"Boshlang'ich sinf o'quvchilarini faollashtirishda milliy-ma'naviy merosdan foydalanishning pedagogik imkoniyatlari".
Qoraqolpog'iston Respublikasi Nukus shahri NMPI "Pedagogika va psixologiya" mutaxassisligi 2-kurs magistranti Abdreimowa Aliya Xasanowna
Annotatsiya:Ushbu maqolada "Boshlang'ich sinf o'quvchilarini faollashtirishda milliy-ma'naviy merosdan foydalanishning pedagogik imkoniyatlari",milliy an’analar,milliy qadriyatlar,haqida ma‘lumotlar berilgan.
Kalit so'zlar:Boshlang‘ich sinf,milliy qadriyatlar,milliy meros,ma'naviyat,milliy urf-odat,pedagogika,an'analar,badiiy adabiyot.
Mustaqil O’zbekistonda yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirishga o’ta muhim vazifa sifatida qaralmoqda. O’zlikni anglash va ma`naviy tarbiya ishlarini sifat jihatidan yangi pog’onaga ko’tarish ijtimoiy ehtiyojga aylandi. O’zbekiston Respublikasi hukumati milliy ma`naviyatimizning mushtarakligiga erishishni davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida e`tirof etdi. Prezident Islom Karimovning “Yuksak ma`naviyat – yengilmas kuch” kitobida ulug’ ajdodlarimizning jahon fani, madaniyati, ma`naviyati ravnaqiga qo’shgan ulkan hissalari, yosh avlodni ana shu ilmiy meros bilan tanishtirish zarurati alohida ta`kidlanganligi bejiz emas. Chunki, mustaqillik yillarida shakllanayotgan yangicha dunyoqarash yosh avlodga vatanga sadoqatni, milliy qadriyat va an’analarga muhabbatni, o’z yaqinlariga mehribonlikni, tanlagan yo’li–kasbi, maslagi va e’tiqodiga sodiqlikni nazarda tutadi. Yangicha fikrlash va yangicha tafakkur aynan mustaqillik mafkurasi ruhida sayqal topgan milliy ong, dunyoqarash va e’tiqod mahsulidir.Hozirgi kunda Respublikamizda milliy qadriyatlarni o’rganish dolzarb masalalardan biriga aylandi. Sababi boy milliy qadriyatlarimiz tarixini o’rganmay turib, ularning bugungi holatini tahlil qilish va kelajagi haqida fikr yuritish qiyindir. Kishining qurshab turgan cheksiz ko`p narsa va hodisalar, shu jumladan, milliy ma`naviyat ichidan ham, muayyan shaxs yoki ijtimoiy guruh, yoki konkret millat, yohud butun insoniyat uchun alohida ahamiyatga, qadrga ega bo`lganlari qadriyat deyiladi.Milliy qadriyat deb, muayyan xalqning rasm-rusumi, an`anasi, fazilatlari, axloq va odobi, yashash tarzi, bayramlari, shu xalqning aksariyat qismi tomonidan e`zozlanishga loyiq bo`lgan inshoatlar, milliy kiyimlar, uy-ro`zg`or buyumlari, ro`zg`or tutishlari aytiladi. Masalan, o`zbeklarning mehnatsevarligi, mehmondo`stligi xushxulqligi va muloyimligi, g`ayratli va itoatgo`yligi, turli toifadagi odamlar bilan o`zaro inoqlashib ketishligi, kechirimliligi, mulohaza va tafakkur bilan ish ko`rishi, tinchliksevarligi o`zbek milliy qadriyatlari bo`lib hisoblanadi.Ma`naviy qadriyatlar – kishilar ma`naviy faoliyati mahsuli, bilishning murakkab jarayoni natijasida yuzaga kelgan bilim, qarash va malakalar samarasidir. Bu qadriyatlarni tariflash, oqibat natijada, insonning ruhiy ehtiyojlari, manfaatlari va faoliyat turlariga bog`liq. Ma`naviylik bunday hollarda moddiylik- ka qarama–qarshi qo`yilmaydi. Aksincha, ular o`zaro bog`liqdirlar. Bularga misol qilib, turli-tuman bayramlar, milliy urf-odat va an`analar, chiroyli axloq va odoblar, musiqa, mo`yqalam ustasi ijodining mahsuli bo`lgan rasmlar, badiiy adabiyot va hokazolarni keltirsa bo`ladi.Moddiy qadriyatlar deb, kishilar moddiy ehtiyojlarini qondirib, o`ziga xos xususiyati va shakllariga ko`ra odamlarda alohida his-tuyg`u uyg`otuvchi moddiy narsalarga aytiladi. Ularga buyuk inshoatlar, bog` va hiyobonlar, antiqa uy ro`zg`or buyumlari, tarixiy buyumlar va shunga o`xshash narsalar kiradi.O’zbek xalqi milliy-ma’naviy merosini o’rganish sohasidagi o’sha bo’shliqni to’ldirish, o’quvchi yoshlarni umumjahon fan-texnika taraqqiyoti talablariga javob beradigan, ma`naviy madaniyatli insonlar qilib tarbiyalash uchun I.A. Karimov aytganidek, “Yangi demokratik ta`lim kontseptsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish lozim bo’ladi. Bunda o’zbek xalqining va respublika hududida yashovchi boshqa xalqlarning milliy, tarixiy va madaniy an`analari, ma`naviy tajribasi ta`lim-tarbiya tizimimizga uzviy ravishda kiritilishi zarur”.
Yangi demokratik ta`lim tizimida:
o’quvchi shaxsining ilmiy salohiyati hozirgi davrda insoniyat erishgan barcha yutuqlarga suyanishi asosida qurilmog’i;
intellektual merosni shakllantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ustivor bo’lishi;
intellektual merosni shakllantirishda milliylikdan yiroq va unga zid unsurlardan voz kechmoq zarur;
milliy-ma’naviy merosdan unumli foydalanish orqali yosh avlodni keng ma’noda faollashtirishga va milliy-ma’naviy merosni asrab avaylab avlodlarga yetkazmoq lozim;
intellektual meros yangi moddiy ehtiyoj va talablar, yangi texnika va texnologiya, yangi qulayliklar, farovonlikka mos holda shakllanishi zarur;
ilmiy intellektual mohiyati o’quvchi shaxsida tashabbuskorlik, faollik, ishbilarmonlik, ijodkorlik, tadbirkorlik hislatlarini shakllantirishga davlat qonunlari asosida qaratilgan bo’lishi kerak;
ma`naviy madaniyatlilikning ushbu mezonlarini shakllantirishning birdan-bir to’g’ri yo’li milliy maktablarni mustaqillik g’oyalari bilan amaliyotga joriy etishdan iboratdir.
Demokratik ta`lim kontseptsiyasi asosida tashkil etiladigan milliy maktablar ta`lim-tarbiya mazmunini milliy asosda qaytadan ishlab chiqishni, milliy qadriyatlar, an`analar zamirida ona tilining o’rni beqiyos ekanligini inobatga olib, uning qonun-qoidalari tarixini, undan san`atkorona foydalanish usullarini chuqur bilishga e`tiborni kuchaytirishni, ta`lim-tarbiya shakllari, usul va vositalarini jahon andozasi talablariga mos holda rivojlantirishni, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yangi texnika va texnologiya asosida maktabni zamonaviy jihozlashni, ona tili bilan bir qatorda, jahon madaniyati bilan aloqa qilish vositasi hisoblangan chet tillarini o’rganishga e`tiborni kuchaytirishni; o’tmishdagi maktab, madrasalarimizning tajribalarini qiyosiy o’rganishni va ularni amaliyotga joriy qilishni; xalq maorifini partiyalar siyosatidan holi qilishni; shuningdek, ta`lim-tarbiya samaradorligini oshirishda o’qituvchi shaxsining kasb tayyorgarligini takomillashtirishni taqozo etadi.Mazkur talablarni ijobiy hal etish asosida yaratilgan milliy maktab o’quvchilarining o’zligini anglagan, ma`naviy barkamol kishilar bo’lib shakllanishlarida muhim markaz hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasida milliy maktab yaratish negizida boshlang’ich sinf o’quvchilarining ma`naviy madaniyatini shakllantirish yuzasidan dastlabki ishlar qilinmoqda. Umumiy ta`lim maktablarining boshlang’ich sinflariga intellektual meros va ma`naviy qadriyatlarni o’rganish imkoniyatlari tug’ildi. Maktab dasturlariga “Odobnoma”, “Tevarak atrof bilan tanishtirish”, “O’qish” kabi o’quv fanlari dars sifatida rasman kiritildi.Umuman olganda, O’zbekistonda mustaqillikka erishish sharofati bilan intellektual meros asosida yoshlarni tarbiyalash masalasiga e`tibor kuchaytirildi.Boshlang’ich sinf o’quvchilarining ilmiy dunyoqarashini uning aqliy, axloqiy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ekologik, estetik, badiiy, shuningdek, bugungi kun uchun dolzarb bo’lgan intellektual salohiyatliligi kabi ko’p qirrali tarkibiy qismlarini yaxlit jarayon sifatida amalga oshirishni taqozo etadi. Ta`lim-tarbiya jarayonida intellektual merosning tarkibiy qismlari o’quvchi ongiga ta`lim-tarbiya va butun faoliyati davomida o’zaro birlik va aloqadorlikda singdiriladi. Ayni vaqtda shuni ham nazarda tutish kerakki, intellektual meros tarkibiy qismlarining o’quvchi ongi va faoliyatiga ta`sir darajasi, ularning mazmuni, mohiyati va xarakterli xususiyatlariga bog’liqdir. Shuningdek, ayrim shaxsning intellektual salohiyati darajasi, avvalo, uning aqliy kamoloti bilan belgilanadi. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, aqliy salohiyat ko’p jihatdan o’quvchining faollik darajasini namoyon qilish bilan belgilanadi. Shuning uchun boshlang’ich sinf o’quvchilarida faollikni oshirish, bu borada milliy-ma’naviy merosdan keng ko’lamda foydalanish va unung pedagogik imkoniyatlarini ta’lim tarbiya jarayoniga to’g’ri qo’llash murabbiylardan doimo izlanishni talab etadi.O’quvchining aqliy madaniyati jamiyat va tabiat qonun-qoidalari, hodisalar, bu hodisalarning bir-birlari bilan bog’liqligi, insoniyat hayoti, turmush tarzi, jamiyat taraqqiyoti haqidagi ilmiy bilimlarni o’zlashtirish, yaxlit idrok etish, takrorlash, tasavvur va tafakkur etish ruhiy holatlar jarayonida shakllanadi. Ilmiy bilimlar asosida kishilarning kundalik turmushida namoyon bo’ladigan ma`naviy fazilatlarning mohiyati chuqur anglab yetiladi va ongli ravishda ularga amal qilinadi. Chuqur bilim, malaka va ko’nikma ma`naviy madaniyatning barcha qirralarini o’quvchi ma`naviy ongi va faoliyatida shakllanishida asos bo’lib xizmat qiladi. Ilmiy-nazariy bilim asosida o’quvchida insonparvarlik, sadoqat, qanoat, mehr-muhabbat, adolatparvarlik, nafosat, dunyoqarash, e`tiqod, mehnatga ijobiy munosabat, din va bid`atni bir- biridan farqlash, tabiatga muhabbat, burch va huquqni anglash kabi yuksak ma`naviy-axloqiy fazilatlar shakllanib boradi.O’zbek xalqining milliy-ma’naviy merosining ko’rinishlari, uning qirralari va namoyon bo’lish shakllari xilma-xil. Insonparvarlik, halollik, tashabbuskorlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, erksevarlik, faollik, ijodkorlik, haqiqatgo’ylik, mas`uliyatlilik, saxiylik, kamtarlik, poklik va shu kabi qator muhim tushunchalar axloqiy madaniyat tushunchalaridir. Bundan tashqari ota boblarimiz tomonidan bizgacha yetib kelgan asor-u atiqalar, noyob kitoblar shular jumlasidan. Yuqoridagi xislatlar faoliyat jarayonida ma`naviy madaniyatning boshqa madaniyat qirralari bilan birgalikda o’quvchi ongi va xulqiga ta`sir etadi.Milliy-ma’naviy merosning negizini axloqiy madaniyat tashkil etadi. Axloqiy ong o’quvchi ijodiy faoliyatida o’z ifodasini topadi. Uning mezoni axloqiy bilim, axloq normalari, axloqiy tafakkur hisoblanadi. O’quvchining axloqiy ongi uning xulq-atvorida mehnatsevarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, haqiqatgo’ylik, adolatparvarlik va boshqa yuksak ma`naviy-axloqiy sifatlarni namoyon etadi. Shuning uchun milliy-ma’naviy merosni muhim vazifalaridan biri axloqiy ongni yuqori pog’onaga ko’tarishdir. Shu boisdan axloqiy ongning yetukligiga erishish uzoq davom etadigan va murakkab jarayon bo’lib, u insoniyat qo’lga kiritgan barcha axloqiy-ma`naviy yutuqlarni o’zlashtirish va shu bilan bir qatorda, muayyan sharoit taqozo etgan muammolarni bartaraf etish jarayonida amalga oshadi.Ma’naviyat so’ziga to’xtalsak, arab tilidan olingan bo’lib “ma’nolar majmui” ma’nosini anglatadi. Kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlari va tushunchalari majmuidir.Ma’naviyat-insonning, xalqning, jamiyatning, davlatning kuch qudratidir. U yo’q joyda hech qachon baxt-saodat bo’lmaydi. Ilg’or millat va rivojlangan davlat bo’lishning zaruriy shartlaridan biri – boy, ilg’or ma’naviyatga ega bo’lishdir. Faqat moddiy jihatdan boy hamda ilg’or bo’lish jamiyat norasoligining muhim ko’rsatkichidir. Prezident I.Karimov ma’naviyat va ma’rifatni ko’tarish, targ’ib qilish, boyitish, aholining keng doirasiga yoyib, har bir fuqaroning yuksak ma’naviy darajasini ta’min etishni eng dolzarb masalalardan biri deb qayd etib qayta-qayta uqtirmoqda. Milliy so’zi millat so’zini negizi hisoblanib, millat xalq degan ma’noni anglatadi. Milliy meros keng qamrovli tushuncha bo’lib, ko’p hollarda milliy ongning mahsuli hisoblanadi. Milliy ong esa bevosita har bir millat yoki elatning uzoq tarixiy etnogenez davri, turmush tarzi, iqtisodiy ishlab chiqarish usuli, diniy e’tiqodlari, madaniyati boshqa xalqlarning bevosita ta’siri tufayli shakllangan dunyoqarashi, iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy va madaniy–ma’naviy sohalarda faollik darajasi. Millat–kishilarning barqaror tarixiy birligi, umum iqtisodiy turmush hamda til birligi, madaniyati, ongi va ruhiyatining o’ziga hosligi zaminida qaror topgan ijtimoiy taraqqiyot shaklidir.Milliy madaniy merosga milliy ruhiyat, milliy til, milliy o’z-o’zini anglash, milliy qadriyatlar, milliy g’urur, milliy madaniy markazlar milliy an’analar millatparvarlik kabilar kiradi.Milliy an’analar-millat hayotining turli sohalarida namoyon bo’ladigan tushunchalar, belgilar, xususiyatlar, faoliyat turlari, odatlar va hislatlarning avloddan–avlodga o’tishi hamda meros bo’lib qolishi tushuniladi. Milliy an’analar umuminsoniy an’analarning bir millat darajasida namoyon bo’lishidir.Milliy istiqlol mafkurasi-xalqning o’zgalarga tobe bo’lmay erkin va ozod yashash, o’zini-o’zi idora etishga qaratilgan, uning istiqbolini belgilaydigan orzu-umidlari, qarashlari, g’oyalari majmui, jamiyat taraqqiyotining muhim ommillaridan biri. Milliy istiqlol mafkurasi-insoniyat tarixidagi eng ezgu va qadimiy g’oyalaridandir.Milliy ong – millatnig ijtimoiy ishlab chiqarish faoliyati, mehnati, boshqa millatlar bilan muloqat va mubohasasi jarayonida paydo bo’ladi va til bilan uzviy bog’liqdir.Milliy ruhiyat – millatning ichki holati, kechinmalari, his-tuyg’ulari, ma’naviy dunyosi, o’y fikrlari, maqsad va maslaklari hamda kayfiyatlari bilan bog’liq mulohazalar majmui.Milliy til – kishilarning tarixiy tashkil topgan barqaror birligi millat yoki elatning umumiy tili, ularning fikr almashish va muloqot vositasi, muhim rivojlanish omili.O’quvchining axloqiy ong va tafakkuri estetik his-tuyg’ulari bilan o’zaro aloqada shakllanadi. Estetik did, kundalik hayotdagi go’zallikni his etish, undan zavqlanish, tabiatdagi nafosatni tushunish va uni idrok qilish ma`naviy madaniyatlilikning mezonlaridan hisoblanadi. O’quvchining estetik madaniyati voqea-hodisalarni nafis va nozik idrok etishdan boshlanadi. Estetik idrok etish jamiyat va tabiatdagi voqea-hodisalarni tanlab idrok etishdan iboratdir. Turli-tuman axborotlarni tanlash asosida o’quvchi ongida uning his-tuyg’ularini qo’zg’aydigan, unda huzur, quvonch, g’amginlik yoki boshqa holatlarni vujudga keltiradigan narsa va hodisalarning timsollari yaratiladi.
Xulosa:
O’quvchining estetik madaniyati yuqori bosqichga ko’tarilishidan estetik his muhim o’rinni egallaydi. Estetik his insonni o’rab turgan muhitga munosabatining asosiy shakli bo’lib, hayot haqiqatini o’zlashtirishning, ijodiy fikrlash qobiliyatini ta`minlashning asosiy bosqichidir. Estetik his o’quvchining aqliy rivojlanishiga, bilim doirasining shakllanishiga, ijodiy qobiliyatining rivojlanishiga ta`sir etadi. Estetik his orqali o’quvchida ijobiy maqsadlar paydo bo’ladi.Boshlang’ich sinf o’quvchilari voqea-hodisalar, san`at va adabiyot asarlaridan estetik zavq olishi uchun u go’zallikni his eta bilishi, undan ta`sirlanishi, hayot go’zalligi, ijodiy badiiy yutuqlardan ilhomlanish qobiliyatiga ega bo’lishi kerak. Buning uchun o’quvchi, avvalo, adabiyotni, san`atni bilishning ikkita eng muhim – adabiyot, san`at asarini bevosita idrok etish va uni baholash kabi tomonlariga alohida e`tibor berishi zarur.Ma`naviy manbaalarni estetik bilish jarayonida o’quvchida estetik did, estetik g’oya, go’zallikdan estetik zavqlanish qobiliyati shakllanadi. Estetik his o’quvchida estetik didni paydo qiladi. Psixologik nuqtai nazardan estetik did hissiy va aqliy turmush tarzini uzviy bog’lab turuvchi shaxsning qobiliyatidir. O’quvchining estetik didi uning o’rtoqlari, jamoasi, oila a`zolari, jamoatchilikning xulq-atvori, hatti-harakatlari, muloqot madaniyati, milliy, umuminsoniy qadriyatlarga munosabatlarida namoyon bo’ladi. Estetik madaniyatning asosini tashkil qiladigan estetik idrok, estetik hissiyot, estetik did, qarashlar, ishonch, talab kabi belgilari estetik g’oya uchun manbaa bo’lib xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.O’.Asqarova, M.Xayitbayev, M.Nishonov “Pedagogika” T., “Talqin” 2008 y
2.O.Hasanboyeva “Oila pedagogikasi” T., “Aloqachi” 2007 yil.
3.E.Xoliqov, M.Lafasov, M.Rustamov “Merosimiz ildizlari” T.,“Ma’naviyat” 2008 yil.
4.S.Komilova “Yoshlar tarbiyasida ilmiy merosimizning o’rni” T., “Mehnat” 2000 yil.
5.2- sinf o’qish va odobnoma darsliklari. T., 2008-2009 y.
6.3- sinf o’qish va odobnoma darsliklari. T., 2008-2009 y.
Do'stlaringiz bilan baham: |