O’zbekiston hududining seysmikligi. Ma’lumki, Yer ichki qismidagi jarayonlar ta’sirida yer po’stida ro’y beradigan titrash, silkinish va tebranish harakatlarga yer qimirlash (zilzila) deb ataladi.
Grek olimi Aristotel, o’rta asr buyuk enstiklopedisti O’rta Osiyolik Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sinolar zilzilaning asosiy sababchisi vulqon harakatlari bo’lsa kerak deb o’ylaganlar. Bu fikr fanda XVIII- XIX asrlargacha saqlanib qoldi. Ba’zi olimlar zilzilalar Quyosh, Oy va boshqa sayyoralarning ta’sirida ro’y beradi deb, kosmik ta’limotni ilgari surganlar. 1872 yilda Janubiy Italyada kuzatishlar olib borgan Eduard Zyus yer qimirlashlar tektonik jarayonlarga bog`liq ekanligini birinchi bo’lib ilmiy asosda tushuntirgan. Bundan tashqari, Zyus zilzilalar yer ostidagi bo’shliqlardagi o’pirilish, qulashlar natijasida kelib chiqishni ham aniqlagan.
Demak, zilzilalar paydo bo’lishiga ko’ra bir necha turga bo’linadi.
Vulqon harakati paytida ro’y beradigan zilzilalar.
Yer po’stida ro’y beradigan tektonik harakatlar bilan bog`liq bo’lgan zilzilalar.
O’pirilish, qulash natijasida bo’ladigan zilzilalar.
Meteoritlar tushishi oqibatida ro’y beradigan zilzilalar.
Tektonik zilzilalar tog`larning o’sishi, uzilmalar bo’ylab tog` jinslarining siljishi, bukilmalarning hosil bo’lishi bilan bog`liq bo’lgani uchun kuchli, nihoyatda xafli hisoblanadi. O’zbekiston hududi Alp-Himolay geosinklinal (seysmik) mintaqasida joylashgan, bu erda zilzilaning kuchi 8-9 ballgacha boradi (Rixter shkalasi bo’yicha). Deyarli hamma kuchli zilzilalar yer qobig`idagi tektonik harakatlar natijasida paydo bo’ladi. Kuchli zilzilalar yirik morfostrukturalarning tutashgan yerida, tog` tizmalarining yirik botiqlar bilan tutashgan chegaralarida kuzatiladi. O’zbekistonda seysmik eng faol zonaga Chotqol-Farg`ona, Qizilqum, Hisor-Oloyning janubiy etagi kiradi. Ularning har birida seysmogen zonalar ajratilgan. O’zbekistonda bo’lib o’tgan zilzilalar o’choqlarining joylashish xaritasini tahlil qilish shuni ko’rsatadiki, zilzilalarning o’chog`i cho’ziq shaklda bo’lib, yer po’stidan chuqurda yotgan yoriqlarning yo’nalishiga mos tushadi. Zilzila o’choqlarining chuqurligi asosan 5-40 km orasida bo’ladi.
O’zbekiston hududida va unga qo’shni o’lkalarda Chotqol-Farg`ona, Sharqiy Farg`ona, Janubiy Farg`ona, Janubiy Tyanshan (uning g`arbiy va shimoliy qismi), Markaziy Qizilqum, Piskom-Qarjantog`, Janubiy O’zbekiston seysmogen zonalari ajratilgan. Bu zonalarning hammasi tektonik yoriqlar o’tgan hududlarga to’g`ri keladi. Ularda Rixter shkalasi bo’yicha kuchli 7-9 balli falokatli zilzilalar qayd qilingan. Masalan, O’zbekistonda 1976-1986 yillar orasida Seysmologiya institutining bergan ma’lumotlariga ko’ra magnitudasi 5,5-7,3 bo’lgan 10 dan ortiq kuchli zilzila qayd qilingan.
Chotqol-Farg`ona seysmik faol zonada eng faol er qimirlash hududlaridan biri Piskom-Qorjantog` seysmogen zonasi hisoblanadi. Uning asosini Ugam-Qorjantog` yer yorig`i tashkil etadi. Bu yerda 1937 yilda Piskom, 1946 yilda Chotqol, 1959 yilda Burchmulla, 1966 yilda Toshkent, 1971 yilda Abay Bozor, 1972 yilda Xalqobod, 1977 yilda Tovoqsoy, 1980 yilda Nazarbek zilzilalari sodir bo’ldi. Hozirgi kunda zonaning seysmik rejimi o’zgarishi kuzatilmoqda. Shuningdek, bu rejimga Chorvoq suv omborida to’planayotgan suvning ta’siri bor-yo’qligini sinchiklab o’rganilmoqda. Biz guvoh bo’lgan Toshkent zilzilasiga to’xtab o’taylik. Bu zilzila 1966 yilning 26 aprel tongida mahalliy vaqt bilan soat 5 dan 22 minut 52 sekund o’tganda boshlangan. Avval qattiq gumburlash tovushi eshitilib, shahar chekkasida shafaq ko’ringan (kuchli zilzilalar oldidan paydo bo’ladi). Bu er ostida yig`ilgan kuchlanishning er yuziga chiqqan paytida elektr energiyasiga aylanishidan sodir bo’ladi. Ro’y bergan zilzila o’chog`i Toshkent ostida 5-10 km chuqurlikda joylashgan. Zilzila energiyasi 1014 joulga teng bo’lib, epistentrda (Qashqar mahallasida) uning kuchi 8 ballga etgan, shahar chekkasida 6 ball bo’lgan. Zilzila 6-8 sekund davom etib, tebranish 1 sm.gacha borgan. Birinchi kuchli zarbdan so’ng silkinishlar takrorlanib, tez vaqt ichida 500 tadan oshib ketgan, ularning ichida 5 ta zilzilaning (10 mayda, 24 mayda, 4 iyunda, 24 iyunda va 4 iyulda bo’lgan zilizilalarning) kuchi 7 ballga yaqinlashgan. Toshkent markaziy seysmik stanstiyasi Toshkentda zilzilaning 1500 marta takrorlanganligini qayd qilgan. Toshkent zilzilasiga shaharoldi fleksura uzilmasidagi (tog` jinslarining har xil kuchlanishlari ta’sirida uzilib ketishidan bir necha kilometrga cho’zilgan siniqlar-fleksura uzilmalari hosil bo’ladi) tektonik harakatlarning faollashishi sabab bo’lgan. Ma’lumotlarga ko’ra, 8 balli silkinish Toshkentda 1868 yilda bo’lgan. Toshkent seysmostanstiyasining bergan ma’lumotlariga ko’ra, 1915 yildan 1953 yilgacha Toshkentda 89 marta er qimirlagani kuzatilgan. Shundan 22 tasi 4 ball, 6 tasi 4-5 ball, 15 tasi 5 ball, 2 tasi 6 ball kuchga ega bo’lgan ekan. 1966 yilgi zilziladan Toshkent shahri ancha zarar ko’rdi-84000 kvartira, 225 ta bolalar muassasalari, 181 ta o’quv dargohlari buzildi, bir qancha sanoat korxonalari shikastlandi, Erda mayda yoriqlar paydo bo’ldi.
Janubiy O’zbekiston seysmogen zonasi Janubiy Tyanshan zonasining janubi-g`arbidagi davomi hisoblanadi. Bu zonada 1175 yilda Kerki, 1880 yilda Urgut, 1984 yilda G`allorol kuchli zilzilalari qayd etilgan.
Janubiy Farg`ona zonasi eng faol zonalardir. Bu erda 1888 yilda 8 balli Kostako’z, 1923 yildagi 8 balli Garden, 1924 yilda 7-8 balli Qurshob, 1977 yildagi Shohimardon, 1982 yildagi Chimyon zilzilalari qayd etilgan.
O’zbekistonda eng faol seysmik zonalardan biri Shimoliy va Sharqiy Farg`ona zonasi. Bu erda 1620 yilda 9 balli Asxi, 1927 yilda 8 balli Namangan, 1984 yildagi Pop, 1903 yildagi 8 balli Oym va 1902 yildagi 9 balli Andijon zilzilalari qayd qilingan. Bu zonada Namangan, Andijon, Piskom-Chotqol, Qurshab kabi epistentrlar guruhlari mavjud.
Keyingi yillarda faol seysmik harakatlar Janubiy Tyanshan zonasiga kiruvchi Janubi-G`arbiy Qizilqumda ro’y berdi. 1975 yil 17 mayda Gazli atrofida kuchi 7 balldan yuqori (to 9 ballgacha) bo’lgan falokatli zilzila ro’y berdi. Seysmologiya ilmiy-tekshirish institutining bergan ma’lumotiga ko’ra, bu zilzila Janubiy Quljuqtog` yorig`ida uncha katta bo’lmagan (10 km) chuqurlikda yirik bloklarning qo’zg`alishi natijasida ro’y bergan. Gazli zilzilasi 1978 yilda ozroq magnituda (magnituda-zilzilaning nasbiy energetik xarakteristikasi) bilan takrorlangan. Bizning respublikamiz hududi qo’shni mamlakatlarda hosil bo’lgan seysmik to’lqinlarni aks ettiradigan zonada turadi. Shuning uchun u yerda bo’layotgan zilzilalarning aks sadosini biz tez-tez sezib turamiz.
O’zbekistonda antropogen omil ta’sirida ham kuchsiz zilzilalar bo’lib turadi. Har xil portlatish ishlari, transport harakati, yirik suv omborlarining qurilishi ta’siri, yer osti boyliklari qazib olingandan so’ng bo’shliqlarni suv bilan to’ldirilishi kabilar bunday antropogen zilzilalarga sababchidir O’zbekistonda borgan sari texnogen yer qimirlashlar xavfi ortmoqda. 2001 yil 8 avgustda Yaponiyada qiziq tajriba o’tkazildi. Maktab o’quvchilaridan 1 milliontasi katta maydonga yig`ilgan va ular 1 minut davomida baravariga sakrab, kuchsiz yer silkinishi bo’lishiga erishganlar.
Hozirgi kunda fan zilzilalarni bashorat qilishda birmuncha yutuqlarga erishdi. Zilzilani kuzatish birnecha bosqichda olib borilmoqda. Birinchi bosqichda uzoq muddatli bashorat asosida zilzila qaerda, tahminan qaysi yillarda, qanday kuch bilan sodir bo’lishi aniqlanmoqda. Keyingi bosqichlarda zilzilalarni o’rta va qisqa muddatlarga bashorat qilinadi. Buning uchun seysmogen zonalarda maxsus asboblar yordamida zilzila darakchilari kuzatib boriladi. Ular-erning magnit, elektr, gravitastion maydonlarining o’zgarishi, ionosfera qatlamidagi o’zgarishlar, yer sathining, yer osti suvlarining sathining, ular tarkibidagi mikroelementlar miqdorining, seysmik to’lqinlar tarqalish tezligi o’zgarishlari va boshqalardir. Bu darakchilar zilzila o’chog`idagi tog` jinslarining fizik hossalarining o’zgarishidan yuzaga keladi. Zilzila darakchilaridan ba’zilari bevosita yer qimirlashidan bir necha kun va soat oldin kuzatiladi. Ular yer silkinishini qisqa muddatda bashorat qilishga xizmat qiladi. Bu darakchilar zilzila o’chog`ida turli mexanik-elektrik jarayonlar bilan bog`liqdir. Masalan, Gazli zilzilasining qaytalanishidan va Oloy zilzilasidan oldingi impuls elektromagnit va magnit maydonlarining xarakterli o’zgarishlarini O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Seysmologiya ilmiy tekshirish institutining olimlari aniqlab, bo’ladigan zilzilalarni bashorat qilganlar.
Keyingi yillarda zilzilalarni bashorat qilishda u bilan bog`liq bo’lgan oldin va keyin keladigan oqibatlarni kuzatishda gidrogeoximik va gidrodinamik usullardan keng foydalanilmoqda. Tektonik harakatlarni o’rganish borasida gidroximik ma’lumotlar fan uchun yangi bir sohani ochdi-bu gidrogeoseysmologiyadir. Zilzila bo’layotgan paytda chuqur qatlamdagi suvlar tarkibidagi kimyoviy elementlar, tuzlarning xususiyatlari o’zgarib turishi zilzila sabablarini bilish imkoniyatini yaratdi. Ko’p yillik kuzatishlar faqat radon usulini qo’llash bilangina bashorat qilishga erishish mumkin emasligini tasdiqladi. Shuni aytish kerakki, faqat hamma darakchilarni kuzatadigan ilg`or usullarni komplekslashtirish natijasidagina zilzila bashoratiga to’g`ri yo’l ochish mumkin.
Hozirgi kunda zilzilalarni bashoratlashda zilziladan oldin hayvonlarning o’zini tutishi, o’simliklar holatining o’zgarishi ham o’rganilmoqda.
O’zbekistonda zilzilalarni kuzatish ishlari 30ga yaqin seysmostanstiyalarda, O’zRFA Seysmologiya institutida va boshqa tashkilotlarda olib boriladi.
Zilzilalar keltiradigan zarar va talafotlarni kamaytirishda hamda ular oldini olishda imorat va inshootlar mustahkamligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega. Buning uchun mamlakatimizning butun hududi seysmik rayonlashtirilgan. Inshootlar va binolarni qurishda va ular chidamliligini belgilashda har bir seysmik rayonning xususiyati, ya’ni ro’y berishi mumkin bo’lgan zilzilalar kuchi hisobga olinadi.
Foydali qazilmalari.O’zbekiston turli foydali qazilmalarga boy. Uning hududida Mendelev davriy sistemasining deyarli barcha elementlari topilgan. Hozirga qadar 2,7 mingdan ziyod turli foydali qazilma konlari va ma’dan namoyon bo’lgan istiqbolli joylar aniqlangan. Ular 100 ga yaqin mineral xomashyo turlarini o’z ichiga oladi. Shundan 60dan ortig`i ishlab chiqarishga jalb etilgan. 900 dan ortiq kon qidirib topilgan bo’lib, ularning tasdiqlangan zahiralari 970 milliard AQSh dollarini tashkil etadi (I. Karimov, 1997). Bir qator foydali qazilmalar, chunonchi oltin, uran, mis, tabiiy gaz, volfram, kaliy tuzlari, fosforitlar, kaolinlar bo’yicha O’zbekiston tasdiqlangan zahiralarga ko’ra dunyoda etakchi o’rinlardan birini egallaydi. O’zbekistonda ishga solinayotgan foydali qazilma konlari o’zining zahiralari kattaligi bilangina emas, balki bir qator hususiyatlari bilan ham ajralib turadi. Bu xususiyatlar quydagilar:
Tabiiy va mineral homashyo zahiralari yirik konlarda to’plangan, ularni qazib olingan joyning o’zida kompleks qayta ishlash imkoni bor.
Foydali qazilmalarning ko’pgina turlari tarkibidagi foydali komponentlar miqdori ko’p bo’libgina qolmay, katta miqdorda yo’ldosh elementlarga ham ega.
Konlarning ko’pchiligida qazilmani ochiq usulda olish mumkin, rudalarni boyitish texnologiyasi ham nisbatan oddiy. Bu texnologiya foydali komponentlarni ko’p miqdorda chiqarishni va jahon bozorida xaridorgir mahsulot olishni ta’minlaydi;
Ko’pgina foydali qazilma konlari aholi zich yashaydigan yaxshi o’zlashtirilgan mintaqalarda joylashgan. Ular transport yo’llariga va hududlar o’rtasida resurslarni tashish vositalariga, shu jumladan suyuq va gaz holatidagi foydali qazilmalar uchun quvur transportiga ega;
Ishlab chiqarish va sostial infrastruktura, malakali kadrlar, tog`-kon sanoati mutaxassislari tayyorlaydigan oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari tizimi mavjud.
O’zbekiston noyob yoqilig`i-energetika resurslariga ega. Respublikada 1990 yillar boshida neftning jami zahirasi 350 mln.t, gazniki 2 trillion kubometr, ko’mirniki 2 mlrd. tonna edi. O’zbekistonda 1997 yilda 7,6 mln.t.neft, 49,8 mlrd. m3 gaz, 2,8 mln.t. atrofida ko’mir qazib olindi. Respublikada neft va gaz mavjud bo’lgan Ustyurt, Buxoro-Xiva, Janubi-G`arbiy Hisor, Surxondaryo, Farg`ona kabi mintaqalar mavjud. Zahirasi sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan neft-gaz konlarining 70 % ga yaqini Buxoro-Xiva geologik zonasiga to’g`ri keladi.
Farg`ona vodiysi eng qadimiy o’zlashtirilgan neftli rayondir. Shimoliy So’x, Janubiy Olamushuk, Polvontosh, Chimyon, Sho’rsuvda neft va gaz konlari birinchi marta XIX asr oxirlarida ochilgan bo’lib, 1904 yildan qazib olina boshlangan. Mazkur foydali qazilmalar mezozoy va qaynozoy eralari cho’kindi jinslari orasida paydo bo’lgan. 1992 yilda vodiyda Mingbuloq neft koni ochildi va 1994 yilning iyun oylaridan boshlab neft olinyapti.
Neft va neft-gaz konlari Sherobod-Surxondaryo tog` oralig`i botig`ida paleogen davri ohaktoshlari orasida, Hisorda asosan yura davri karbonat tog` jinslari orasida, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida ham mezozoy davri karbonatli tog` jinslari orasida hosil bo’lgan bo’lib, ular ko’p qatlamli.
O’zbekistonda eng yirik gaz konlari Janubi-G`arbiy Hisor va Buxoro-Xiva neft va gaz mintaqalarida joylashgan. Buxoro-Xiva mintaqasi asosiy mintaqa bo’lib, unda respublikamizdagi gaz zahiralarining 90% joylashgan. Respublikadagi gaz zahirasi 66 trln. m3 miqdorida baholangan, bu er yuzi zahirasining 1,3 % ni tashkil etadi. O’zbekistonda eng yirik noyob gaz konlari Sho’rton, Muborak, Gazli guruhlariga kiruvchi konlardir. Ular mezozoy davri karbonatli tog` jinslari orasida hosil bo’lgan bo’lib, ko’p qatlamli va yuqori mahsulli, gazga neft yo’ldosh bo’lib chiqadigan konlardir. Hozir O’zbekistonning neft mahsulotlariga bo’lgan talabi o’z resurslari hisobiga qondirilmoqda.
O’zbekiston katta ko’mir zahiralariga ega. Ohangaron vodiysida (qo’ng`ir) ochiq usulda va yer ostida gazga aylantirilib, Sharg`un va Boysunda toshko’mir shaxta usulida qazib olinmoqda. Bu konlar yura davri qatlamlarida joylashgan. Hozir bu konlarda har yili o’rtacha 3 mln. t. ko’mir (shundan 70 ming tonnadan ko’prog`i toshko’mir) qazib olinmoqda.
O’zbekistonda bir qancha qora (temir, titan, marganest, xrom), rangli (mis, qo’rg`oshin), nodir (volfram, molibden, qalay, vismut, simob, surma), qimmatbaho (oltin, kumush) metall konlari bor. Hozir respublikada 200 dan ortiq temir rudasi borligini bildiruvchi konlar mavjud, lekin sanoat uchun qazib olishga yaraydiganlari hali aniqlangani yo’q. Istiqbollilari 1989 yilda ochilgan, zahirasi 128 mln.t., tarkibida 32 % temir bo’lgan Temirkon, 36 % temir bo’lgan Surenota konlari hisoblanadi.
O’zbekiston dunyodagi juda katta oltin zahiralariga ega davlatdardan hisoblanadi. 2003 yil ma’lumotlariga ko’ra mamlakatimiz oltinning aniqlangan zahirasi bo’yicha dunyoda 4 o’rinda, oltin ishlab chiqarishning umumiy hajmi bo’yicha esa ettinchi o’rinda turadi. Respublikamizda 46 ta oltin koni aniqlangan, shundan 29 tasi o’rganilgan, 12 tasi foydalanilmoqda O’zbek oltini sifati jihatidan eng sof oltin deb e’tirof etilgan va 20 ga yaqin xalqaro mukofolaru sovrinlarga sazovor bo’lgan. Jumladan 1999 yili nufuzli Tokio birjasi soflik darajasi «99.99» raqami bilan tamg`alangan o’zbek oltinini butun dunyo miqyosida tilla sifatini aniqlashning oliy mezoni- etaloni tarzida belgilab qo’ydi. O’zbekistonda 1990 yillarda 70 tonna oltin qazib olingan, 1998 yilga kelib bu ko’rsatkich 87 tonnani tashkil etdi. Oltinning zahiralari Nurota, Toshkent atrofida va asosiysi Markaziy Qizilqumda kembriygacha bo’lgan va quyi paleozoy jinslarida joylashgan. Bu erdagi Muruntov koni dunyodagi eng katta konlar jumlasiga kiradi. Qizilqumda Muruntovdan tashqari Ajibugut, Bulutkon, Balpentog`, Aristantog`, To’rboy va boshqa yangi konlar aniqlangan. So’nggi yillarda Marjonbuloq, Olmaliq, Qizilolmasoy va Chodoqda ham oltin qazib olinmoqda.
Hozir O’zbekistonda qazib olinayotgan oltinning 86 % ga yaqini Qizilqumga, 10 % Olmaliqqa to’g`ri keladi. O’zbekiston yana bir qimmatbaho metall- kumushga ham boy. Uning yirik konlari Navoiy va Namangan viloyatlarida joylashgan. Sanoat ahamiyatiga ega zahirasi Oqjitpes, Kosmanchi, Visokovoltno’y, Asttepa konlarida bo’lib, zahirasi 30 000 t. tashkil etadi. O’zbekiston rangli metallarning ham aniqlanmagan zahiralariga ega. Mis rudalari bilan birga respublikamizda rangli metallarning 15 dan ortiq turi qazib olinadi. Rangli metallar rudalarining zahiralari asosan Olmaliq ruda maydonida joylashgan 3 ta konda aniqlangan zahirasi 22 000 mln. tonna. Olmaliq zonasida aniqlangan mis zahirasi Olmaliq tog` metallugiya kombinatini 200 yil davomida xomashyo bilan ta’minlashi mumkin. O’zbekiston boy uran zahiralariga ham ega, uni qazib olinayotgan hajmi bo’yicha dunyoda 8 o’rinda turadi. Birinchi uran koni 1904 yilda Farg`ona vodiysida ochilgan. Keyingi yillarda vodiyda yana bir qancha uran konlari ochib ishga tushurildi. 1943 yilda esa birinchi marta uranni ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. O’zbekiston geologlari tomonidan 50 yillarning oxirida noyob Uchquduq uran koni ochilib, uning zahirasi o’rganildi. Keyingi yillarda Qizilqumda yana o’nlab yangi konlar ochildi, ularda urandan tashqari selen, molibden, renin, skandiya kabi elementlar borligi aniqlandi. Hozirgi kunda jahon bozorida uranga talab ortib bormoqda, chunki uni tinchlik maqsadlarida ishlatish kengayib bormoqda. O’tgan asrning 90-yillarida dunyodagi 26 davlatda 426 ta atom reaktori ishlagan va ularga dunyoda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 16 % i to’g`ri kelgan. Hozirgi kunda O’zbekiston AQSh va Rossiyaga kelishuv asosida uran yetkazib bermoqda. Qizilqum na faqat oltin, uranga boy, u fosforitlarning ham aniqlangan katta zahirasiga ega. Bu yerda geologlarning fikricha, fosforitlarning taxminiy zahirasi cheksizdir. O’zbekistonda nometall foydali qazilmalarning 70 dan ortiq xili qazib olinadi yoki xalq xo’jaligida ishlatiladi. Metallurgiya uchun xomashyo hisoblanagan plavikovo’y shpat, grafit, asbest, talk, kimyoviy xomashyo-tuz, oltingugurt, qishloq xo’jaligi uchun zarur bo’lgan - fosforitlar, bentonitlar, gillar, glaukonitlar, kaliy tuzlari, oyna sanoati xomashyosi dala shpati, kvarst, kvarstli qum, kaolin va boshqalar shular jumlasidandir.
O’zbekistonda binokorlik materiallari ham juda ko’p. Oq rangdan to qora ranggacha xilma-xil bezakbop toshlar, xususan marmar konlari mavjud. Respublikamizda ko’plab kaliy tuzi, osh tuzi va tosh tuzi konlari, issiq mineral buloqlar bor.
O’zbekistondagi yer osti suvlari tarkibida, ayniqsa Buxoro-Qarshi, Surxondaryo, Ustyurt va Farg`ona artezian havzalaridagi suvlarda sanoat ahamiyatiga ega miqdorda steziy, rubidiy, stronstiy, bor, germaniy, yod va brom kabilarning borligi aniqlangan va ularning ayrimlari hozirgi kunda suvdan ajratib olinmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |