Rasmli va elektron arxiv asoslari fanining boshqa fanlar bilan aloqadorligi.
Rasmli va elektron arxiv asoslari fani o’z oldidagi vazifalarni bajarish jarayonida qator gumanitar va tabiiy fanlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Bular tarix, tabiatshunoslik va texnika tarixi, adabiyot va san’at tarixi, manbashunoslik, ko’makchi tarix fanlari, hujjatshunoslik, informatika, matematika, fizika, kimyo, biologiya singari fanlardir.
Rasmli va elektron arxiv asoslari fanining yuqorida sanab o’tilgan fanlarning ba’zilari bilan aloqalari masalasiga to'xtalib o’tamiz. Tarix fanining yutuqlariga tayangan holda Rasmli va elektron arxiv asoslari fani hujjatlar bilan ishlash usullarini ishlab chiqadi. Manbashunoslik esa arxivshunoslarni hujjatlarning tadqiq etish usullari bilan qurollantiradi, ularning ichki va tashqi xususiyatlarini tahlil etish asosida davlat saqloviga qabul qilish, turkumlashtirish va tavsiflash imkoniyatini beradi. Shuningdek, paleografiya qadimgi hujjatlarni o’qish va tushunishda muhim rol o’ynaydi. Xronologiya hujjatli materiallarning yaratilishi sanasini, sfragistika va geraldika ularning mualliflarini aniqlashda yordam beradi. Metrologiya, epigrafika, genealogiya, numizmatika, tarixiy geografiya singari ko’makchi tarix fanlarining xulosalari ham Rasmli va elektron arxiv asoslari fani uchun g’oyat muhimdir.
Rasmli va elektron arxiv asoslari fani yaqindan aloqada bo’lgan fanlardan yana biri hujjatshunoslikdir. Bu fan hujjatlarning tashkil topishi qonuniyatlarini o’rganadi va ularning yaratilishi usullari hamda hujjatlar tizimini shakllantirish tamoyillarini ishlab chiqadi. Hujjatshunoslik arxivshunoslarga hujjatlarning yaratilish bosqichidayoq ularning mohiyatini anglab yetishga yordam beradi.
Hozirgi zamonda Rasmli va elektron arxiv asoslari faniga kibernetika fani kirib bormoqda. Kibernetika boshqarish jarayonlari to’g’risidagi fandir. Rasmli va elektron arxiv asoslari fani uchun kibernetikaning bo’limlaridan biri - informatsiya nazariyasi muhimdir. Uning asosida hujjatlarning mazmuni haqidagi axborotlarni qidirishning mexanizatsiyalashgan va avtomatlashtirilgan tizimlari joriy qilinmoqda. Rasmli va elektron arxiv asoslari fanida informatika yutuqlariga tayangan holda ma’lumotlarni qayta ishlash, uni mexanik va avtomatik o’qish vositalariga kiritish bo’yicha ishlar olib borilmoqda.
Fizika, kimyo, biologiya va ayrim boshqa fanlar esa arxiv xodimlariga hujjatlarni saqlashni tahmin etishda yordam beradi.
Shunday qilib, Rasmli va elektron arxiv asoslari fani qator boshqa fanlar bilan bevosita aloqador bo’lib, ularning yutuqlaridan keng foydalanadi va o’z navbatida o’zi ham boshqa fanlarning rivojiga ko’maklashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |