asos + so‘z yasovchi + lug‘aviy shakl yasovchi + sintaktik shakl yasovchi
O‘zbek tilida yuqoridagi tartibga mos kelmaydigan so‘zlar ham mavjud. Masalan: qaynatma so‘zida qayna-asos, -t-lug‘aviy shakl yasovchi, -ma-so‘z yasovchi.
So‘z yasovchi qo‘shimchalar unumli (-li, -la, -chi, ser-, -dosh, -kor) va unumsiz (-vul, -ag‘on, -chil, -in, -a) bo‘lishi mumkin.
Eslatma: Ma’noli qism morfema ham deyiladi. Lug‘aviy qo‘shimcha qo‘shilayotgan qism lug‘aviy shakl yasovchi asos, sintaktik qo‘shimcha qo‘shilayotgan qism sintaktik shakl yasovchi asos deyiladi. Masalan: Bolalarimizga so‘zida bola – lug‘aviy shakl yasovchi asos, bolalar – sintaktik shakl yasovchi asos.
Qo‘shimchalar tuzilishiga ko‘ra sodda va murakkabga bo‘linadi:
Sodda qo‘shimcha tarixan qanday bo‘lganligidan qat’i nazar, ajralmas, yaxlit, bir tarkibli bo‘ladi: -lar, -roq, -chi, -niki, -sin, -di, -gach;
Murakkab qo‘shimcha aslida mustaqil qo‘shimchaning ma’lum vazifa bajarish maqsadida birlashgan holda qo‘llanishi: odamgarchilik, xafachilik, chorvachilik. Bunday so‘zlarda oxirgi qo‘shimchadan oldingi qism ma’no anglatmasa, u murakkab qo‘shimcha hisoblanadi. Yuqoridagi so‘zlarda –lik qo‘shimchasidan oldingi qismlar ma’no anglatmaydi. Odamgarchi, xafachi, chorvachi kabi so‘zlar tilimizda yo‘q. Murakkab qo‘shimcha umuman olganda ajraladi, lekin ba’zi bir so‘z tarkibida ajralmas holga kelgan bo‘ladi, xolos. O‘zlash – o‘z-lash (murakkab qo‘shimcha), so‘zlash-so‘z-la+sh (sodda qo‘shimcha).
Lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimchalar:
Otlardagi ko‘plik: –lar; kichraytirish: -cha, -choq, -chak; erkalash: -xon, -jon ,-bek, -oy, -niso, -gina (-kina, -qina), -(a)loq; qarashlilik: -niki; hurmatlash: -lar (egalik qo‘shimchasidan so‘ng va oldin qo‘shiladi). Sifatlarning daraja shakllari: -(i)sh, -(i)mtir (ozaytirma daraja), -roq (qiyosiy daraja), erkalash shakllari: -gina (-kina, -qina); sonlarning ma’no turlarini hosil qiluvchi: –ta(dona), -tacha, -lab, -larcha(chama), -ov, -ala, -ovlon(jamlovchi), -tadan(taqsim), -(i)nchi(tartib); fe’llardagi bo‘lishsizlik: -ma, fe’l nisbatlarini hosil qiluvchi: o‘zlik va majhul nisbat: -(i)l, -(i)n, birgalik nisbat: -(i)sh, orttirma nisbat: -dir, -tir, -ir, -ar, -t, -iz, -giz, -kiz, -g‘iz, -qiz, -gaz, -kaz, -qaz, -sat; fe’lning vazifa shakllari: ravishdosh shakllari: -(i)b, -a, -y, -gach, -kach, -qach, -guncha, -kuncha, -quncha, -gancha, -kancha, -qancha, -gani, -kani, -qani; sifatdosh shakllari: -gan, -kan, -qan, -(a)yotgan, -(a)r, -ma+s -(a)digan, -ydigan; harakat nomi shakllari: -(i)sh, -(u)v, -moq; fe’llardagi harakatning kuchliligi va davomiyligini ifodalovchi: -la, - gila (-kila, -qila, -g‘ila), -a, -i, -ka; harakatning kuchsizligini ifodalovchi: -(i)sh, -(i)msira, -(i)nqira kabi qo‘shimchalar.
Sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalar:
Otlardagi kelishik qo‘shimchalari: -ning, -ni, -ga(-ka,-qa), -da, -dan; egalik qo‘shimchalari: -(i)m, -(i)ng, -i, -si, -(i)miz, -(i)ngiz, -lar(i); otlarni kesimga xoslovchi shakllar: -man, -miz, -san, -siz, -dir; fe’llardagi shaxs-son qo‘shimchalari: -man, -san, -miz, -siz, -m, -ng, -k, -ngiz, -(a)y, -(a)yin, -gin, -sin, -(a)ylik, -(i)ng, -(i)ng(iz)lar, -sin(lar)(AL va KHK darsligida shaxs-son shakllari deb ko‘rsatilgan); fe’llardagi zamon qo‘shimchalari: o‘tgan zamon shakli: -di, -(i)b, -gan( -kan, -qan); hozirgi zamon shakllari: -yap, -(a)yotir, -(a)yotib, -moqda; kelasi zamon shakllari: -(a)jak, -adi, -gusi, -a, –y, -(a)r, -ur, -gay; (zamon qo‘shimchalardan so‘ng shaxs-son qo‘shimchalari qo‘shiladi) fe’lning mayl shakllari: -sa (shart); -(a)y, -(a)yin, -gin, -sin, -(a)ylik, -(i)ng, -(i)ng(iz)lar, -sin(lar) (buyruq-istak); -moqchi (maqsad) kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |