Borliqqayondashuv konsepsiyalari
Olamda nimaiki mavjud bo'lsa, ularning hammasi birgalikda keng ma'noda "yaxlit dunyo "ni tashkil etadi va uni ba'zan "haqiqiy borliq ", deb ham atashadi. Yaxlit holda butun dunyoning asosida nima yotadi? Bu savolga javob berishda faylasuflar turli nuqtai nazarlarni ilgari surgan. Mazkur qarashlarda asosan uch xil yo'nalishdagi konsepsiyalar mavjudligini ko'rsatish mumkin. Bularga monistik, dualistik va plyuralistik konsepsiyalar kiradi.
Monizm (yunon. monos - bitta) konsepsiyasi vakillari dunyoning asosida bitta manba (bitta substansiya) yotadi deb hisoblaydi. Materialistik monizm tarafdorlari bu manba moddiy manbadir, idealistik monizm tarafdorlari dunyoning asosida bitta g'oyaviy negiz, g'oyaviy, ma'naviy, ilohiy substansiya yotadi, deydi.
Dualizm (lot. dualis - ikkilangan) vakillarining fikricha, dunyoning asosida ikkita 'mustaqil negiz: ham moddiy, ham g'oyaviy (ma'naviy, ilohiy) negiz yotadi. Aristotel dualist bo'lgan, uning fikricha, dunyoning asosida ham materiya, ham shakl yotadi, materiya passiv va inert negiz bo'lsa, shakl faol, aktiv, yaratuvchan negizdir. Passiv materiyani aktiv shakl belgilaydi va yetaklaydi. Materiya esa unga ergashadi, shaklning mazmunini to'ldiradi.
Plyuraliztn (lot. pluralis - ko'pchilik) vakillarining aytishicha, borliqning asosida ko'plab, bir-biridan mustaqil moddiy va g'oyaviy negizlar yotadi. Ayrim plyuralistlar moddiy negizlarga urg'u beradi. Ularni materialistik plyuralizm vakillari, deyish mumkin. Masalan, qadimgi xitoy, qadimgi hind, qadimgi yunon materialistlari borliq olov, suv, havo va tuproqdan tashkil topgan, degan. Boshqa yo'nalishdagi plyuralistlar esa ma'naviy, g'oyaviy substansiyalarga ustuvorlik bergan. Masalan, Max va Avenarius dunyoning asosida yotuvchi elementlar turli shakldagi sezgilardan iboratdir, deb hisoblaydi. Shuningdek, dunyoning asosida ko'plab ham moddiy, ham ma'naviy (bir xil darajada) elementlar yotadi (Demokritda bu elementlar atomlar, Leybnitsda g'oyaviy monadalar), deb hisoblovchi plyuralistlar ham bor.
Borliq va uning namoyon bo'lish shakllari haqida faylasuflar qadimdan qizg'in munozaralar olib borgan, maxsus asarlar yozgan. Sharq mutafakkirlaridan Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Abul Barakat, Faxriddin Roziy, Alisher Navoiy, Maxdumi A'zam va boshqa olimlarning qiziqarli g'oyalari saqlanib qolgan.
Borliqning turlari haqida, ayniqsa, yerga ekin ekib, hosil oluvchi dehqon borlig'i haqidagi qiziqarli g'oyalarni buyuk mutasavvif olim Maxdumi A'zam (1461-1542) o'zining "Risolai vujudiya"1 asarida tahlil qilib o'tgan. Bu risolani Buxoro yuksak texnologiyalar instituti dotsenti Erkin Zoyirov va professor Gulchehra Navro'zova hozirgi zamon o'zbek tiliga tarjima qilgan.
Borliqni va uning turli xil namoyon bo'lish shakllarini turli xil falsafiy konsepsiyalarda turli davr va turli mintaqa faylasufiari tahlil etishgan. Bunday taqiqotlar doimo olib boriladi va har doim bu yo'nalishdagi ilmiy izlanishlar o'zining dolzarbligini hyech qachon yo'qotmaydi, chunki borliq doimo o'zgarishda, takomillashishda, rivojlanishda va xilma-xilligini namoyish qilishdadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |