Iqlimning o’zgarishi va tebranishi tabiiy va antropogen ta’sir oqibatida ro’y beradi. Iqlimdagi tabiiy o’zgarishlar Er shari harakatining o’zgarishi, Quyoshning faollashuvi, atmosferaning tarkibi va tozaligi bilan bog`liq bo’lgan omillar ta’sirida ro’y beradi.
O’zbekistonda yangi erlarning sug`orma dehqonchilik uchun o’zlashtirilishi, Orol dengizining qurishi va Amudaryo deltasi suv rejimining o’zgarishi, turli kimyoviy birikmalardan foydalanib, sun’iy yomg`ir yoki qor yog`dirish, bulutlarni tarqatish, do’l yog`ishining oldini olish kabilar ham iqlimga albatta ta’sir etadi, ko’pincha salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Har bir alohida olingan yilda yoki qisqa vaqt (5-10 yil davomida kuzatilgan ob-havoning miqdoriy ko’rsatkichlari 30 va undan ortiq yillarda olingan o’rtacha ko’rsatkichdan (iqlimdan) katta farq qiladi. Iqlimshunoslar iqlimda kuzatiladigan issiq va sovuq, nam va quruq o’n yilliklarni aniqlashgan. Masalan, Toshkentda 1901-1910 va 1951-1960 yillar yoz-iyul oyi salqin kelgan, 1971-1980 yilar esa issiq kelgan. 1891-1900, 1931-1940 va 1971-1980 yillar qish (yanvar oyi) sovuq kelgan. 1981 yildan 1990 yillarning o’rtalarigacha yanvar oyi harorati ancha yuqori bo’lgan. Ayrim stanstiyalarda kuzatuv olib borilgan davrning o’rtacha ko’rsatkichidan chekinish 20S dan ortiq bo’lgan.
Yuz yildan ortiqroq meteorologik kuzatuvlar olib borilayotgan stanstiyalar ma’lumotlariga ko’ra, iqlim o’zgarishida bundan ham kattaroq muddatli (davriy) o’zgarishlar mavjud. Bunday yillararo va davriy o’zgarishlarga iqlimning o’zgaruvchanligi deyiladi.
Agar iqlimning o’rtacha ko’rsatkichlari davriy ravishda muntazam o’zgarib borsa, iqlim o’zgaryapti deyiladi. Ma’lumotlarga ko’ra, Toshkentda iyul oyining o’rtacha havo harorati har yili o’rta hisobda 0,00540S ga oshib, 100 yilda 0,50S ga ko’tarilgan. Yanvar oyining harorati yanada sezilarli o’zgarib, bir yilda 0,0240S yoki 100 yilda 2,40S ga ko’tarilgan. Bu iqlimning yildan-yilga isib borayotganligidan dalolat beradi. Shu bilan birgalikda yillik yog`in-sochin miqdori ham ortib bormoqda.
Orol dengizi maydonining kichikligi tufayli u Orol- bo’yi iqlimiga uncha katta ta’sir etmas, faqat 50 km kenglikdagi qirg`oq bo’yi iqlimni biroz yumshatar edi.
Hozirgi kunda Janubiy Orol bo’yida tabiiy sharoitning o’zgarishi faqat Orol dengizining qurishi hisobiga bo’layotgani yo’q, balki bunga Amudaryo deltasining suv bilan ta’minlanishining yomonlashuvi va ayrim joylarda qurib qolishi, atmosfera umumiy harakatining ta’siri, dengiz sathining pasayishi, havo haroratining ko’tarilishi va boshqa sharoitlar sababchidir.
Janubiy Orol bo’yidagi meteostanstiyadan 1961-1962 yillarda olingan ma’lumotlarini va dengiz qurishining atrof-muhitga ta’sirini o’rganishga bag`ishlangan ilmiy tadqiqotlar natijalari Janubiy Orol bo’yida yozgi havo haroratining ko’tarilganini, qishki haroratning esa pasayganini, bahorgi va kuzgi sovuqli kunlarning tez-tez qaytalanishini, havoning quruqlashganini, chang-to’zonli shamolli kunlarning oshganligini, sovuqsiz davrning qisqarganini ko’rsatmoqda.
I.P.Gerasimov va boshqalarning (1983) fikriga ko’ra, Orol dengizi maydonining qisqarishi Orol bo’yida iqlimning kontinentalligining kuchayishiga sabab bo’lgan. Dengiz ta’sirining susayishi esa iyul oyi haroratining 2-2,50S ga ko’tarilishiga va yanvar oyi haroratining 1-20S ga pasayishiga olib kelgan. Iqlimning bunday o’zgarishi faqat sobiq qirg`oq bo’yida va Orol dengizining qurigan qismida kuzatiladi. Lekin ayrim olimlar fikriga ko’ra, Orol dengizining qurishi Janubiy Orol bo’yi iqlimiga 400 km gacha va undan ham ko’proq masofaga ta’sir etadi.
O’zbekistonlik olimlarning qorni sun’iy yog`dirish bo’yicha 90-nchi yillarda Piskom vodiysida olib borgan tajribalari ham diqqatga sazovordir. Ular 4 oy davomida vaqti-vaqti bilan bulutlarga «quruq muz kukuni» bilan ta’sir etib, tajriba zonasida bir yilda yog`adigan qor miqdorini 15 % ga ko’paytirishga erishganlar. Buni ham odamzotning iqlimni o’zgartirishiga urinishi desa bo’ladi.
Insoniyat iqlimning tabiiy omillar ta’sirida o’zgarayotganidan ko’ra antropogen omillar ta’sirida sodir bo’layotgan o’zgarishlaridan ko’proq tashvishga tushayapti. Inson faoliyati tufayli atmosfera havosining tarkibida o’zgarishlar paydo bo’layapti. Bundan kelib chiqadigan muammolar orasida kislotali yomg`irlar, havo orqali zaharli va kimyoviy moddalarning ko’chishi, ozon qatlamidagi o’zgarishlar va ultra binafsha radiastiyaning ko’payishi hamda isitgich vositalari ta’sirida dunyo miqyosidagi haroratning ko’tarilishi ayniqsa tashvish uyg`otmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |