Osmon: falak, ko‘k, samo so‘zlari bilan ma’nodosh, lekin baland, suv, yer so‘zlari bilan ma’nodosh emas.
Yuz: aft, bet, chehra so‘zlari bilan ma’nodosh, lekin lab, ko‘p, ming so‘zlari bilan ma’nodosh emas.
Kulmoq: tabassum qilmoq, xanda urmoq, jilmaymoq so‘zlari bilan ma’nodosh, lekin sakramoq, turmoq, bormoq so‘zlari bilan ma’nodosh emas.
Mard: botir, qo‘rqmas, dovyurak so‘zlari bilan ma’nodosh, lekin sof, qo‘rqoq, zo‘r so‘zlari bilan ma’nodosh emas.
Katta: ulug‘, ulkan, bahaybat so‘zlari bilan ma’nodosh, lekin keng, tor, kichik so‘zlari bilan ma’nodosh emas.
Bundan tashqari o‘quvchilarga qulay bo‘lishi uchun o‘yinda “Yana” hamda “Yetadi” deb nomlangan tugmachalar mavjud. “Yana” tugmachasi keying sahifaga o‘tishga mo‘ljallangan bo‘lsa, “Yetadi” tugmachasi orqali esa o‘yinni shu joyida ham tugatish mumkin.
Ushbu didaktik o‘yindan darsning kirish qismida, dam olish daqiqasi o‘rnida yoki takrorlash va umumlashtirish darslarida ham foydalanish mumkin. Ma’nodosh so‘zlarni o‘rganishda ushbu usuldan foydalanish yaxshi natija beradi. Mazkur o‘yin orqali o‘quvchilarda tezkorlik, topqirlik va faollik xususiyatlari ham rivojlantiriladi. O‘quvchilar ushbu topshiriqni bajarish mobaynida o‘z lug‘atlaridagi barcha so‘zlarni tahlil qiladilar. Agar o‘quvchilarning lug‘at boyligi bilan bir qatorda mantiqiy fikrlay olish qobiliyati ham rivojlangan bo‘lsagina, ular bu so‘zlarningning ma’nodoshini topa oladilar. Bu esa ulardagi borliqqa bo‘lgan munosabatni, dunyoqarashni shakllantiradi.
XULOSA
Boshlang‘ich sinf ona tili va o‘qish darslarida lug‘at ustida ishlashdan ko‘zlangan bosh maqsad ham tilning jamiyatda tutgan o‘rni, vazifasi bilan belgilanadi. Til - aloqa almashish vositasi hisoblanadi, negaki so‘zlovchi o‘zining fikr-mulohazalarini, ichki kechinmalarini til yordamida namoyon etadi, tinglovchi esa so‘zlovchining til vositalari orqali ro‘yobga chiqqan fikrini anglab boradi.
Ona tili fani o‘quvchi yoshlarni fikr bayon qilish orqali uni uqib borish hamda idrok qilish faoliyatiga tayyorlab boradi. Inson fikri til vositasida yuzaga chiqadi, shu tufayli har bir inson u yoki bu tilni va shu tildan foydalanishni bilishi lozim.
Lug‘at ustida samarali ishlashga erishish uchun ona tili hamda o‘qish darslarida ba’zi so‘zlar ma’nosiga alohida e’tibor qaratish lozim. Chunki lug‘at ustida ishlash boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini so‘zni tushunishga o‘rgatishdagi asosiy tayanch manbasi hisoblanadi. Bolaning lug‘at boyligi yetarli darajada bo‘lmas ekan, unga hech qanday grammatik bilim berib bo‘lmaydi.
Boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan o‘qish kitobi bolalarning tafakkur qilish faoliyatlarini kengaytirishga, ularda erkin hamda obrazli fikrlay olish, o‘z fikrini og‘zaki hamda yozma ravishda bayon qila olishga, jamiyat a’zolari bilan erkin muloqotda bo‘la olish ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga qaratilgandir. Shu boisdan, darsliklarda berilgan matnlar ustida ishlash jarayonida o‘quvchilar uchun ma’nosi notanish bo‘lgan so‘zlar bilan alohida tanishish, ular ma’nosini lug‘atdan foydalangan holda o‘zlashtirib borishga o‘rgatish lozim.
Mazkur tadqiqot ishi natijasida biz quyidagi xulosalarga keldik:
- boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga so‘zlar ma’nosini chuqurroq o‘rgatish ularning lug‘at xazinasini boyitadi.
- ona tili darslarida lug‘at ustida ishlash orqali o‘quvchilarga tilning asl mohiyati, mazmuni kabi tushunchalar singdirib boriladi.
- boshlang‘ich sinf ona tili va o‘qish darslarida so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlarini o‘rgatishda axborot kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish yaxshi samara beradi.
Mazkur tadqiqot ishimiz davomida ham belgilagan maqsadlarimizga erishdik deb hisoblaymiz.
1. Boshlang‘ich sinflarda lug‘at ustida ishlashning metodlari o‘rganib chiqildi.
2. Boshlang`ich sinflarda so‘zning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari ustida ishlash orqali o‘quvchilar lug‘atini boyitishning xususiyatlari yoritib berildi.
3. Boshlang‘ich sinf o‘qish darsliklaridagi lug‘atlarda o‘zlashma so‘zlarning ishlatilishi tahlil qilinib, jadval asosida o‘quvchilarga o‘rgatish yo‘llari ishlab chiqildi.
4. So‘z ma’nolarini zamonaviy usullarda o‘qitish uchun AKT dan foydalanish usuli yaratildi.
Olib borilgan tadqiqot natijalariga asoslanib quyidagi tavsiyalarni taqdim etish mumkin:
-o‘quvchilarni lug‘atlar bilan ishlashga o‘rgatish;
- boshlang`ich sinfda lug‘at ustida ishlashda AKT dan foydalanish imkoniyatini yaratish;
- mustaqil tarzda so‘z ma’nolari bo‘yicha amaliy ishlarni tahlil qilish, bu boradagi malaka va ko‘nikmalarni aniqlash;
- ona tili va o‘qish darslarida lug‘atlar ustida ishlashda zamonaviy usullardan foydalanishga qaratilgan ilg‘or pedagogik texnologiyalarning yangi metod va usullarini izlab topish, uni amaliyotga joriy etish va hokazo.
Yuqorida ta’kidlangan tavsiyalarning natijali bo‘lishida boshlang‘ich ta’lim maktablarining dasturlari mazmuniga aniq yo‘nalishlar kiritilishi lozim. O‘qituvchilar ona tili va o‘qish darsliklari dasturidan o‘quvchilarga bilim berishda, so‘zlarning ma’nolarini, talaffuzi hamda imlosini o‘rgatishda keng foydalanishlari lozim.
Ushbu xulosa va metodik tavsiyalarimizdan yurtimizda faoliyat olib borayotgan pedagog o‘qituvchilar hamda shu soha bo‘yicha ta’lim olayotgan, yangi yetishib chiqayotgan pedagog kadrlar o‘z ish faoliyatlarida foydalanishlari mumkin.