Boshqaruv psixologiyasi boshqaruv maqsadi va vazifalarni amalga oshirish davomida boshqaruv sub‘yekti va
ob‘yekti o‘rtasida yuzaga keluvchi munosabatni talqin etadi. Mazkur munosabat tizimining tashkiliy qismlari o‘zaro
itoatdaligi bilan xarakterlanadi. Tizim ichida amal qiluvchi itoat tamoyili boshqaruv psixologiysi fanida subordinasiya
deb ataladi va bu ibora orqali tizimning markazlashganligi nazarda tutiladi. Subordinasiyadan kelib chiquvchi
munosabatlar tashkilot xodimlari xulqida itoat va ijro etish shakllarini nazarda tutadi. Ammo, boshqaruv amaliyoti
nafaqat rahbariyat va itoatdagi xodimlar munosabati, balki bir darajada turuvchi va toifasi jihatidan barobar
tashkilot a‘zolari o‘rtasidagi munosabatlarni ham o‘rganadi.
Tizimning bunday qismlari o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro muvofiqlashtirish, ular o‘rtasidagi hamjihatlik
shakllarini yanada mukammallashtirish koordinasiya tadbirlarida namoyon bo‘ladi.
Boshqaruvdagi subordinasiya va kordinasiya munosabatlari tashkilot miqyosidagi vertikal va gorizontal aloqalarni
ajratish zaruratini tug‘diradi. Demak,
vertikal aloqalar o‘zaro itoatdagi xodimlar o‘rtasida yuzaga keluvchi
munosabatlardan iborat bo‘lsa, gorizontal aloqalar o‘zaro koordinasiyani, ya‘ni tizimning teng va mustaqil qismlari
o‘rtasidagi munosabatlarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, boshqaruv munosabatlari o‘zining rasmiy va norasmiy ko‘rinishiga ham ega.
Rasmiy munosabatlar xizmat majburiyatlariga asoslanadi, norasmiy munosabatlar esa tashkilot miqyosida xizmat
qiluvchi xodimlar o‘rtasidagi
ixtiyoriylik va o‘zaro xohishga tayanadi. Shu munosabat bilan, boshqaruv psixologiyasinig asosiy vazifalaridan biri
yuqorida ta‘kidlangan munosabatlarni
yanada mukammallashtirishdan iboratdir.
Boshqaruv psixologiyasining boshqa turkum vazifalari boshqaruv
metodlarini shakllantirish bo‘lib, ushbu tadbir tashkilotning samarali faoliyatini ta‘minlash maqsadidagi ta‘sir etish
imkoniyatlarini ishlab chiqishdan iboratdir. Tashkilot personaliga ta‘sir etish uslublarini uch guruhga bo‘lamiz:
ma‘muriy, moddiy va ma‘naviy shakllarda ta‘sir etish. Bularning har birida ma‘lum psixologik mazmun namoyon
bo‘ladi va boshqaruv psixologiyasi, fan sifatida, bu choralarning xodimga ta‘sirchanlik imkoniyatini tadqiq etadi.
Bunday ta‘sir etish tadbirlari orasida xodimlarni motivasiyalash, ya‘ni bajaradigan mehnatga ishtiyoq uyg‘otish
masalasiga katta e‘tibor qaratiladi.
Boshqaruv ob‘yektiga ta‘sir etish uslublariga ko‘ra, uning bevosita va bavosita ta‘sir shakllari ajratiladi.
Boshqaruv psixologiyasi fanidagi asosiy tushunchalardan biri, boshqaruv sub‘yekti va ob‘yekti masalasidir.
Bevosita boshqaruv jarayonini ko‘z oldimizga keltirsak, boshqaruv sub‘yekti sifatida rahbarni, ob‘yekt tarzida esa
xodimni va
mehnat jamoasini tasavvur etishimiz mumkin.
Biroq, rahbar o‘z faoliyatini tashkil etishi va o‘z-o‘zini boshqarishi uni
nafaqat boshqaruv sub‘yekti, balki ob‘yekt sifatida ham tushunish zaruratini qo‘yadi. Rahbarning kasbiy
mukammallashuvi, o‘z-o‘zini boshqarish malakalarini egallashi, tashkilot va xodimlar boshqaruvidagi asosiy
mavzulardan biriga
aylanadi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda, boshqaruv psixologiyasining
predmeti sifatida, boshqaruv jarayonidagi inson faoliyati qabul qilinadi.