Cho’l hayvonlari. Ular xilma-xil bo’lib, qurg`oqchilikka va jazirama issiqqa, qumli, gilli, toshli va sho’rhok erlarda yashashga moslashgan. Ba’zilari suvni nihoyatda oz talab etsa, ba’zilari butunlay suv ichmay, avji yoz issig`idan qochib uyquga kiradi. Ayrim hayvonlar esa kunduzgi issiqdan qochib, inlaridan chiqmaydilar va faqat kechasi faol hayot kechiradilar. Qumda yashaydigan hayvonlar tez yugiradigan, ko’zlari o’tkir, ranglari ham qumnikiga o’xshash bo’ladi. Cho’lda yumronqoziqlar, qum sichqonlari, qo’shoyoqlar, yirtqichlardan tulki, chiyabo’ri, yovvoyi mushuk va boshqalar yashaydi. Ustyurtda qadimda qulon, oqquray va jayron nihoyatda ko’p bo’lgan, endi esa ularni ahyon-ahyonda uchratish mumkin. Ustyurtning chinklari atrofida yovvoyi qo’y yashaydi. Qumli cho’llarda jayron, xongul, saksavul to’rg`ayi, xo’jasavdogar, saksovul chumchug`i yashaydi. Qumli cho’llar-sudralib yuruvchilar makoni: toshbaqa, kaltakesaklar juda ko’p. Ko’pchilik kaltakesaklarning gavdasi cho’ziq va ingichka, qo’l-oyoqlari uzun, panjalari keng bo’lib qumda tez yugurishga, uni kavlab kirishga moslashgan. Rangining qum tusida bo’lishi ularni dushmandan saqlaydi. Kalta quloqli dumaloq kaltakesaklar, qum kaltakesagi, O’rta Osiyo agamasi, kurak barmoqli gekkon, chopqir chipor kaltakesaklar cho’lda keng tarqalgan. Kaltakesaklarning eng kattasi bo’z echkiemardir, uning uzunligi 1,5 metrgacha boradi, faqat kunduzi issiqda juda harakatchan bo’ladi. Harorat 150 ga tushganda uning badani uvishadi, 100 da esa sovib qotib qoladi. Qumli cho’llardagi 22 xil kaltakesaklarning 13 xili endemikdir.
Ilonlar qumli cho’llarda yashovchi tipik hayvon hisoblanadi. Ular qumga birdan kirib keta oladi va qumda tez yuguradi. Qumli cho’lda qum bo’g`ma iloni ko’p, u endemik, zaharsiz, Qizilqumda keng tarqalgan, uzunligi 80-90 sm ga etadi. Uzunligi 1 metrga boradigan, ixcham va tez harakatlanadigan o’qilon cho’llarda, tog`larning o’t bosgan yonbag`irlarida yashaydi. O’zbekistonda qum charxiloni, ko’lvor ilon, ko’zoynakli ilon, dasht qora iloni, qalqonbosh kabi zaharli ilonlar ham yashaydi. Qumli cho’llarda o’rgimchaksimonlardan juda zaharli qoraqurt, falanga, chayon kabi hashoratlar ko’p.
Cho’lda qushlar nisbatan kam: asosan xo’jasavdogar, boyqush, chumchuq, to’rg`ay yashaydi.
Cho’ldagi to’qaylar ko’pchilik hayvonlarning yashashi uchun qulaydir. To’qaylarimizda to’ng`iz, bug`u, to’qay mushugi, xongul, quyon, suv kalamushi, sichqon, chiyabo’ri, qirg`ovul, qarqunoq, chumchuq, tulki va bo’ri yashaydi. Suvli erlarda o’rdak, g`oz, loryxo’rak, baliqchi qush-baklan, saqoqush, qizil g`oz ko’p uchraydi. Bir vaqtlar to’qayning tipik hayvoni bo’lgan turon yo’lbarsi yo’q bo’lib ketgan. Uni oxirgi marta Amudaryoning yuqori qismida 1953 yilda ko’rishgan.
O’zbekistonda vohalar alohida ko’zga tashlanib turadi. Bu erlarda hayvon va qushlarning odamga yaqin, uning himoyasida yashashga moslashgan turlarigina yashaydi. Bular orasida ko’k baqa, har xil rangli kaltakesak, turkiston yaydoq barmoqli gekkoni va boshqalar bor. Vohalarda uy va dala chumchuqlari, tuya qaldirg`och va dala qaldirg`ochlari, musicha, mayna, qorashaqshaq, qarqunoqlarning bir necha turi va boshqa ko’pgina qushlar bor. Ko’rshapalak, kulrang kalamush va turkiston kalamushi, uy sichqoni, ko’rsichqon, sariq ilon, qorachipor ilon, har xil hashoratlar va boshqalar vohada yashashga moslashgan.
Adir hayvonot dunyosi cho’l hayvonlaridan kam farq qiladi, lekin cho’ldagiga nisbatan turlari kambag`alroq. Adir mintaqasida qo’shoyoq, yumronqoziqlar, sug`ur, dala sichqonlari, yirtqichlardan tulki, bo’ri, bo’rsiq ko’p uchraydi. Kaltakesaklarning xilma-xil turlari, ilonlar, xatto falanga, qoraqurt, chayon kabi hashoratlar ham yashaydi. Bahorda toshbaqa va yumronqoziqlar faol hayot kechiradi. Dehqonchilik qilinadigan joylar atrofida jayra, bo’rsiq, tipratikonlar uchraydi. Parrandalar adirda cho’lga nisbatan ko’proq, so’fito’rg`ay, bo’zdak, ko’k qarg`a, kaklik kabi qushlar ko’p.
Tog` mintaqasi hayvonot dunyosi boy va juda xilma-xil. Bu erda qoyalarda yashaydigan tipik hayvonlarni-turkiston agamasi, tog` fotmachumchug`i, kaklik, tog` suvsari, sibir echkisi, burma shoxli echki va boshqalarni ko’rish mumkin. Qoyalarda ko’pgina yirtqich qushlar-burgut, jo’rchi uya quradi. Archazor o’rmonlarda archa boltatumshug`i, sariq tirnoq chittak, qizilbosh chumchuq, kosulya yashaydi. Tog` o’rmonlarida jayra, bo’rsiq, olmaxon, kalamush, o’rmon sichqonlari, ilonlar bor, qushlar juda ko’p, yirtqich hayvonlardan qo’ng`ir ayiq, bo’ri, oq suvsar, ba’zan silovsin ham uchraydi. Kemiruvchilardan Piskom, Ugam Ohangaron daryolarining yuqori qismida ko’k sug`ur, Chotqol Piskom va Hisor tog`larida qizil sug`ur yashaydi.
Subalp va alp (yaylov) mintaqasi iqlimi sovuq, relefi murakkab bo’lganidan hayvonlar ko’p emas. Bu erlarda yirik hayvonlardan arxar, bug`u (elik) va kiyiklar, kemiruvchilardan sug`ur qor qoploni, oq tirnoqli ayiq yashaydi. Bu mintaqaning o’ziga hos kemiruvchisi qizil sug`urdir. 2000-4500 m balandlikda to’da-to’da bo’lib yashaydi va o’z hayotining ko’p qismini uyquda o’tkazadi. Alp mintaqasidagi doimiy qorlar va muzliklar chegarasida himolay ularni, alp zag`chasini, ilvirs va boshqalarni uchratish mumkin.
Doimiy qorlar va muzliklar mintaqasida hayvonlar juda kam, asosan qor qoploni, tog` echkisi yashaydi.
O’zbekistondagi suv havzalarida, ko’llarda, daryolarda ko’plab baliq turlarini uchratish mumkin. Bular katta kurakburun, amudaryo foreli, oddiy cho’rtan baliq, oddiy oqqayroq, marinka, kumush rang tovonbaliq, zog`ora baliq, sudak, laqqa, ilonbaliqlardir.
Hayvonot dunyosi har xil xomashyo, go’sht, teri manbai hisoblanadi. Har yili respublikamizda suv havzalarida ko’plab baliq ovlanadi, mo’ynali hayvonlar terisi tayyorlanadi, o’rtacha 200 000 ta atrofida suv parrandalari ovlanadi. O’zbekistonda ovlanadigan eng qimmatli mo’ynali hayvonlarga tog` tulkisi, keyin chiyabo’ri, bo’ri, bo’rsiq, silovsin, cho’l va qamishzor mushugi, ondatra va kalamushlar kiradi. Go’sht uchun respublikamizda tuyoqli hayvonlardan sayg`oq, yovvoyi cho’chqa va tog` echkisini maxsus ruxsatnoma bo’lgandagina ovlash mumkin.
O’zbekistonda zaharli ilonlarning beshta turi yashaydi. Bular ko’zoynakli ilon (kobra), dasht qora iloni, (gadyuka) ko’lvor (gyurza) ilon, qum charhiloni (efa), qalqonbosh (shitomordnik). Ularning zaharidan qimmatli dori preparatlari (vibrotoks, vipraksin va boshqalar) tayyorlanadi va oqsilning tarkibini o’rganishda ishlatiladi. Zahar olish uchun ilon tutiladi va maxsus pitomniklarda saqlanadi. Keyingi yillarda zaharli ilonlarning juda ko’plab ovlanishi ular sonining keskin kamayib ketishiga olib keladi. Ilonlarni saqlab qolish, ulardan zahar olish, pitomniklarda ko’paytirishni ilmiy asosga qo’yish maqsadida O’R FA ning Zoologiya va parazitologiya institutida 1960 yilda zaharli ilonlar ekologiyasi laboratoriyasi tashkil etilgan.
Har yili respublikamizda eksport uchun bir necha o’n minglab dasht toshbaqalari, medistinada ishlatish uchun 100 000 dan ortiq ko’l baqalari tutiladi.
Umutrqali hayvonlar tabiatda va qishloq xo’jaligida juda katta ahamiyatga ega. Hashoratxo’r turlar zararkunanda hashoratlarning haddan tashqari ko’payib ketishining oldini olsa, boshqalari esa o’tloqlarga yoki don o’simliklari hosiliga, uzumzor va bog`larga zarar etkazadi. O’zbekistonda kasal tarqatuvchi hayvonlar ham yetarli. Ular kemiruvchilar, chivin, kana va boshqalar. Uy va yovvoyi hayvonlar respublikamizda 30 dan ortiq yuqumli kasalliklarning (kuydirgi, o’lat, leyshmaniyoz, paratif va boshqalar) tarqalishiga sabab bo’ladi.
O’zbekistonda cho’llarning o’zlashtirilishi, tog` va tog` oldi mintaqalarida tog`-kon sanoatining rivojlanishi, buning oqibatida ekologik sharoitning o’zgarishi hamda ovchilik xo’jaligi ishlarida qat’iy tartibning bo’lmaganligi natijasida hayvonot olamiga zarar etdi. Ko’p hayvon turlari soni keskin kamayib (jayron, tog` va sibir echkisi, arxar, qum quyoni, sug`ur), ayrimlari esa yo’qolib ketmoqda. Masalan, turon yo’lbarsi, sirtlon yo’qolib ketdi. Yo’qolib ketish arafasida turgan qush va hayvonlardan O’rta Osiyo qoploni, targ`il sirtlon, ustyurt qo’yi, qora laylak, qum charxiloni, O’rta Osiyo ko’zoynakli iloni, uzun dumli burgutni ko’rsatish mumkin. Bu ahvol tabiatni, shu jumladan hayvonot olamini muhofaza qilishni talab qiladi. Bu ishni amalga oshirish uchun respublikamizda «Qizil kitob» tayyorlanib nashr etilgan (I jildi 1983 y., II jildi 1984 y.), 9 ta qo’riqxona, bir qancha buyutmalar, milliy bog`lar tashkil etilgan.
O’zbekistonning «Qizil kitob»iga respublikamizda yashaydigan sut emizuvchilarning 22 turi, qushlarning 31 turi, sudralib yuruvchilarning 5 turi va baliqlarning 5 turi kiritilgan. Qizil kitobga kiritilgan bu hayvonlar to’liq muhofaza qilinishi lozim. Ayniqsa ayiq, qoplon, silovsin, qor qoploni, gepard, jayron, buxoro kiyigi, tyanshan qo’yini ovlash butunlay taqiqlanadi.
O’zbekistonda hayvonot dunyosini muhofaza qilishda qo’riqxonalar muhim o’rin tutadi. Qo’riqxona-tabiat kompleksining bir qismi-hayvonlar, o’simliklar, foydali qazilma, noyob relef shakllari qonun asosida muhofaza qilinadigan joy. Ularda soni kamayib borayotgan hayvonlar va o’simliklar muhofaza qilinadi va ko’paytiriladi, u yerdagi hayvonlar soni boshqarib turiladi. Qo’riqxonalardan tashqari kamayib ketayotgan hayvon turlarini saqlab qolish va tiklash maqsadida 10 ga yaqin buyurtmalar faoliyat ko’rsatmoqda. Buyurtma joy-hudud yoki akvatoriyaning bir qismi bo’lib, unda barcha tabiiy kompleks emas, balki uning alohida elementlari: o’simliklar, hayvonlar yoki ba’zi bir hayvon turlarigina turli maqsadlarda ko’paytiriladi. Bu joylarda bioekologik tadqiqotlar ham olib boriladi. Biroq davlatimiz tomonidan ko’rilayotgan chora-tadbirlarning o’zi jonli tabiatning barcha boyliklarini etarli darajada saqlashga qodir emas. Bu bizdan hayvonlarni ehtiyot qilishni, ularga e’tibor berib, umumxalq himoyasiga olishni talab qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |