1.Mehnat qo`shiqlari va uning yaratilish bosqichlari haqida umumiy tushuncha.
Mazmunan mehnat jarayoni bilan bog’liq bo’lgan qo’shiqlar mehnat qo’shiqlari deb yuritiladi. Mehnat qo’shiqlari xalqimizning qo’shiqchilik repertuarida alohida va mustaqil o’rin tutadi. Mehnat qo’shiqlarining mazmun-mundarijasini, janr xususiyatlarini mehnat turlari va uni amalga oshirish jarayoni belgilaydi. Mehnat qo’shiqlari o’ziga xos ohangda sozsiz ijro etiladi.
Mehnat qo’shiqlari xalq she’riyatining eng qadimiy shakllaridan biridir. Ilk namunalari M.Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» kitobi orqali bizgacha etib kelgan. Mehnat qo’shiqlari ibtidoiy insonning mehnat faoliyati bilan bevosita aloqadorlikda vujudga kelgan va taraqqiy topa borgan. Dastlabki mehnat qo’shiqlari mehnat jarayonidagi muayyan harakat ritmiga mos keluvchi undov, xitob va nidolar xarakteridagi poetik parchalardan iborat bo’lgan. Bora-bora ular she’riy shaklga tushgan va kuylana boshlangan.
B.Sarimsoqovning fikricha, mehnat qo’shiqlarining tarixiy taraqqiyoti uch bosqichda kechgan:
1. Mehnat qo’shiqlarining vujudga kelish jarayoni. Bu jarayon ibtidoiy jamoa tuzumining ilk davridayoq boshlanib, uning so’nggi bosqichlarida yakunlangan. Mazmunan ular u yoki bu harakatga undaydi, jamoa bo’lib harakat qilishga chorlavchi xitoblardan tashkil topgan.
2. Mehnat taqsimotining yuzaga kelishi va mehnat turlarining har biriga oid qo’shiqlarning yaratilish bosqichi.
3. Ijtimoiy mehnat taqsimotining tugallanishi, sinfiy jamiyatning qaror topishi va mehnat qo’shiqlarida ijtimoiy tengsizlik motivlarining rivojlanish bosqichi. Shu davrdan boshlab mehnat qo’shiqlarida g’oyaviy-estetik vazifa etakchilik qila boshlagan. Mehnat jarayoni bilan bevosita bog’liq holda qo’shiqlar yaratila boshlangan.
Mehnat qo’shiqlari lirik turga mansub mustaqil turkumlashgan janrlardan iboratdir. Bu qo’shiqlar, albatta, mehnat jarayonida ijro etiladi. Shu sababli mehnat turining o’zgarishi yoki yo’qolishi tufayli o’sha jarayonda ijro etiladigan qo’shiqlar ham yo’qoladi. Masalan, charx va yorg’ichoq ishlatilmay qolgandan buyon charx va yorg’ichoq qo’shiqlari ham kuylanmay qoldi.
Mehnat qo’shiqlarida mehnat va unda qo’llaniladigan narsalarning nomi uchraydi va ularga murojaat qilinadi. Mehnat qo’shiqlarining ritmik qurilishi sodda, poetik tili va qofiya tizimi oddiy bo’ladi. Ularda murakkab poetik obrazlar, ko’chimlar uchramaydi. Sanab o’tilgan bu xususiyatlar mehnat qo’shiqlarini mehnat haqida yaratilgan qo’shiqlardan farqlashga yordam beradi.
Mehnat qo’shiqlari marosimga aloqasizdir. Lekin dastlabki ayrim namunalari ba’zi agrar marosimlarga aloqadorlikda yuzaga kelgan bo’lishini ham inkor etib bo’lmaydi. Masalan, qo’sh qo’shiqlari dalaga qo’sh chiqarish uchun o’tkazilgan "«shox moylar" marosimiga qaysidir jihatlariga ko’ra yaqinlik hosil qiladi.
Mehnat qo’shiqlari mehnat turlariga qarab har xil bo’ladi. Ularni maxsus tadqiq qilgan K.Ochilov mehnat qo’shiqlarini tubandagi uch katta guruhga bo’lib o’rganadi:
Dehqonchilik bilan bog’liq qo’shiqlar.
Chorvachilik bilan bog’liq qo’shiqlar.
Kasb-hunar bilan boqliq qo’shiqlar.
B.Sarimsoqov ham bu tasnif bilan yakdil. Biroq har ikkala tasnifda ham ichki xilma-xillikni belgilashda ma’lum tafovutlar bor. Aytaylik, K.Ochilov mehnat qo’shiqlarining ichki xillarini: 1) qo’shchi qo’shiqlari; 2) o’rim qo’shiqlari; 3) xirmon yanchish qo’shiqlari; 4) yorg’ichoq qo’shiqlari. Chorvachilik bilan bog’liq qo’shiqlarni: 1) ho’sh-ho’sh qo’shiqlari; 2) turey-turey qo’shiqlari; 3 churey-churey qo’shiqlari; va nihoyat kasb-hunar qo’shiqlarini 1) urchuq qo’shiqlari; 2) charx qo’shiqlari: 3) tikuvchilik qo’shiqlari tarzida belgilasa, B.Sarimsoqov dehqonchilik va chorvachilik qo’shiqlarini aynan shunday ichki xilma-xillikda qayd etsa-da, hunardmanchilik qo’shiqlarini: 1) charx qo’shiqlari; 2) bo’zchi qo’shiqlari: 3) o’rmak qo’shiqlari: 4) kashta qo’shiqlari tarzida bir muncha boshqacharoq tasnif etadi. 2
Shuni alohida ta’kidlash joizki, K.Ochilov ilgari amalga oshirgan tasnifida mehnat qo’shiqlarini to’rt guruhga bo’lgan edi, unda bog’–bog’dorchilik qo’shiqlari alohida guruh sifatida ko’rsatilganiga qaramay, keyingi tasnifotida uni umuman e’tirof etishni xayoliga ham keltirmaydi. Bunday cheklanish B.Sarimsoqov tasnifotida ham mavjud. Holbuki, o’zbek mehnat qo’shiqlarini sinchiklab kuzatish ularni tubandagi turlar va ichki xilma–xilliklarga egaligini ko’rsatib turibdi. Qolaversa, ularni paydo bo’lish tarixi va mehnat turlariga daxldorligiga ko’ra tubandagi uch katta guruhga bo’lib o’rganish maqsadga muvofiqdir:
1. Chorvachilikka daxldor qo’shiqlar.. Bu, o’z navbatida, ikki guruhga bo’linadi:
a) hayvonlarni e’zozlovchi qo’shiqlar;
b) sog’im qo’shiqlari;
- ho’sh – ho’shlar yoki ho’shimlar;
-turey – tureylar ;
- churey – chureylar yoki churiyalar.
II. Dehqonchilikka aloqador qo’shiqlar. Bu tubandagi ichki xilma– xillikka ega:
a) qo’shchi qo’shiqlari;
b) o’rim qo’shiqlari yoki “yozilar”;
v) yanchiq qo’shiqlari yoki ho’p maydalar;
g) yorg’ichoq qo’shiqlari;
d) bog’dorchilik yoki qo’riqchilik qo’shiqlari.
III. Kasb–hunarga daxldor qo’shiqlar. Bularni ham o’z navbatida dastlab uch ichki guruhga bo’lish mumkin, qolaversa, har bir guruh yana o’z ichki xilma–xilligiga ega :
To’quvchilik qo’shiqlari;
a) urchuq qo’shiqlari
b) charx qo’shiqlari
v) urmak to’qish qo’shiqlari
2. Tikuvchilik qo’shiqlari:
a) kashtachilik qo’shiqlari;
b) do’ppido’zlik qo’shiqlari;
v) to’nduzlik qo’shiqlari.
3.Sarboz qo’shiqlari.
Aslida bu tasnif ham nomukammaldir. Zero, qachonlardir ovchilik va savdo–sotiqqa aloqador mehnat qo’shiqlari ham bo’lgan. Bulardan tashqari harbiy asirlikka va qamoqxonalarga tushganlarning ham o’z qo’shiqlari bo’lganligi shubha uyg’otmaydi. Ammo bunday qo’shiqlar vaqtida yozib olinmagan, shu sababli ular haqida hozircha bir narsa deyish qiyin.
Do'stlaringiz bilan baham: |