Bildirish
8-fevral kuni soat 19 da maktabning majlislar zalida ulug’ o’zbek shoiri va mutaffakkiri Alisher Navoiyning tavvallud kuni munosabati bilan adabiy-badiiy kecha o‘tkaziladi.
Kechaga marhamat!
Ushbu bildirish ham sodda gaplardan iborat bo’lib, birinchisi darak gap shaklidagi sodda gap bo’lsa, ikkinchisi esa undov gap sanaladi. Bu darak gap kesimi (o’tkaziladi) kelasi zamon, xabar mayli III shaxs birlik va tasdiq shaklida bo’lib, eganing ishtirok etish yo etmasligiga ko’ra tahlil qiladigan bo’lsak, egasi (shaxsi) ma’lum gap sanaladi. Tuzilish jihatdan esa sodda yoyiq gap bo’lib, to’liq holda egasi muayyanlashgan ikki tarkibli sodda yoyiq gap sanaladi. Chunki unda ikkinchi darajali bo’laklar ham, har ikkala tarkib ham, ya’ni ega va kesim ham ishtirok etgan. Uning maksimal qolipi quyidagicha: [E–H–WPm]=SG
Ega va payt holi gap kengaytiruvchilari bo’lib maksimal qolipga ta’sir qiladi, minimal qolipga esa ta’sir qilmaydi. Aniqlovchi, to’ldiruvchi va holning payt holidan boshqa turlari esa maksimal qolipga ta’sir qilmaydi.
Taklifnoma
Hurmatli Abdufattoh Nazarov!
Maktabimiz o’quvchilari Sizni qishlog’imizda istiqomat qilayotgan mehnat faxriylari bilan uchrashuvga taklif qiladilar. Uchrashuv 15-may kuni soat 18 da maktabning majlislar zalida boshlanadi.
Yuqoridagi rasmiy ish qog’ozlari ko’rinishi bo’lgan taklifnoma ham faqat sodda gaplardan iborat. Birinchi gapda undalma ishtirok etgan. Undalma gapni murakkablashtiruvchi vosita bo’lib, u ishtirok etgan gap sodda sanaladi. Ikkinchi va uchinchi gaplar esa xabar maylidagi darak gaplardir. Keyingi har ikkala gap ham egasi ma’lum, ya’ni egasi muayyanlashgan gaplar sanaladi. Ular sodda yoyiq gaplar bo’lib, kesimi kelasi zamonni ifodalaydi.
Rasmiy ish qog’ozlari uslubi sodda gaplardan iborat bo’lishini uning yana bir namunasi bo’lgan tilxat misolida ko’rishimiz mumkin.
Tilxat
Men, 7-“v” sinf o’quvchilar uyushmasining raisi Dilbar Salimova, maktab direktorining xo’jalik ishlari bo’yicha o’rinbosari M.Samadovning sinfimizga ajratilgan yer maydonida ishlash uchun kerakli ish qurollarini oldim.
Sana. Imzo. D.Salimova
Ushbu tilxatda ajratilgan izoh bo’lak ishtirok etgan, ya’ni ega ajratib, izohlab ko’rsatilgan. Ega (men) ning kim ekanligi izohlangan bo’lib, ushbu gap ajratilgan izoh bo’lakli gap hisoblanadi va u ham sodda gap sanaladi. Biz bilamizki, ajratilgan izoh bo’laklar gapni murakkablashtiruvchi vositalar sanaladi. Gap mazmuni darak gap va u xabar maylida bo’lib, mana shular haqida xabar beryapti.
Xulosa qilib aytganda, rasmiy ish qog’ozlari uslubi ko’rinishlaridan qancha namunalar ko’rmaylik, ularning qolipi deyarli bir xil, ya’ni ular hajman qisqa va lo’nda, tili sodda va ravon, barchaga tushunarli bo’ladi. Shakl jihatdan qoliplashgan, ya’ni gaplar bir xil qolipda bo’ladi, chunki rasmiy ish qog’ozlari uslubidagi gaplar, asosan, sodda gaplardan iboratdir. Ular tarkiban egali va egasiz, tuzilish jihatdan sodda yig’iq va sodda yoyiq, mazmunan esa darak va buyruq gaplardan iborat bo’ladi.
Rasmiy ish qog’ozlari uslubi, asosan, shaxsning ijodiy, mustaqil fikrlashi, fikrni ayniqsa yozma shaklda tog’ri, ravon ifodalash ko’nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, til sezgirligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Rasmiy ish qog’ozlari bilan muomala qilishga o’rgatish til sathlarini o’rganish bilan chambarchas aloqadorlikda olib boriladi. Ona tilining deyarli barcha bo’limlarini o’rganishda o’quvchilar hujjatning u yoki bu turi bilan tanishadilar, ijtimoiy faoliyatda shu muhim hujjatdan foydalanish mahoratini egallab boradilar.
O zbek tilshunosligida rasmiy-ish uslubi vazifaviy uslublarning bir turi sifatida o’rganilib kelingan, ammo uning sintaktik tabiati to’la yoritilmagan. Biz ushbu tadqiqotimizda rasmiy uslubda sintaksisning o’rganish obyekti bo’lgan sodda gaplarni ko’rib o’tib, bu kuzatishlar natijasida quyidagi xulosalarga keldik:
rasmiy uslubda sodda gap turlarining shaxsi umumlashgan gaplar, to’liqsiz, so’roq gaplar, his-hayajon gaplar, kesimi gumon, taxmin manosini ifodalovchi gaplar qo’llanilmaydi;
Undalmali va kirish so’zli gaplar faqat ayrim hujjatlardagina uchraydi (xat);
Sodda yig’iq gaplar deyarli qo’llanilmaydi;
To’liq gaplar, ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi bilan murakkablashgan gaplar, shaxsi noma’lum gaplar keng qo llaniladi: O’zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko’zlab va O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat beradigan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi. (O’zR Konstitusiyasi, 7 - modda). Mazkur gap to’liq shakllangan.
Betakror iste’dodi va o’lmas ijodiy merosi bilan o’zbek milliy madaniyatining rivojiga beqiyos hissa qo’shgan, butun hayotini el-yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviyatining yuksalishiga baxsh etgan vatandoshlarimizning xotirasini yod etib, ularni Vatan oldidagi unutilmas xizmatlarini inobatga olib, quyidagi marhum adib va san’atkorlar «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlansin. (O’zR Prezidentining 2001- yil 22- avgust Farmoni). Bu gap esa ravishdosh, sifatdosh oborotlari bilan murakkablashgandir.
Egasiz yoki egasi noma’lum gaplar juda kam qo’llaniladi;
Shaxsi noma’lum gaplar ba’zi hujjatlardagina ( ariza, tushuntirish xati, bildirishnoma, xat, tavsiyanoma) uchraydi;
Ish qog’ozlarining bayon qismida, asosan, egasi ifodalanmagan, yoyiq, ikki sostavli sodda gaplar ifodalanadi;
Ish qog’ozlarining aksariyatining bosh qismi yoyiq atov gaplardan tuzilgan bo’ladi: 1. BuxDU filologiya fakulteti dekani Q.To’xsanovga IV bosqich talabasi Gulbar Norovadan ar i z a.
2.Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro akademik litseyi direktori N.Muqimovga kutubxona o’quv xonasining ta’mirlanishi haqida b i l d i r i s h n o m a.
Rasmiy-ish uslublarda sodda gaplar universal holatda uchraydi.
Shaxsiz sodda gaplar asosan buyruq, qaror, farmon kabi rasmiy ish qog’ozlarida uchraydi:
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ma’ruzasidagi konseptual qoidalar va xulosalar ma’qullansin hamda ular Oliy Majlisning kelgusi faoliyatida inobatga olinsin. Ma’ruzaning … dasturiy xulosalari prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qilish organlari, sudlar faoliyati uchun asos qilib olinsin. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga … mustaqillik va demokratiya qo’lga kiritgan yutuqlarni himoya qilish, ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi hamda totuvligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish tavsiya etilsin. (O’zR Prezidenti I. A. Karimovning ikkinchi chaqiriq Oliy majlisining oltinchi sessiyasidagi ma’ruzasi yuzasidan O’zR Oliy majlisining 2001- yil 29 -avgust qaroridan).
Do'stlaringiz bilan baham: |