Boshlang'ich sinf o'quvchilarini harakatli o'yinlarga o'rgatish metodikasi
O`zbekiston Respublikasining “Ta’lim to`g`risida”gi Qonuni, “Sog`lom avlod” Davlat dasturi, “Jismoniy tarbiya va sport to`g`risida”, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (O`zRVM) “O`zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori( 1999y., 27 may) va bir qator hukumatimiz tomonidan chiqarilgan me’yoriy hujjatlarda mamlakatimiz fuqarolarining salomatliklarini yaxshilash va mustahkamlash, jismoniy jihatdan chiniqishlari uchun bir qator chora-tadbirlar belgilab berilganki, ular o`sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy va ma’naviy kamolotga yetaklashda, ayniqsa mehnat va mudofaa ishlariga doimiy ravishda tayyor bo`lishga dav’at etadi.
Prezidentimiz Islom Karimov va Respublika hukumatining g`amho`rligi tufayli ta’lim tizimining barcha pog`onalarida sport ishlarini rivojlantirish uchun keng islohotlar o`tkazilmoqda. Bu islohotlar to`la ma’noda umumiy o`rta ta’lim maktablarining boshlang`ich sinflaridagi jismoniy tarbiya ishiga ham taalluqlidir.
Umumiy o`rta ta’limning boshlang`ich sinflarida o`qitiladigan Jismoniy tarbiyadan DTS o`zining tuzilishi va mazmuniga ko`ra jismoniy tarbiyani o`qitish jarayonida o`quvchi shaxsi, uning jismoniy rivojlanishi, intilishlari, qobiliyati va qiziqishlari ustuvorligidan kelib chiqadi, ammo amaldagi dasturlar bo`yicha tuzilgan o`quv qo`llanmalarda taqdim qilinayotgan topshiriqlar har doim ham harakatli o`yinlardan foydalanish orqali o`quvchining ma’naviy-ma’rifiy sohasini o`stirishga mo`ljallanmagan. Shu jihatdan olganda ularni tadqiqot doirasida takomillashtirish maqsadga muvofiq.
Jismoniy tarbiya darslarida faqat ta’lim tarbiya vazifalari emas, balki insoniy fazilatlar, ya’ni diqqat e’tiborlik, intizomlilik, iroda, saranjomlik, buyumlarni ehtiyot qilish, shuningdek mehnatsevarlik, qat’iyatlilik, sabot, matonat, maqsadga intiluvchanlik, mustaqillik va qiyinchiliklarni engishda qat’iylik tarkib toptiriladi.
Jismoniy tarbiyadan DTS ta’lim mazmuni, shakllari, vositalari, usullarini, uning sifatini, baholash tartibini belgilaydi.
Darslarni to`g`ri o`tkazish mustaqil ishning muvaffaqiyatini va o`qituvchining darslardan olinadigan malaka va ko`nikmalarni takomillashtirish bilan bog`liq bo`lgan turli topshiriqlarini o`quvchilar bajarishlarini ta’minlaydi. Bu topshiriqlarni o`quvchilar uyda yoki guruhlarda mustaqil bajaradilar. Shunday qilib, darslar o`quvchilarning shaxsan mustaqil yoki guruh mashg`ulotlarining asosi hisoblanadi. Darslarda, odatda, o`quvchilarni mashg`ulot o`tkaziladigan material bilan tanishtiriladi. Shundan darslar o`quv kun tartibidagi jismoniy tarbiya tadbirlarining ham asosi hisoblanadi.
O`qituvchining dars paytidagi qisqa suhbatlaridan o`quvchilar jismoniy tarbiya va sportning vazifalari hamda ahamiyatini bilib oladilar. Ular darslarda o`zlari uchun yangi bo`lgan jismoniy mashqlar va o`yin turlari bilan tanishadilar, bolalarda gimnastika, sport o`yinlariga qiziqish tarbiyalanadi. Bularning barchasi boshlang`ich sinf o`quvchilarining to`garak va komandalarga jalb etishga ko`maklashadi, turli ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga jalb etadi. Shunday ekan, dars o`quvchilar bilan olib boriladigan barcha sinfdan tashqari ommaviy va sport ishlarining ham asosi hisoblanadi.
Jismoniy tarbiya darslarida qo`llaniladigan jismoniy mashqlar ichida hayotiy muhim, kundalik turmushda qo`llaniladigan mashqlar ko`p. Maktabning vazifasi o`quvchilarni jismoniy tarbiya vositalaridan har kuni o`qish, mehnat, dam olishning turli sharoitlarida foydalanishlariga odatlanishdir. Bularning barchasiga bolalar, avvalo, jismoniy tarbiya darslarida o`rganadilar.
Jismoniy tarbiya darslari o`z mazmunining tashkil etilishiga ko`ra o`ziga hos xususiyatlarga ega. Ular zalda, maydonchada, yo`lakda o`tkaziladi, bunday joyda bolalar harakati kamroq cheklangan bo`ladi, bu esa bolalarni uyushtirish va dars o`tkazishda alohida sharoit yaratadi. O`quvchilar jismoniy tarbiya darslarida odatdagi maktab formasida emas, balki maxsus sport kiyimlarida shug`ullanadilar. Bunda harorat ham, sharoit ham o`zgacha bo`ladi Dars paytida ular mashq bajarish uchun o`z joylarini qayta-qayta o`zgartirib turishlariga va bir-birlari bilan hilma-hil o`zaro hamkorlik qilishlariga to`g`ri keladi.
Jismoniy tarbiya darslari boshqa darslardan ko`ra o`quvchilar organizmiga turli hil ta’sir ko`rsatishi bilan farqlanadi. Shu bois bu erda o`quvchilarga ko`proq yakkama-yakka yondashish lozim. Bu xususiyatlarning barchasi o`quvchilarning jismoniy tarbiya darslarini o`tkazish mas’uliyatini kuchaytiradi.
O`rgatiladigan harakatlarni rejali ravishda mashq qildirish bolalarga jismoniy tayyorgarlikning eng yuqori natijalariga erishishlarida yordam beradi, ularni sog`lom qiladi, bilimlarini oshiradi, jismoniy sifatlarning tarkib topishiga xizmat qiladi.
Dasturlar tahlili shuni ko`rsatadiki, harakatli o`yinlar orqali sog`lomlashtirish vazifalari ham tarbiyaviy vazifalar kabi har bir darsda hal etilishi lozim. Jismoniy tarbiya darslarini to`g`ri uyushtirish va o`tkazish, tegishli kiyim boshlar kiyib shug`ullanish, mashg`ulot joyida zarur sanitariya- gigiena holatini saqlash, darslarning ochiq havoda o`tkashilishi- bular sog`lomlashtirish masalasi doirasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu tahlillardan aniq bo`ldiki DTS va dasturlarda ko`rsatilishicha, ayrim ta’lim vazifalarini hal etish uchun nisbatan uzoq vaqt yoki qator ketma-ket darslar zarur, ayrimlarini hal etish uchun esa bir darsning o`zi kifoya qiladi.
Jismoniy tarbiyadan dasturlarda Jismoniy tarbiya darslari ta’lim, tarbiya va sog`lomlashtirish vazifalariga ega,-deb belgilangan. Ta’lim berish vazifalari bolalarni dasturda ko`zda tutilgan mashqlarni bajarishga, o`rganilgan mashqlarni rivojlantirishga, shuningdek malaka va ko`nikmalarni rivojlantirishga, o`rganilgan mashqlarni turli sharoitda qo`llashga o`rgatishdan iborat. Ta’lim vazifalarini izchil ravishda bajarish dasturdagi butun o`quv materialini izchil va mustahkam o`rganishga olib keladi.
Jismoniy tarbiyadagi pedagogik jarayonning natijalari darslarda olib boriladigan o`quv va tarbiya ishining sifatiga bog`liq. Bunga har bir dars zaminidagi vazifalarni hal etibgina erishish mumkin. Masalan, arqonga ma’lum usulda tirmashib chiqish va bunda harakatlarni to`g`ri navbatlashtirishni bir darsda o`rgatish mumkin emas. Shunday ekan, bir darsda buni hal etib bo`lmaydi. Bu umumiy vazifa bo`lib, uni bajarish uchun darslar turkumi talab qilinadi. O`quvchilarni arqonni oyoqlari bilan ushlab tirmashib chiqishga bir darsda o`rgatish mumkin, bu kichikroq xususiy vazifa bo`lib, uni mazkur darsning aniq vazifalaridan biri sifatida qo`yish mumkin. Ta’lim vazifalari, shuningdek o`quvchilarning jismoniy tarbiya va sport, sog`likni saqlash, chiniqish, jismoniy mashqlarni to`g`ri bajarish haqida bilim olishlarini ham hal qiladi.
Dasturlarning tahlilidan ko`rinib turibdiki, Jismoniy tarbiya darslari bilan bog`liq bo`lgan eng muhim masalalardan biri, uni qanday tuzish masalasidir. Darsning tuzilishi deganda alohida darsni tuzishda foydalaniladigan tahminiy reja tushuniladi. Darsning tuzilishi o`qituvchi mashqlarni oqilona tanlashga, materialni to`g`ri joylashtirish va darsdagi nagruzkani aniqlashga yordam beradi.
Darsning tuzilishi dastur materialini izchil o`rganish asosida belgilangan vazifalarga bog`liq.
Qo`yilgan vazifalarni bajarish uchun tegishli material tanlanadi, uni bajarish izchilligi va ta’limning metodik usullari belgilanadi.
Har bir jismoniy tarbiya darsi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) muayyan-umumiy va xususiy vazifalarga ega bo`lishi lozim.
Umumiy vazifalar barcha dars yoki darslar turkumi jarayonida, xususiy vazifalar esa alohida olingan bir dars mobaynida bajarilishi kerak;
b) dars metodik jihatdan va tabiiy jihatdan to`g`ri tashkil qilinishi kerak;
v) oldingi mashg`ulotlarni izchil davom ettirishi va ayni paytda yahlit va tugallangan bo`lishi kerak, shu bilan birga u muayyan darajada bo`lg`usi darsning vazifa va mazmunini ko`zda tutishi zarur;
g) o`quvchilarning tarkibi, ularning yoshi , jinsi, jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarligi hisobga olingan bo`lishi lozim;
d) har tomonlama jismoniy rivojlanishga, sog`liqni mustahkamlashga, qaddi-qomatni shakllantirishga yordam beruvchi mashqlar va o`yinlar bo`lishi darkor;
e) dars o`quvchilar uchun qiziqarli bo`lib, ularni faoliyatga faol da’vat etish lozim;
yo) jismoniy tarbiya darsi o`quv kun tartibidagi boshqa darslarga muvofiq tarzda to`g`ri qo`shib olib borilishi kerak. Darslar mazkur sinfning doimiy tarkibi bilan o`tkaziladi. Bu aniq sharoit shug`ullanuvchilarning tayyorgarligini hisobga olib, mashg`ulotlarni yaxshi tashkil etish va o`tkazish imkonini beradi. Jismoniy tarbiya darslari qat’iy kun tartibi bo`yicha ma’lum bir kun va hafta soatlarida muayyan vaqt mobaynida 45 daqiqa o`tkaziladi. Ular birgalikda dasturda ko`zda tutilgan bilim va malakalar minimumini egallashni ta’minlaydi, shunday qilib, o`quvchilarni har tomonlama jismoniy tarbiyalashning asosini tashkil etadi.
Jismoniy tarbiya darsida har qanday pedagogik vazifani hal etish ko`pincha shug`ullanuvchilar organizmining zo`riqishini talab qiladi. Shuning uchun bu ishga organizm tegishli darajada tayyorlangan bo`lishi kerak.
Psixolog va fiziolog olim I. P. Pavlov organizmning qiyin vazifalarni hal etishga tayyor bo`lishi zarurligini ko`rsatib , sekin- astalik va mashq qilish klinika hamda pedagogikada asosiy fiziologik qoidadir, - degan edi.
Bu ko`rsatma o`qituvchi zimmasiga shug`ullanuvchilardan katta kuch talab qiladigan pedagogik vazifalarni darsning boshida emas, o`rtasida bir qator tayyorgarlikdan so`ng hal etish majburiyatini yuklaydi. Darsning asosiy vazifalarini hal etish shug`ullanuvchilarni uyushtirishni, ularda zarur kayfiyat va bu vazifalarni bajarishga bo`lgan ishtiyoq uyg`otishni talab etadi.
O`quvchilar darsning asosiy vazifasini hal qilishidan, eng qiyin vazifalarni bajarishga kirishishidan oldin ularda tegishli kayfiyat va istaklarni, tashkiliy tayyorgarlikni vujudga keltirish talab etiladi. Asosiy pedagogik vazifalarni bajarish ko`pincha shug`ullanuvchi zo`r berayotgan, ya’ni faollashgan davrga to`g`ri keladi.
O`quvchilarning organizmi nisbatan katta zo`riqish va kuchli emotsional holatdan vazmin holatga birdaniga o`tishi mumkin emas. Shuning uchun dars tuzilishida hotirjam holatga asta- sekin o`tish va mashg`ulotni tashkiliy ravishda tugallash ko`zda tutiladi. Shunday qilib, har bir darsning juda qiyin vazifalarini hal etishga tayyorlaydigan tashkiliy qismi shartli ravishda kirish qismi deb ataladi. Ikkinchisi- darsning asosiy vazifalarini bajarishga yo`naltirilgan qismi, u shartli ravishda asosiy qism, deb yuritiladi. Uchinchisi - dars yakuni, u shartli ravishda yakunlovchi qism , deb ataladi.
Darsni qismlarga bo`lish nisbiydir. Har bir dars o`z oldiga qo`yilgan vazifalaridan qat’iy nazar boshdan oxir yahlit bo`lishi lozim. Darsning barcha vazifalari va mazmuni o`zaro chambarchas bog`lab amalga oshiriladi.
Darsni kirish qismi turgan joyda burilish, yurish, sanash, o`quvchilarning erkin harakati, topshiriq bergan holdagi mashqlar va o`yinlardan ham boshlanishi mumkin. Dars boshida shug`ullanuvchilarda tetik kayfiyat hosil qilish va ularni mashqlarni yaxshi bajarishga tayyorlash kerak.
Yuqorida sanab o`tilgan mashqlardan o`qituvchi darsning vazifalari va mazmuniga muvofiq ravishda faqat tayyorlov qismini o`tish uchun zarur bo`lgan mashqlarni kiritadi.
Birgalikda organizmga har tomonlama ta’sir etadigan mashqlar tanlanadi. Ular o`quvchilarga etarli darajada tanish bo`lishi lozim . Chunki ularni o`rganish ko`p vaqt talab qiladi. Umumrivojlantiruvchi mashqlar umumiy tayyorgarlik va darsning asosiy qismida o`rganiladigan mashq turlariga tayyorlaydigan vosita sifatida qo`llaniladi. Yordamchi mashqlar, odatda , tayyorlov qismi oxirida o`tkaziladi.
Darsning tayyorlov qismida, keskin to`lqinlantirmaydigan saflanish elementlari bo`lgan uyushtiruvchi o`yinlar qo`llaniladi.
Saflanish va darsning tayyorlov qismini o`tkazish muayyan darajada darsning qanday sharoitda o`tayotganiga bog`liq bo`ladi. Agar dars maydonda sovuq ob - havo sharoitida o`tadigan bo`lsa , o`qituvchi oldida yana bir qo`shimcha vazifa - oldin organizmni yaxshilab “ qizdirish” vazifasi paydo bo`ladi.
Bunday holatda umumrivojlantiruvchi mashqlarning soni oshiriladi, bajarish sur’atini tezlatish taklif etiladi va darsning tayyorlov qismiga vaqt ko`proq sarflanadi.
Darsning asosiy qismi. Darsning tayyorlov va asosiy qismi o`rtasida aniq chegara yo`q, albatta, biroq asosiy qismdagi mashqlar kirish qismidagi mashqlarning uzviy davomi bo`lishi lozim. Bu qismning nomi shartli bo`lsa-da, uning ahamiyatini belgilaydi.
Darsning asosiy qismiga dasturdagi har qanday materialni kiritish mumkin.
Umumrivojlantiruvchi mashqlar bu erda ham o`rtacha fiziologik samaraga erishish hamda boshqa asosiy mashq turlariga tayyorlash uchun qo`llaniladi. Buyumlarsiz bajariladigan va qaddi-qomatni shakllantiruvchi mashqlar darsga xususiy vazifani hal etish uchun, ya’ni harakat turlarini o`rganish uchun kiritiladi.
YUrish, yugurish, sakrash, uloqtirishning hilma-hil ko`rinishlari, tirmashish, muvozanat saqlash, osilish mashqlari, akrobatika mashqlari asosiy qismga aniq pedagogik vazifalarni hal etish, shuningdek ma’lum darajada fiziologik ta’sir ko`rsatish maqsadida kiritiladi. Darslarda doimo harakatli o`yinlar o`tkaziladi.
Shuni aytib o`tish joizki, asosiy qism ichida amaliy materiallarning to`g`ri joylashishi katta ahamiyatga ega. Asosiy qismning boshida yangi materiallar hamda aniq bajarishni talab qiladigan mashqlar o`rganiladi.
Organizmni zo`riqtiradigan mashqlar yengil mashqlardan so`ng o`tkaziladi. Bu bilan nagruzkani asta - sekin ko`paytirish qonun - qoidalariga rioya qilinadi.
O`tilgan materialni takomillashtirish yangi material o`zlashtirib olingandan so`ng o`tkaziladi. Agar yangi material darsning asosiy qismiga kiritilmasa, o`tilganlarni takomillashtiriladi. CHunonchi, o`quvchilar ikki - uch dars oldin tanishgan gimnastika devoriga tirmashib chiqish malakasini, ancha ilgari orttirganlar.
O`quvchilarning emotsional holatini kuchaytiradigan mashqlar asosiy qismning oxirida o`tkaziladi. O`quvchilarning o`yinlar tufayli yuzaga kelgan yuqori emotsional holati tehnik qiyin va aniq bajarish lozim bo`lgan mashqlarga halaqit bermasligi uchun shunday qilinadi.
Jismoniy tarbiya darslarida o`tilgan materialning o`quvchilar tomonidan o`zlashtirish darajasi doim hisobga olib boriladi. Bunda dastlab mashqlarni bajarishga tayyorlash amalga oshiriladi, so`ngra bilimlar, malaka va ko`nikmalar hisobga olinadi.
Jismoniy tarbiya darslarining asosiy qismi to`g`ri o`tkazilishi tufayli bolalarning barcha a’zolarida biroz qo`zg`alish yuzaga keladi, ularning tomir urishi, nafas olishi tezlashadi. Endi o`quvchilarni boshqa faoliyat turiga tayyorlash uchun ular organizmini vazmin holatga keltirish zarur. Demak, nisbatan hotirjam holatga asta – sekin o`tish uchun quyidagilarni: oddiy saflanishlar, yurishlar, ritmik va chuqur nafas olish mashqlarini hamda osoyishta o`yinlarni bajarish orqali erishiladi.
Darsning so`ngida o`quvchilar saflanishadi, o`qituvchi darsni yakunlaydi. U mashg`ulotning yutuq va kamchiliklarini ko`rsatadi, ayrim o`quvchilarga yo`l qo`ygan hatolarini aytadi hamda uyga vazifa beradi. Dars o`quvchilarning uyushgan holda zaldan chiqib ketishlari bilan tugaydi.
Shuni qayd etish lozimki, o`quvchilarning sog`lig`ini faqat jismoniy tarbiya darslari hamda maktab sharoitida o`tkaziladigan maxsus tadbirlar hisobigagina mustahkamlash qiyin. Chunki bu jarayon ota-ona, tarbiyachi, butun pedagoglar jamoasining ishi bo`lib, sog`lomlashtirish bilan bolalarni muntazam ravishda olib borilishi shart. Sog`lom avlod deganda biz ham jismoniy, ham ma’naviy tomondan yetuk, bardam, har ishga qodir, ilg`or madaniyatli kishilarni ko`zda tutamiz. Darhaqiqat, shunday noyob fazilatlarga ega avlodni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan xalq kelajakka ochiq ko`z, yorug` yuz, katta ishonch bilan qaraydi. Insonning kuch va qobiliyatlarini tahlil etganda, u uchga bo`linadi: jismoniy, aqliy va ahloqiy. Shunga binoan, insonning bu kuch-qobiliyatlarining taraqqiysi, yuksalishini ta’min etadigan tarbiya ham uch qismga ajraladi: badan tarbiyasi, aql tarbiyasi, ahloq tarbiyasidir.
O`qituvchining darsga tayyorlanishi ularning muvaffaqiyatli o`tkazilishi garovidir.
O`qituvchi darsga tayyorlanishini o`quv yili boshlanishidan ancha oldin boshlaydi. U dastur materialini o`rganib chiqadi, uni o`tish izchilligini o`ylab chiqadi. O`qituvchi dastur materialini maktabning ahvoliga, ob – havo sharoitiga muvofiq ravishda rejalashtirishga alohida e’tibor beriladi.O`qituvchi darsga tayyorlanish jarayonida metodik adabiyotlar, boshqa pedagog o`qituvchilarning tajribasi bilan tanishadi va barcha ijobiy narsalardan o`z ishida foydalanadi.
O`qituvchi navbatdagi darsga tayyorlanishda oldingi darslarning yakunlarini hisobga olish, qaysi materialni takrorlash, yana qanday yangi materialni o`rganishni belgilashi kerak.
Darsga tayyorlanishda reja tuziladi va darsning aniq vazifalari belgilanadi.
Vazifalar aniq va tushunarli bo`lishi lozim, masalan, “YOn tomonga qadamlab yoyilish bilan tanishtirish”, “ Orqadan elkadan oshirish usulida kichik to`pni uloqtirish bilan tanishtirish”, “Hamma o`z bayroqchasiga”, “Tarqaling” o`yini bilan tanishtirish va boshqalar. Bunday ifodalar alohida mashq turlari bo`yicha dastlabki darslarni o`tishda ayniqsa yaxshi samara beradi. Darsning boshlanishida “Balandlikka sakrashni qadamlash” usulida boshlash degan ifoda g`oyat aniq bo`ladi. Mashg`ulot davomida vazifa quyidagicha ifodalanadi: “YUgurib kelib uzunlikka sakrashni davom ettirish”. “to`pni nishonga uloqtirish malakalarini takomillashtirish” ifodalari ma’qul keladi.
Agar bir turdagi mashqlar bir necha darsda o`tilsa, “takrorlash” ifodasi qo`llanishi mumkin. Lekin nima uchun va nima maqsadda takrorlanishi albatta ko`rsatiladi.
Darsning aniq vazifalari belgilangach, avval asosiy qism so`ngra kirish va yakunlovchi qism uchun material tanlanadi. Materialni tanlashda takrorlash soni, mashqlarni bajarishga ketadigan vaqt miqdori belgilanadi. U og`irlik uchun ham, harakat malaka va ko`nikmalarini shakllantirish uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`ladi.
Dars rejasida, shuningdek joriy hisob masalalari ham aks etadi, ya’ni uyga berish mumkin bo`lgan vazifa belgilanadi.
Darsga tayyorlanishda mashqlarni o`tkazish uslubiyati bilan bog`liq bo`lgan masalalarga katta e’tibor beriladi. Buning uchun o`qituvchi qo`llanishi zarur bo`lgan turli metod va usullarni ikir – chikirigicha nazarda tutadi.
O`qituvchi darsda mashqlarni o`tkazish chog`ida qaerda turishi, darsni qanday kuzatishi va o`quvchilarga rahbarlik qilishini oldindan hal etib olishi kerak.
O`quvchilarni zarur bilimlardan habardor qilish uchun ular bilan avval qisqacha suhbat, keyin mashg`ulot o`tkaziladi. Shunda bolalar o`rnatilgan tartib va o`z majburiyatlari bilan amalda tanishadilar.
Odatda, dars mazmunini rejalashtirishda tashkiliy - metodik ko`rsatmalar yoki izohlar ko`zda tutiladi.
O`quvchilarni jismoniy tarbiyalashni darslardagina muvaffaqiyatli amalga oshirib bo`lmaydi, chunki haftada bo`ladigan ikki soatli mashg`ulot tegishli bilimlarni, jismoniy mashqlarga oid malaka va ko`nikmalarni mustahkam o`zlashtirishga kamlik qiladi.
O`quv materialini o`zlashtirishda katta samaraga erishish uchun o`quvchilar ko`proq mustaqil tarzda ishlashlari zarur. Bunday faoliyat turidan biri uyga berilgan vazifani bajarishdir.
Uyga vazifa o`tilgan materialni puhta egallashga, o`quvchilarda jismoniy mashqlar bilan muntazam shug`ullanish ko`nikmasini tarbiyalashga yordam beradi va ularning sog`ligi hamda jismoniy rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi.
O`quvchilar uyga vazifani mazmuni va bajarish qoidasini aniq tasavvur etishlari uchun u batafsil tushuntirilishi kerak. Ayni paytda uni bajarish tartibi va o`rni ham ko`rsatiladi. O`qituvchi vazifalarning bajarilishini talab qilsa, tekshirsa, baholasagina uyga vazifa berish o`zini oqlaydi. Bunday sharoitlarda uyga vazifa berish o`quvchilarni jismoniy tarbiyalash ishining muhim omiliga aylanadi.
YUqori sinflarning Jismoniy tarbiyadan Davlat ta’lim standartlari talablarida harakatli o`yinlardan foydalanishda ta’limning turli metodlari qo`llanilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Turli metodlarning qo`llanilishi o`zaro chambarchas aloqadadir. O`qituvchi ularni turli birikmalarda qo`llab, jismoniy tarbiyaning to`laqonli jarayonini ta’minlaydi.
Metodlarni quyidagicha mumtoz (klassik) ravishda uch guruhga bo`lish mumkin:
a) og`zaki (tushuntirish, hikoya, suhbat, buyruq, ko`rsatma) ;
b) ko`rgazmali (ko`satish, ko`rsatma qurollardan foydalanish ) ;
v) amaliy (mashqlar, musobaqalar ).
Harakatli mashqlarni bajarishda, fikrimizcha, qat’iy reglament talab mashqlarni bajarish jismoniy ta’lim-tarbiya mazmunining barcha bosqichlarida amalga oshiriladi. Shu jihatdan olganda biz jismoniy mashqlarni bajarishda metodlarni quyidagicha tasnifladik.
Do'stlaringiz bilan baham: |