10.2. Hirot Аlisher Navoiy davrida
Mirzo Ulug‘bekning vafotidan so‘ng madaniy markaz Xurosonga,
jumladan uning poytaxti Hirotga ko‘chdi. Hirot madaniy va ilmiy
markazining shakllanishida Xuroson hukmdori Sulton Husayn
(Boyqaro) (1469-1506) va ayniqsa buyuk shoir va mutafakkir, ga’zal
mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning (1441-1501) roli nihoyatda
beqiyos bo‘ldi.
Ma’rifatli hukmdor bo‘lmish Sulton Husayn (Boyqaro) butun
Xurosonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat homiysiga aylanadi. Uning
o‘zi Husayniy taxallusi ostida g‘azallar yozgan. Sulton Husayn
(Boyqaro) hayrihohligi va homiyligi madaniy yuksalishga katta turtki
bo‘lgan. Husaynning xizmat davrida Alisher Navoiy Mashhad va
Hirot madrasalarida tahsil ko‘radi. Keyinchalik Movarounnahr hokimi
Sulton Abu Said tazyiqi bilan Samarqandga ketishga majbur bo‘lib, u
yerda ikki -yilcha turib, o‘z bilimini yanada takomillashtiradi.
1469 -yili Xuroson taxti Sulton Husaynga tekkandan so‘ng, uning
taklifi bilan Alisher Navoiy Hirotga kelib, avval muhrdorlik so‘ngra
vazirlik lavozimida faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, Alisher Navoiy
o‘zining vazirlik lavozimini egallagan vaqtida (1472-1476)
mamlakatda imkon boricha osoyishtalik va adolat o‘rnatishga harakat
qiladi.Uning hatti-harakatlari natijasida shaharlar yuksaldi, suv
chiqarilib, ko‘pgina yerlar obod qilindi, hunarmandchilik va savdo-
160
sotiq ishlari yanada rivojlandi. Navoiy ilm-fan, ma’rifat va madaniyat
ahliga shaxsan o‘zi homiylik ko‘rsatdi. Garchi toju-taxt uchun
kurashlarda va fitna-nizolar natijasida Navoiyning Sulton Husayn
bilan oralari bir oz sovugan bo‘lsa-da, lekin Navoiy umrining oxiriga
qadar davlatning tayanch shaxslaridan biri bo‘lib qoladi. Jumladan, u
vazirlik lavozimidan ketar ekan, sulton Navoiyga shohona to‘n
kiygizib, uning hech bir iltimosi hech qachon yerda qolmasligini
aytadi. Alisher Navoiyning birgina o‘zi 300 tadan ziyod turli qurilish,
obodonchilik ishlariga bosh-qosh bo‘ladi. Hirotdagi Injil daryosi
bo‘yida uning qurilish ishlari uchun maxsus yer ham ajratib beriladi.
U barpo etgan Hirotdagi Ixlosiya, Shifoiya majmualari, Tus
viloyatidagi Turuqband suv ombori va kanali, Hirot va Mashhaddagi
qator sug‘orish inshootlari, Astroboddagi saroy va masjid, Marvdagi
madrasa shular jumlasidandir. El-yurt farovonligini o‘ylagan Navoiy
o‘z daromadlarining aksariyat qismini hayriya ishlariga sarflaydi.
Odamiy dersang demagil odamiy, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami,
deb, o‘z ta’rifini bergan edi shoir. Shaxsan uning mablag‘lari
hisobidan 52 ta rabot, 19 ta hovuz, 16 ta ko‘prik, 9 ta hammom va
boshqalar qurildi. Shuningdek, Navoiy butun Xurosonda 12 tadan
oshiq ahamiyatli bo‘lgan va ta’mirlanishga muhtoj masjid, minora,
rabot va boshqalarni ta’mir etib o‘z holiga qaytaradi. Jumladan,
Navoiy ta’mir etgan Hirotdagi jome masjidi hozirgi kunga qadar Hirot
shahrining go‘zal inshootlaridan biri hisoblanadi. Alisher Navoiy
homiyligi ostida Sharq miniatyurasi maktabining yetuk namoyondasi
Sharq Rafaeli nomini olgan Kamoliddin Behzod, taniqli tabiblar
Abdulhay Muniy, Darvish Ali, hattotlardan -Sulton Ali Mashhadiy,
musiqachilardan - Husayn Uddiy, shoir va tarixchilardan-Sohib Doro,
Muhammad Nizomiy, Kamoliddin Binoiy, Davlatshoh Samarqandiy,
Husayn Voiz Koshifiy, Mirxond, Zayniddin Vosifiy, Muiniddin
Muhammad Isfizoriy va boshqalar etishib chiqdilar.
Alisher Navoiy ilk bora o‘zga shoirlardan farqli ravishda turkiy
tilda 1483-1485 yillarda beshta dostondan iborat Xamsa asarini yozdi.
Buyuk shoirning 20 tadan ziyod yirik asarlari mavjuddir. Ular
“Xazoyinul maoniy”, “Lison ut tayr”, “Mahbub ul qulub”, “Majolisun
nafois”, “Munshaot”, “Muhokamatul lug‘atayn”, “Mezonul avzon” va
boshqalardir. Bular tarixiy, falsafiy, ahloqiy mezonlarni o‘z ichiga
olib, ularda insoniyatga xos bo‘lgan barcha ijobiy xislatlar
ulug‘lanadi. Navoiy o‘z asarlarida Vatanga, tug‘ilib o‘sgan yeriga
161
nisbatan buyuk muhabbatni kuylaydi, muhabbat va sadoqat, halollik
va poklik, do‘stlik va hamkorlik, ezgulik va adolat kabi o‘chmas
g‘oyalar tarannum etiladi. Buyuk mutafakkir insonlarni o‘zaro mehr-
oqibatli, insof-diyonatli, bag‘rikeng, olijanob, mehnatsevar bo‘lishga
chaqirib, aynan yuqori ahloqiy sifatlarga ega bo‘lgan insongina
mamlakat ravnaqiga bevosita hissa qo‘shishi mumkinligini, har bir
kishi o‘z ahloqi va odobi ila jamiyat ma’naviy hayotini yuksaltirishi
mumkinligini uqtirib o‘tadi. Ilm olishga intilmak, xat-savodli bo‘lish,
o‘z halol mehnati, pok kalbi bilan umr kechirish haqidagi ezgu fikrlar
uning asarlaridan keng joy olgan.
Jahon ahli Navoiyni nafaqat ulug‘ shoir va davlat arbobi, balki
buyuk insonparvar shaxs, qomusiy olim, betakror so‘z san’atkori,
Gomer, Nizomiy, Shota Rustaveli, Shekspir, Balzak, Pushkin,
Tolstoy, Tagor kabi adabiy dunyo daholari qatoridan joy olganligini
e’tirof etadi. Moskva, Tokio, Boku shaharlarida ushbu mutafakkirga
haykallar o‘rnatilganligi, asarlarining o‘nlab jahon xalqlari tillariga
tarjima qilinganligi yuqoridagi fikrning tasdig‘i bo‘lib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |