Boshskeletsizlar kenja tipi 30-35 taga yaqin turlardan iborat yagona Xordaboshlilar sinfini o’z ichiga oladi. Lantsetniklar Atlantika, Tinch va Hind okeanlari va ular bilan bog’liq bo’lgan iliq suvli dengizlarda, shu jumladan Qora dengizda keng tarqalgan. Lantsetniklar odatda sohil yaqinida suv tubida hayot kechiradi.
Lantsetniklarni birinchi marta P.S. Pallas 1774 yilda tasvirlab bergan. Lekin olim uni mollyuskalar tipiga kiritgan edi. Keyinchalik zoologlar lantsetnikni baliqlar sinfiga kiritishgan. Faqat atoqli rus olimi, embriolog A.O. Kovalevskiy lantsetnikni haqiqiy xordali hayvon ekanligini va u lichinka xordalilar bilan umurtqalilar o’rtasida turuvchi oraliq hayvon bo’lishini ko’rsatib berdi.
Xordaboshlilar sinfi lantsetniklar (Branchiostoma) va simmetriyasizlar (Asymmetrion) urug’larini o’z ichiga oladi. Keyingi urug’ vakillarining tanasi asimmetrik tuzilishga ega. Ularning kattaligi 5 sm. ga yaqin bo’lib, jinsiy bezlari tanasining o’ng tomonida joylashganligi va suzgich qanotlarining tuzilishi bilan haqiqiy lantsetniklardan farq qiladi.
Boshqutisizlar orasida lantsetnik (Amphioxus lanceolatus) yaxshi o’rganilgan. Quyida lantsetnikning tuzilishi va hayot kechirishiga tavsif beriladi. Lantsetniklar uzunligi 8 sm.gacha keladigan hayvon bo’lib, dengizning sayoz qismida qumga ko’milib hayot kechiradi. Qumdan hayvonning faqat oldingi qismi chiqib turadi. U suv yuzasidan suv tubiga cho’kayotgan mayda organik qoldiqlar bilan oziqlanadi.
Lantsetnikni bosh qismi rivojlanmagan, cho’ziq tanasi ikki yon tomondan siqilgan, oldingi va keyingi tomonlari ingichkalashgan bo’ladi. Tanasining orqa tomoni bo’ylab uncha baland bo’lmagan orqa suzgichi o’tadi. Tanasining keyingi qismida jarrohlik asbobi -lantsetga o’xshab ketadigan dum suzgichi joylashgan. Ana shu sababdan bu hayvon lantsetnik nomini olgan. Lantsetnik tanasi keyingi qismining qorin tomoni bo’ylab juft qorin suzgichlari joylashgan. Orqa, dum va qorin suzgichlari teri burmalaridan hosil bo’lgan.
Lantsetnik tanasi oqish tusda, pigmentsiz shaffof terisi bir qavat joylashgan epiteliy hujayralaridan iborat. Epiteliy ostida yupqa biriktiruvchi to’qima qavati joylashgan. Skeleti tanasi bo’ylab joylashgan tarang tortilgan ipga o’xshash xordadan iborat. Xorda o’q skeleti hisoblanadi. Lantsetnik muskullari tasmaga o’xshab tanasining ikki yoni bo’ylab joylashgan. Muskul tasmalari biriktiruvchi to’qimadan iborat yupqa to’siqlar-mioseptalar yordamida qator bo’lib joylashgan miomerlar (segmentlar)ga ajralgan.
Lantsetnikning qon aylanish sistemasi boshqa xordali hayvonlar singari yopiq bo’lib, ikkita yirik orqa va qorin qon tomirlari hamda ulardan ketuvchi kichikroq tomirlardan iborat, yuragi yo’q. Karbonat angidrid bilan to’yingan qon butun tanadan qorin qon tomiriga yig’iladi va undan tananing oldingi tomoniga oqadi. Qorin qon tomiridan jabralarga juda ko’p mayda qon tomirlari keladi. Jabralarda sodir bo’ladigan gaz almashinuvi tufayli qon kislorod bilan boyiydi. Bu qon jabralardan ikkita orqa qon tomirga oqib chiqadi. Bu tomirlar halqumdan o’tgach umumiy bitta tomirga birlashadi. Qon orqa tomirlardan boshlanadigan mayda tomirlar orqali tanadagi barcha organlarga tarqaladi.
Lantsetnik halqumi devorida juda ko’p jabra teshiklari bor. Bu teshiklarning devori juda mayda kapillyarlar bilan ta’minlangan. Jabra teshiklari maxsus jabraoldi bo’shlig’iga, bu bo’shliq esa qorin tomonidan tashqariga ochiladi. Ayirish organlari metanefridiylarga o’xshash bo’lib, jabralar bo’ylab metamer joylashgan. Og’zi paypaslagichlar bilan o’ralgan bo’lib, og’iz bo’shlig’iga ochiladi. Undan keyin joylashgan halqumning qorin tomonida endostil deb ataladigan uzun tarnovcha bo’ladi. Endostil hujayralari shilimshiq ishlab chiqaradi. Kiprikchalarning harakati tufayli organik qoldiqlar va mayda organizmlar halqumga tushadi. Oziq zarralari endostil ajratib chiqaradigan shilimshiqqa yopishib qoladi va o’rta ichakka o’tib hazm bo’ladi. o’rta ichakning oldingi tomoniga qarab ketgan o’simtasi jigar funktsiyasini bajaradi. Anal teshigi qorin bo’limining keyingi qismida joylashgan.
Markaziy nerv sistemasi tananing orqa tomonida xorda ustida joylashgan uzun naydan iborat. Nerv nayining oldingi tomoni biroz kengaygan, uning ichki qismi bo’ylab tor tirqish o’tadi. Naydan juda ko’p nervlar chiqadi. Ulardan tananing oldingi qismiga ketgan ikki jufti bosh nervlar deb ataladi. Sezgi organlari juda sodda tuzilgan. Haqiqiy ko’zlar bo’lmaydi. Nerv nayi bo’ylab tarqoq joylashgan juda ko’p qora pigmentlar- Gesse ko’zchalari orqali hayvon yorug’likni sezadi.
Boshskeletsizlar ayrim jinsli hayvonlar. Ko’payish organlari jabraoldi bo’shlig’ining yon tomonida joylashgan ko’p sonli juft jinsiy bezlardan iborat. Yetilgan jinsiy hujayralari jabraoldi bo’shlig’iga, undan esa suvga tushadi. Tuxumlar suvda urug’lanadi. Lantsetnikning embrional rivojlanishini A.O. Kovalevskiy batafsil o’rganib chiqqan. Embrional rivojlanishining dastlabki davrlari, xususan tuxumning maydalanishi, blastula va gastrulaning hosil bo’lishi ignaterililar va boshqa umurtqasizlarga o’xshab ketadi.
Boshskeletsizlarning ajdodlari to’g’risida aniq ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan, chunki ular nozik gavdali va kichkina bo’lib, qoldiqlari qazilma holda saqlanmagan. Shunga qaramasdan, akademik A.O. Kovalevskiy va A.N. Severtsovlarning solishtirma anatomiya va embriologiya sohasidagi tekshirishlari lantsetniklarning qadimgi ajdodlari suvda erkin suzib yuruvchi ikki tomonlama simmetriyali hayvonlar bo’lgan degan xulosaga kelishadi. Bu hayvonlarning muskullari gavdasining boshidan-oyog’igacha segmentlangan, jabraoldi bo’shlig’i bo’lmagan, xordasi boshigacha yetib bormagan, jabra yoriqlari oz, ya’ni 17-20-tacha bo’lgan va to’g’ridan-to’g’ri tashqariga ochilib turgan deb taxmin qilingan. A.N. Severtsovning fikricha, bu boshlang’ich boshskeletsizlardan 2 ta shoxcha chiqqan. Bitta shoxcha suvda erkin suzib yuruvchi hayvonlar singari taraqqiy etavergan va umurtqalilarni paydo qilgan. Ikkinchi shoxcha vakillari suv tubida hayot kechirishga o’tib, chap tomoni bilan yotishga layoqatlanib qolgan. Keyinchalik, suv tubidagi qumga ko’milib yashashga moslashishi orqasida lantsetnikning ajdodlari paydo bo’lgan. Ularda jabra yoriqlarini ifloslanishdan saqlaydigan jabraoldi bo’shliq- atrial taraqqiy etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |