Boshlang`ich sinf o`quvchilarini ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashda xalq maqollarning ahamiyati


Boshlang`ich sinf O`qish kitoblarida vatan, vatanparvarlik mavzusidagi maqollar va ularning variantlari



Download 124.44 Kb.
bet3/3
Sana10.09.2017
Hajmi124.44 Kb.
1   2   3

Boshlang`ich sinf O`qish kitoblarida vatan, vatanparvarlik mavzusidagi maqollar va ularning variantlari

Kishiga necha kelsa mushkul hol

Hikmatu aql anga erur hallol.

Kimniki bilay desang maqolin angla,

Aslin desang anglayin fiolin angla

Dunyoda hikmat durdonalarini yaratmagan, ularni asrlar osha ko`z qorachig`idek asrab-avaylab, sayqal berib, dilida, tilida saqlab, avlodlardan avlodlarga meros qilib qoldirmaydigan xalq bo`lmasa kerak.

Yo`l yurib ketayotgan insofli odam behosdan chuqurlikka toyib ketsa, o`rnidan turib, etak qoqib ketavermaydi. Men yiqildim, boshqalar yiqilmasin, deb chuqurni tekislab qo`yadi, yo bo`lmasa, birorta tayoqni suqib belgi qo`yib ketadi. Bu, ey yo`lovchi ehtiyot bo`l, bu yerda chuqur bor, degan ishora bo`ladi. Bobolar hikmati ana o`sha tayoqdir. Hikmatli so`zlar, maqollar biz uchun asrlarning sadosi, uzoq o`tmish bilan hamnafaslik hissini uyg`otuvchi mangu chaqiriq, zamonlararo ko`prikdir.

Maqollar – noma`lum shoirlarning yurak satrlari, xalq iste`dodining masofa bilmas shu`lalari, zulm, adovat, haqsizlik ko`ksiga sanchiluvchi adolat tig`idir. Hikmatli so`zlar, maqollar – hech bir podsho e`lon qilmagan farmon, hech qayerda muhrlanmagan qonun, hech bir davlat tomonidan bitilmagan konstitutsiyadir. Maqol so`z ko`rkigina emas, dilning ham umrning ham ko`rkidir. O`z qadrini bilgan odam so`zni pala-partish ishlatmaydi, uning asl ma`nosini qidiradi, bilib o`rniga qo`yib gapiradi.

Maqol — xalq ogʻzaki ijodi janri; qisqa va loʻnda, obrazli, grammatik va mantiqiy tugal maʼnoli hikmatli ibora, chuqur mazmunli janr.7 Muayyan ritmik shaklga ega. Maqollarda avlod-ajdodlarning hayotiy tajribalari, jamiyatga munosabati, tarixi, ruhiy holati, etik va estetik tuygʻulari, ijobiy fazilatlari mujassamlashgan. Asrlar mobaynida xalq orasida sayqallanib, ixcham va sodda poetik shaklga kelgan.

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, maqollar mavzu jihatdan nihoyatda boy va xilma-xil. Vatan, mehnat, ilm-hunar, doʻstlik, ahillik, donolik, hushyorlik, til va nutq madaniyati, sevgi va muhabbat kabi mavzularda, shuningdek, salbiy hislatlar xususida rangbarang maqollar yaratilgan. Maqollar uchun mazmun va shaklning dialektik birligi, koʻp hollarda qofiyadoshlik, baʼzan koʻp maʼnolilik, majoziy maʼnolarga boylik kabi xususiyatlar harakterli. Maqollarda antiteza hodisasi koʻp uchraydi (masalan, "Kattaga hurmatda boʻl, kichikka izzatda boʻl" va boshqalar).

Turkiy xalqlarning maqollaridan namunalar dastlab M. Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asarida keltirilgan. Bu maqollarning bir qanchasi hozir ham oʻzbek xalqi orasida turli variantlarda ishlatiladi. Masalan, M. Koshgʻariy asarida "Kishi olasi ichtin, yilqi olasi tashtin"; "Odam olasi ichida, mol olasi tashida" kabi.

Maqollar baʼzan maye al, zarbulmasal, naql, hikmat, hikmatli soʻz, tanbeh, mashoyixlar soʻzi, hikmatli maqol, donishmandlar soʻzi, otalar soʻzi kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Maqollarning ijtimoiy-siyosiy va tarbiyaviy ahami-yati gʻoyat katta. Matallarda narsa tasviri, uning harakteristikasi beriladi, maqollarda esa toʻla tugallangan fikr-xulosa ifodalanadi.

Ana shu ota-bobolarimizning hayotiy faoliyatlari davomida chiqargan xulosalarini avlodlarga o`rgatish har bir pedagogning burchidir. Shu maqsadda boshlang`ich sinf darsliklarining 1-sinfidan boshlaboq xalq maqollari o`quvchilarga berib boriladi. Bu maqollar sinfdan sinfga ortib boradi. Masalan, 1-sinf O`qish darsligida 27 ta xalq maqollari berilgan. 2- sinf O`qish darsligida esa 36 ta, 3-sinf O`qish darsligida 48 ta maqol berilgan. Ular Vatan, ilm, yaxshilik, hunar, mehnat, do`stlik mavzularidadir. Ularning asosiy qismini vatanparvarlik, vatan mavzusidagi maqollar tashkil etadi. Maqollarimizda o`zbek xalqining ona vataniga bo`lgan cheksiz muhabbati, sadoqati, hurmati o`z ifodasini topgan. Ularda Vatan – el-yurt ulug`lanadi, har kim o`z elida nafas olishi, izzat-hurmatda yashashi ko`rsatilib, vatanni sevish, unga hamisha sodiq bo`lish kerakligi uqtiriladi: “Bulbul chamanini sevar, odam - Vatanini”8. Mazkur maqolda inson ruhiy olamida Vatan tushunchasining ahamiyati qayd etilgan. Maqoldagi Vatan so`zida faqat muayyan hudud, manzil, o`rin-joy, tabiat aks etgan, desak yanglish bo`ladi. Bu so`z ma`no jihatdan ajdodlar ruhi, ma`naviy meros obidalari, qadriyatlar, millat birligi, mentalitet xususiyatlari bilan uyg`unlashadi. Bulbul chamanda qanchalar yayrasa, inson o`z vatanida shunchalar erkin his qiladi. Bulbulni bog`larsiz, gulzorsiz, chamansiz tasavvur etib bo`lmaganidek, odamni o`z ona diyorisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Bu maqolni aytganimiz zahoti Furqatning chet ellardagi azobini ta`riflab o`z vatanini sog`ingani yodga tushadi:

“G`amingda kecha – tong otquncha yig`lar,

Tong otg`och, dag`i kun botquncha yig`lar”.

Ma`lum bo`ladiki, bu maqol avvalgi namunadagi mazmunni chuqurlashtiradi. Moddiy ta`minotdan ko`ra ma`naviy ehtiyoj muhimroq ekani ifodalanadi. Tajribasiz odam hayotdagi hamma muammoni iqtisod bilan o`lchaydi. Uning uchun turmush to`kinligi har qanday tushunchadan afzaldek tuyiladi. Lekin Boburdek shoh o`z diyorini eslab azoblanganidan xulosa chiqarsak, maqoldagi fikrning qanchalar aniq va ibratli tarzda berilgani ma`lum bo`ladi.

Endi boshqa bir maqolga murojaat qilaylik:

Ona yurting omon bo`lsa,

Rangi-ro`ying somon bo`lmas.

Bu maqolda shaxsning ona yurtida yashashi va istiqomat qilishi undan ma`lum burchni ham talab qilishi ifodalangan. Inson o`z yurtida bemalol yashashi mumkin. Ammo bu yurt omon bo`lsa, ya`ni tinch bo`lsa, erkin-ozod bo`lsa. Yurt tinchligi, erkinligi, ozodligi esa xalqning o`z yurtiga bo`lgan iymonli munosabati oqibatida vujudga keladi. Agar xalq og`zaki ijodi asarlarini tahlil qilsak, Vatan mavzuiga alohida e`tibor berilganiga guvoh bo`lamiz. Tarixiy ma`lumot va hujjatlar bevosita xalq farzandlarining ajdodlar vasiyatiga sodiq ekanliklarini tasdiqlamoqda. Qayta-qayta ko`p namunalarda vatan ozodligi, erkinligi haqidagi ta`kidning kuchayishi bejiz emas. Ko`pincha, bu maqollarda vatan va el tushunchasi uyg`unlashadi: “Eling omon bo`lsa – sen omon”; “Eling, yurting bo`lmasa,Oying kuning bo`lmasin”

Vatanparvarlik ruhidagi maqollarning bir qancha variantlari va versiyalari ham mavjud: “Onaga bo`lgan muhabbat – Vatanga bo`lgan muhabbatning kurtagi”; “Har kimning o`z elati o`ziga shirin”; “Ona yurting omon bo`lsa, rangi-ro`ying somon bo`lmas”; “Ona yerning tuprog`i ona sutidek aziz”; “Vatani borning – baxti bor, mehnati borning - taxti”; “Har kimning yurti – o`ziga Misr” (o`tmishda sharq yozma, og`zaki adabiyotida Misr kishilar bir borib ko`rishni orzu qiladigan, taraqqiy etgan, gullab-yashnagan, boy mamlakat sifatida tasavvur etilgan. Mazkur maqolda ham Misr so`zi shu ma`noda keltirilib, “har kimning o`z tug`ilgan yurti, yeri, Vatani, u qayerda qanday bo`lishidan qat`iy nazar, o`zi uchun nihoyatda qadrli, go`zal va ardoqlidir” deyilmoqchi); “Yurtim – ko`ksim, elim - iligim”; “Tog` gulining tog`da o`sgani yaxshi”; “Tuqqan yerdan oyoq uzulsa ham, ko`ngil uzulmas”; “Oydan yorug` narsa yo`q, qora bulut bosmasa, odamdan g`arib narsa yo`q qaytib yurtin topmasa”; “Vatan gadosi – kafan gadosi”; “Vafosizga Vatan yo`q” (Bu kabi maqollarda unib-o`sgan yurtini noshukurchilik qilib tashlab ketish juda yomon va xunuk oqibatlarga olib borishi ta`kidlanadi); “O`lsang o`l, Vataningda bo`l!”; “Vataning tinch – sen tinch”; “Eling omon bo`lsa – sen omon”; “Vatanga falokat – o`zingga halokat”; “Vatanning vayronasi –umrning g`amxonasi”. Bu kabi bir turkum maqollarda Vatanning tinchligini saqlash, uning daxlsizligini, ozodligi va mustaqilligini ta`minlash, ona tuproqni dushman oyog`i ostida toptatmaslik, vayron bo`lishiga yo`l qo`ymaslik – oliy burch ekanligi uqtiriladi.

Vatan haqidagi maqollarda qiyoslash, taqqos yetakchidir: “Kishi yurtida shoh bo`lguncha, O`z yurtingda gado bo`l”; “Ona yurting – oltin beshiging”; “Vatan gadosi – kafan gadosi”; “Ona yerning tuprog`i ona sutidek aziz”; “Vatani borning – baxti bor, mehnati borning - taxti” kabi vatanparvarlik mavzusidagi maqollar shular jumlasidandir.

Xullas, xalq maqollarida qaysi mavzu, hayotning qaysi sohasi haqida fikr yuritilmasin, tanlangan muammo har tomonlama, atroflicha yoritiladi. Bularning hammasi o`zbek xalqining asrlar davomida naqadar dono va aqlli ijodkor farzandlarga ega ekanini dalillaydi.

Yuqorida boshlang`ich sinf O`qish dasliklarida berilgan Vatan, vatanparvarlik to`g`risida maqollarning variantlari ham keltirib o`tildi. O`quvchilarga bir maqolni berganda uning variantlarini ham berib o`tish bolalarda bu maqolni yaxshiroq eslab qolishiga yordam beradi. Bundan tashqari bolalar bir yo`la bir necha bir turkumdagi maqollarni o`rganadilar. Birgina “Kishi yurtida shox bo`lguncha, o`z yurtingda gado bo`l” maqolining bir qancha variantlarini ko`rish mumkin. Bu maqol bilan vatanni sevish, unga sodiq bo`lish zarurligi uqtiriladi, ona yurtning o`zga yurtlardan har tomonlama afzalligi ko`rsatiladi. Variantlari: “Kishi yurtida poshsho bo`lguncha, o`z yurtingda podachi bo`l”; “O`zga elning sultoni bo`lguncha, o`z elingning cho`poni bo`l”; “O`zga yurtning boshi bo`lguncha, o`z elingning toshi bo`l”; “badavlat elning begi bo`lguncha, bedavlat elingning quli bo`l ”; “Uzoqning qozisi bo`lguncha,yaqinning tozisi bo`l”; “Yot yurtning donosi bo`lguncha, o`z yurtingning nodoni bo`l”; “Chet yurtning gulidan o`z yurtingning tikoni yaxshi”; “O`zganing toqu ravoqidan o`zingning ayvoning yaxshi”; “O`z elim o`zimga – guliston, o`zga eli ko`zimga – go`riston”; “O`zga yurtning yuz bahori – o`z yurtingning bitta qori”.

“Vataning tinch – sen tinch” maqolining variantlari esa u darajada ko`p emas: “Vatanga falokat – o`zingga halokat”; “Vatanning vayronasi – umrning g`amxonasi”; “Eling omon bo`lsa – sen omon”; “Ona yurting omon bo`lsa, rangi ro`ying somon bo`lmas”.

“Vatan gadosi – kafan gadosi” maqoli esa “Vatansiz inson – kuysiz bulbul” variantiga ega. Bundan ko`rinib turibiki, ba`zi maqollar bir nechta variantga ega bo`lsa, ba`zilari sanoqli variantga ega yoki ularning variantlari umuman uchramaydi.

Boshlang`ich sinf O`qish darsliklarida maqollar bo`lim va biror bir mavzuga oid matn, she`r yoki hikoyadan so`ng keltirilgan. Bu bejizga emas albatta. Qadimdan maqollar biror bir voqea , hodisadan so`ng xulosalovchi fikr vazifasini ham o`tagan. O`z navbatida darslikda berilgan hikoya, she`rdan keyin keltirilgan maqollar bolalarda maqolni qanday holatlarda, vaziyatlarda aytilishini, ishlatilish ko`nikmalarini shakllantiradi. Bolalarga Vatan, vatanparvarlik mavzusidagi maqollarni tanishtirayotganda darslikdagi materiallar bilan cheklanib qolmay, dunyoda bo`layotgan voqea hodisalardan ham hayotiy misollar keltirish maqsadga muvofiqdir. Bu ularning dunyoqarashini o`stirish bilan birga, ularda vatanga bo`lgan muhabbat, vatanparvarlik tuyg`ularini ham shakllantiradi. Masalan: “Vataning tinch – sen tinch”; “Eling omon bo`lsa – sen omon”; “Vatanga falokat – o`zingga halokat”; “Vatanning vayronasi –umrning g`amxonasi”; “Kishi yurtida shoh bo`lguncha, O`z yurtingda gado bo`l” kabi maqollarga bugungi kunda Afg`oniston, Suriya kabi mamlakatlarda bo`layotgan urushlar natijasida minglab begunoh odamlar halok bo`layotgani, norasida bolalar ota- onasidan ayrilayotgani, o`z yurtidagi urushlar tufayli ko`chmanchilarday hayot kechirishayotgani, oziq-ovqat, toza suvga zor ekanliklari, ularga O`zbekiston bolalariga o`xshab tinch, osuda mamlakatda, ota-ona bag`rida yashab ilm olish muhimi tinch yashash orzu ekanligini qisqacha hikoya qilib berish bolada shu Vatanda yashayotganiga, Vatanimizning tinch ekaniga shukronalik xissini ham uyg`otadi.

Bundan tashqari vatanparvarlik mavzusidagi maqollar bilan bolalarni tanishtirishda ajdodlarimizning Vatan oldidagi buyuk xizmatlari, ularning ko`rsatgan jasoratlarini, qahramonliklarini ham ta`kidlab o`tish maqsadga muvofiqdir.

Maqollarni o`rganishni o`yin tarzida tashkillashtirish ham yaxshi samara beradi. Masalan: bolalar guruhlarga ajratilib ularga uyga vazifa tarzida kattalardan vatan, vatanparvarlik mavzusidagi maqollarni so`rab, yod olib kelish topshiriladi. Qaysi guruh a`zolari ko`proq maqol aytsalar o`sha guruh a`zolari rag`batlantiriladi. Natijada bolalar bu mavzudagi maqollarni yod olish bilan birgalikda, yangidan-yangi darslikda berilmagan maqollarni ham o`rganib oladilar.

2.2.Mehnat, odob-axloq to`g`risidagi maqollarning variantlashuvi

Xalqimiz azal-azaldan mehnatsevar xalq bo`lgan. Asrlar osha xalq orasida mehnatsevarlik hislatlari qadrlanib bizgacha mehnat, mehnatsevarlik tushunchalari, maqollar, hikmatli so`zlar, masallar tariqasida yetib kelgan. Boshlang`ich sinf O`qish darsliklarida mehnat, mehnatsevarlik mavzusidagi maqollar ham talaygina. “Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar”; “Halol mehnat – yaxshi odat, berar senga saodat”; “Kuzda qilingan harakat, hosilga berar barakat”; “Yer hadasang, kuz hayda, kuz haydamasang, yuz hayda”; “Mehnat, mehnatning tagi rohat”; “Odam mehnatda, oltin o`tda bilinar”; “Daryo suvini bahor toshirar, odam qadrini mehnat oshirar”; “Gapni kam so`zla, ishni ko`p ko`zla”; “Tekinning – minnati ko`p, mehnatning – ziynati ko`p”; “Daraxt yaprog`i bilan ko`rkam, odam mehnati bilan; “Inson qo`li – gul”; “Mehnat baxt keltirar”; “Erinchoq ikki ishlar, oxiri barmog`in tishlar”; “Elga xizmat – oliy himmat”; “Qimirlagan qir oshar”; “Yosh kelsa ishga, qari kelsa – oshga”; “Erinchoqlik boshga balo keltirar”; “Hunar bo`lsa qo`lingda, non topilar yo`lingda” kabi maqollar shular jumlasidandir.

Insoniyat bosib otgan uzundan-uzoq yo`l mehnat jarayonidan iborat. Inson o`zining jamiki boyliklarini mehnat, faqat mehnat tufayli yaratadi. Shu boisdan kishilar mehnatni qadrlaydilar, ulug`laydilar, yosh avlodni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashga harakat qiladilar. Shu boisdan jahondagi barcha xalqlarning maqollarida bo`lgani kabi o`zbek maqollarida ham mehnat va mehnatsevarlik g`oyasi yetakchi o`rinlardan birini egallaydi. Quyida boshlang`ich sinf darsliklarida berilgan maqollarning biz izlangan variantlari keltiriladi: “Yetmish go`zallikning biri – mehnat”; “Go`zallik husnda emas, mehnatda”; “Mehnat –rohatning poydevori”; “Obro`ning onasi – mehnat, otasi – sa`yi harakat”; “Odamni ish tanitadi”; “Yuk ko`targan – yuzaga chiqar”; “Intilgan elga yoqar”; “Mehnatdan do`st ortar, g`iybatdan – dushman”; “Halol mehnat – huzur-halovat”; “Halol mehnat – mo`l daromad”; “Halol mehnat – yaxshi odat, berur senga saodat”; “Suvsiz hayot bo`lmas, mehnatsiz – rohat”; “Mehnat qilmay rohat ko`rmas, urug` sepmay ekin o`rmas”; “Hurmating – savlating, mehnating – davlating”; “Hazina g`oyibdan emas, mehnatdan”; “Mehnati ozning – rohati oz”; “mehnatiga yarasha - rohati”; “Tekinning bir kun minnati bor, mehnatning bir kun ziynati bor”; “Mehnatdan qo`rqma, minnatdan qo`rq”; “Mehnatsiz topilgan molning qadri bo`lmas”; “Mehnatsiz umr – chirigan ko`mir”; “Odamzotni ish ovutadi”; “Ko`p ishlagan – ko`p yashar”; “Mehnatga sabr qilgan – rohatning taxtiga minar”; “Yoshlikdagi mehnat qarilikda davlat keltirar”; “mehnat bilan qarisang, rohat bilan yasharsan”.

O`qish darsliklarida berilgan bu kabi maqollarning ayrimlari pedagogdan tushuntirishni talab qiladi. Masalan: “Ish ishtaxa ochar, dangasa ishdan qochar”9 maqolini olaylik. Mehnat qilgan odam organizmi ishlash jarayonida energiya yo`qotadi va toliqadi. Natijada energiya o`rnini to`ldirishi uchun ovqat yeyishga majbur bo`ladi ya`ni qorni och qoladi. Qorni och odam esa o`z-o`zidan ishtaxa bilan ovqatlanadi. Xalqimiz o`zining bir qancha maqollarida ishyoqmaslik va dangasalikni eng yomon illat sifatida qattiq qoralaydi, ishyoqmaslikning oqibati yomon bo`lishini ko`rsatadi. “Eringan ikki ishlar, oxiri barmog`in tishlar”; “Dangasaning kosasi oqarmas”; “Ishyoqmas – rohat topmas”; “ Ishchanlik to`rga tortar, yalqovlik go`rga tortar”; “Dangasaga rahm qilsang, dangasa ko`payar”; “Ishyoqmasni qoldirma, obro`yingni oldirma” kabi maqollarda ham dangasalik qoralanadi.

Boshlang`ich sinf o`qish darsliklarida odob-axloq mavzusidagi maqollar alohida o`ringa ega. Ular bolalar ongida odob- axloq qoidalarini shakllantirishga, bolalani milliy qadriyatlarimiz, mentalitetimizga mos tarzda tarbiyalashga xizmat qiladi.

Birgina 1-sinf O`qish kitobida berilgan “Yaxshi so`z boldan shirin” maqolini olaylik. Bizning ota-bobolarimiz so`zlash odobiga qat`iy rioya qilish zarurligini uqtirib, ko`pdan - ko`p maqollar yaratishgan. Quyida keltiriladigan bir turkum maqollarda yuqoridagi maqol kabi yaxshi so`z bilan yomon so`z orasida “osmon bilan yercha farq bor”ligi, yaxshi so`zning kishiga tegadigan sharofati, yomon so`zning kasofati turli xil misollarda ko`rsatiladi: “Yaxshi so`z - jon ozig`I, yomon so`z – bosh qozig`i”, “Yaxshi so`z – ko`ngil podshosi”; “Shirin so`z shakardan shirin”; “Shirin so`z o`likni ham tiriltiradi”; “Issiq so`z – shakar, sovuq so`z - zahar”; “Tilingda bo`lsa boling, kulib turar iqboling ”; “Yaxshi og`izga osh kelar, yomon og`izga - tosh”; “Yaxshi so`z tosh eritar, yomon so`z bosh chiritar”; “Yaxshi so`zga quloq sol, yomon so`zga uloq sol!”(Yaxshi so`zdan qochma, jon qulog`ing bilan eshit, ammo yomon, dilga ozor beruvchi, asabni buzuvchi, g`iybat, ig`vo qo`zg`ovchi so`zlarni aytadigan odamga also rahm – shavqat qilma, darxol uning “og`ziga qoqib” , javobini ber yoxud ovozini o`chirishga harakat qil deyilmoqchi ) .

2-sinf O`qish darsligidagi “Bola aziz, odobi undan aziz ” maqolida esa odob odamni bezagi, odobli bola ota-onani xursand qilishi, hammaga manzur bo`lib suyukli bo`lishi uqtiriladi.Variantlari: “Bolaning o`zi aziz, o`zidan odobi aziz”; “Odobli bola – orli bola, odobsiz bola - sho`rli bola”; “Bola bezori – kishi ozori”; “Odobli bola elga manzur”; “Odobli o`g`il – ko`kdagi yulduz, odobli qiz – yoqadagi qunduz”.

“Maqtanma g`oz – hunaring oz” maqolida esa O`z – o`zini maqtash yomon narsa ekanligi uqtiriladi. Xalqimiz azaldan maqtanchoqlikni qoralab kelgan, maqtanchoqlar ustidan istehzo ila kulgan, maqtanishning oqibati xunuk bo`lishini tushuntirgan. Bu narsa xalqning bir qancha maqollarida o`z izini qoldirgan: “Maqtanchoqda aql bo`lmas, aql bo`lsa ham, naql bo`lmas”; “Xaddidan oshgan kishi, maqtanish bo`lar ishi”; “Maqtanchoqning moti chiqar, jom qozonning toti chiqar”; “Maqtanchoq gapning tagi chirik”; “Ozingni o`zing maqtama, o`zga seni maqtasin”.

3-sinf o`qish darsligidagi “Avval o`yla, keyin so`yla” maqoli ham so`zlashuv odobidagi qoida sifatida qabul qilingan. Ya`ni odam jamiyatdagi odamlar bilan muloqotga kirishar ekan, so`zlashish odobiga qat`iy rioya qilishlari kerakligi ta`kidlanadi. Kishi aytadigan har bir so`zini, gapini avval o`ylab olishi, so`ng so`zlashi lozim. O`ylamay aytilgan so`z kishini ko`pchilik orasida uyalib qolishiga, yoki boshqa odam ko`nglini og`rishiga, xafa bo`lishiga, xatto fojeaviy axvolga tushishiga sabab bo`lishi mumkin. Bu haqda Navoiy bobomizning “So`zni ko`ngilda pishqarmaguncha tilga kelturma, Ba har nekim ko`ngulda bor – tilga surma” degan purma`no baytlari bor. Variantlari: “O`ylamaguncha so`ylama”; “Ko`p o`yla, oz so`yla”; “O`ynab gapirsang ham, o`ylab gapir”; “Tez so`zlagan, tez pushmon bo`lar ”; “Anglamay aytgan tinglamay o`lar, chaynamay yutgan kavshamay o`lar”.

“Saxiy topsa, bo`lib yer, baxil topsa, bosib yer” maqolida esa saxiylik naqadar oliyjanob fazilat bo`lsa, buning aksi baxillik, ziqnalik, qizg`anchiqlik esa shu qadar tuban, yaramas, yomon illatligi turli timsollar vositasida ifoda etib, saxiylikni ulug`laydi, baxillikni qoralaydi, har ikkisining yaxshi va yomon oqibatlarini ko`rsatadi: “Baxilda bor bo`lsa ham – yo`q, saxiyda yo`q bo`lsa ham – to`q”; “Saxiy bulut bog`ga yomg`ir quyadi”; “Saxiy berganin aytmas, er aytganidan qaytmas”; “Saxiy bilan baxil bir buloqdan suv ichmas”; “Toshni toshga ursa, o`t chiqadi, baxilni saxiyga qo`shilsa o`ti chiqadi”(“o`ti chiqadi” iborasi bu yerda “yuragi yoriladi” ma`nosida); “Saxiyning hayriga, baxilning boshi og`rir”; “Saxiy bo`lmasa, baxil xarom o`lar”.

Bundan tashqari darsliklarda “Yaxshidan bog` qolar, yomondan dog`”; “Yaxshi bilan yursang yetarsan murodga, yomon bilan yursang qolarsan uyatga ”; “Yaxshiga yondosh, yomondan qoch”; “Rahmat olgan omondir, La`nat olgan yomondir”, “Maqtangan pand yeydi, kamtarin qand yeydi”; “Sabrning tagi – sariq oltin”; “Kamtarga – kamol, manmanga - zavol”; “Chaqqon chora topar, beparvo - bahona”; “Odobmni beodobdan o`rgan”; “Osmon - oftobi bilan, inson - odobi bilan go`zal” ; “Odob - kishining zebu ziynati” kabi bir qancha odob – axloqqa doir maqollar ham keltirib o`tilgan.

2.3. O`zbek xalq maqollarida mentalitet va milliy koloritning aks ettirilishi

Davlatimiz mustaqillikka erishganidan so`ng o`z milliy qadriyatlarimiz, tariximiz, madaniyatimizga bo`lgan e`tibor yanada kuchaydi. Lekin shu bilan birga zamon bilan hamnafas bo`lish, rivojlangan davlatlar darajasiga ko`tarilishni ham unutganimiz yo`q. Zero, “Xalqning boy intelektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O`zbekiston taraqqiyotining eng muhim shartidir”.

Ma`lumki, maqollar til fondining qimmatli materiali hisoblanadi. Ular xalq ijodiyotining bebaho namunasi bo`lib, o`sha xalqning milliy-madaniy xususiyatlarini, dunyoqarashi va millatning ruhiyatini ifodalaydi. Mashhur tilshunos Dal aytganidek, “maqollar to`plami – bu xalq tilidan, tajribadan olingan hikmatlar majmuasi, sog`lom aql sarasi, xalqning hayotda orttirgan haqiqati”. Demak, xalq maqollari xalqning mentalitetidan kelib chiqib yaratilgan, desak mubolag`a bo`lmaydi. “Mentalitet” tushunchasi tilshunoslik paradigmasiga kiritilganiga hali ko`p bo`lmagan bo`lsada, hozirda juda keng doirada qo`llanilmoqda. Tor ma`noda mentalitet “fikrlash doirasi, dunyoqarash” mazmunida foydalanilsa, keng ma`noda esa “xalqning axloqi, tarbiyasi va tasavvuri” tushuniladi. Tilshunos olimlardan biri V.V.Kolesov “mentalitet” va “dunyo tasviri” tushunchalari orasiga tenglik belgisi qo`yadi va uni “intelektual, ma`naviy va irodaviy xususiyatlarni o`zida mujassamlashtirgan ona tili doirasida olamni anglash”, deb aytib o`tadi.

Mentalitet tushunchasini tilshunos V. fon Gumbolt qarashlarida ham ko`rishimiz mumkin. Uning fikricha, mentalitet – bu “xalqning nafaqat tilida, balki adabiyoti, dini va boshqa ma`naviy jabhalarida ham o`z aksini topgan xarakteridir”. Shunday ekan, yuqorida aytib o`tilganidek, bu “milliy xarakter xalqning dini, siyosati, urf-odatlari, ijtimoiy qatlami, turmush tarsi, tarixi va xatto geografik o`rni bilan ham chambarchas bog`liq”.

O`zbek tili maqollaridagi mentalitet tushunchasiga to`xtaladigan bo`lsak, xalqimiz qonidagi mehmondo`stlik to`g`risida eslamay ilojimiz yo`q. maqollarimizda mehmonga bo`lgan hurmat, bag`rikenglik yaqqol ko`rinib turadi. Misol uchun: “Mehmon – atoyi xudo”; “Mehmon kelsa eshikdan, rizqi kelar teshikdan”.

Shu bilan birga o`zbeklar bolajon xalq bo`lib, maqollarda ona va bolaga ko`p e`tibor qaratilgan: “Ona bilan bola – gul bilan lola”; “Ona yesa, bolaga sut bo`ladi” (odatda, emizikli ayolning istagan, ko`ngli tusagan ovqatini topib berishga harakat qiladilar. Xalqimizda hatto shunday qadimiy odat bor: qo`shnilar biror tansiq taom pishirsalar, shuni ozgina bo`lsa ham emizikli ayol bo`lgan xonadonga uzatadilar.); “Onaning ko`ngli bolada, bolaning ko`ngli dalada”; “Bola sog`ligi – ona boyligi” (bolaning salomatligiga doimo sinchkovlik bilan e`tibor berish, uning sog`ligi to`g`risida kasal bo`lgach emas, sog`lom yurgan paytida o`ylash va qayg`urish zarurligini tavsiya etganda shu maqolni qo`llaydilar); “Bolaga “hovli” dema “holva” de” (bolaga tanish bo`lgan u tushunadigan mun sib so`zlar topib, gap uqtirishning o`zi ham bir san`at ma`nosida); “Bolaginamning bolasi – qandak o`rikning donasi” variantlari: “Bolam – bolim, bolam bolasi - jonim”; “Danagidan mag`zi shirin”. “Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor” (farzand – oilaning boyligi, quvonchi, ota-onaning tayanchi. Farzandning dunyoga kelishi birgina ota-ona uchun emas, balki atrofdagi kishilar, qarindosh-urug`, yor-birodar, qo`ni-qo`shni, tanish-bilishlar uchun ham olam-olam quvonch bag`sh etadi. Ko`pgina o`zbek xalq maqollarida shu narsa o`z aksini topgan. Bolali uyda bolani gapga solib, shirin-shirin gaplari va qiliqlaridan zavqlanib, u bilan ovunib g`iybatga ehtiyoj qolmaydi). Xalqimiz o`rtasida shunday bir olqish so`z ham borki, birovga: Rizq-nasibangiz kamimasin, bola-chaqangiz ko`paysin degan ma`noda yaxshi tilaklarni tilaganlarida: “Qozon to`la osh bolsin, yostiq to`la bosh bo`lsin” deydilar.

Uyat, andisha, hayo kabi mavzular ham faqat o`zbek xalq maqollarida uchraydi desak yanglishmaymiz. Isbot uchun: “Andishaning oti qo`rqoq”; “Sharmsizlik sharmandalik nishoni”. O`zbek xalqi nonni e`zozlaydi va buni maqollarda ham kuzatamiz: “Non mo`lligi – el to`qligi”; “Nonga hurmat – elga hurmat”; “Non – asli don”.

Maqollardagi milliy koloritni ta`minlaydigan yana bir obraz bu o`sha xalq taomlaridir. Isbot uchun: “Har kuni yema palovni, har kuni yoqqil olovni”; “Kuningdan bir kuning qolsa ham osh ye”10. Rus tilida: “Щи да каша – пища наша” (shi va kasha – bizning ovqatimiz).



Xulosa qilib aytganda, maqollar bu xalqning madaniy me`rosidir. Ularda o`sha xalqning barcha o`y-fikrlari, dunyoqarashi, turmush tarzi, fe`l-atvori va e`tiqodi aks etadi. Har bir millat o`ziga xos tavsiflarga ega ekan, bu ularning maqollariga ham ta`sir etmay qolmaydi. Xatto maqollardagi mavzular o`xshash bo`lsada, ulardagi obrazlar takrorlanmasligi bilan ajralib turadi. Aynan o`sha tasvirlar maqollardagi milliy bo`yoqdorlikning ta`minlaydi.


1 Karimov I. A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent. 2008. 114-bet.

2 M.Koshg`ariy “Devonu lug`otit-turk”. Indeks-lug`at. Toshkent 1967-yil. 534-536-betlar

3 Sh.Shomaqsudov, Sh.Shorahmedov “Hikmatnoma”. Toshkent 1990-yil. 408-bet.

4 D.Yusupova “Adabiyot”. Toshkent 2014-yil. 111-112-betlar.

5 Sh.Shomaqsudov, Sh.Shorahmedov “Ma`nolar mahzani”. “O`zbekiston” 2001-yil. 80, 173, 380-betlar

6 M.Hamroyev “Adabiyot”. Toshkent 2006-yil. 123-bet

7 D.Yusupova “Adabiyot”. Toshkent 2014-yil. 10-bet

8 Q.Abdullayev, M.Yusupov, S.Rahmonbekova 2-sinf “O`qish kitobi”. Toshkent 2010. 3-bet

9 T.G`afforova, E.Shodmonov, G.Eshturdiyeva 1-sinf “O`qish kitobi”. Toshkent 2011-yil. 86-bet

10 Sh.Shomaqsudov, Sh.Shorahmedov “Ma`nolar mahzani”. “O`zbekiston” 2001-yil. 189-bet

Katalog: upload -> book
book -> Sana: 03. 04. 2015. Fan: Jahon tarixi Sinf
book -> Tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti
book -> Qayta tayyorlash va malakasini oshirish
book -> Tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti
book -> 6-sinf тарих (umumta’lim maktablari uchun)
book -> 6-§ Ilk sivilizasiyalarning vujudga kelish davri
book -> Mavzu: Ishlab chiqarish asoslari mashg`ulotlarini o`tkazish metodikasi Mehnat ta’limi jarayonida o`quvchilarga ishlab chiqarish to`g`risida quyidagi tushunchalar beriladi
book -> Uslubiy qo`llanma
book -> Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim kafedrasi kichik maktab yoshidagi oʻquvchilarni miqdorlar bilan tanishtirish
book -> Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim kafedrasi savod oʻrgatish darslarida ta’limiy oʻyinlardan foydalanish

Download 124.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
davlat pedagogika
o’rta maxsus
axborot texnologiyalari
nomidagi toshkent
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
navoiy nomidagi
samarqand davlat
ta’limi vazirligi
toshkent axborot
nomidagi samarqand
guruh talabasi
toshkent davlat
haqida tushuncha
Darsning maqsadi
xorazmiy nomidagi
vazirligi toshkent
Toshkent davlat
tashkil etish
Alisher navoiy
Ўзбекистон республикаси
rivojlantirish vazirligi
pedagogika universiteti
matematika fakulteti
sinflar uchun
Nizomiy nomidagi
таълим вазирлиги
tibbiyot akademiyasi
maxsus ta'lim
ta'lim vazirligi
bilan ishlash
махсус таълим
o’rta ta’lim
fanlar fakulteti
Referat mavzu
Navoiy davlat
haqida umumiy
umumiy o’rta
fanining predmeti
Buxoro davlat
fizika matematika
malakasini oshirish
universiteti fizika
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
jizzax davlat
tabiiy fanlar