Borliqdagi har bir zarracha o’zining ma’lum bir qiymatiga EGA hisoblanadi. Mana shu qiymatlar borliqni borliq qilib turadi. Insonning orzu maqsadlari esa uning bu borliqdagi qiyamtidir
Borliqdagi har bir zarracha o’zining ma’lum bir qiymatiga ega hisoblanadi. Mana shu qiymatlar borliqni borliq qilib turadi. Insonning orzu maqsadlari esa uning bu borliqdagi qiyamtidir. Bu orzu maqsadlar insoning yoshlik yillaridan boshlab o’zgarib boraveradi. Inson o’zining ichki imkoniyatlarini taniy olgan lahzadan boshlab, u o’z maqsadi tomon dadil harakatlana boshlaydi. Kaminada bu holat taxminan kollejda tahsil olayotgan davrda yuzaga kelgan. O’sha kezlarda kimyo faniga bo’lgan qiziqishim ortib borgan. Kimyoviy jarayonlar, ularning borish mexanizmi meni juda qiziqtirardi. Turli muallifdagi kimyo kitoblarni o’qib atrof-muhitga bo’lgan bilimlarimni boyitib borardim. Shunday qilib kollejni tamomlab Buxoro Davlat Universitetining kimyo yo’nalishiga o’qishga kirdim. Universitet davrida kimyoga bo’lgan muhabbatim yanada oshdi. Har bir laboratoriya ishlaridan cheksiz zavq olardim. Bu yerda juda ko’p malakali o’qituvchi-professorlar bo’lib, ular menga bu fanni yanada chuqur o’zlashtirishga shijoat baxsh etishdi. 4-yil mobaynida turli xil xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etib har turdagi sertifikatlarni qo’lga kiritdim. Ilmiy rahbarim bilan tadqiqotlarimiz natijalarini dunyo olimlar bilan bo’lishish uchun xalqaro va respublika jurnalarida maqolalar chop ettirdik. Butun dunyo bo’ylab vujudga kelgan pandemiya davrida, Amerikadagi Duke Universitetining malakali professorlari tomonidan olib borilgan masofaviy kimyo darslarida faol ishtirok etib, sertifikatlarni qo’lga kiritdim. Olgan bilim va ko’nikmalarim meni bu sohaga chuqurroq sho’ng’ib, dunyoqarashimni yanada kengaytirish va ta’lim olish jarayonini nafaqat O’zbekistonda balki chet elda ham davom ettirish istagini uyg’otdi. Shu asnoda meni o’ziga jalb etayotgan soha – Nanokimyo fanini yaxshiroq o’zlashtirishim mumkin bo’lgan universitetlarni izlay boshladim. Ko’pgina chet el professorlarining nanomateriallarga bag’ishlangan maqolalari bilan tanishish jarayonida Seoul National University professori Cho,Eun-Bum ishlari menda qiziqish uyg’otdi. Seoul National University to’g’risida ko’proq ma’lumotga ega bo’lish uchun izlandim. Bu universitetning ichki imkoniyatlari meni qoniqtirdi va magistratura bosqichini shu yerda davom ettirishga qaror qildim. Kelajakda, tahsil olish jarayonini yakunlab, O’zbekistonda nanokimyo sohasini rivojlanishiga o’z hissamni qo’shmoqchiman. Bu sohaning kirib kelishi mamlakatimizda ko’plab tarmoqlarning rivojlanishiga olib keladi. Misol uchun hozirda prezidentimiz tomonlaridan eng ko’p e’tibor qaratilayotgan jabhalaridan biri tibbiyotda, nanokimyoning o’rni katta. Ayniqsa turli jarrohlik amaliyotlarida (masalan, implant qo’yish), antibakterial vositalar ishlab chiqarishda nanokimyoviy materiallardan keng miqyosda foydalaniladi. Bundan tashqari sanoatda turli ashyolar ishlab chiqarish, asosan quyosh batareyalari, sensorli sistemalar yaratishda va turfa xil harbiy maqsadlarda qo’llaniladi. Olgan bilimlarimni nafaqat ishlab chiqarishda balki ta’lim sohasida ham qo’llab, respublikamizdagi yoshlar bilan o’z bilimlarimni bo’lishib ularni ko’proq nanotexnologik jarayonlarga jalb qilishni ko’zda tutganman. Tengdoshlarim bilan nanotexnologiyani amaliyotga qo’llashning yangi usullarini joriy etib dunyoga tanitmoqchiman. Shu boisdan ham, men Seul Universitetida tahsil olib, mamlakatimizda yuqoridagi tarmoqlarning rivoji uchun bor kuchim bilan harakat qilishni maqsad qildim.
“Agar hayot senga limon bersa sen undan limonat tayyorla “ deydi Albert Eynshteyn . Men ham bu yo’lda har bir berilgan imkoniyatdan foydalanib vatanim ravnaqiga o’z hissamni qo’shishni oliy maqsadim deb bilaman.