2010 2011 2012 2013 2014 2015 2016
Talab va taklifning mos kelishi, bozor muvozanati. Talab va taklif bozorning ikki tomoni sifatida har xil omillar ta’sirida o‘zgarib turadi, ularning bog‘lanishi narx orqali bo‘ladi. Talab va taklifning mos kelishi bozor iqtisodiyotining eng muhim talabidir. Shunday sharoitda iqtisodiy o‘sish yuz beradi.
Talab bilan taklif egri chiziqlari kesishgan nuqta umumiqtisodiy muvozanatni ifodalaydi. Makroiqtisodiy muvozanatga erishish har bir mamlakat iqtisodiyotining markaziy muammosidir.
Jamiyat yashar ekan, albatta talab bilan taklif o‘zgarib turadi. Omillarning o‘zgarishi natijasida talab va taklif egri chizig‘i siljiydi, natijada yangi muvozanat o‘rnatiladi.
Muvozanatni ta’minlashning ikki varianti mavjud.
Ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirmay narxni ko‘tarish.
Mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish.
Agar firmalar ikkinchi variantni tanlasa, mahsulot ishlab chiqarish ko‘payadi. Ishlab chiqarish xarajatlari ham o‘sadi.
Shuning uchun, muvozanatlikka erishish uchun narx mexanizmidan foydalangan holda talab bilan taklif o‘rtasidagi nisbatni o‘zgartirish taqozo etiladi, shu asosda bozor muvozanati kelib chiqadi.
Narx iste’molchilar uchun ham, ishlab chiqaruvchilar uchun ham bozordagi sharoit haqida axborot beruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Narxlar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘z xususiy manfaatini ko‘zlab tanlangan ishlab chiqarish xarajatlarni solishtirib ko‘rishda vosita vazifasini o‘taydi. Narxlar orqali son-sonoqsiz individual iqtisodiy sarflari ham umumlashadi va muvozanatlashadi.
Demak,, narx yuqori bo‘lganda talab qisqarishi, ya’ni taklif talabdan ancha ortiqcha bo‘lishi va aksincha, narx past bo‘lganda talab taklifdan ko‘p bo‘lishi bozor uchun tabiiy bir holdir. Talab, taklif narxning va xarid qobiliyatining o‘zgarishiga qarab tebranib turadi.
Bu harakat talab bilan taklif tenglashguncha davom etaveradi. Tenglashish yuz bergach, taklif va talab miqdori va tarkibi bir-biriga mos tushadi. Albatta bunday holat bozor muvozanatini tashkil qiladi. Ma’lumki, tovarlar dunyosi g‘oyat boy bo‘lib, tovarlar bozori o‘zaro bog‘liq qismlardan iborat. Bir yerda muvozanat bor yoki yo‘qligi turli xildagi tovarlar narxinig nisbati o‘zgarishi yoki o‘zgarmasligi bilan belgilanadi.
Masalan, bugun bozorda 1200 so‘mga 1kg kartoshka, 500 so‘mga 1kg sabzi, 600 so‘mga 1kg piyoz sotilgan bo‘lsa, bir oydan so‘ng ular narxi 20% ga oshsa bunday holda taklif va talab ham o‘zgarishi mumkin. Chunki xaridor bu mahsulotlarni kamroq xarid qilib borishiga to‘g‘ri keladi.
Tovarlar narxining o‘zgarishi bozor muvozanatining mos bo‘lmasligiga olib keladi. Yil davomida ayrim tovarlarga bo‘lgan talab va taklifning mos bo‘lmasligi muqarrar. Chunki ehtiyojning yuksakligi oqibatida yangi talab paydo bo‘ladi va u darhol qondirilmaydi. Ma’lum vaqt o‘tishi bilan talab bilan taklif bir-biriga yaqinlashib boradi.
Oziq-ovqat tovarlarini olsak, sovuq qish tufayli bozorda meva –sabzavot mahsulotlari narxning o‘sishi, hamda shakar narxining ortishi talab va taklifga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ichki bozorda bu mahsulotlarga bo‘lgan talab va taklif o‘zgarib boradi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, bozor muvozanati bozordagi talab va taklifning ham miqdor, ham tarkibiy jihatdan bir-biriga muvofiq kelishidir. Agar shunday muvofiqlik bo‘lmasa bozor muvozanati izdan chiqqan bo‘ladi. Talab va taklif uzoq vaqt bir-biridan ajralib qolsa, bozor o‘zining me’yoridagi holatini, qiyofasini yo‘qotadi.
Bozor muvozanati xususiy va umumiy bozor muvozanatlariga bo‘linadi.
Xulosa
1. Talab xaridorlarning bozordagi tovarlarni muayyan narxda xarid etishga shay bo‘lishlaridir. Talab asosida ehtiyoj yotadi, lekin buni bozorda talabga aylanishi uchun xaridorning tovarlarni sotib olishga puli yetarli bo‘lishi kerak. Aks holda ehtiyoj talab hosil etmaydi. Ayrim xaridorning talabi individual talab bo‘lsa, jami xaridorlarning talabi bozor talabi bo‘ladi.
2. Talabga ta’sir etuvchi omillar uch guruhga ajraladi: a) narxlar. Bu muayyan paytdagi aniq bir tovar narxi, o‘rinbosar tovarlar narxi va o‘zgarishi kutiladigan narxlar. Bular talabni oshirishi yoki qisqartirishi mumkin; b) xaridorning pul daromadi yoki xarid qurbi. Narx o‘zgarmagan holda daromad oshsa, talab ko‘payadi, aksi bo‘lsa talab kamayadi; c) xaridorning qaysi tovarni afzal ko‘rishi, bu uning didiga va xohishiga bog‘liq. Narx va daromadni xaridor o‘z bilganicha o‘zgartira olmaydi, lekin ularni nazarda tutgan holda xaridor o‘zi afzal ko‘rgan tovarga talab bildiradi.
3. Talab qonuni – bozor qonuni. Unga binoan tovarlarga talab ularning narxiga nisbatan teskari mutanosiblikda bo‘ladi. Bu qonunning naqadar amal qilishini talabning narxiga bog‘liq elastikligi, ya’ni narx o‘zgarishiga javoban talabning qanday darajada o‘zgarishi ifoda etadi. Bozorga elastik talab xos bo‘ladi, bunda narx o‘zgarishiga nisbatan talab ko‘proq o‘zgaradi.
4. Narxdan tashqari talabga xaridor daromadlari ham ta’sir etadi, biroq buni talab qonuni ifoda etmaydi. Daromadning talabga ta’siri uning samarasi bo‘ladi. Narx o‘zgarmagan sharoitda talab daromadga nisbatan to‘g‘ri mutanosiblikda bo‘ladi. Talabning daromadga bog‘liq elastikligi ham borki, bunda talab daromaddan jadalroq o‘zgaradi.
5. Talabni tovarning qadr-qiymati ham belgilaydi, bu esa Tovar nafliligining uning narxiga nisbatan qiyoslanishidir. Naflilik tovarning ehtiyojni qondira olish xususiyati bo‘lib, buni xaridorlar subyektiv baholaydilar. Shunga ko‘ra tovarni afzal ko‘rish paydo bo‘ladiki, bu ham talabni yuzaga chiqaradi. Iqtisodiyotda marginal (cheklangan) naflilik qonuni amal qiladi, unga binoan bozordagi talab qondirilgan sari so‘nggi qo‘shimcha tovarlar nafliligi pasayib boradi. Naflilikning pasayishi talabni qisqartiradi, bozor talabiga javob berish uchun nafliligi yuqori tovarlarni ishlab chiqarishga o‘tish zarur bo‘ladi.
6. Talabga taklif peshvoz chiqadi. Tovarlar taklifi – bu muayyan narx amal qilganda tovarni sotish uchun bozorga qo‘yilishidir. Muayyan tovarni ayrim ishlab chiqaruvchining taklif etishi bu individual taklifdir. Ana shunday tovarni barcha ishlab chiqaruvchilar taklif etishi bozor taklifi hisoblanadi.
7. Bozorda taklif qonuni ham amal qiladi, unga binoan taklif narxga nisbatan to‘g‘ri mutanosiblikda bo‘ladi. Mazkur qonunning amal qilishini taklif elastikligi, ya’ni taklifning narxga javoban naqadar o‘zgarishi bildiradi. Bozorga elastik taklif xos bo‘ladi, bu taklifning narxga nisbatan tezroq o‘zgarishini bildiradi.
8. Taklifga sotishga qo‘yilgan tovarlar narxidan tashqari boshqa omillar ham ta’sir etadi, lekin buni taklif qonuni taqozo etmaydi. Bular jumlasiga resurslar narxi, ishlab chiqarish texnologiyasi, davlat ishlab chiqaruvchilardan oladigan soliq va ularga beradigan subsidiyalar (yordam puli), narxlarning o‘zgarish ehtimoli, o‘zga tovarlar narxi, qo‘shimcha resurslar va ishlab chiqarish quvvatlarining bo‘lish yoki bo‘lmasligi kiradi. Mazkur omillar taklifga turli yo‘nalishda va har xil kuch bilan ta’sir etadi va shunga bog‘liq holda taklif o‘zgaradi.
9. Ehtiyojlarning o‘z vaqtida qondirilmasligi iste’molchilarni stress (tushkunlik)ga soladi. Oqibatda salbiy hodisalar (o‘g‘rilik, bosqinchilik kabi jinoyatlar) kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |