Bozor iqtisodiyoti sharoitida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy barqarorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq korxona iqtisodiy va moliyaviy jihatdan nochor ahvolga tushib qolsa, u bankrot bo‘lishi tabiiy holdir. Bankrot deb e’tirof etish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 24 aprelda qabul qilingan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunida belgilab berilgan. Ushbu qonun normalari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan korxona-tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bankrotlik haqida so‘z yuritilar ekan, eng avvalo ushbu tushunchaning mazmun-mohiyatiga to‘xtalsak. “Bankrotlik” o‘zi nima? Qanday ma’nolarga ega? Qaerdan paydo bo‘lgan?
Bankrotlik atamasi qadimgi Italiyada paydo bo‘lgan, italyanchada «banca» – kursi, o‘rindiq va «rota» – singan, ya’ni “singan kursi” degan ma’noni anglatadi. Shimoliy Italiyaning savdo shaharlari – Genuya va Venetsiyada barcha bitimlar maxsus qurilgan binolarda amalga oshirilgan. Har qaysi urug‘, oila savdo uylarida yog‘ochdan yasalgan kursiga ega bo‘lib, urug‘ boshlig‘i yoki uning vakili o‘sha kursida o‘tirib o‘z bitimlarini tuzgan. Bordi-yu, urug‘ boshlig‘i o‘zining moliyaviy majburiyatlarini bajara olmasa yoki nochor ahvolga tushib qolsa, uning kursisi xalqning ko‘z oldida sindirilgan. Shu tufayli urug‘ boshliqlari o‘zlarini bankrot deb bilganlar.
Yurtimizda bankrotlik atamisi ilk marotaba Fuqarolik kodeksida o‘z aksini topdi. Xususan, Fuqarolik kodeksining 26- va 57-moddalarida yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorning bankrotligi to‘g‘risidagi norma belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, bankrotlik institutini tartibga soluvchi asosiy normativ huquqiy hujjat O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunidir. Ushbu qonun uch bosqichni bosib o‘tib, yangi tahrirda qabul qilingan.
Mamlakatimizda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga ko‘ra, bankrotlik deganda xo‘jalik sudi tomonidan e’tirof etilgan qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini 3 oy davomida bajarmasligi tushuniladi.
Yuridik adabiyotlarda “bankrotlik” va “iqtisodiy nochorlik” atamalari o‘rtasidagi farq yuzasidan bir qancha olimlarning bahs-munozaralari hamon davom etib kelmoqda. Bir guruh olimlar “iqtisodiy nochorlik” va “bankrotlik” tushunchalari bir xil ma’noni anglatadi desalar, boshqalari ushbu tushunchalar o‘rtasidagi farqlanishi kerak bo‘lgan holatlarni keltirib o‘tishgan.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida “bankrotlik” va “iqtisodiy nochorlik” tushunchalariga o‘zaro bir-biriga muvofiq keladigan huquqiy terminlar sifatida qaralgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston hamda Rossiyaning bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ham shunday holatni kuzatish mumkin. Armanistonning bankrotlik to‘g‘risidagi qonunida “iqtisodiy nochorlik” tushunchasi umuman qo‘llanmagan, bankrotlik esa to‘lovga layoqatsizlik tushunchasiga tenglashtirilgan. Moldova qonunchiligida esa aksincha, “bankrotlik” tushunchasi o‘rniga “nochorlik” so‘zi qo‘llangan.
Bankrotlik va iqtisodiy nochorlik bir xil ma’noga ega tushunchalarga o‘xshasa-da, qonun hujjatlarining deyarli barchasida korxona sud tomonidan yoki belgilangan qonunchilik asosida qaror qabul qilingandan so‘ng bankrot hisoblanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Iqtisodiy nochorlikning yuzaga kelishi uchun sudning qarori yoki tegishli qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilishi shart emas. Negaki, kreditorlar va byudjet oldidagi qarzlarini to‘lashga imkoniyati yo‘qligining o‘zi iqtisodiy nochorlikni anglatadi.
O‘zbekistonning “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunchiligida “bankrotlik” va “iqtisodiy nochorlik” tushunchalari bir xil ma’no kasb etishi ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur yondashuvni unchalik to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Shunga asosan rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgangan holda qonunchiligimizga “iqtisodiy nochorlik” va “bankrotlik” atamalari mohiyatini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq. Bu o‘rinda qarzdor korxonaning sudgacha bo‘lgan ahvolini nochor so‘zi bilan ifodalab, xo‘jalik sudi qarori bilan korxona bankrot, deb e’tirof etilgan bo‘lsa, qarzdor korxonaning bankrot deb topilishini ajratib ifodalash lozim. “Iqtisodiy nochorlik” atamasi keng mazmun kasb etib, muayyan bir korxona nafaqat bankrotlik ish yurituvi, balki o‘z faoliyati davomida to‘lov qobiliyatini yo‘qotib, iqtisodiy nochorlikka yuz tutishi mumkin. “Bankrot” atamasi esa faqat sudning hal qiluv qaroridan so‘ng korxonaga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Korxonaning sud tomonidan bankrot deb topilishidan asosiy maqsad kreditorlar talablarini qanoatlantirgan holda, korxonani tugatishdan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari, “bankrotlik” atamasi nochorlikning jinoiy-huquqiy tomonini ham o‘zida aks ettiradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasidagi bankrotlik tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilishi lozim:
“Bankrotlik qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligining xo‘jalik sudi tomonidan e’tirof etilishidir. Iqtisodiy nochorlik – qarzdorning o‘z majburiyatini to‘lay olmaslik holati”.
O‘zbekistonning bankrotlik to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra faqat iqtisodiy nochorlikka tushgan yuridik shaxslar va yakkatartibdagi tadbirkorlar bankrot deb topilishi mumkin. O‘z navbatida, ular xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishlari shart. Jismoniy shaxslar, agar yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega bo‘lmasalar, bankrot deb topilishi mumkin emas.
Bankrotlik alomatlarini aniqlashda qonunchilikda kreditor talabining quyidagi ikki belgisi keltirilgan bo‘lib, birinchi belgisi – qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha, ikkinchi belgisi – majburiy to‘lovlar bo‘yicha (soliq, yig‘im, bojlarni to‘lash bo‘yicha) talabi belgilangan. Qolgan boshqa talablarning bajarilmasligi korxona yoki tadbirkorning bankrot deb topilishiga asos bo‘lmaydi.
Qonunchilikka muvofiq bankrotlik alomatlarini aniqlashda kreditor talablaridan biri bo‘lgan pul majburiyati qarzdorning ish bajarishi, xizmat ko‘rsatishi yoki tovarni topshirishi emas, balki pul summasini to‘lash majburiyati hisoblanadi. Ikkinchi belgisi esa majburiyatlarning faqat Fuqarolik kodeksiga asoslangan bo‘lishidir. Korxonaning o‘z vaqtida ishchilariga ish haqini to‘lay olmasligi oqibatida korxona bankrot deb topilmaydi. Chunki mehnat haqi bo‘yicha kelib chiqqan majburiyat Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi. Shu sababli ushbu majburiyat pul majburiyati hisoblanmaydi. Fikrimizcha, “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasidagi pul majburiyatiga berilgan ta’rif quyidagicha bayon etilishi lozim:
“Pul majburiyatlari – qarzdorning fuqarolik-huquqiy shartnomasi bo‘yicha hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra kreditorga muayyan pul summasini to‘lash majburiyati”. Aynan shunday ta’rif Rossiya Federatsiyasining yangi tahrirdagi “Nochorlik (bankrotlik) to‘g‘risidagi” qonunida ham berilgan.
Xulosa qilib aytganda, mazkur sohadagi qonunchilikning takomillashtirilishi, mazmun-mohiyatiga ko‘ra iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan tadbirkorga yordam berishni, uning iqtisodini sog‘lomlashtirish choralarini qo‘llashni ko‘zlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |