Ayrim metodlarning tavsifi
«Bu bizniki»
«Bu bizniki» usulidan ma’lum mavzular o‘tilgach umumlashtirish, takrorlash, mustahkamlash darslarida foydalanish mumkin.
Bajarilish ketma-ketligi:
O‘quvchilar guruhlarga ajratilib, ularga topshiriq beriladi. Masalan, tilshunoslikning 7-sinfda so‘z turkumlari bo‘limi o‘tib bo‘lingach, o‘quvchilar guruhga ajratiladi va ularning har biriga mos ravishda topshiriq beriladi. 1-guruh “So‘z yasovchilar” 2-guruh “Lug‘aviy shakl yasovchilar” 3-guruh “Aloqa-munosabat shakllari” deb nomlanadi.
Kompyuterga yoki yozuv taxtasiga 150 ta uch xil qo‘shimcha yoziladi. o‘quvchilar o‘zlariga tegishli qo‘shimchalarni guruhlarga ajaratadilar (yoki daftarlariga yozadilar). So‘ng o‘sha qo‘shimchalarga misol va izoh beradilar. Chunki analiz hamda sintez qilish jarayonida qonuniyatlar ochiladi, tushunchalar maydonga keladi. Har qanday mavzuda o‘quvchilar o‘zlariga tegishli vazifani bajarishlariga qarab ularning bilimlari baholanadi.
Yoki “Mustaqil so‘z turkumlari” mavzusini to‘la o‘tib bo‘lgandan so‘ng so‘z turkumlari bo‘yicha quyidagi «Bu bizniki» usuli asosida dars tashkil qilish mumkin.
O‘quvchilar shartli ravishda ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish guruhlariga bo‘linadi va har qaysi guruh o‘ziga tegishli so‘zlarni ko‘chirib, fikrlash asosida butun ichidan qismni ajratadilar.
Har bir o‘quvchi kompyuter ekranida ko‘ringan quyidagi so‘zlarni turkumlarga, ya’ni bo‘laklarga ajratishlari lozim.
Oyoq, kam, keng, dunyo, semirmoq, aytar, yer, shu, zid, go‘zallik, andoza, qalb, mag‘rur, bo‘zlaydi, bir kun, qochdi, ilk, sezsiz, yangi, bor, biror, tez orada, hayiqmoq, bir og‘iz, so‘lkavoy, ikki marta, tantana, mo‘min, kimdir, qani, g‘alati, qaysidir, sal-pal, zamon, yuvosh, uchqur, aylansin, fig‘on, dard, soppa-sog‘, darhol, sezilarli, vasiyat, qadim zamonda, moslashtirmoq, yarim, neki, farovon, kulfat, aytilmagan, bittalab, oltala, nechuk, ikkinchisi, to‘rt, nahot, asrasin, o‘n birinchi, o‘ntadan, beshov, ilmiliq, qayoqqa, noshukrlik, bexosiyat, jamiki, lazzat, yo‘qotadi, mardona...
Yuqoridagilardan har bir guruh o‘ziga tegishli so‘zlarni ko‘chirib oladilar, so‘ngra nima uchun o‘z guruhiga yozganligini izohlab beradilar. Jumladan, olmosh guruhidagilar quyidagilarni ko‘chirib oladilar:
Shu, biror, kimdir, qani, qaysidir, neki, nechuk, jamiki.
So‘ngra nutq o‘stirish hamda o‘quvchilar olgan bilimlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini asoslash maqsadida o‘z guruhiga yozgan so‘zlarni isbotlashlari talab qilinadi. Isbotlash davomida fikrlash qobiliyati rivojlanadi, nutq o‘sadi, xulosalar chiqarishga o‘rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |