Yuridik shaxslar. Ularning turlari. Yuridik shaxs o`z mulkida, xo`jalik yuritishda yoki operativ boshqaruvda alohida mol-mulkka ega bo`lgan hamda o`z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o`z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo`la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da`vogar va javobgar bo`la oladigan tashkilotdir.
Yuridik shaxsning huquq layoqati. Bu layoqat u tashkil topgan paytdan boshlanib, yuridik shaxsni tugatish tamomlangan paytdan to`xtaladi.
Yuridik shaxsning muomala layoqati. Bu yuridik shaxsning o`z harakatlari bilan fuqarolik huquq va majburiyatlarni yaratish, egallash va bajarish layoqatidir. Jismoniy shaxslardan farqli o`laroq, yuridik shaxsning muomala layoqati uning huquq layoqati bilan bir vaqtda boshlanadi va tugaydi.
Yuridik shaxs faoliyati – uning muassislari va ishtirokchilarining ongli irodali harakatlaridan iborat.
Muassislar – yuridik shaxsni tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilgan shaxslar.
Ishtirokchilar- muassislarni ham qo`shgan holda yuridik shaxs tarkibiga kiruvchi barcha shaxslar.
Yuridik shaxslar ikki turga bo`linadi.
1. Tijoratchi yuridik shaxs-asosiy maqsadi foyda olishga qaratilgan tashkilotlar.
Ularning turlari quyidagilar:
1. Xo`jalik shirkatlari;
a) to`liq shirkat; b) kommandit shirkat.
2. Xo`jalik jamiyatlari:
a) mas`uliyati cheklangan jamiyat;
b) qo`shimcha mas`uliyatli jamiyat;
v) aksiyadorlar jamiyati: oshiq va yopiq;
g) sho``ba jamiyat;
3. Ishlab chiqarish kooperativlari;
4. Unitar korxona:
a) xo`jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korhona;
b) tezkor boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korhonasi.
2. Tijoratchi bo`lmagan yuridik shaxslar –foyda olishni asosiy maqsad qilib qo`ymaydigan va o`z ishtirokchilari o`rtasida foydani taqsimlamaydigan, ijtimoiy, xayriya, madaniy-ma`rifiy va boshqa faoliyat yuritish maqsadida tuzilgan tashkilotlardir.
Tijoratchi bo`lmagan yuridik shaxslarning turlari quyidagilardan iborat:
1) matlubot kooperativi;
2) jamoat birlashmalari;
3) ijtimoiy fondlar;
4) muassasalar;
5) yuridik shaxslar birlashmalari;
6) fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari.
Yuridik shaxsni tashkil etish usullari:
1) farmoyish berish usuli;
2) ruhsat etish usuli;
3) murojaat qilish usuli:
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish shakllari:
1) ikki va undan ortiq yuridik shaxsning qo`shilishi;
2) qo`shib olish;
3) bo`linish;
4) ajralib chiqish;
5) bir shakldan ikkinchi shaklga aylantirish.
Yuridik shaxsni tugatish – bu yuridik shaxs faoliyatini, uning huquq va majburiyatlarini fuqarolik huquqiy munosabatlarning boshqa sub`yektlariga o`tkazmagan holda to`xtatish harakatlaridir.
Yuridik shaxsni tugatish ikki usulda amalga oshiriladi. Ihtiyoriy-yuridik shaxs tashkil etilgan faoliyat muddatining o`tib bo`lishi, uning faoliyat maqsadiga erishilgani, ustavsiz(nizom) maqsadlariga erishib bo`lmasligi asos qilib olingan usul.
Majburiy tugatish – yuridik shaxsning tegishli ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) faoliyat yuritishi, nizom maqsadlariga zid faoliyat yoki faoliyatning ta`qiqlangan turlari bilan shug`ullanish, shuningdek, qonunni qo`pol ravishda buzgan holda faoliyat yuritish asos qilib olingan usul.
Nochorlik(bankrotlik) tugatishning maxsus holatiga kiradi. Yuridik shaxsning bankrot (nochor) deb e`tirof etilishi uni tugatilishiga olib keladi.
Bitimlar, ularning turlari, shakllari. Bitim- fuqarolar va tashkilotlarning fuqarolik huquqlari va vazifalarini belgilash, o`zgartirish, to`htatishga qaratilgan harakatlardir. Lekin har qanday harakat ham bitim bo`lavermaydi. Qonun doirasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan, ya`ni huquqiy harakat bitim bo`ladi. Ashyoni sotib olish, sotish, xizmat ko`rsatish, ashyoni vaqtincha foydalanish uchun topshirish, hadya qilish kabi harakatlar bitimlar mezonini tashkil etadi.
Bitimlarning turlari:
1) Bir tomonlama, ikki tomonlama va ko`p tomonlama bitimlar;
2) Haq baravariga va tekin bitimlar;
3) Real va konsensual bitimlar;
4) Shartli va shartsiz bitimlar;
5) Muddatli va muddatsiz bitimlar;
6) Birja bitimlar.
Bitimlarning shakllari:
1) og`zaki bitimlar-shaxs xohish irodasini og`zaki ifodalash yo`li bilan tuziladi.
2) konklyudent bitimlar-so`zsiz harakatlar, imo-ishoralar, mimika yo`li bilan tuziladigan shartnomalar. Bu bitimlar ham og`zaki bitimlarga tenglashtiriladi.
3) yozma bitimlar-yozma hujjat ko`rinishida tuziladi va agar ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, taraflar yoki ularning vakillari imzolashi kerak.
4) notarial tasdiqlangan bitimlar-notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo`lgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlovchi ust xat yozib qo`yish yo`li bilan amalga oshiriladi.
5) bahsli bitimlar-tan olinishi uchun sud qarori kerak bo`ladigan bitimlar.
6) ahamiyatsiz bitimlar-haqiqiy emasligi sud orqali tasdiqlanishi talab yetilmaydigan bitimlar.
7) asoratga soluvchi bitimlar-juda og`ir holatlar oqibatida o`zi uchun g`oyat noqulay shartlarga ko`nishga majbur bo`lgan shaxs tuzgan bitimlar.
Restitutsiya-bitimni haqiqiy emas deb topish paytida taraflarning bitim tuzishdan oldinga qaytishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |