O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O`RTA MAXSUS TA`LIM VAZIRLIGI
BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI
IJTIMOIY-IQTISODIY FAKULTETI
PSIXOLOGIYA VA SOTSIOLOGIYA KAFEDRASI
Qo`lyozma huquqida
UDK
Nazarov Akmal Mardonovich
MAVZU: OILAVIY TADBIRKORLIK − OILANI MUSTAHKAMLASHNING IJTIMOIY−PSIXOLOGIK
MEZONI SIFATIDA
5A 210201 - Psixologiya (faoliyat turlari bo`yicha)
Magistr
akademik darajasini olish uchun yozilgan
DISSERTATSIYA
Ilmiy rahbar: psixologiya fanlari nomzodi,
dotsent U.D.Qodirov
Buxoro-2014
MAVZU: OILAVIY TADBIRKORLIK− OILANI MUSTAHKAMLASHNING IJTIMOIY − PSIXOLOGIK MEZONI SIFATIDA
REJA:
KIRISH
I BOB. TADBIRKORLIK IJTIMOIY−IQTISODIY VA PSIXOLOGIK FENOMEN SIFATIDA
1.1.Tadbirkorlik faoliyatiga oid ijtimoiy – psixologik nazariyalar va ularning tahlili
1.2. Oilaning mustahkamligini ta`minlashda oilaviy tadbirkorlikning o`rni va ahamiyati
II BOB. OILAVIY TADBIRKORLIK – OILADA IJTIMOIY− IQTISODIY VA RUHIY BARQARORLIKNI TA`MINLASH OMILI SIFATI
2.1.Tadbirkorlik faoliyatining oilaviy shakli va uning ijtimoiy – psixologik ahamiyati
2.2.Oilaviy tadbirkorlikning turlari va ularning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o`rni
2.3. Oilaviy tadbirkorlikning tashkiliy shakli va huquqiy asoslari
III BOB. TADBIRKOR FAOLIYATINING PSIXOLOGIK XUSUSIYATLARINI O`RGANISH USULLARI VA TADQIQOT NATIJALARI
3.1. Yoshlarning tadbirkorlik qobiliyatlarini diagnostika qilish usullari
3.2. Tadbirkor faoliyatining psixologik xususiyatlarini o`rganishga doir olib borilgan tadqiqot natijalari tahlili
XULOSA
AMALIY TAVSIYALAR
ADABIYOTLAR RO`YXATI
ILOVALAR
KIRISH
Oila inson uchun muqaddas maskan. U kishilik jamiyatining ijtimoiy poydevoridir. Oila har bir xalqning, millatning davomiyligini ta`minlovchi, milliy qadriyatlarni rivojlantiruvchi, avlodlar umr zanjirini mustahkamlovchi, jamiyat va ijtimoiy muhitdagi muvozanatni ta`minlovchi, ayniqsa, jismonan, ruhan, axloqan ma`naviy barkamol avlodni dunyoga keltirib, uni komil inson qilib tarbiyalovchi muqaddas dargohdir. Kishilik jamiyatining asosi bo`lgan oila institutini shakllanishiga va rivojlanishiga, jismonan sog`lom, ma`naviy yetuk, har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirishga hukumatimiz tomonidan katta e`tibor qaratilmoqda. Jannatmakon o`lkamizda ham bu sohaga, ya`ni oilaning har tomonlama mustahkam bo`lishiga, uning shakllanishiga, ravnaq topishiga katta e`tibor berilmoqda.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning pirovard natijasi oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgandir. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov boshchiligida hukumatimizning oila mustahkamligini ta`minlash, uning ijtimoiy vazifalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, ayniqsa, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yosh oilalarning moddiy, uy-joy, maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash borasidagi aniq dasturiy tadbirlari mamlakatimizda oila va oilaviy munosabatlarning qadriyat sifatida e`tirof etilishini ta`minlamoqda.
2013-yil 6-dekabr kuni “O`zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 21 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan yig`ilishda Respublikamiz prezidenti Islom Karimov ma`ruza qilib, “Obod turmush yili” yakunlari haqida fikr bildirib, 2014-yilni “Sog`lom bola yili” deya e`lon qildilar. Prezidentimiz Islom Karimov o’z ma`ruzasida: “Biz sog`lom bola deganda, nafaqat jismoniy, balki ma`naviy jihatdan ham sog`lom bolani o`zimizga tasavvur etamiz. Sog`lom bola, avvalo, sog`lom va ahil oilaning mevasidir” - deb ta`kidlab o`tildi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov: “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining mamlakatimizni modernizatsiya qilish va o`rta sinfni shakllantirishdagi ulkan ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo`lmaydi”– deb ta`kidladilar.
Har qanday jamiyat taraqqiyotida oilalar mustahkamligining o`rni beqiyosdir. Oilalarning mustahkamligi jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, milliy xavfsizligini, uning ravnaqi, taraqqiyotini belgilovchi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Jumladan, keyingi yillarda oilani mustahkamlashga, yosh avlodni jismoniy va ruhiy sog`lom qilib tarbiyalashga e`tiborning kuchayishi, oilani jamiyatning ravnaq topishidagi tutgan o`rni va ishtirokini yanada oshirish, oilalarning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma`naviy-axloqiy manfaatlarini va farovonligini yaxshilashni, davlat tomonidan qo`llab- quvvatlashni kuchaytirish va izchil ta`minlash borasida aniq maqsadlarga yo`naltirilgan chora-tadbirlar ko`rilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining 2012 yil 26 aprelda qabul qilingan “Oilaviy tadbirkorlik to`g`risida”gi qonuni bilan oilaviy biznesning huquqiy kafolatlari yanada mustahkamlandi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jamiyatning muhim bo`g`ini bo`lgan oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar har bir yurtdoshimiz hayotida o`z samaralarini ko`rsatmoqda. Ta`kidlash joizki, ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea bo`lib, iqtisodiy-huquqiy jihatdan esa muhim yangilik hisoblanadi. Chunki, dunyo mamlakatlari qonunchiligi tarixida, jumladan, bizning mamlakatimiz qonunchiligi tarixida ham bugungi kunga qadar biznesning “oilaviy korxona” tarzidagi butunlay yangi tashkiliy huquqiy shakli kuzatilmagan yoki boshqacha qilib aytganda qonun darajasida mustahkamlanmagan edi.
“Oilaviy tadbirkorlik to`g`risida”gi qonun aynan shunday ixcham, boshqarish oson, sodda va qulay korxona yaratish imkoniyatini yaratadi. Bunda korxonaning hamma narsasi qon-qarindosh bo`lgan shaxslarga tegishli bo`lib, qaysi yo`nalish bo`yicha ish yuritish masalasidan tortib, dam olish vaqti-yu, kimlarga qaysi vazifa topshirish ishigacha ularning o`zlari hal qilishadi. Ular o`zlariga, ya`ni ishtirokchilar va yollanma xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozli mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlardan mustaqil ravishda foydalanishga haqli hisoblanadilar.
Mustaqil O`zbekistonda bozor munosabatlarining barqarorlashuvi, iqtisodiyotning erkinlashtirilishi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, odamlarda mehnatga, moddiy ne`matlarga munosabatlarning o`zgarishini taqozo etadi. Kichik va o`rta biznes, oilaviy biznes, fermerlik harakati, qo`shma korxonalarda tadbirkorlikning samarali usullarini joriy etish, ushbu faoliyatga imkon beruvchi shaxs sifatlarini tarbiyalash, odamlar tafakkurida yangicha qarashlarni shakllantirish psixologiyaning muhim masalalaridan hisoblangan tadbirkorlik muammosini izchil ilmiy asosda o`rganishni taqozo etadi.
Bulardan tashqari, xususiy tadbirkorlik va o`rta mulkdorlar sinfi mamlakatning asosiy tayanchi hisoblanadi.
Yoshlarda bozor munosabatlari, iqtisodiy hayot qadriyatlari, muvaffaqiyatlari, ularga erishish yo`llari va usullari haqidagi real tafakkurni shakllantirish hamda iqtisodiy erkin shaxsni tarbiyalashda iqtisodiy ta`lim, shu jumladan, iqtisodiy fanlarga alohida mas`uliyat yuklaydi. Chunki yoshlarda yangicha iqtisodiy tafakkurni shakllantirish bozor islohotlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning eng asosiy kafolatidir.
O`zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohani takomillashtirish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini erkinlashtirish borasidagi faol harakatning boshlanganligi, Prezidentimizning har bir nutqi, asarlarida mulkdorlar sinfi, tadbirkorlar, kichik biznes, dehqon va fermer xo`jaliklari muammolariga alohida o`rin berilishi mustaqil O`zbekiston fuqarolari shaxsida ijtimoiy-iqtisodiy tafakkurni to`g`ri shakllantirish, ularni halol tadbirkor ruhida tarbiyalash, iqtisodiy tafakkurni ilk yoshlikdanoq, shakllantirishga e`tiborni qaratishni taqozo etadi.
Darhaqiqat, bugungi kunda kichik biznes va tadbirkorlikni kengaytirish uchun biznesning yangi tashkiliy-huquqiy shakli sifatida oilaviy biznesni qonuniy belgilab qo`yishga davlatimiz katta e`tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda biznesni tashkil qilishning ushbu shakli, biznesni yuritishda yuzaga kelgan milliy an`analarimizga, xo`jalik yuritish faoliyatining mavjud holatiga to`la mos keladi. Respublikamizda bunday biznesni tashkil qilishning qonunchilik bazasi yaratilmoqdaki, bu oilaviy biznesning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, iqtisodiyotning turli sohalarida uning jadal va keng rivojlanishi va yangi ish o`rinlarining ochilishiga imkoniyat yaratmoqda. Bu esa oilalarning ish bilan band etish orqali ularning daromadlarini ko`paytirishga xizmat qiladi. Mamlakatimizda mulkdor oilalarning naqadar ko`payishi oilaviy xotirjamlikni ta`minlaydi.
Tadqiqotning dolzarbligi. Hozirda tadbirkor shaxsining o`ziga xos xususiyatlarini, uni oilaviy tadbirkorlik bilan shug`ullanayotgan shaxslarning ichki, ruhiy psixologik omillarning psixologik o`ziga xosligini yoritib beruvchi ilmiy tadqiqot ishlari yetarli darajada mavjud emas va bu holat O`zbekiston sharoitida odamlarni, birinchi navbatda yoshlarni tadbirkorlikka undovchi omillarning psixologik tabiatini o`rganish va shunga mos tarzda ta`lim-tarbiya dasturlarini ishlab chiqishni dolzarb ilmiy muammo sifatida namoyon etadi.
Boshqacha qilib aytganda, yoshlarning iqtisodiy tafakkurini to`g`ri tarbiyalash, ularda ijtimoiy-iqtisodiy hayotga faol munosabatni shakllantirish, ishbilarmon, ruhan tetik fuqarolarning rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish zarurati tadqiqot muammosini aniqlashga imkon beradi.
Mavzuning ilmiy muammosi O`zbekiston Respublikasining 2012-yil 26-aprelda qabul qilingan “Oilaviy tadbirkorlik to`g`risida”gi qonunning mazmunidan ham kelib chiqadi. Zero, hukumatimiz rahbari ta`kidlaganidek: “Kichik biznes – jamiyatda ham iqtisodiy, ham siyosiy vaziyatni mo`tadillashtirishga yordam beradigan o`rta tadbirkorlar sinfining paydo bo`lishi demakdir. Bu – respublika bozorini zarur iste`mol tovarlari va xizmatlar bilan boyitishdir. Bu – yangi ish o`rinlaridir. Shuni hamisha nazarda tutish kerakki, faqat kichik va xususiy tadbirkorlikni keng, hamma joyda rivojlantirish hisobidagina g`oyat keskin muammoni - aholini (ayniqsa, ortiqcha mehnat zahiralari mavjud bo`lgan qishloq joylar va mintaqalarda) ish bilan bandligini ta`minlash vazifasini hal qilishga qodir bo`lamiz”. Iqtisodiy munosabatlarni erkinlashtirish sharoitida iqtisodiy tafakkurning psixologik mexanizmlarini bilish ilmiy nuqtai nazardan dolzarb bo`lib, bu quyidagilarni hisobga olish va tahlil qilishni nazarda tutadi.
Birinchidan, iqtisodiy boshqaruv tizimini erkinlashtirish: bu maqsadda barcha bo`g`inlardagi rahbar shaxslarda odamlar bilan ishlash va muomalaning yangicha shakllarini hamda mos malakalarning shakllanishiga erishish. Yangicha muomala shakllarini tarbiyalash ijtimoiy – psixologik muammo bo`lib, bu xo`jalik subyektlari bo`lmish insonlarning dastlabki o`chog`iga oilaga, undagi o`zaro munosabatlarga ham bevosita bog`liqdir.
Ikkinchidan, yangicha iqtisodiy tafakkurning muhim bo`lagi marketing tafakkuri bo`lib, iqtisodiyotni rivojlantirish sharoitida uning namoyon bo`lishi ham o`zgaradi. Zamonaviy talab va taklif bozori sherikchilik munosabatlarining sifat jihatdan mukammal shakli - do`stona munosabatlar va ishonchga asoslanganligi uchun ham, oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesdagi eng muhim va ustuvor sifat uning alternativ ekanligiga, ya`ni o`zgalar fikriga ishonch, hurmat va ularning rang-barangligi bilan hisoblashish, xaridorga yo`naltirilgan yondashuvga o`tish maqsadga muvofiqdir. Bu sifatlarning tarbiyalanishida urf-odat, rasm-rusumlar va an`analarning ahamiyati benihoyat kattadir.
Hozirgi paytda O`zbekiston sharoitida mustaqil fikrlovchi yoshlarning bo`lishi davr taqozosi bo`lib, shaxsiy dunyoqarashga ega bo`lgan insonlargina jamiyat taraqqiyotini ta`minlovchi ko`plab loyihalarni ishlab chiqishga qodir bo`ladilar. Ana shu tariqa iqtisodiyotni rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, mulkdorlar sinfini shakllantirish, yerga, mulkka egalik hissini tarkib toptirish orqali odamlar turmush tarzini yaxshilash, ulardagi iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurning ham erkinlashuvi jarayonini, har bir shaxsning mulkka munosabatining o`zgarishini taqozo etadi.
Tadqiqotning metodologik asosi bo`lib, avvalo O`zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to`g`risida”gi qonuni, “O`zbekiston Respublikasining mulkchilik to`g`risida”gi qonuni, “Iqtisodiy islohotlar konsepsiyasi” hamda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida”gi, “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish va hisobga qo`yish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi qonuni va qonun hujjatlari, tadqiqot ishining asosi bo`lib xizmat qildi. Prezidentimiz I.A.Karimovning iqtisodiyotni erkinlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, milliy istiqlol mafkurasi mazmunini tashkil etgan fikr va g`oyalari tashkil qiladi.
Tadqiqot ishining o`rganilganlik darajasi. G`arb psixologiyasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tasavvurlar konsepsiyasi (S.Moskovisi, J.Kodol, A.Dontsov, T.Emelyanova va boshqalar), g`arb va amerikalik psixologlarning muvaffaqiyatga erishish motivi nazariyasi (D.Makelland, D.Atkinson va nemis olimi X.Xekxauzen) hamda Rossiya psixologlarining shaxsning faoliyatda shakllanishi nazariyalari (L.Vigotskiy, D.Elkonin, A.Leontev, G.Andreeva va boshqalar), o`zbek olimlarining ijtimoiy-iqtisodiy sohani tadqiq etish bo`yicha ishlab chiqqan nazariy yondashuvlari (M.Davletshin, E.G`oziyev, G`.Shoumarov, V.Karimova, H.Lutfullayev, D.Axmedov, O.Hayitov, G.Ochilova va boshqalar) ham xizmat qildi.
Tadqiqot ishining maqsadi va vazifalari. Oilaviy tadbirkorlik faoliyati orqali oilaning mustahkamligini samaradorligini ta`minlovchi ichki psixologik omillarning konkret ijtimoiy-psixologik shart-sharoitlarga hamda shaxsdagi ustuvor motivatsiya, ustanovkalarga bog`liqligini ilmiy metodlar yordamida o`rganish. Shu asosda bugungi yoshlardagi tadbirkorlik faoliyatining real psixologik mexanizmlarini o`rganish tadqiqotimizning ilmiy maqsadi hisoblanadi.
Tadqiqot maqsadini amalga oshirish uchun bir qator vazifalar belgilab olindi:
1. Oilaviy tadbirkorlikning O`zbekiston sharoitida rivojlanishini va oilaning ijtimoiy-iqtisodiy va psixologik jihatini o`rganishga bag`ishlangan ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish, ishning metodologik asoslarini belgilash va tadqiqot dasturini tuzish;
2. Yoshlarda tadbirkorlik faoliyatiga qiziqish, moyillik va ishbilarmonlik muhim omillarini aniqlash;
3. Shaxsning tavakkal qilish darajasini aniqlovchi psixologik metodikalar ishlab chiqish va ularni amaliyotda sinash;
4. Tadbirkorlik faoliyatining shaxsdagi tavakkalchillikka moyillik darajasini aniqlash va tadqiqot natijalarini tahlil qilishdan iborat.
Tadqiqotning ilmiy farazlari. Tadqiqotda quyidagi ilmiy taxminlar ilgari surilishi mumkin: Oilaviy tadbirkorlik shug`ullanayotgan oila farzandlari va bugungi yoshlarning tadbirkorlik faoliyatiga qiziqishi va shu sohaga moyilligi undagi ijtimoiy-psixologik ustanovkalarga hamda muvaffaqiyatga nisbatan motivatsiyaning kuchiga, konkret shart-sharoitlarda bu kuchning namoyon bo`lishiga bog`liq bo`lib, ularning motivatsion kuchi va ko`rinishlari shaxsning ijtimoiy xulqida va muloqot jarayonida shakllanadigan sifatlarida ko`rinadi. Oilaviy tadbirkorlik faoliyatida ustuvor bo`lgan ehtiyojlarga, eng avvalo undagi ijtimoiy ehtiyojlarga, shunga mos tarzda asosiy faoliyat turlariga namoyon bo`ladigan tavakkalchilik darajasiga bog`liq bo`lib, ayni yoshlik davrlarida bunday moyillikning darajasi o`rtachadan yuqori bo`lganda samara beradi. O`ziga ishonchning bo`lishi va tavakkalchilik psixologik xoslikka ega bo`lib, ularning namoyon bo`lishida ijtimoiy borliq va undagi normalarning ta`siri kuchliroqdir. Buning uchun tadbirkorlik psixogrammasi mavjud bo`lishi, unda mahalliy shart-sharoitlar, mentalitet va moddiy hamda ma`naviy boyliklarga shaxsiy munosabatlar inobatga olinishi kerak.
Tadqiqotning metodlari. Tadbirkor faoliyatini o`rganish uchun quyidagi metodikalar qo`llanildi:
1. “Yoshlarning tadbirkorlik qobiliyatlarini diagnostika qilish” metodikasi (B.Navro`z-zoda tasnifi);
2. Test-so`rovnomalar - “Muvaffaqiyatga erishish”, “Mag`lubiyatdan qochish” motivatsiyasini o`rganishga mo`ljallangan Ellers testi hamda “Tavakkalchilikka moyillikni” o`rganuvchi Shubert testlaridan foydalanildi.
Tadqiqotning obyekti. Tadqiqot mobaynida asosan oilaviy tadbirkorlar, yoshlarda tadbirkorlikka tasavvurlarini o`rganish uchun Buxoro davlat universiteti magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar misolida (50 kishi), shuningdek, Buxoro shahrida istiqomat qilayotgan va oilaviy tadbirkorlik bilan shug`ullanadigan (10 ta) oila tadqiqot obyekti sifatida tanlandi.
Magistrant talabalar, oilaviy tadbirkor vakillarining tadqiqot obyekti qilib tanlanishining asosiy sabablaridan biri, bu davrning inson shaxsining shakllanishidagi ijtimoiy ahamiyati aynan shu yoshda qiziqishlar doirasi ma`lum ma`noda torayib, professional yo`nalish shakllanganligi, ijtimoiy tasavvurlar maqsadga yo`nalganligi va bular shaxs taraqqiyotida yetakchi o`rin egallashi bilan tushuntiriladi.
Ilmiy tadqiqotning predmeti bo`lib, turli jins va yosh vakillari, magistrant talabalar, oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgan oila a`zolarning ijtimoiy va iqtisodiy tafakkurlari, ularni shakllantiruvchi ijtimoiy-psixologik omillar, ijtimoiy ustanovkalar, ijtimoiy-iqtisodiy kutishlar, ijtimoiy sanksiyalar va oilani mustahkamlovchi ichki ruhiy omillar va shaxsdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga imkon beruvchi fazilatlar ishning predmeti sifatida tanlandi.
Ilmiy tadqiqotning yangiligi. Tadqiqotning ilmiy jihatdan yangiligi hamda qiymati quyidagilar bilan izohlanadi:
1. Tadqiqotda birinchi marta yoshlarning tadbirkorlikka oid tasavvurlarini o`rganish mexanizmi ilmiy-nazariy jihatdan o`rganildi va tahlil qilindi.
