O’rta Osiyoda buddizm. O’rta Osiyoda dinlar tarqalganligi manzarasi rang-barang va tadqiq qilish uchun o’ta qiziqarli. Bu mintaqada boshqa qadimiy dinlar bilan bir qatorda buddizmning ham keng yoyilganligini kuzatamiz.
O’rta Osiyoda buddizm tarixini o’rganish bo’yicha tadqiqotchilardan L.I. Albaum, R.CH. Bagchi, V.V. Bartold, T.V. Belyaeva, A.N. Bernshtam, V.A. Bulatova, V.P. Vasilev, B.V. Veymarn, V.V. Vertogradova, V.L. Vyatkin, T.V. Grek, B.P. Denike, Ye.P. Denisov, B.N. Zasipkin, T.I. Zeymal, A.N. Zelinskiy, V.N. Kesaev, G.A. Koshelenko, V.A. Livщits, B.A. Litvinskiy, M.Ye. Masson, G.V. Parfyonov, G.A. Pugachenkova, Ye.G. Pchelina, E.V. Rtveladze, B.Ya. Staviskiy, A.S. Strelkov, B.A. Turg’unov, Z.I. Usmonova, V.B. Henning, V.A. SHishkin kabi o’zbekistonlik va chet ellik arxeolog olimlar izlanishlar olib borganlar. Ularning ekspeditsiyalari natijasida yozilgan maqola, risola va monografiyalar ushbu mavzuni o’rganishda qo’llanma bo’lib xizmat qilishi mumkin.
Yuqorida sanab o’tilgan mualliflarning barchasi buddizm tarixini O’rta Osiyodagi tarixiy-me’moriy yodgorliklarning arxeologik tadqiqotlari asosida yoritib berganlar.
Bir guruh tadqiqotchilar mazkur din O’rta Osiyoga kirib kelishini Kushonlar shohi Kanishka hukmronligi davriga taalluqli deb biladilar (I asrning oxiri – II asrning boshlari). Ikkinchi guruh esa bu jarayonning boshlanishini biroz ertaroq deb hisoblaydilar. Tadqiqotchi B.A. Litvinskiyning fikricha, buddizm SHimoli-G’arbiy Hindiston va Janubiy Afg’oniston (Qandahor) orqali taxminan mil. av. III asrda Baqtriyaga (O’zbekistonning janubiy hududlari) tarqala boshlagan.
Baqtriyaga buddizmning kirib kelishi va yoyilishi haqida boshqa fikr ham mavjud. Tadqiqotchi R.CH. Bagchi bu jarayon podshoh Ashoka (mil. av. 273-232 yillar) hukmronligi davrida yuz bergan deb hisoblaydi. Ammo bu fikrni tasdiqlovchi arxeologik materiallar yetarli emas. SHuning uchun ham buddizm bu hududga Kushonlar davrida kirib kelgan degan fikr haqiqatga yaqinroq. CHunonchi B.Ya. Staviskiy bu fikrni Kushonlar hukumatining hind viloyatlari va buddist jamoalarning homiylari bilan aloqalari mustahkam bo’lganligi bilan isbotlaydi. Ammo shu bilan bir qatorda baqtriyaliklarning Kanishkaga qadar buddizm bilan tanish bo’lganliklarini tasdiqlovchi ma’lumotlar ham mavjud.
Mil. av. I asr va milodning IV asrlari oralig’ida Kushon imperiyasida buddizmning Maxayana yo’nalishi davlat dini deb e’lon qilindi. Bungacha buddizm Hindistonda uzoq tarixga ega bo’lsa-da, u yerda asosiy yo’nalish bo’lgan Xinayana ham bunday mavqega erishmagan edi. Kanishka, Vima, Kadfiz va ulardan keyingi Kushon imperatorlari buddizmni keng yoydilar. Ular bu din an’analarini amalda rivojlantirish, boshqa xalqlar o’rtasida tarqatish uchun Balx, Marv, Termiz, Samarqand, Buxoro, SHosh, Turkiston, Quva, Koson, O’sh, Bolosog’un, Koshg’ar va boshqa shaharlarda buddizm takyagohlari va xonaqohlari, ibodatxonalarini qurib, buddizmning muqaddas kitoblari, sutra va pastrilarni o’rganish, tarjima qilish va sharhlash uchun sharoit yaratib berdilar.
Hozirgi Termizdagi Qora-tepa, Fayoz-tepa, Sayram, Quva va boshqa joylarda topilayotgan budda haykalchalari yoki ularning parchalari, Ayritomdagi ayvon peshtoqi parchasidagi buddist musiqachilarning tasviri va boshqa osori atiqalar, saroy va ibodatxonalar O’rta Osiyodagi buddizm haqida xabar beruvchi manbalardir. Bu dinga tegishli yozma manbalar qadimgi turkiy yozuvda, uyg’ur bitiklarida va boshqa yozuvlarda saqlanib qolgan.
O’rta Osiyoning janubida Sarvastivada maktabining ilk ko’rinishi – Vaybxashika maktabining ta’limoti yoyilgan. U buddizmning Xinayana oqimiga tegishli. Ammo Vaybxashika ta’limoti ba’zi jihatlari bilan Maxayana doirasidagi maktablarga yaqin turadi. Bunda, ayniqsa, Maxayana doirasiga kiruvchi Sarvastivadaning Vinaya maktabi muhim ahamiyatga ega. Manbalarning xabar berishicha, Xo’tanda Vaybxashika maktabi vakillari Maxayanani yoyish uchun zamin tayyorlaganlar.
O’rta Osiyoda buddizmning boshqa maktablari ham yoyilgan. Qora-tepadan topilgan sopol buyumlardagi kxaroshtxi yozuvlari bu yerdagi Maxasangxika ta’limotini aks ettiradi. Maxasangxika maktabi O’rta Osiyoda buddizmning tarqalishida muhim rol o’ynagan. Qora-tepaning boshqa qismida braxmi yozuvidagi bitiklar esa O’rta Osiyoga keyinchalik Kanishka davrida kirib kelgan Sarvastivada buddist maktabi ta’limotining yoyilganligidan xabar beradi.
Mil. av. III – I asrlarda buddizm Hindiston hududidan chiqib janubi-sharqiy yo’nalish bo’yicha asosan Xinayana ta’limoti shaklida yoyilgan. Lekin milodning boshlarida shimolga, shimoli-g’arbga hamda shimoli-sharqqa Maxayana tarzida harakat qildi. Buning sababi bir necha asrlar mobaynida SHimoliy Hindiston, Markaziy Osiyo hududlarining yagona Kushon saltanati bayrog’i ostida birlashtirilishi bo’ldi. Aynan Markaziy Osiyo orqali buddizm Uzoq SHarqqa kirib bordi va u yerda ikkinchi hayotini boshladi.
O’rta Osiyoda buddizmga tegishli tarixiy obidalarning ko’pligi jihatidan Fayoz-tepa eng yirik yodgorlik hisoblanadi. U yerdan chiqqan diniy bitiklar, haykallar bilan birga topilgan ibodatxonaning hududi ancha katta joyni egallaydi.
1926 yilda A.S. Strelkov tomonidan aniqlangan Eski Termizning sharqidagi Zurmala minorasi O’rta Osiyo hududidagi birinchi ochilgan, katta ahamiyatga molik bo’lgan buddizm inshootidir.
Eski Termizdan topilgan Qora-tepa buddist majmuasi milodning I asri Kushon saltanatining gullagan davriga to’g’ri keladi. Qora-tepadagi har bir inshoot yer usti va g’or ichida joylashgan ibodatxona, saroy, bir monax (zohid) uchun moslashtirilgan hujralardan iborat.
Dalvarzin-tepa majmuasi 1967-1968 yillarda qazib ochilgan bo’lib, Termiz yaqinidagi Surxon vohasining o’rta qismida joylashgan. Mazkur kompleks G.A. Pugachenkova va B.A. Turg’unov boshchiligidagi O’zbekiston san’atshunoslik akademiyasi tomonidan ochildi. Dalvarzin-tepada topilgan buddizm majmuasi bu din ta’limoti Kushon saltanatining shimoliy viloyatlariga I asrda yoyilganligini ko’rsatadi.
Janubiy O’zbekistonda joylashgan Baqtriya-Toxaristonning shimoliy qismida 60-yillarning ikkinchi yarmidan 80-yillargacha buddizm inshootlarining yettitasi aniqlanib o’rganildi. Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan Janubiy Tojikistondagi Ajina-tepa, Kofir-qal’adagi kichik ibodatxona, Qal’a-i Kofirnigon ibodatxonasi, Ayritom majmuasi, Turkmanistondagi Marvdan 30 km uzoqlikda joylashgan Gyaur-qal’a majmuasi, Quvadagi ibodatxona va boshqa ko’plab buddizmga tegishli yodgorliklar ushbu dinning mazkur mintaqadagi tarixi haqida xabar beradi.
O’rta Osiyoning Marv, Balx, Termiz, Sug’diyona viloyati, Quva, Koson, Samarqand va Buxoro kabi shaharlari, viloyatlari buddizm ta’limoti va marosimlarini ishlab chiqishda, boshqa o’lkalar, mamlakatlarda targ’ib va tashviq etishda, eng muhimi, buddizmning hozirgi zamonning ilg’or jahon dinlaridan biriga aylanishida favqulodda ahamiyatga ega markazlari bo’lgan.
Sug’d viloyati Xitoy bilan savdo-sotiq hamda madaniy aloqalarni o’rnatishda ahamiyatli rol o’ynagan. Sug’dliklar Xitoyda buddizmni yoyishda juda muhim o’rin egallaydilar. Biroq Sug’dda buddizmning keng yoyilganligi masalasi haligacha ochiq qolmoqda. To’g’ri, hozirga qadar bu yerda buddizmga oid ba’zi haykalchalar, Sanzordagi buddizm ibodatxonasi, Samarqand yaqinida budda haykalining boshi topilgani ma’lum. Ammo bu topilmalar ushbu hududda bu din keng tarqalgan degan xulosani chiqarishga hozircha yetarli emas.
Surxondaryo Toxaristonidan chiqqan buddizmning yirik vakili – Tanmonanti (yoki Dxarmanandin). U yoshligidan tarkidunyochilik yo’lini tutib, uzlatga chekingan. Yosh bo’lsa-da, aqli tiniq bo’lib, sutralarni o’rgangan va yoddan aytib yurgan, bunga o’zining butun borlig’ini bag’ishlagan. U Tripitakani to’la o’zlashtirgan. Dxarmanandinning ilmdagi salohiyati chuqur va benihoya edi. U o’z vatanida ham, boshqa uzoq yerlarda ham katta obro’ga ega bo’lgan. 365-385 yillarda Dxarmanandin Xitoyning CHan’an viloyatiga Budda ta’limotini targ’ib etgani va ibodatxonalar, vag’n va vixaralar qurgani kelgan. Imperator Fu TSzyan Xitoydagi barcha avliyolarning Dxarmanandinga ko’rsatayotgan izzat-hurmatini ko’rib, uni juda oliy maqomli mehmon sifatida kutib oladi va tortiqlar qiladi. Xitoyda bu paytda buddizm ancha keng tarqalganiga qaramay, to’rt qismli Agama-Sutralardan birortasi ham hali xitoy tiliga tarjima qilinmagan edi. Imperator Fu TSzyanning maslahatchisi va Uvey tumani hokimi CHjao CHjen Dxarmanandindan ana shu sutralarni tarjima qilib berishini so’rash niyatida edilar. CHjao CHjen barcha avliyolar va Dxarmanandinni o’z poytaxtiga taklif etib, Agama-Sutralarning ikkitasini – CHjun va TSzen hamda mustaqil asarlar sanalgan Pi Tan Sin, San Fa Du va boshqa asarlarni tarjima etish, sharhlab berish va e’lon etishni iltimos qiladi. Dxarmanandin bu ishga 2 yil rahbarlik qilib, uni muvafaqqiyatli yakunlaydi. So’ngra o’z vataniga qaytadi, lekin uning qachon va qaerda vafot etganligi to’g’risidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan.
Turkiy xalqlar butun Osiyoni, Xitoy va Uzoq SHarqni nafaqat qilich va ot kuchi bilan zabt etishgan, balki mavjud bo’lgan diniy-falsafiy ta’limotlar, madaniyat, insonparvarlik sohalarida ham yetakchilik qilganlar. O’zlaridan boshqa xalqlarni «varvarlar» deb atagan kalondimog’ qadimxitoy siyosatchilari ham bu jihatdan ularni tan olishga majbur bo’lganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |