Bilib oling. Ko‘chirma gap o‘zlashtirma gapga aylantirilganda, ko‘chirma gapli qo‘shma gap sodda gap shaklini oladi.
Juda muhim. Monologik nutqda so‘zlovchining o‘zgalar gapidan aynan foydalanishi ko‘chirma gapli qo‘shma gapni hosil qiladi.
Bunda qo‘shma gap ikki qismdan tashkil topadi: 1) so‘zlovchining (muallifning) gapi; 2) o‘zganing gapi (ko‘chirma gap). Masalan, «Ko‘p narsalarni ko‘zimga ko‘rsatdingiz. Yana ko‘p narsalarni ko‘rgani chiroq berdingiz, O‘rmonjon aka!», - dedi Siddiqjon.
Yuqoridagi gapda Siddiqjon qismi muallif gapi, ungacha bo‘lgan qism esa o‘zganing gapi hisoblanadi.
Fikrni asosli va go‘zal ifodalamoq uchun ko‘p hollarda xalq maqollaridan, hikmatli so‘zlardan, adabiy parchalardan foydalaniladi. Nutqqa tayyor olib kirilgan bu maqol va hikmatli so‘zlardan so‘ng - deydi xalqimiz, - deydi adib singari muallif gaplari qo‘llanilib, ko‘chirma gapli qo‘shma gapni hosil qiladi. Masalan, «Oltin boshing omon bo‘lsa, rangi ro‘ying somon bo‘lmas», - deydi xalqimiz.
Ko‘rinadiki, bunday iboralardan o‘rinli foydalanish nutqiy madaniyatni oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |