Bu muqaddas vatanda azizdir inson.Esse.
Insonlarni, ularning nomi, yodini aziz etgan tabarruk Vatan undan-da azizroq. Dunyoning yarmidan ko‘p azizu avliyosini, shohu sultonini dunyoga keltirgan mo‘tabar zamindir bizning diyorimiz. Zarrasi ko‘zlarga to‘tiyo, g‘ubori oltindan qimmat, har maysasi – ibrat, har boshog‘idan hadis unib chiqquvchi purhikmat tuproq. Bunda qatlam-qatlam ma’rifatu tamaddun, qatlam-qatlam bo‘lib azizu avliyolar yotibdilar. Ko‘hna kitoblarning shahodat berishicha, birgina Samarqand tuprog‘ining o‘zida 400 mingga yaqin valiylaru azizlar xoki o‘z mujassamini topgan. 400 ming bedor, uyg‘oq ruh kechayu kunduz yurt uzra panoh bo‘lib turibdi. Shu sababli, bu manzillarga qadam bosganda qalb ilohiy hayajonlar ila mavjlanadi, tan va ruh beixtiyor jimirlay boshlaydi.Insonning azizligiyu millatning buyukligini, or-nomus va g‘ururni, iftixor bilan sha’nu shavkatni o‘zida mujassam etgan manzilu makonlar, shaharlar va kentlar, binolaru ko‘chalar, yo‘llar va ko‘priklar… Bular bir kundayoq, o‘z-o‘zidan osmondan tushgani yo‘q, albatta. Bular – Istiqlolning, shu davru zamonning inshootlarga, maydonlar, ko‘cha va xiyobonlarga aylangan eskirmas hujjatlari, orzu-maqsadlarimizning Vatan kitobidan mangu maqom topgan sarg‘aymas sahifalari, farzandlarimiz baxti-kelajagining nurlanib turgan timsollari.Ko‘zimiz buyuk o‘zgarishlarga o‘rganib qoldi, yangi qurilishlar va inshootlarga ko‘nika boshladik, bunyodkorlik, fidokorlik elimizning kundalik yumushi, odatiy vazifasi bo‘lib qoldi. Hayotimizda, yon-atrofimiz, viloyat va shaharlarimizda yangiliklar, yangilanishlar shu darajada ko‘pki, natijada biz, endi besh-o‘n yil oldingi oddiy fuqarolar emas, ongi-tafakkuri, tasavvur va dunyoqarashi mutlaqo yangi ma’no kasb etgan, jahoniy qoliplar bilan fikrlaydigan, talabchan, ayni paytda bilimli va zukko insonlar – hozirgi dunyo, davru zamonning ravishu raftori, talab va andozalariga javob beradigan, tushunadigan va anglaydigan haqiqiy zamon kishilariga aylandik. Vatanimizning iqtisodiy-ijtimoiy ko‘lamini ifodalaydigan, ishlarimiz va orzu-maqsadlarimiz zalvorini o‘zida mujassam etgan “Istiqlol inshootlari” degan ibora o‘n yillar oldin yangilik sanalgan bo‘lsa, endilikda bu – hayotimizning kundalik taomiliga aylandi. O‘tgan sermazmun va sur’atli yillar davomida bu inshootlarni bunyod etish barobarida biz ham o‘sdik, orimizga or, g‘ururimizga g‘urur qo‘shilib bordi. Eng buyuk hikmat va natija shundan iboratki, o‘tgan yillar silsilasida o‘zimiz ham yangilanib, shu ko‘priklaru yo‘llar, binolaru muhtasham qo‘rg‘onlar qatorida qalblarimiz ham Istiqlol inshootlariga evrildi. Biz bu binolarni zahmatlarimiz, kuch-quvvatimiz bilan birga qalblarimizni qo‘shib bunyod etdik. Binolarimiz bilan birga qalblarimiz, qalblarimiz bilan birga binolarimiz qad rostladilar.O‘tgan o‘n to‘qqiz yil davomida qurganimiz, bunyod etganimiz, bino qilganimizu barpo etganimiz elu yurtimiz hayotini tom ma’noda o‘zgartirib, xalqaro maydonda, jahon hamjamiyati oldida Vatanimiz nufuzi va obro‘sining yuksalishiga olib keldi. Biz jahonga, jahon bizga qat’iyat va ishonch bilan qarashga, xalqaro siyosiy-iqtisodiy aloqalarda hech bir mamlakatdan qolishmaydigan darajada puxta, saranjom ishlashga o‘rgandik. Olamshumul moliyaviy-iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy anjumanlarning O‘zbekistonda o‘tkazilishi ham buning yana bir yorqin dalilidir.
MT.2/19 guruh talabasi Maxammadjonova Madinaxon.
Do'stlaringiz bilan baham: |