2. Tadbirkorlikda muvaffaqiyatga erishish va mag`lubiyatdan qochish motivatsiyasi shakllanishining psixologik nuqtai nazardan psixologiyaning obyekti sifatida qamrab olindi. Tadqiqot natijalarini tahlil qilish uchun psixologiyaning asosiy metodlari qo`llanilib va shu bilan tadqiqot tom ma`noda predmetlararo izlanishlarning samarasini ko`rsatish namunasi sifatida e`tirof etildi.
3. Ilk marotaba oilaviy tadbirkorlar va yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy ongi va tasavvurlarini o`rganish, shaxs fazilatlarini ijtimoiy ustanovkalar orqali shakllantirish jarayonida tadbirkorlar fikridan tashqari, jamoatchilik fikridan ham samarali foydalanildi va ularni ushbu jarayonga faol ravishda tortish mexanizmi ishlab chiqildi.
Tadqiqotning nazariy ahamiyati. Tadqiqotning nazariy ahamiyati bevosita uning ilmiy yangiligi va tadqiqot metodlarining ishonchliligidan kelib chiqadi. Bizning tadqiqotimizda kichik biznes subyektlari va tadbirkorlarda iqtisodiy tafakkurni shakllanish mexanizmlarini o`rganish yo`nalishiga o`ziga xos nazariy hissa bo`lib qo`shiladi. Tadqiqotning nazariy ahamiyati shundaki, unda qo`lga kiritilgan nazariy xulosa va tahlillar psixologiya fanini ma`lumotlar bilan boyitadi. Tadbirkorlik faoliyatining “o`zbek” modelini yaratishda o`ziga xos bir ulush bo`lib xizmat qiladi. Bu modelni yaratishda o`z yechimini kutayotgan tadbirkorlarimizning bir qator psixologik xususiyatlari ochiladi. Natijalar psixologiya fanini yangi manbalar va empirik ma`lumotlar bilan to`ldiradi.
Ishning amaliy ahamiyati shundaki, tadbirkorlik sifatlarining namoyon bo`lishi oila va ta`lim muassasalarida bolalar tarbiyasini tashkil etishda tavsiyalarga asos bo`ladi. Bundan tashqari, olingan natijalar asosida tadbirkorlar, ishbilarmonlar va ota-onalar uchun bolalarning iqtisodiy ongini shakllantirish bo`yicha metodik ko`rsatmalar hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Bunday tavsiya va ko`rsatmalar maktablarda, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, ayniqsa, oliy o`quv yurtlarida ijtimoiy-iqtisodiy va psixologik bilimlarni takomillashtirish va bu muassasalar psixologlari uchun dasturlar ishlab chiqishda qo`l keladi. Shu bilan birga, ular psixologiya fanini va psixologik tadqiqotlarni yangi ma`lumotlar bilan boyitadi.
Himoyaga tavsiya qilinayotgan holatlar:
1. Yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga qiziqtirish, yoshlardagi iqtisodiy tafakkur va ongidagi mavjud tadbirkorlikka oid tushunchalar, his-tuyg`ular, milliy xarakterning o`ziga xos namoyon bo`lishini ta`minlaydiki.
2. Tadbirkorlik fazilatlari eng avvalo shaxsdagi tadbirkorlik faoliyatining o`zaro mutanosibligiga bog`liq bo`lib, muvaffaqiyatga erishish va mag`lubiyatdan qochish motivatsiyalarining vujudga kelishi, mazmuni, tavakkalchilikka tayyorlik darajalarining nisbati bir-biridan farq qilishiga qaramay, ularning barchasi shaxsda tadbirkorlik faoliyati yaxlit faollik sifatida namoyon bo`ladi. Xuddi shu sababdan ularni alohida-alohida o`rganish mumkin emas, chunki ularda motivatsion, emotsional-irodaviy, baholash, nazorat aspektlari uyg`unlashgan bo`lib, o`zaro uzviy bog`liqlikda hukm suradi.
3. Tadbirkorlik motivatsiyasi, tarbiyalash mumkin bo`lgan ijtimoiy faoliyat ko`rinishi bo`lib, uning samarasi va mazmun-mohiyati shaxsdagi ehtiyojlar tizimi, tavakkalchilik darajasi va ijtimoiy-iqtisodiy tasavvurlar tizimiga bog`liqdir. Shuning uchun ham tadbirkorlik motivatsiyasini shakllanish jarayonida maxsus ijtimoiy treninglar va faol tayyorgarlik metodlaridan foydalansa bo`ladi, ular yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy ong va tafakkur ko`lamini kengaytirib, uni ijtimoiy obyektlarga nisbatan baholar berish mazmuniga ta`sir ko`rsatadi.
Dissertatsiyaning tuzilishi: Dissertatsion ish kirish, 3 bob, 7 ta paragraf, xulosa, amaliy tavsiyalar, adabiyotlar ro`yxati va ilovalardan iborat. Ishning umumiy hajmi __ bet.
XULOSA
Mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan bir davrda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohadagi yutuqlar, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik xususida ilmiy xulosalar chiqarish imkonini beradi. Mazkur tadqiqot ishi bugun tadbirkordan qanday mohirlik, qobiliyat va bilim talab qilishi to`g`risida yetarli ma`lumot beradi. Oilaviy tadbirkorlik faoliyatni o`rganishga bag`ishlangan tadqiqot ishimiz oilaviy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etayotgan oilalarga bir qancha xulosa va tavsiyalarni beradi.
1. Muvaffaqiyatga intilish yoki mag`lubiyatlardan qochish motivatsiyasi tadbirkor shaxsini faoliyatga undovchi muhim psixologik mexanizm bo`lib, yosh, individual va oilaviy muhitga bog`liq.
2. Tadbirkorlik bilan shug`ullanish nisbatan motivatsiya mohiyatan ijtimoiy xarakterga ega bo`lib, u shaxsning jamiyatdagi axloqiy normalar va qadriyatlarga munosabati hamda ma`naviy dunyoqarashiga bevosita bog`liq tarzda namoyon bo`ladi.
3. Oilaviy tadbirkorlik faoliyati ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida jamiyat tomonidan boshqariladigan jarayondir.
4. Tadbirkorlardagi tavakkalga moyillik undagi ijtimoiy-psixologik ustanovkalarga va mehnat motivatsiyalariga bog`liq bo`lib, ularni aniq faoliyatlar misolida o`rganish katta ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo`ladi.
5. Tavakkalchilikka bo`lgan munosabat doirasidagi tadqiqot natijalari shuni ko`rsatdiki, aksariyat tadbirkorlar deyarli tavakkalchilikni so`nggi chora deb e`tirof etishib, o`zlari bilan yuqori mustaqillikni, faollikni, o`zlariga ishonch hissini namoyon etishib, ko`proq o`z kuchlariga ishonishni afzal ko`rishar ekan. Yana shu narsa aniqlandiki o`zbek tadbirkorlari tavakkalchilikning o`rta me`yorini, ya`ni uni o`rta darajada bo`lishini afzal ko`rishar ekan.
6. Tadbirkorlar faoliyatidagi real tavakkalning yuqori darajasi, ularning fikricha, raqobatning o`sishi bilan bog`liq deb ko`rsatilgan.
• yangi ishni mustaqil tashkil etish;
• ishonchli hamkor topish.
7. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati muvaffaqiyatining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari aniqlab olindi, ularning asosiylari:
• o`z muammolarini mustaqil yechishdagi keng imkoniyatlar;
• o`z raqobatbardoshligani yuqori baholash;
• asosiy sheriklarning ishonchliligani yuqori baholash.
Xulosa qilib aytganda, oilalarning muhim daromad manbai va mulkdorlar sinfini shakllantirishning asosi bo’lgan xususiy sektorning mavqeini yanada oshirish oilaviy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni taqozo etadi. Oilaviy tadbirkorlikning dolzarbligi shundaki, aholini ish bilan ta’minlash bilan birga, oila iqtisodini yaxshilash bilan birga oiladagi barqarorlikni, ularning daromadlarini oshirish, davlat byudjetiga tushumlarni ko’paytirish, pirovardida, oila farovonligini, xalqning to’kin - sochin hayot kechirish imkoniyatlariga ham ega bo’ldi.
AMALIY TAVSIYALAR
Tadqiqot ishimizdan kelib chiqib bir nechta amaliy tavsiyalar ishlab chiqdik. Oilaviy tadbirkorlik iqtisodiy munosabatlar jarayonida kerak bo`ladigan qirralari xususida mushohada yuritmoqchimiz.
Birinchidan, tadbirkorlikda aqliy salohiyat, intellektual xususiyatlar rivojlangan bo`lishi lozim. Bu sifatlar yana bir qator sifatlar bilan bog`liq: muammo va to`siq, qiyinchiliklarni oldindan ko`ra olish layoqati, rivojlangan hayot jarayonlari, oldindan ko`p sabab va oqibatlarni tasavvur qila olish, real fantaziya, tafakkurdagi kreativlik (ya`ni ijodiy yondasha olish qobiliyati) va boshqalar. Bu sifatlarning barchasi eng avvalo tadbirkorning o`z oldiga real maqsadlar qo`yish va o`z faoliyatini rejalashtira olishga imkon beradi.
Ikkinchidan, tadbirkorga kommunikativ sifatlar zarur, ya`ni tadbirkorlik ko`pincha amalda ko`pchilikning birgalikdagi harakatlari bo`lgani uchun ham tadbirkorga odamlar bilan to`gri va o`rinli muomala qilish mahorati zarur. Bu xususiyatlarga, avvalo, ko`pchilik fikrini muvofiqlashtira olish, begonalarga nisbatan ijtimoiy nuqtai nazardan sabr-toqatli bo`lish, ba`zan oqimga qarshi bora olish, ya`ni agar manfaat talab qilsa, oxirigacha o`z nuqtai nazarini va qiziqishlarini himoya qila olish, turli toifa, jins va yosh xususiyatli insonlar bilan gaplasha olish va o`z fikrini tushuntira olish kabi qator sifatlar kiradi.
Uchinchidan, tadbirkor ko`pincha tavakkal qilishga majbur bo`lgani uchun, unga o`ziga xos irodaviy sifatlar kerak ularga dastavval, tavakkal qila olish qobiliyati, o`z harakatlari, istaklari va ehtiyojlarini nazorat qila olish, kurashish, g`alaba qilish ishtiyoqi, o`z “Meni”ning fazilatlarini ko`rsatish orqali, ko`pchilikning e`tiboriga sazovor bo`lish, qat`iyat, talabchanlik, intiluvchanlik, qo`rqmaslik, dadillik kabi qator fazilatlar kiradi.
To`rtinchidan, tadbirkor o`z-o`zini haddan ziyod “ezadigan”, tadbirkorlik faoliyatiga o`ta “berilgan” bo`lganligi uchun ham unga yaxshigina sog`liq, salomatlik, kuch-quvvat va kelajakka ishonch zarur. Tadbirkorning asosiy motivi, ya`ni faoliyatning maqsadi pul topish, uni jamg`arish va foyda uchun sarflash bo`lganligi uchun ham, ular uchun pul bilan to`gri muomalada bo`lish katta ahamiyat kasb etadi.
Tadbirkorning ijtimoiy-iqtisodiy va psixologik bilimini oshirish maqsadida mazkur, soha mutaxassislari uchun tavsiyalar ishlab chiqildi.
• bozor munosabatlarining barqarorlashuvini ta`minlashga qaratilgan mavjud qonun-qoidalarni yanada mustahkamlash;
• oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan bir qatorda kasanachilik, xalq hunarmandchiligi rivojlantirish;
• joylarda kichik va o`rta biznesni tashkil etish (ayniqsa, tuman, qishloqlarda);
• fermerlik harakatiga keng yo`l ochish; qo`shma korxonalar tashkil etish;
• qo`shma korxonalarda tadbirkorlikning samarali usullarini joriy etish (jamoalardagi psixologik muhitni stimullashtirish);
• ushbu faoliyatga imkon beruvchi shaxs sifatlarini tarbiyalash (ijtimoiy xulq normalari va sanksiyalari asosida);
• odamlar tafakkurida yangicha qarashlarni shakllantirish psixologiyaning muhim masalalaridan hisoblangan tavakkalchilik muammosini izchil ilmiy asosda o`rganish (mag`lubiyatdan qochish va muvaffaqiyatga erishish motivatsiyasini diagnostika qilish, tavakkalchilikka tayyorlik darajasini aniqlash va shaxsdagi asosiy ehtiyojlarni qoniqqanlik darajasini aniqlash);
• tadbirkorlikning iqtisodiy-psixologik o`ziga xosligani yoritib berish va bu holat O`zbekiston sharoitida odamlarni, birinchi navbatda yoshlarni tadbirkorlikka undovchi psixologik tabiatini o`rganish (empirik tadqiqotlar zamirida);
Hozirgi zamon tadbirkorining faoliyatini tahlil qilishdan avval, unga xos bo`lishi lozim bo`lgan sifatlar xususida to`xtab o`tish kerak.
Respublikamizning barcha aholisi ushbu sohaning mazmun – mohiyatini tushunib yetishi uchun ularga xizmat ko’rsatuvchi organni tashkil etish, mavjud ommaviy axborot vositalari orqali oilaviy tadbirkorlik haqida ma’lumot berishni;
ADABIYOTLAR RO`YXATI
-
Karimov I.A. O`zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – T.: “O`zbekiston”, 2011.
-
Karimov I.A. Jahon moliyaviy inqirozi, O`zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo`llari va choralari/ I.A. Karimov.- T.: O`zbekiston, 2009.
-
Karimov I.A. Yuksak ma`naviyat – yengilmas kuch / I.Karimov. – T.: “Ma`naviyat”, 2008.
-
Karimov I.A O`zbekiston buyuk kelajak sari. – T.: O`zbekiston, 1998.
-
Karimov I.A. Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashni izchil davom ettirish – davr talabi: 2008 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishtirish yakunlari va 2009 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag’ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruza // Xalq so`zi gazetasi. – 14.02.2009. – № 33-34
-
Kasanachilik to’g’risidagi Nizom. 2006 y., 11 yanvar., “Xalq so’zi” gazetasi.
-
Hayitov O.E., Ochilova G.O. Tadbirkorlik psixologiyasi: O`quv qo`llanma. 1- kitob. Oliy o`quv yurtlari magistratura talabalari uchun.// Prof. V.M.Karimova umumiy tahriri ostida.- T.: Fan va texnologiya”, 2008.
-
Karimova V.M., Akromova F.A. Iqtisodiy psixologiya. Ma’ruzalar matni.- T.:”Shams ASA” MCHJ bosmaxonasi, 2002.
-
Akramova F.A. “Iqtisodiy psixologiya” fani bo`yicha ta`lim texnologiyasi / “Iqtisodiy ta`limdagi o`qitish texnologiyasi” seriyasidan. – T., 2007.
-
Hayitov O.E. Lavozimga da’vogar imidjini shakllantirish va rivojlantirish bosqichlari // Ta’lim menejmenti. – 2008.
-
Hayitov O.E. Muvaffaqiyatga erishish motivining ijtimoiy xulqqa ta’sirini o`rganish // Iqtisodiyot va ta’lim. – 2001.
-
Qosimova M.S., Xodiyev B.YU., Samadov A.N., Muhitdinova U.S. Kichik biznesni boshqarish. O`quv qo`llanma. – T., 2003.
-
Shodmonov SH., Jo`rayev T. Iqtisodiyot nazariyasi. Ma’ruzalar matni. – T., 2000.
-
S.S.G`ulomov. Tadbirkorlik va kichik biznes. Toshkent, ToshDAU 1998.
-
Boymurodov N. Rahbar psixologiyasi: Oliy ta’lim, xalq ta’limi, sog’liqni saqlash, o`rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmalarining ma’muriy xodimlari uchun qo`llanma. – T., 2007.
-
Karimova L.I. Yangi iqtisodiy munosabatlar sharoitida reklamaning psixologik muammolari / Ta`lim va tarbiya. – 2003.
-
Maxmudov I.I. Boshqaruv psixologiyasi: O`quv qo`llanma / Mas`ul muharrir: A.Xolbekov. – T.: DJQA «Rahbar» markazi; «YUNAKS-PRINT» MCHJ, 2006.
-
Maxmudov I.I. Mehnat kollektivining psixologik muhitini o`rganish. Uslubiy qo`llanma / Talabalar va psixologlar uchun. – T.: ToshDU, 1993.
-
Mullaboyeva N.M. Tavakkalchilikning yosh va psixologik xususiyatlari (o`smir va o`spirinlik davri misolida): Psixol. fan. nomzodi .... dis.: 19.00.05. – T.: O`zMU, 2007.
-
Bekmurodov A.SH., Sattorov S. To`rayev J., Soliyev K., Ro`ziyev S. Kichik biznes va tadbirkorlik rivoji – davr talabi. - T.: TDIU, 2005.
-
Muhammedov M., Istamov D., Hamroyev M., Qudratov A. Tadbirkorlik iqtisodiyotining asoslari. O`quv qo`llanma. Samarqand, 1998.
-
A.Abdullayev, Q.Muftaydinov, X.Aybeshov. Kichik biznesni boshqarish. Toshkent, “Moliya” 2003. 192 b.
-
Yakovlev V. Yoshlarda iqtisodiy tafakkurni shakllantirish jihatlari / Bozor, pul va kredit. – 2000. – №1-2.
-
Xo`jayev N., To`rayev X., Saidmurodov S., Hakimov T. Iqtisodiy bilim asoslari. – T., 2005. – 120 b
-
Xo`jayev N., Ivatov I. Iqtisodiy bilim asoslari. – T., 1999.
-
Tojiboyeva D., Xo`jayev N., Avalova G. Iqtisodiy pedagogika: O`quv qo`llanma. – T., 2008. – 256 b.
-
G`ulomov S.S. Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti: (O`quv qo`llanma) / Muharrir A. Abdumajidov. – T.: Mehnat, 1997.
-
O`zbekistonda ishbilarmonlik va tadbirkorlikning rivojlanishi / Mirziyoyev SH.M., Oqnazarov F.A., O`rmonov M.O`. – T.: «Universitet», 1993.
-
Rahimov M. Iqtisodiy islohot sharoitida mehnat. – T.: Fan, 1993.
-
Ishmuhamedov A.E., Eshov M.P., Sunnatov M.N. Bozor iqtisodiyoti va biznes asoslari: O`quv qo`llanma. – T.: TDIU, 2006.
-
Meliya M. Biznes – eto psixologiya: Psixologicheskie koordinati jizni sovremennogo delovogo cheloveka / Marina Meliya. – 3-e izd. dop. – M.: Alpina Biznes Buks, 2005.
-
Karimova V. Oilaviy hayot psixologiyasi: O`quv qo`llanma. – T.: 2006
-
Bozor iqtisodiyoti nazariyasi va amaliyoti: Oliy o`quv yurtlari magistrantlari uchun darslik. / S.G`ulomov, M.Sharifxo`jayevlar tahriri ostida / – T.: O`qituvchi, 2000.
-
Ayollar psixologiyasi: an`anaviylik va o`zgaruvchanlik // Respublika ilmiy-amaliy anjuman materiallari (Toshkent, 9 noyabr’ 2002 yil). – T.: «KO`HINUR», 2002.
-
Gulyamov S.S. Menejment va biznes asoslari.T.: Mehnat, 1997-351
-
Abdullayev A. va b. Kichik biznesni boshqarish. T. 2003.
-
Avtonomov V.S. Model cheloveka v ekonomicheskoy nauke. – SPb., 1998.
-
Makklelland D. Motivasiya cheloveka. – SPb., 2007.
-
Maslou A. Motivasiya i lichnost. – 3-ye izd. / per. s angl. – SPb., 2009
-
Qosimova M.S., Ergashxodjayeva Sh.D., Abduxalilova L.T., Muhitdinova U.S., Yo`ldashev M.M. Strategik marketing. O’quv qo’llanma. – T., 2004.
-
Saidmurodov S.S, Mahmudov N.M., Abirqulov Q.N, Dadaboyev Q.A. Resurs tejamkorlik. O’quv qo’llanma. – T., 2002
-
Mamajonova D. Reklamani idrok qilishning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari // Ta’lim menejmenti. – 2007. Psixologiya menedjmenta: Uchebnik. / Pod red. G.S. Nikiforova. – 2-ye izd. dop. i pererab. – SPb., 2004.
-
Salimova T.A. Istoriya upravleniya kachestvom: Uchebnoye posobiye. / Salimova T.A., Vatolkina T.Sh. – M., 2005.
-
G`oziyev E.G`. Oliy maktab psixologiyasi.-Т.:1997
-
G`oziyev E.G`. Faoliyat va xulq-atvor motivatsiyasi.-Тoshkent: Universitet, 2003
-
G`oziyev E.G`. Hamkorlik psixologiyasi.-Т, 1992
Internet manbalari:
-
www.google.uz
-
www.psy.ru
-
www.ziyonet.uz
-
www.doc.uz
-
www.koob.ru
-
www.lex.uz
-
www.gov.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |