1UZ Buxgalteriya. Mini” milliy dasturi bepul versiyasi taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va BePro Norma tomonidan buxgalteriya hisobotini yuritish uchun mo‘ljallangan “1UZ Buxgalteriya. Mini” milliy dasturining bepul versiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Bu endi faoliyatini boshlagan tadbirkorlar, buxgalterlar, talabalar va o‘quv markazlari uchun palata va BePro Norma kompaniyasi tuhfasi bo‘ldi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Foto: O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi
Respublikani rivojlantirishda kichik biznes sektorining ahamiyatidan kelib chiqib, shuningdek, buxgalteriya sohasida hisobga olish va nazorat qilish uchun dasturiy yechimlarni yaratish borasida BePro Norma to‘plagan tajribani hisobga olgan holda, kompaniya iqtisodiyotning mazkur sektori rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishga qaror qildi. Ushbu maqsadda kompaniya tadbirkorlar, buxgalterlar, talabalar e’tiboriga mutlaqo bepul taqdim etiladigan “1UZ Buxgalteriya. Mini” dasturiy ta’minotini taklif qildi.
Bugungi kunda har qanday korxona buxgalteriya hisobini avtomatlashtirishga katta ehtiyoj sezadi. Zamonaviy buxgalteriya dasturlari ma’lumotlar bazasini yaratish va uning asosida turli murakkablikdagi buxgalteriya hisobotlarini shakllantirish imkonini beradi, hisobda xatoga yo‘l qo‘ymaslikda, ish vaqtini tejashda, zarur axborotni tezkor ravishda olishda yordam beradi. Dasturni tanlashda u qaysi korxonaga — kichik, o‘rta yoki yirik korxonaga mo‘ljallanganini hisobga olish, uning qay sohaga tegishliligiga e’tibor qaratish zarur.
O‘zbekistonda xorijlik ishlab chiquvchilar yaratgan dasturlar va uning modullari keng tanilgan. Biroq ayrim mahalliy kompaniyalar va dasturchilar o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqayotganliklaridan hamma ham xabardor emas. Bunday hollarda litsenziya haqida so‘z yuritilmasligi tabiiy, bu vaziyatda qonun buziladi, yangilash va servis xizmati ko‘rsatish imkoniyati bo‘lmaydi, shuningdek, funksionallik cheklanadi.
Kichik biznes uchun mo‘ljallangan “1UZ Buxgalteriya. Mini” mahalliy dasturi esa O‘zbekiston qonun hujjatlariga moslashtirilibgina qolmay, balki uning asosida yaratilgan. Undan foydalanish oson, o‘zbek yoki rus tillaridagi qulay interfeysga ega, imkoniyatlari bo‘yicha xorijiy analoglaridan deyarli qolishmaydi, o‘z funksionalini takomillashtirgan holda muntazam rivojlanmoqda.
“1UZ” ishlab chiquvchilari nafaqat buxgalteriyani avtomatlashtirish, balki servis xizmati ko‘rsatish, o‘z vaqtida yangilash va hisobotlar taqvimining mavjudligi, bevosita muloqot orqali maslahat berish kabi muammolarning yechimini ham taqdim etadi. Mazkur dasturning to‘laqonli yuklanuvchi bepul versiyasi tadbirkorlarga uning afzalliklarini ko‘rish hamda sifatli litsenzion dastur sohibiga aylanish va ishlab chiquvchi bilan hamkorlikni davom ettirish xususida yakuniy qaror qabul qilish imkonini beradi.
“1UZ Buxgalteriya. Mini” dasturini http://www.1uz.uz/mini havolasi orqali bepul yuklab olish mumkin. Dastur haqidagi batafsil ma’lumot uchun http://1uz.uz/uz/ sayti va (+998 71) 230-21-12 telefon raqamlariga murojaat eting.
Do'stlaringiz bilan baham: |