Bozor munosobatlari tizimida mehnatni boshqarish
REJA
Mehnatni boshqarish xususiyatlari
Makroiqtisodiy va mikroiqtisodiy darajalarda mehnatni boshqarish
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining mehnatni boshqarishdagi roli
Mehnat — insonning maqsadga muvofiq ijtimoiy foydali faoliyati; eng avvalo tabiat predmetlarini oʻzgartirib, ehtiyojga moslashtirishni bildiradi. Mehnat kishilik jamiyati hayotining asosiy sharti, chunki u tufayli insoniyatning yashashi uchun zarur boʻlgan moddiy va maʼnaviy neʼmatlar yaratiladi.
Mehnatni boshqarish xususiyatlari
Mehnat masalalari millionlab kishilarning hayotiy manfaatlariga taalluqlidir. Ayrim hollarda ularni hal etish jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy realliklarni hisobga olgan holda keng yondashishni talab qiladi. Kimdir xodimlar oldiga maqsad qo‘yishi, topshiriqlarni taqsimlashi, ularning bajarilishini kuzatib borishi, kishilarni qandaydir yo‘l bilan mehnatga undashi va ularning harakatlarini muvofiqlashtirib borishi kerak. Mehnatni boshqarish tabiati, usuli va vositalari ham bunday holatda o‘zgarmay qolmaydi. Iqtisodiyotni rivojlantirishning hozirgi bosqichida mehnat va ijtimoiy mehnat munosabatlariga ta’sir etishning yangi shakl va usullarini qo‘llash zarur. Eng umumiy tarzda boshqarish biron-bir narsaga tartiblashtirish, sifat xususiyatlarini saqlab qolish, takomillashtirish va rivojlantirish maqsadida ta’sir etishni anglatadi.
Mehnatni boshqarish boshqaruv munosabatlarining turlaridan biridir. Mehnatni boshqarishning ob’ektiv zarurati mehnatkooperatsiyasi rivojlanishi jarayonida yuzaga keldi. Bevosita mehnat faoliyati, uning tashkil etilishi, shart-sharoitlari va natijalari, ishchi kuchini tiklash, ijtimoiy mehnat munosabatlari mehnatni boshqarish ob’ektlari hisoblanadi
Mehnat bozorida ham, ishlab chiqarishda ham, ishdan keyin ham kishi bir butunligicha qoladi. Boshqarish amaliyotida bu bilan hisoblashish kerak bo‘ladi. Mehnat omilining boshqa omillar bilan birikmasini emas, balki mehnat munosabati tufayli yuzaga keladigan kishilarning jamiyat va bir-birlari bilan o‘zaro munosabatlarning butun majmuasini boshqarishga to‘g‘ri keladi.
Mehnat bilan chambarchas bog‘langan jarayonlar va munosabatlar doirasi ijtimoiy-mehnat munosabatlarini yuzaga keltiradi. Ijtimoiy-iqtisodiy jarayon va munosabatlarni amalga oshirishda mehnat bilan bog‘liq shart-sharoitlarni amalga oshirish (tashkil etish, haq to‘lash, intizom, mehnat etikasi, mehnat jamoalarining shakllanishi) munosabatlarida ustuvorlik qilinsa, bunday sohani ijtimoiy mehnat sohasi deyish mumkin.
Makroiqtisodiy va mikroiqtisodiy darajalarda mehnatni boshqarish
Mehnatni boshqarishning uch darajasi: xalqaro, davlat va korxona darajasi farqlanadi.
Mehnatni boshqarishning xalqaro darajasi. Xalqaro darajada mehnatni boshqarishni Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) amalga oshiradi. U 1919 yilda ijtimoiy osoyishtalikni o‘rnatish va saqlashga,keskin ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni tadrijiy, tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan edi. XMTni tashkil etishda dastlab 45 ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda uning tarkibida 71 ta davlat bor va ularda dunyo aholisining 98 foizi yashaydi. Har bir qatnashuvchi davlatdan XMTga hukumat hamda mehnatkashlar va tadbirkorlar tashkilotlarining vakillari kiradi.
Davlat darajasida mehnatni boshqarish.Har bir mamlakatda mehnatni boshqarish uchun o‘z umumdavlat organlari tizimi tashkil qilinadi. Ushbu organlarning nomi va tuzilmasi vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turishi mumkin. Lekin har qanday tsivilizatsiyali davlat mehnat, ish bilan bandlik va ijtimoiy siyosat masalalari, xususan, mehnat sharoitlari, ishlar va xodimlar tarifikatsiyasi, byudjet sohasidagi mehnatga haq to‘lashdagi razryadlararo nisbatlar, ish bilan bandlikni boshqarish, ish beruvchilar va yollanma xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tashkil etish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar ishlab chiqadi.
Korxona darajasida mehnatni boshqarish.Miqyosi va faoliyat sohasidan qat’i nazar, har bir korxonada mehnatni boshqarish amalga oshiriladi. Bu jihatdan korxonalar o‘rtasidagi tafovut faqat boshqarish ahamiyatliligining darajasi, mazmunining to‘liqligi, faoliyat natijalariga erishish uchun maqsadlar qo‘yilishi, boshqarish ob’ektlari va funktsiyalarini aniqlashdan iborat bo‘ladi.
. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining mehnatni boshqarishdagi roli
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari mamlakatda mehnat munosabatlarini boshqarish, ishsizlarni ishga joylashtirish, ularning hisobini yuritish va mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlatning vakolatli organi hisoblanib, bu borada O‘zbekiston Respublikasining «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq quyidagilarni amalga oshiradi:
mehnat bozorini tahlil etadi, istiqbolini belgilaydi va aholini ish bilan ta’minlash darajasini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
aholini ish bilan ta’minlash masalalari yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi;
Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasi mablag‘laridan ishsiz shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yangi ish joylari yaratish, ish bilan band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish uchun foydalanishning yo‘nalishlarini belgilaydi;
aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;
fuqarolarga maqbul keladigan ishni tanlashda, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga esa zarur xodimlarni tanlashda yordam beradi;
mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolar va ish beruvchilarga ish topish va ishchi kuchi bilan ta’minlanish imkoniyatlari to‘g‘risida, xodimlarga nisbatan qo‘yilayotgan talablar haqida va ish bilan ta’minlashga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar beradi;
ishlamayotgan fuqarolarni kasbga o‘rgatish, qayta o‘rgatish va malakasini oshirish to‘g‘risida o‘quv yurtlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi;
ishsiz shaxslarni ro‘yxatga olishni ta’minlaydi va ularga yordam ko‘rsatadi, shu jumladan nafaqalar tayinlash va to‘lashni amalga oshiradi;
mehnat bozorining holati va mazkur bozorni rivojlantirish istiqbollariga baho beradi, uning monitoringini tashkil etadi va o‘tkazadi hamda tegishli axborot tarqatilishini ta’minlaydi;
bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) hamda ish qidirib murojaat etayotgan va ishga joylashishga muhtoj fuqarolar hisobini yuritadi
Do'stlaringiz bilan baham: |