6-chizma. Ishchi kuchi resurslari tarkibida ro‘y beruvchi o‘zgarishlar.
Bu chizmada ishchi kuchi resurslari 3 guruhga ajratilgan: a) ishlovchilar (ish bilan bandlar – N); b) ishlamaydiganlar, biroq faol tarzda ish qidiruvchilar (ishsizlar - U); v) ishlamaydiganlar hamda ish qidirmayotganlar (N). Mehnat resurslarining doimiy ravishda bir guruhdan boshqa biriga o‘tib turishi quyidagi yo‘nalishlar orqali ifodalanadi:
1 – o‘z mehnat faoliyatini to‘xtatmasdan ish joyini o‘zgartirganlar;
2 – o‘z ish joyini o‘zgartirish maqsadida ishdan bo‘shagan, biroq darhol yangi ish topa olmaganlar;
3 – yangi ish bilan ta’minlangan ishsizlar;
4 – ish qidirishdan voz kechib, ixtiyoriy ravishda ishlamaydiganlar tarkibiga qo‘shilganlar;
5 – ixiyoriy ravishdagi ishlamayotganlarda ishlash istagi paydo bo‘lgan, biroq darhol ishga joylasha olmaganlar;
6 - ixiyoriy ravishdagi ishlamayotganlarda ishlash istagi paydo bo‘lgan hamda darhol ishga joylashganlar;
7 – ishlash istagidan voz kechib, ixtiyoriy ravishda ishlamayotganlar tarkibiga qo‘shilganlar.
Bozor munosabatlariga o‘tish davrida davlatning ijtimoiy siyosati faqat jamiyat a’zolarining manfaatlarini ishonchli ravishda himoya qilishdangina iborat bo‘lmasdan, balki mehnatga yaroqli aholining ish bilan bandligini ta’minlashni ham o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, aholining o‘sishi Yuqori sur’atlar bilan borayotgan va o‘ziga xos aholi tarkibiga ega bo‘lgan bizning Respublikada ish bilan bandlik masalasi eng muhim muammolardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy islohotlar davrida ushbu masalani hal etish uchun respublikada bir qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Birinchidan, keng faoliyat turlari, Shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlikni kengaytirish uchun sharoit yaratish. Birinchi navbatda qishloq xo‘jalik xom ashyosini qayta ishlash, xalq iste’mol mollarini, mahalliy xom ashyodan qurilish materialllari tayyorlovchi xususiy kichik korxonalarni faol rivojlantirishni rag‘batlantirish.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlab o‘tganlaridek «...kichik, o‘rta va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishda nafaqat hal qiluvchi mavqe egallashi, ayni vaqtda uning aholi farovonligi va daromadlari ortishida, ishsizlik muammosini echishda ham muhim omilga aylanishiga erishmog‘imiz lozim»1.
Respublikada bu sohada ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida hozirgi kunda xususiy tadbirkorlar soni 3,5 mln. dan ortiq kishini tashkil qiladi. Ish bilan band bo‘lganlarning umumiy sonida kichik va o‘rta biznesda mashg‘ul bo‘lganlar ulushi 46,7%ga teng bo‘lib, ularning 1,8 foizi o‘rta, 5,8 foizi kichik va 39,1 foizi xususiy korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2004 yilda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 425 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Bu 2003 yilga nisbatan 14 foiz ko‘p, demakdir. Kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ortdi va 2004 yilda 35,6 foizni tashkil etdi. Biz 2007 yilga kelib, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini kamida 45 foizga etkazish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz.60
Respublikada davlat tomonidan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlarning amalga oshirilishi natijasida 2005 yilgacha bo‘lgan davr davomida qo‘shimcha 1215 ming kishini ish faoliyatiga jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Agar 1999 yilda kichik va o‘rta biznesda band bo‘lganlar sonining 5,2% ortishi aholi real daromadlari qo‘shimcha o‘sishining 1/5 qismidan ko‘prog‘ini (23,2%) ta’minlagan bo‘lsa, 2005 yilda bu sohada band bo‘lganlar sonini 1,2 mln. kishiga oshirish, ular daromadlaridagi qo‘shimcha o‘sishning teng yarmini berishi mumkin.
Ikkinchidan, xizmat sohasini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy-maishiy xizmat va qurilish bo‘yicha xizmat turlarini ancha kengaytirish. Bunda ham qishloq joylarda xizmat sohasini rivojlantirishga ustunlik beriladi.
Respublikada 2004 yilda aholiga pullik xizmat ko‘rsatish hajmi 1226,4 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Uning 43,7 foizi davlat va 56,3 foizi nodavlat mulkchiligidagi korxonalar tomonidan amalga oshirildi. Xususiy korxonalar ulushiga ko‘rsatilgan xizmatlarning 36,1 foizi to‘g‘ri keladi.
Qishloq joylarda aholiga ko‘rsatilgan pullik xizmatlarning salmog‘i 21,0 foizga teng bo‘lib, ularning deyarli 85,0 foizi uy-joy va kommunal xo‘jaligi, yo‘lovchi transporti va maishiy xizmat sohalariga to‘g‘ri keladi.
Uchinchidan, qishloqda keng tarmoqli ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratib, Shu orqali yangi ish joylarini ochish, yangi ishlab chiqarishlarni vujudga keltirish.
Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Respublikada qishloq ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar uzluksiz davom ettirilmoqda.
To‘rtinchidan, ishdan bo‘shagan xodimlarni qayta tayyorlash va qayta o‘qitishni tashkil etishni tubdan o‘zgartirish. Bunda ishdan bo‘shayotgan va ixtisosi bo‘lmagan shaxslarga qisqa davrda, bozor iqtisodiyotiga hamda iqtisodiyotning o‘zgarib borayotgan tuzilishiga muvofiq keluvchi kasbkorni o‘rgatishga e’tibor qaratish. Shu maqsadda maxsus maslahat va o‘quv markazlari, biznes maktablarning keng tarmog‘ini yanada rivojlantirish ko‘zda tutiladi.
Beshinchidan, vaqtincha ishga joylashtirish imkoni bo‘lmagan mehnatga yaroqli aholini davlat tomonidan ishonchli ravishda ijtimoiy himoyalash. Bu siyosat ularning o‘ta zarur ehtiyojlarini qondirish va kafolatli tirikchilik manbalariga ega bo‘lishga qaratiladi.
Ishchi kuchining ish bilan bandligi muammosi ko‘p qirrali bo‘lib, u barcha odamlarga o‘z qobiliyatlarini ishga solish, o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun dastlabki teng imkoniyatlarni ta’minlovchi davlat va bozor mexanizimini vujudga keltirish; ishchi kuchini unumli va samarali ish bilan band qilish; zarur hollarda ishchi kuchini iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari o‘rtasida qayta taqsimlash kabi masalalarni ham o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |