Ijtimoiy ong borlig‘i
. Ijtimoiy borliqning o‘ziga xos xususiyatlariga nazar
tashlasak, u borliqning biz yuqorida ko‘rib chiqqan boshqa barcha shakllaridan
butunlay farq qilishini ko‘ramiz. Yaxlit holda olingan ijtimoiy «organizm»
hayvonlar podasidan butunlay farq qiladi. Jamiyatning bu o‘ziga xos, betakror
xususiyati falsafada «ijtimoiy ong», «jamoa aqli», «obyektivlashgan ma’naviyat» va
hokazolar deb ataladi. U har xil shakllarda namoyon bo‘ladi.
Bu fikrni isbotlash uchun muloqot, kommunikasiya, odamlarni tarbiyalash
va ularning ijtimoiylashuvi vositasi sanalgan tilni ko‘rib chiqamiz. Tilning ayrim
kishilar ongi, g‘oyalari, fikrlari bilan uzviy bog‘liqligi aniq, ammo hozirgi zamon
fani nuqtai nazaridan til ijtimoiy tabiatga ega ekanligi ham shubhasizdir. Xuddi
shuningdek til - inson nutqi odamlar jamiyatida paydo bo‘lgani va faqat shu yerda
mavjud bo‘lishi mumkin. Uning tashqi og‘zaki, ovoz ko‘rinishi, mazmuni, teranligi,
kengligi, boyligi ko‘plab avlodlarning ko‘p asrlik o‘zaro bog‘lanishi va o‘zaro
kamol topishi mahsulidir. Bunda ayrim inson u yoki bu tilni faqat muloqot
jarayonida o‘zlashtiradi. Ayni holda umuman til haqida so‘z yuritilmoqdaki, u tabiiy
ham, sun’iy ham bo‘lishi mumkin.
Endi individual va jamoa (ijtimoiy) ma’naviyatining ideallar, me’yorlar,
qadriyatlar va tasavvurlarda aks etuvchi o‘xshash jihatlari va farqlariga to‘xtalamiz.
Individual ma’naviy borlig‘dan farqli o‘laroq, ijtimoiy ma’naviy borlig‘ haqida
uning fan, san’at, din, axloq va umuman madaniyat tarzidagi ko‘rinishlariga qarab
hukm chiqarishimiz mumkin. Xususan, u yoki bu ilmiy g‘oyalarning paydo bo‘lishi
doim muayyan olimlar bilan bog‘liq, ammo fan ijtimoiy hodisa sifatida muayyan
shaxslar bilan bog‘lanmaydi, zero u ayrim olimlar ilgari surgan nazariy qoidalar
majmuidan yuqoriroq darajada turadi. Bosma, audiovizual va boshqa axborot
manbalari, tegishli asbob-uskunalar va shu kabilarsiz fanni tasavvur qilish mumkin
emas. U yaxlit hodisa sifatida mustaqil borliqqa ega. Bugungi kunda, kompyuter
texnologiyalari inqilobi davrida fan jamiyatning bevosita ishlab chiqarish kuchiga
aylandi.
San’at sohasi haqida ham shunday deyish mumkin. Qo‘shiqlar, raqslar va
musiqa o‘z muayyan ijrochilariga ega bo‘lgan holda, o‘zining odatlar, rasm-
rusumlar va ideallar ko‘rinishidagi nisbatan mustaqil hayoti bilan yashaydi va shu
tariqa ijtimoiy makon va vaqtda harakatlanib saqlanishi, takomillashishi va
ko‘payishi mumkin.
Ijtimoiy ongning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, u, individual
ongdan farqli o‘laroq, o‘z «tanasi»ni «tark eta» olmaydi, xuddi shuningdek u o‘z
«tanasi»dan, ya’ni jamiyatdan tashqarida mavjud bo‘lishi ham mumkin emas. Shu
sababli ijtimoiy ong asrlar mobaynida abadiy mavjud bo‘lgan, yo‘q qilib
bo‘lmaydigan narsa sifatida qaralgan, uning borlig‘i esa butun insoniyat borlig‘i
yo‘q bo‘lishi bilan barham topishi mumkin, deb hisoblangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |