Ishsizlik
qisqaradi, daromad va foyda o‘sadi, investisiya jarayonlari boshlab yuboriladi.
Nihoyat, yuksalish bosqichida iqtisodiyot gurkirab rivojlanadi, trend ijobiy
(musbat) bo‘lganda ko‘plab makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha inqirozdan
avvalgi vaziyatdagi dastlabki darajaga nisbatan yuqoriroq nuqtalarga erishadi,
yuksalishning eng yuksak nuqtasiga, iqtisodiy siklning cho‘qqisiga yetib boradi,
so‘ng yana inqiroz bilan almashadi.
U yoki bu mamlkatning iqtisodiyoti iqtisodiy siklning qaysi bosqichida
ekanligini to‘g‘ri baholash uchun ekspertlar bir qator iqtisodiy indikatorlardan
foydalanadilar, ya’ni asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasini
baholaydilar. Qaysi ko‘rsatkichlarning tanlab olinishi mazkur iqtisodiy vaziyatda
iqtisodiyotning holatini nima eng yorqin xarakterlashiga bog‘liq bo‘ladi.
Odatda, iqtisodiy sikl indikatorlari sifatida quyidagi ko‘rsatkichlar tanlab
olinadi: jami ishlab chiqarish (YaIM yoki YaMM), ishsizlik darajasi, tovar-moddiy
zahiralar va ishlab chiqarish omillari zahiralari, narx darajasi, pul massasining
hajmi, pullarning aylanish tezligi, qisqa muddatli foiz stavkalari va hokazo.
U yoki bu makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning sikl bosqichlari bo‘yicha qaysi
tomonga qarab o‘zgarayotganligiga qarab, ularni siklga hamroh (protsiklik -
yuksalishda o‘suvchi, so‘nishda pasayuvchi ko‘rsatkichlar, masalan, jami ishlab
chiqarish), siklga qarshi (so‘nishda o‘suvchi va yuksalishda pasayuvchi, masalan,
ishsizlik) va asiklik (davriy bo‘lmagan, ya’ni iqtisodiy siklga bog‘liq bo‘lmagan)
ko‘rsatkichlarga ajratiladi.
Tarixi XIX arslarning o‘rtalariga borib taqaladigan o‘rta muddatli sikllar
haqida gap ketar ekan, ularga bir qator xususiyatlar xos bo‘lganligini ta’kidlash
lozim. Birinchidan, XIX asrning o‘rtalaridan boshlab kuzatilgan sikllar o‘zining
intensivligi va davomiyligi ko‘ra xilma-xil bo‘lgan. Eng qisqa iqtisodiy sikl
(1920-yillar) taxminan 2,5 yil davom etgan bo‘lsa, eng uzoq sikl (1970-yillarning
boshi) 117 oy davom etgan. Siklik tebranishlarning har xilligiga sabab bo‘ladigan omillar ichida ikkita
asosiy sababni ko‘rsatib o‘tish joizdir:
♦ o‘rta muddatli sikllarning uzun to‘lqinlarning turli bosqichlarida uzoq
muddatli sikllar bilan aralashib ketishi, bu o‘rta muddatli siklning dinamikasini
o‘zgartirib (buzib) yuborishi mumkin;
♦ hukumatning barqarorlashtiruvchi makroiqtisodiy siyosatining ta’siri.
Ana shunday siyosat tufayli Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘rta muddatli
siklning yuksaltiruvchi to‘lqini uzunroq, pasaytiruvchi to‘lqini esa qisqaroq bo‘lib
bordi. Umuman olganda, ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarning hukumatlari
makroiqtisodiy barqarorlashtirishni oqilona olib borishni, ya’ni so‘nish davrida
iqtisodiyotni rag‘batlantirish va qayta ishlab chiqarish inqirozi xavfi mavjud
bo‘lganda iqtisodiyotni biroz sekinlashtirib turishni o‘rganib oldilar.
Ikkinchidan, 1970-yillardan boshlab iqtisodiy sikllarning sinxronlashuvi yuz
bermoqda: ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy siklning yuksaltiruvchi
va pasaytiruvchi bosqichlari deyarli bir paytda boshlanayotganligi kuzatilmoqda.
Buning sababi – mamlakatlarning o‘zaro bog‘liqligining chuqurlashuvi,
yagona global iqtisodiy makonning shakllanishi, bir mamlakat iqtisodiyotini butun
jahon iqtisodiy xo‘jaligidan alohida qarash mumkin bo‘lmay qolganligidir. Jahon
iqtisodiyotining bugungi kundagi yangi axborot texnologiyalari asosida
globallashuv jarayoni iqtisodiy sikllarning sinxronlashuvini yanada intensivlashtirmoqda.
Uchinchidan, iqtisodiy sikllarning rivojlanish jarayoniga fan-texnika
tarayoqqiyoti ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. U asosiy kapitalning yangilanishini
tezlashtirmoqda, bu esa inqiroz bosqichida nafaqat tovarlarni qayta ishlashga, balki
kapitalning ham qayta ishlanishiga olib kelmoqda, ishlab chiqarish quvvatlarining
to‘liq band bo‘lmaslik muammosi keskinlashmoqda, siklning dinamikasi ham
tobora notekis bo‘lib bormoqda.
Transmilliy va ko‘pmillatli kompaniyalarning sikllarning sinxronlashuviga
ham, iqtisodiy siklning bosqichma-bosqich amalga oshish jarayoniga ham ta’sir
ko‘rsatayotganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bunday kompaniyalar o‘z
qo‘llarida ulkan hajmdagi kapitalni jamlagan bo‘lib, mamlakatlararo kapital
o‘tkazish imkoniyatiga, demak, narxlarni yuqori darajada saqlab turish va hatto
inqirozlar davrida ham daromadni qo‘ldan boy bermaslik imkoniyatiga egadirlar.
Sikl yanada mavhumlashib, uning kelgusi rivojini oldindan mo‘ljallash qiyinlashib
bormoqda.
Shuning uchun bugungi kungi hukumatlar oldida makroiqtisodiy
prognozlarning to‘g‘riligini ta’minlash va iqtisodiyotni barqarorlashtirish borasida
ushbu prognozlarga muvofiq chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat
muhim va o‘ta murakkab vazifa turibdi.
17 MAVZU: XALQARO SAVDO. XALQARO VALYUTA MUNOSABATLARI VA VALYUTA KURSI
Reja:
1.Xalqaro iqtisodiy munosabatlar.
2.Kapitalning xalqaro harakati. Ishchi kuchining xalqaro migratsiyasi.
3. Fan-texnika yutuqlarining xalqaro ayirboshlanishi.
Jahon xo’jaligi murakkab tizim hisoblanadi. Turli milliy iqtisodiyotlar (yoki ular tashqi iqtisodiy qismlari)ning barcha majmui tovarlar, xizmatlar va ishlab chiqarish omillarining harakati bilan mustahkamlangan bo’ladi. Shu asosda mamlakatlar o’rtasida xalqaro iqtisodiy munosabatlar vujudga keladi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar (ba’zida ularni tashqi iqtisodiy aloqalar, jahon xo’jaligi aloqalari deb ham yuritiladi) – bu jahonning turli mamlakatlari o’rtasidagi xo’jalik aloqalari majmuidir.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar quyidagi shakllarda namoyon bo’ladi:
tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi;
kapital va chet el investitsiyalarining harakati;
ishchi kuchi migratsiyasi;
ishlab chiqarishning davlatlararo kooperatsiyasi;
fan va texnika sohasidagi ayirboshlash;
valyuta-kredit munosabatlari.
Tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi eng avvalo milliy xo’jaliklarning xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokiga bog’liq. Xalqaro mehnat taqsimoti rivojlanishi natijasida jahon bozori tarkib topadi. Jahon bozoriga tovar va xizmatlarning xalqaro harakati sifatida qarash mumkin. Jahon bozori o’zining rivojlanishida bir qator bosqichlardan o’tadiki, ulardan har biri milliy xo’jalikning xalqaro iqtisodiy munosabatlarga jalb qilinishining ma’lum darajasi bilan tavsiflanadi. Tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi va jahon bozorining asosiy belgi va xususiyatlarini 27-bobda batafsil ko’rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |