Mustaqil ish turlarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ijodiy fikrlashga o‘rgatishdagi o‘rni
Barcha o‘quv predmetlarida bo‘lgani kabi boshlang‘ich sinf ona tili darslarida ham o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatishda
mustaqil ishlar muhim o‘rin tutadi. Ular quyidagi xususiyatlariga ko‘ra xarakterlanadi:
- mustaqil ishlarda bajarish so‘ralgan shartlar o‘quvchilardan izlanuvchanlikni talab qilishi;
- o‘quvchilarni mustaqil holda hukm, xulosa va umumlashmalar chiqarishga yo‘naltirishi;
- mustaqil ishlarni bajarish jarayonida o‘quvchilarda yangi bilimlarni egallashga ehtiyoj tug‘ilishi.
Reproduktiv mustaqil ishlar. Reproduktiv mustaqil ishlar o‘quvchilarning avval olgan bilimlarini amalda qo‘llashni nazarda tutadi.
Bunday mustaqil ishlarga namuna asosidagi mustaqil ishlar, sharhlab yozish, grammatik topshiriqli diktantlar kiradi. Bu xildagi mashqlar
o‘quvchilarning mustaqil fikr yuritish jarayoniga qisman ta’sir ko‘rsatadi va u ko‘pincha darslik mashqlari asosida o‘tkaziladi. Quyida
darslikdan tashqari bo‘lgan namuna asosidagi mustaqil ishlarning ayrim variantlarini keltiramiz.
«Poyezd». Bunday mustaqil ishlardan 1-sinf ona tili darsida «Gap» mavzusini o‘tayotganda foydalanish mumkin.
Poyezd vagonlari ko‘rinishidagi alohida qog‘ozlarga bitta gapning har bir so‘zi alohida-alohida yoziladi va aralashtirib yuboriladi.
O‘quvchilarning vazifasi vagonlarni shunday terishi kerakki, natijada to‘g‘ri gap hosil bo‘lsin.
Masalan: Birinchi, Malika, sinfga, bordi.
To‘g‘ri javob: Malika birinchi sinfga bordi.
«Bo‘g‘inlarga bo‘ling». Bu mustaqil ish davomida o‘quvchilar «G‘uncha» jurnali yoki turli suratli kitobchalardan ma’lum bir matnni
bo‘g‘inlarga bo‘lgan holda ko‘chirib yozadilar. Shu orqali o‘quvchilarning bo‘g‘inlarga ajratish yoki bo‘g‘in ko‘chirish qoidasiga doir
bilimlari mustahkamlanadi. Shu bilan birga, bosma harflarni yozma harflarga to‘g‘ri o‘girish, kitobdan to‘g‘ri ko‘chirish ko‘nikmalari
rivojlanib boradi.
Sharhlab yozish. Sharhlab yozish mashqlaridan darslik yoki darslikdan tashqari mashqlar asosida darsning o‘tgan mavzularini
mustahkamlash yoki yangi bilimlarni mustahkamlash jarayonida foydalanish mumkin. Buning uchun o‘quvchilardan biri berilgan so‘z yoki
gapni mustaqil ravishda sharhlab (baland ovozda) yozadi. Qolgan o‘quvchilar ham «boshlovchi» o‘quvchining so‘zlarini tinglab yozib
boradilar.
Masalan, birinchi sinfda ona tilidan gap tuzish va tinish belgilarining qo‘llanishini tushuntirishga oid darsda o‘quvchilardan biri shunday
gap tuzishi va uni sharhlab yozdirishi mumkin:
«Boshlovchi» o‘quvchi: Men shunday gap tuzdim: «Nigora nega kelmadi?» Yozamiz. Xat boshidan, bosh harf bilan (bo‘g‘inlab, cho‘zib
aytadi): «Ni-go-ra ne-ga kel-ma-di?». Gap tugadi. Gap oxirida so‘roq belgisi qo‘yiladi. Chunki gap so‘roq ma’nosini bildiryapti. Boshidan
o‘qiyman, tekshiring: «Nigora nega kelmadi?».
Grammatik topshiriqli diktantlar. Grammatik topshiriqli diktantlar reja asosida bir soatlik dars davomida yoki o‘tilgan mavzuni
mustahkamlash jarayonida qo‘llanishi mumkin. Buning uchun kichik hajmdagi diktantlar yozdiriladi va o‘quvchilarga grammatik topshiriqlar
ham beriladi. 1-sinfda grammatik topshiriqli diktantlarda topshiriqlar quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Fonetik topshiriqlar (unli yoki undosh tovushlar tagiga chizing). Masalan: olma, anor.
So‘zlarni bo‘g‘in ko‘chirish qoidasiga muvofiq bo‘lib yozing. Masalan: bo-la-lar.
Nuqtalar yoki pauza o‘rniga gap ma’nosiga mos harakat (nom, belgi) bildirgan so‘zlarning mosini qo‘ying. Masalan: Ariqlarda suvlar ...
oqadi (jildirab).
Nom bildirgan so‘zlar tagiga bir chiziq, harakat bildirgan so‘zlar tagiga ikki chiziq chizing. Masalan: Ot kishnadi.
Ketma-ket kelgan bir xil undoshlar tagiga chizing. Masalan: Duradgor taxtani arraladi.
Rekonstruktiv mustaqil ishlar. Rekonstruktiv mustaqil ishlarni o‘tkazish jarayonida o‘quvchilar muammoni hal etish uchun avval
olgan bilimlarini faqat xayolda qayta tiklabgina qolmay, balki muammoni hal etish yo‘llarining mavjud umumiy tushunchalardan qaysi biriga
mos kelishini o‘rganadilar. Bu tipdagi mustaqil ishlarga bayon, shaxsni o‘zgartirib hikoya qilish, tahlil qilish, test topshiriqlari, tarqatma
materiallar asosidagi mustaqil ishlar misol bo‘la oladi.
Bayon. Bayon o‘quvchilarning yozma mustaqil ish turlaridan biri bo‘lib, matn mazmunini ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng qayta yozish
jarayonida o‘quvchilarning nutqi boyiydi, savodxonlik darajasi o‘sadi, mustaqil fikrlashga o‘rganadi.
Boshlang‘ich sinflarning ona tili darslarida bayon quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
1. O‘qituvchi matnni ifodali o‘qib eshittiradi va qayta hikoya qiladi.
2. 1-2-sinflarda o‘quvchilar tayyor reja bilan tanishtiriladi. 3-sinfda o‘qituvchi va o‘quvchilar hamkorlikda reja tuzadilar, 4-sinfda
o‘quvchilarning o‘zlari mustaqil reja tuzadilar.
3. O‘quvchilar reja asosida matnni 1-2 marta qayta hikoya qiladilar.
O‘qituvchi o‘quvchilar tushunmagan so‘z va jumlalarning ma’nosini tushuntirib beradi, yozilishi qiyin bo‘lgan so‘zlarni xattaxtaga yozib
ko‘rsatadi. O‘quvchilar bayon yozishga kirishadilar.
Bayonlar mazmuniga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladi:
Savollar asosida yoziladigan bayon
Darak gaplardan iborat reja asosidagi bayon
Sarlavha qo‘yib bayon yozish
Rasmli reja asosidagi bayon
Ijodiy bayon
Bu bayonlarning barchasidan ham ta’lim jarayonida keng foydalanish mumkin. Ammo ularning faqat 2 turi, ya’ni rasmli reja asosidagi
bayon va ijodiy bayonlar o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish jarayoniga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Rasmli reja asosidagi bayon. Bunday bayon biror bir voqeani yoki ertakni aks ettiruvchi suratlar asosida o‘tkaziladi. O‘qituvchi voqealar
ketma-ketligi aks etgan suratlarni tartib bilan terib qo‘yadi. O‘qituvchi va o‘quvchilar hamkorlikda hikoya tuzadilar. Yozilishi qiyin bo‘lgan
so‘zlarni o‘qituvchi yozib ko‘rsatadi. O‘quvchilar reja asosida bayon yozishga kirishadilar.
Rasmli reja asosidagi bayon ertaklar asosida yoki yil fasllarida bo‘ladigan tabiiy o‘zgarishlar haqida yozilishi mumkin. Bunday
bayonlarni yozishda o‘quvchilarga mustaqil fikrlash uchun imkoniyatlar juda keng.
Ijodiy bayon. Bunday bayonlarni yozishda o‘qituvchi matnning ma’lum bir qismini o‘qib hikoya qilib beradi. Shundan so‘ng
o‘quvchilarning bir nechtasi og‘zaki hikoya qiladilar va voqealar rivoji qanday bo‘lishi haqida fikrlashadilar. Reja tuziladi. O‘qituvchi
yozilishi qiyin bo‘lgan so‘zlarni yozib ko‘rsatadi va o‘quvchilar bayon yozishga kirishadilar.
Bunday bayonni o‘tkazish jarayonida o‘quvchiga mustaqil ravishda hikoyani davom ettirishga imkon beriladi.
Masalan, «Musicha» matni asosida quyidagicha bayon yozish mumkin:
Musicha
Abdulla hovlida qanoti singan musichani ko‘rib qoldi. U musichani olib . . .
Reja:
Abdulla hovlida nimani ko‘rib qoldi?
U qanday yo‘l tutdi?
Shaxsni o‘zgartirib hikoya qilish. Bunday mustaqil ishlar darslikdagi matnlar yoki darslikdan tashqari bo‘lgan matnlar asosida
o‘tkaziladi. O‘quvchilarga birinchi shaxs nomidan hikoya qilingan matnlarni ism qo‘yib uchinchi shaxs nomidan hikoya qilish yoki uchinchi
shaxs nomidan hikoya qilingan matnni birinchi shaxs nomidan hikoya qilish topshiriladi. Bu xildagi mustaqil ishlarni bajarish jarayonida
o‘quvchilarning og‘zaki nutqi va mustaqil fikrlash darajasi oshib boradi. Misol:
«Men bu yil 1-sinfga bordim. O‘qituvchimiz bizni yaxshi kutib oldilar. Sinfdoshlarim bilan tezda do‘stlashib ketdik. Biz yaxshi o‘qishga
harakat qilamiz».
3-shaxs tomonidan hikoya qilinishi:
«Laylo bu yil 1-sinfga bordi. Uni o‘qituvchi yaxshi kutib oldi. Laylo sinfdoshlari bilan tezda do‘stlashib ketdi. Ular yaxshi o‘qishga
harakat qiladilar».
Tahlil qilish. Boshlang‘ich sinflarda fonetik va morfologik tahlil turlaridan foydalaniladi. Tahlil jarayonida obekt sifatida so‘z yoki gap
olinishi mumkin. Fonetik tahlil jarayonida so‘zda nechta unli va nechta undosh tovush qatnashganligi, yonma-yon kelgan bir xil undoshlar
bo‘lsa ularni ko‘rsatish, talaffuzda tushirib qoldiriladigan yoki o‘zgaradigan undosh tovushlar bo‘lsa ko‘rsatish talab etiladi.
Morfologik tahlil jarayonida esa gapdagi so‘zlar qanday savollarga javob bo‘lishi, qanday ma’no anglatishi, gapda qanday vazifada
kelishi kabilarni ko‘rsatish talab etiladi.
Fonetik tahlil. Tovushlar talaffuzi bilan bog‘liq bo‘lib, o‘quvchilarning imlo savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, «Oppoq
qand» iborasi quyidagicha tahlil qilinadi.
Oppoq - so‘zida ikkita unli tovush bor. Bular «o» tovushi, talaffuz qilinayotganda og‘iz bo‘shlig‘ida to‘siqqa uchramaydi. Ikkita «p»
undosh tovushi yonma-yon kelgan. «q» tovushi ham undosh tovush. «p» va «q» tovushlari talaffuz qilinayotganda og‘iz bo‘shlig‘ida to‘siqqa
uchraydi.
Qand - so‘zidagi «q» tovushi undosh tovush, talaffuz qilinganda og‘iz bo‘shlig‘ida to‘siqqa uchraydi. «a» tovushi unli tovush, talaffuz
qilinganda og‘iz bo‘shlig‘ida to‘siqqa uchramaydi. Qolgan «n» va «d» tovushlari undosh tovushlar bo‘lib, talaffuz qilinganda og‘iz
bo‘shlig‘ida to‘siqqa uchraydi, «d» tovushi «t» tovushi kabi talaffuz qilinadi.
Morfologik tahlil. Morfologik tahlil o‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Masalan, «Malika Farg‘onada
yashaydi» quyidagicha tahlil qilinadi.
Malika - kim? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. Insonlarga qo‘yiladigan ism. Shuning uchun bosh harf bilan yoziladi. Tagiga bir chiziq chizamiz.
Farg‘onada - qayerda? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. Shahar nomi bo‘lgani uchun bosh harf bilan yoziladi. Tagiga to‘lqinli chiziq chizamiz.
Yashaydi - nima qiladi? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. Harakat bildirgan so‘z. Shuning uchun ikki chiziq chizamiz.
Test. Boshlang‘ich sinfdanoq o‘quvchilarda test topshiriqlarini yechish ko‘nikmasini shakllantirish mustaqil fikrlash malakalarini
shakllantirishga yordam beradi. Test haqidagi dastlabki tushunchalarni shakllantirishda o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini
hisobga olgan holda testning o‘ziga xos ko‘rinishlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Alifbe davrida tovush va harf haqidagi dastlabki
ma’lumotlar berish jarayonidayoq testning rasmli, sodda ko‘rinishlaridan foydalanish mumkin. Masalan:
Bu test «q» tovushiga taalluqli bo‘lib, o‘quvchilar rasmlarga qarab u yerda ko‘rsatilgan narsalarning nomlarini aytishlari va bu
so‘zlardagi «q» tovushining o‘rnini ko‘rsatishlari lozim bo‘ladi.
Keyingi darslarda bu test murakkablashtirib boriladi. Endi o‘quvchilardan nafaqat rasmlarga qarab javob topish, balki bo‘sh o‘rinlarga
mos so‘zlarni qo‘yish talab etiladi. Bu jarayonda o‘quvchilar fikrlashga, egallagan nazariy bilimlarini amalda qo‘lllashga o‘rganadilar.
Rasmli testlar vositasida o‘rganilayotgan tovushni faqat so‘zboshida emas, so‘zning boshqa o‘rinlarida keladigan holatlarda ham
foydalanish mumkin. Masalan, «u» tovushi bilan tanishayotganda mushuk, uzum, tulki rasmlaridan foydalanish mumkin. O‘quvchilar
suratlarda nimalar tasvirlanganini topish bilan birgalikda «u» tovushi so‘zning qaysi qismida joylashganligini topishlari lozim bo‘ladi. Buning
uchun o‘quvchilar tovush sxemasini chizadilar yoki ikki xil rangdagi to‘rtburchak qog‘ozchalarni oladilar va «u» tovushining o‘rnini bir xil
rangdagi qog‘ozcha bilan, qolgan tovushlarni boshqa bir xildagi qog‘ozcha bilan ko‘rsatadilar.
1-sinf o‘quvchilari alifbedan keyingi davrda o‘qish malakasiga ega bo‘lganlaridan so‘ng ikki xil variantda javoblari berilgan
yopiq testlardan foydalanish mumkin. Bunday testlar metodik qo‘llanmada ham berilgan. Testlar haqida umumiy ma’lumotga va nazariy
bilimlarga ega bo‘lgan o‘quvchilarga nisbatan murakkab hisoblangan shu xildagi testlarning javoblarini topish ham u qadar qiyinchilik
tug‘dirmaydi. Ular quyidagi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin:
1.So‘zlar qaysi qatorda alifbo tartibida to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
A) sabzi, parta, metro, oila.
B) lavlagi, matn, nihol, oila.
2.Sanoq bildirgan so‘zlar yozilgan qatorni toping.
A) birgalikda, barchamiz.
B) birinchi, bitta, yigirma.
O‘yin-testlar. Testning bu shakli o‘yin tarzida o‘tkaziladi va o‘tilayotgan mavzuga o‘quvchilarning qiziqishlarini oshirishga qaratiladi.
Buning uchun bir tarafi toza, ikkinchi tarafida esa suratlari bo‘lgan qog‘ozlardan foydalaniladi. Yoki toza oq qog‘ozning bir tarafiga ertak
qahramonlarining suratlari chiziladi. Qog‘ozning toza tomonining bir qismiga savol, ikkinchi qismiga savolning javobi yoziladi. Shundan
so‘ng qog‘oz to‘lqinli yoki arrasimon chiziq bo‘ylab ikki qismga ajratiladi. Bunday qog‘ozlarning bir nechtasi tayyorlanib o‘quvchilarga bitta
savol yozilgan qog‘oz qismi va bir nechta javoblar yozilgan qismi beriladi. O‘quvchi savolni o‘qib shu savolning javobi yozilgan qog‘ozni
topishi va ikkala bo‘lakni birlashtirishi lozim. Agar javob to‘g‘ri bo‘lsa ikkala bo‘lak bir-biriga mos keladi va qog‘ozning orqa tomonida ham
bir butun surat hosil bo‘ladi.
Bunday testlar o‘quvchilarga topshiriq berishda bir xillikdan qochishga imkon beradi. Bir nechta javob variantlari orasidan to‘g‘ri
javobni tanlash o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, erkin mulohaza yuritish, mustaqil holda to‘g‘ri xulosa chiqara olish ko‘nikmasini
rivojlantirishga yordam beradi.
Tarqatma materiallar. Boshlang‘ich sinflarning ona tili darslarida foydalaniladigan tarqatma materiallar kartochkalar yoki buyumlar
ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
1.Buyumlar ko‘rinishidagi tarqatma materiallar. Bunday tarqatma materiallar o‘quvchilar nutqini o‘stirish, ularda sinchkovlik,
kuzatuvchanlikni rivojlantirish maqsadida qo‘llaniladi. Buyumlar ko‘rinishidagi tarqatma materiallarda quyidagicha savollardan foydalanish
mumkin:
1. Buning nomi nima?
2. Uning ko‘rinishi qanday?
3. U nima maqsadda ishlatiladi?
2.Tarqatma kartochkalar. Tarqatma kartochkalar o‘tilgan mavzularni takrorlash, mustahkamlash, o‘zlashtirilgan bilimlarni
sistemalashtirish maqsadida ishlatiladi. Kartochkalarni tarqatishdan avval o‘quvchilar o‘qituvchilar rahbarligida darslikda berilgan mashqlarni
bajarib, mashqlar shartini o‘rganadilar.
Tarqatma materiallar bilan ishlashning afzalligi shundaki, o‘qituvchi har bir o‘quvchining mavzu yuzasidan individual bilim darajasini
alohida tarzda qayd qilib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bo‘sh o‘zlashtiradigan o‘quvchilar bilan alohida ishlash, o‘quvchilarning mustaqil
ishlarini izchil ravishda murakkablashtirib borishni taqozo qiladi.
Tarqatma materiallardan o‘z o‘rnida va to‘g‘ri foydalanish o‘qituvchiga qisqa muddat davomida yuksak natijalarga erishishga yordam
beradi. O‘quvchilarda bilim olish bilan birgalikda mustaqillik, ijodkorlik, o‘z-o‘zini nazorat qilish, o‘z kuchiga ishonch, topshiriqlarni hal
etishga mas’ullik va ijodkorlik bilan ongli yondashish, izlanish, to‘g‘ri xulosalar chiqarish kabi xislatlarni shakllantiradi.
Modomiki, o’rta umumta’lim maktablarida ona tilini o’qitishdan asosiy maqsad bolalarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, ijodiy fikr
mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og’zaki, yozma shakllarda to’g’ri, ravon ifodalash ko’nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish ekan,
demak, ularni ijodiy yozma ish ustida ishlash usullariga ham o’rgatish lozim. Bu ish ona tili mashg’ulotlarida ikki yo’nalishda amalga
oshiriladi:
til hodisalarini o’rganish jarayonida;
ijodiy yozma ish ustida ishlash uchun ajratilgan maxsus soatlarda.
Birinchi yo’nalish deyarli barcha ona tili mashg’ulotlarida amalga oshiriladi. O’quvchi o’rganilayotgan til hodisasini amalga tatbiq
etgan holda ijodiy matnlar yaratar ekan, mavzuni yoritish uchun zarur materialni tanlash, yozish, ishning rejasini tuzish, «xat boshi»
tushunchasi, yozma ish matni ustida qayta ishlash, insho turlari (ilmiy insho, badiiy insho, erkin mavzuda yozilgan insho,ramziy insho) kabi
masalalarga duch keladi va ayni vaqtda o’qituvchidan bu haqida zarur ma’lumotlarni ham bilib olish lozim bo’ladi.
Ikkinchi yo’nalish ijodiy yozma ish ustida ishlash uchun ajratiladigan maxsus soatlardir. Biz ijodiy yozma ish ustida ishlash usullarini
morfologiya o’rganilgandan keyin kiritishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Chunki, birinchidan, bu davrga (7-sinfning)oxiriga kelib,
O’quvchilar matn ustida ishlash yuzasidan anchagina malakaga ega bo’ladilar va ikkinchidan. Bu usullarni o’rganish sintaksisni o’rganish
uchun keng yo’l ochib beradi.
Ijodiy yozma ish usullari bo’limida o’quvchilarni quyidagi zarur bilim, ko’nikma va malakalar bilan qurollantirishni maqsadga muvofiq
deb bilamiz:
-«Ijodiy yozma ish» tushunchasi:rasm asosida hikoya manzara tasvirni, shaxs, xayvon, narsa-buyum, voqea-hodisa tasviri:
O’quvchi(muallif) va borliq: yozma ishning maqsadi: yozma ish o’quvchining(muallifning) o’zligi:
-yozma ishga mavzu tanlash, uni tayyorlash: ayni bir narsa manzara, voqea, hodisalar asosida turlicha mavzuda yozma ish yozish:
yozma ish mazmunining mavzu va uning nomlanishi bilan bog’lanishi:
Do'stlaringiz bilan baham: |