Uchinchi bob bo’yicha xulosa
1.So’zlashuv nutqi dialogik birliklardan tashkil topadigan murakkab kommunikativ tarkib hisoblanadi. So’zlashuv nutqida ko’pincha sodda gaplar kеng qo’llanadi. Sodda gaplarning egasiz yig’iq va yoyiq turlari boshqa ko’rinishlarga nisbatan ko’p uchraydi. Dialogik diskursda sodda ko’rinishli so’roq, buyruq hamda undov gaplar qo’llanishi dialogik birlikning tabiiy xususiyatidir.
2. Rasmiy uslubda sodda gap turlarining shaxsi umumlashgan gaplar, sodda yig’iq gaplar, to’liqsiz, so’roq gaplar, his-hayajon gaplar, kesimi gumon, taxmin manosini ifodalovchi gaplar qo’llanilmaydi. To’liq gaplar, ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi bilan murakkablashgan gaplar, shaxsi noma’lum gaplar keng qo llaniladi. Ish qog’ozlarining bayon qismida, asosan, egasi ifodalanmagan, yoyiq, ikki sostavli sodda gaplar ifodalanadi; ular aksariyatining bosh qismi yoyiq atov gaplardan tuzilgan bo’ladi. Shaxsiz sodda gaplar asosan buyruq, qaror, farmon kabi rasmiy ish qog’ozlarida uchraydi.
3.Badiiy uslub uchun struktural jihatdan gaplarning faqat bir turi xos deb keskin aytish qiyin. Badiiy matn badiiy asar mazmunini ifodalagan, funksional jihatdan tugallangan, tilning tasvir imkoniyatlari asosida shakllangan, o`zida turli uslub ko`rinishlarini muallif ixtiyoriga ko`ra erkin jamlay oladigan, kishilarga estеtik zavq bеrish xususiyatiga ega bo`lgan g`oyat murakkab butunlik hisoblanadi. Evfеmizmlar og`zaki va yozma nutqni rang-barang, ravon va jozibali qiladi. Ana shu jozibadorlik va ta’sirchanlik ularni uslubiy figura bo`lib kеlishini ta’minlaydi va bu esa badiiy, ommabop matnlarda namoyon bo`ladi.
Umumiy xulosalar
1.Dunyo tillarining deyarli barchasida so‘zlashuv, badiiy, rasmiy-idoraviy, publitsistik, ilmiy uslub mavjud bo‘lib, ular ijtimoiy hayotda, o‘zaro munosabatlarda, nutqning og‘zaki va yozma ko‘rinishlarida til imkoniyatlaridan me’yoriy foydalanishni ta’minlaydi.
Biroq til imkoniyatlari har bir tilda o‘sha tilning tabiati, qonun-qoidalariga bo‘ysungan holda turlicha bo‘lib, ular o‘ziga xos uslubiy vazifalarni bajaradi. Har bir tilning o‘ziga xos bo‘lgan fonetik, leksik, morfologik, sintaktik vositalarini bilish, ularning har qaysisidan o‘z o‘rnida ustalik bilan foydalana olish muhimdir. Ma’lum bir nutq uslubiga mansub bo‘lgan jihatlarni boshqa uslubda asossiz (noto‘g‘ri) qo‘llash nutqiy g‘alizlikni keltirib chiqaradi.
2.O’zbek tili sintaksisi uslubiy tomondan hali yetarli o’rganilmagan. Bu sohaga bag’ishlangan ilmiy yoki ilmiy-metodik ishlar kam. Ammo kundalik turmush, tilning hozirgi taraqqiyoti uning sintaktik qurilishidagi uslubiy tomonlarni har tomonlama o’rganishni taqozo etmoqda. Chunki, so’zlovchi yoki yozuvchi biror fikrni ro’yobga chiqarishda turli sintaktik birliklardan maqsadga muvofig’ini tanlab ishlatadi. Shu asosda aytilayotgan fikrni ta`sirchan va ma`noli bo’lishini ta`minlaydi. Buning uchun sintaktik uslubiy vositalar: sintaktik sinonimiya, sintaktik omonimiya, she`riy sintaksisdagi uslubiy figuralarga murojaat qiladi.
3. So`zlashuv uslubi o`ziga xos sintaktik tabiati bilan ajralib turadi. Mazkur uslubda gaplar ixcham, qisqa, aniq aytiladi. Ayniqsa, sodda gaplarning qo`llanishi o`ziga xosdir. Bir tarkibli gaplarning turli ko`rinishlari keng qo`llanadi.
4. Badiiy uslub uchun struktural jihatdan gaplarning faqat bir turi xos deb keskin aytish qiyin, ayrim asarlarda gaplarning ma`lum turlari qo`llanishda ustunlik qilib turishini sezish mumkin.
5. Ilmiy uslubda bayon etilayotgan matnning sintaktik qurilishi fikriy tugallikka, mantiqiy izchillikka xizmat qiladi hamda bayonning tabiatidan kelib chiqib, bir tarkibli gaplarning shaxssiz, shaxsi umumlashgan turlari faol.
6. Bir bosh bo‘lakli gaplarning faolligi ommabop uslubga xos xususiyat sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |