Ko‘chmas mulk ob’yektlarining tasniflanish tizimi.
Ko‘chmas mulk ob’yektlarini o‘rganishda ular tarkibidagi ikki guruhga ajraluvchi ob’yektlarni alohida olib o‘rganish mumkin. 1. Tabiiy ob’yektlar – yer uchastkalari, o‘rmon va ko‘p yillik o‘simliklar, maxsus suv ob’yektlari va yer osti boyliklari mavjud hududlar. Shuningdek ularni “tabiatan ko‘chmas mulk” deb ham atashadi. 2. Sun’iy ob’yektlar (qurilishlar): a) Turar joy ko‘chmas mulk ob’yektlari. Ko‘p xonadonli uy – kam qavatli uy (3 qavatgacha), ko‘p qavatli uy (4dan 9 qavatgacha), yuqori qavatli uy (10dan 20qavatgacha), osmono‘par uy (20 qavatdan ortiq).1 Shuningdek, seksiya (pod’yezd), pod’yezddagi qavat, yashash xonalari ham turar joy ko‘chmas mulklari ob’yektlari bo‘lishi mumkin. Tura joy xonasi deb, fuqarolarning doimiy yashashlari uchun yaroqli bo‘lgan va ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘lib hisoblanadigan alohida xonaga aytiladi. Turar joy xonalarining turlari: 1) turar joy uyi, turar joy uyining bir qismi; 2) xonadon, xonadonning bir qismi; 3) xona. Turar joy uyi deganda, xonalar hamda fuqarolarning maishiy va boshqa ehtiѐjlarini qondirishga mo‘ljallangan boshqa ѐrdamchi xonalardan tashkil topgan shaxsiy yashashga mo‘ljallangan bino tushuniladi. Xonadon deb, ko‘p xonadonli uyda joylashgan maxsus tuzilmaviy xonalar birligiga aytiladi. U bir ѐki bir nechta xona, hamda fuqarolarning shu uyda yashashlari davomida maishiy va boshqa ehtiѐjlarini qondirishga mo‘ljallangan ѐrdamchi foydalanishdagi xonalardan iborat bo‘lib, o‘zi joylashgan uydagi barcha umumiy foydalanish maydonlari bilan to‘g‘ridan – to‘g‘ri aloqada bo‘lish imkoniyatini ta’minlaydi. Xona deb, fuqarolarning turar joy uyi ѐki xonadonda bevosita yashash joyi sifatida foydalanishga mo‘ljallangan turar joy uyi ѐki xonadonning bir qismiga aytiladi. Ko‘p xonadonli uydagi barcha xonalar funksional qo‘llanishiga ko‘ra turar joy va noturar joy xonalariga bo‘linadi. Turar joy xonalari faqatgina fuqarolarning yashashlari uchun mo‘ljallangan, noturar joy xonalari esa, yashash uchun emas, balki boshqa funksional maqsadlarga mo‘ljallangan bo‘ladi. Umumiy mulk – bu birgalikda foydalanish va xonalarga kirish uchun mo‘ljallangan ko‘p xonadonli uyning qismlari, shuningdek xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan qismlar, ya’ni: tomlar; chordoq xonalari; texnik yerto‘lalar; koridorlar; chiqindi yig‘uvchi kameralar; 1 Keltirilgan tasniflash Rossiya va O‘zbekistonda qo‘llaniladi. Jahon amaliѐtida binolar qavatlar bo‘yicha yuqoridagidan farqli tasniflanadi (masalan, osmono‘par uy – 50 qavatdan ortiq bo‘ladi). xonadondan tashqarida joylashgan muhandislik uskunalari: liftlar, suv ta’minoti tizimlari (issiq suvni hisobga olgan holda), chiqindi quvurlari, oqava chiqaruvchi qurilmalar, issiqlik ta’minoti, elektr ta’minoti, shamollatish tizimi; umumiy foydalanish uskunalari: santexnika, ѐritgichlar, muhandislik tizimlari, vыklyuchatellar; xonadon ichidagi uskunalar, ularning ishi ѐki holati uyning butun muhandislik uskunalari ishi ѐki holatiga ta’sir qiladi: isitish radiatorlari, tikka oqava quvurlari, boshqa uskunalar; uy oldi maydonlari va tashqi obodonlashtirish unsurlari. b) tijorat ko‘chmas mulk ob’yektlari – ofislar, restoranlar, do‘konlar, mexmonxonalar, ijara uchun garajlar, omborxonalar, bino va inshootlar, mulk majmuasi sifatidagi korxonalar; v) jamoat (maxsus) ko‘chmas mulk ob’yektlari: davolash – sag‘lomlashtirish (kasalxonalar, poliklinikalar, qariyalar va bolalar uylari, sihatgohlar, sport majmualari va h.k.): ta’lim – tarbiya (maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, liseylar, kollejlar, institut-universitetlar, bolalar ijodiѐt uylari va h.k.); madaniy – oqartuv (muzeylar, ko‘rgazma majmualari, madaniyat va dam olish bog‘lari, madaniyat uylari va teatrlar, sirklar, planetariylar, hayvonot bog‘lari, botanika bog‘lari va h.k.); maxsus bino va inshootlar – ma’muriy (milisiya, sud, prokuratura, hokimiyat organlari), haykallar, me’moriy inshootlar, vokzallar, portlar va h.k.; g) muhandislik inshootlari – sug‘orish inshootlari, drenaj va h.k. Bu guruhlarning har birini turli xil tipologik mezonlarga tayangan holdagi taqsimot asosida kichik guruhlarga ajratish mumkin. Fuqarolik qonunchiligi qurilishi tugallanmagan ob’yektlarni sotib olish va huquqlarning shaxsdan shaxsga (jismoniy, yuridik) o‘tishi masalalarida hech qanday cheklovlar qo‘ymaydi, ammo bunday ob’yektlar ishtirokidagi bitimlarni faqatgina ob’yektga bo‘lgan egalik huquqini ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘nggina amalga oshirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |