Ikkinchi nuqtai nazar – shaxslararo aloqalar muhiti shaxsni aniqlash va mavjudlik sohasi bo‘lib xizmat qilganida shaxsni tushunish vositasi sifatidagi interindivid shaxsiy atributsiya.
Ko‘rib chiqishning uchinchi nuqtai nazari – metaindivid shaxsiy atributsiya. Ushbu holatda individning o‘z faoliyati orqali boshqalarga ko‘rsatadigan ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz ta’siri ko‘zda tutiladi. SHaxsga yangicha nazar bilan qaraladi: uning individ sifatlari qatoridagi muhim xususiyatlarini faqat o‘zida emas, balki boshqa odamlardan ham izlash taklif etiladi. Bunda shaxs boshqalarda ideal tarzda tasavvur etilishi, ularning o‘zga turmush tarzi, uning shaxs sifatida alohidalanishida yuzaga keladi.
Bunday ideal tasavvur etishning mohiyati – sub’ekt faoliyati yoki uning hamkorlikdagi faoliyatini yuzaga chiqaradigan boshqa odamning aqliy va affektiv-ehtiyojiy sohasidagi real faol o‘zgarishlardan iborat. Bunday holatda gap shaxsning boshqalarda o‘z hayotini davom ettirishi mumkin bo‘lgan faol jarayon haqida, boshqalarda o‘zining davomiyligini ko‘ra bilishi haqida ketadi. Individ o‘limidan so‘ng shaxs butunlay yo‘qolib ketmasdan o‘zgalar hayoti bilan davomiyligini saqlab qoladi. A.S.Pushkin so‘zlarini esga olsak: «Yo‘q, butunlay o‘lmayman … dunyoda bitta bo‘lsa ham shoir qolmagunicha».
Inson shaxsidagi biologik va ijtimoiy nisbatlar muammosi – hozirgi zamon psixologiyasining markaziy muammolaridan biri. Psixologiya fanining bunyodga kelishi va taraqqiyoti jarayonida «psixik», «ijtimoiy» va «biologik» tushunchalar o‘rtasidagi mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan aloqalar ko‘rib chiqildi. Psixik taraqqiyot to‘laligicha ham biologik va ijtimoiydan mustaqil bo‘lgan muayyan jarayon sifatida, ham faqat biologik yoki faqat ijtimoiy rivojlanishning hosilasi sifatida, yoki ularning intividga ko‘rsatadigan parallel ta’sirining natijasi sifatida tushuntirilgan edi. Shunday qilib, ijtimoiy, psixik va biologik nisbatlarni turli xilda izohlovchi konsepsiyalarning bir nechtasini ajratish mumkin.[2]
Psixik taraqqiyotning ichki ta’sir natijasida vujudga kelganligini isbot qiluvchi konsepsiyalar guruhida psixik nisbat biologik va ijtimoiy nisbatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan, o‘zining ichki qonunlariga to‘laligicha bo‘ysunadigan hodisa sifatida o‘rganiladi. Bunda ushbu konsepsiyalar nuqtai nazaridan inson organizmiga psixik faoliyatning qandaydir «sig‘imi» sifatida o‘rin ajratiladi. Bunday fikrlarni bizlar ko‘proq psixik hodisalarning diniy kelib chiqishini e’tirof etuvchi mualliflar ishlarida uchratamiz.
Biologik konsepsiyalarda psixik nisbat organizm taraqqiyotidan keyin sodir bo‘ladigan hodisaning chiziqli funksiyasi sifatida o‘rganiladi. Bu konsepsiyalarga asosan, inson xossalari va holatlari, psixik jarayonlarning barcha xususiyatlari biologik tuzilishning xususiyatlari bilan belgilanadi, ularning taraqqiyoti esa biologik qonunlarga bo‘ysunadi. Ko‘p hollarda bu konsepsiyalarda psixik taraqqiyotni tushuntirib berishda asosiy biogenetik qonun – rekapitulyasiya qonuni qo‘llaniladi, bu qonunga ko‘ra, individ taraqqiyoti o‘zi tegishli bo‘lgan tur evolyusiyasining asosiy ko‘rinishlarida amalga oshiriladi. Ushbu e’tirofning ifodalanishi ruhiyatning tabiatda mustaqil hodisa sifatida mavjud bo‘lmasligi, barcha ruhiy hodisalarni biologik (fiziologik) tushunchalar yordamida ta’riflash yoki tushuntirish mumkinligi haqidagi fikr hisoblanadi. Bunday nuqtai nazarning fiziologlar o‘rtasida juda keng tarqalganligini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Masalan, I.P. Pavlov ushbu nuqtai nazarning tarafdori edi.[1]
Bir qator ijtimoiy konsepsiyalar mavjud bo‘lib, ular ham rekapitulyasiya g‘oyasidan kelib chiqadi, lekin bunda u o‘zgacha tarzda namoyon bo‘ladi. Ushbu konsepsiyalarda individning konspektiv shaklda psixik rivojlanishi jamiyat tarixiy rivojlanishi, avvalambor, ma’naviy hayot, madaniyatning taraqqiyoti jarayonining asosiy bosqichlarini amalga oshirishi o‘z tasdig‘ini topgan.
Shunga o‘xshash konsepsiyalarning mohiyatini V. Shtern yanada yorqin tarzda ifodalagan. U taklif etgan ta’limotda rekapitulyasiya tamoyili ham hayvonlar psixikasi evolyusiyasini, ham jamiyat ma’naviyatining taraqqiyoti tarixini qamrab oladi. Uning yozishicha: «Inson individi go‘daklik davrining birinchi oylarida tuban hissiyotlarning ustunligi holatidagi anglanmagan refleksli va impulsli mavjudligi bilan sut emizuvchi bosqichini egallaydi; ikkinchi yarim yillikda tutish va har tomonlama taqlid qilish faoliyatini rivojlantirib, yuqori sut emizuvchi – maymun darajasiga etadi, va ikki yoshda gavdani tik tutib yurish va nutqni egallagandan so‘ng oddiy insoniy holatga erishadi. O‘yin va ertaklarning birinchi besh yilligida u ibtidoiy halqlar bosqichida turadi. So‘ngra maktabga o‘qishga kirish, ijtimoiy bir butunlikka ma’lum majburiyatlar bilan shiddatli tarzda kirib boradi, - bu insonning davlat va iqtisodiy tashkilotlarga ega bo‘lgan madaniyatga a’zo bo‘lishining ontogenetik taqqoslanishidir. Maktab davrining birinchi yillarida ko‘hna va qadimgi olamning oddiy mazmuni bola ruhiga o‘ta mutanosibdir, o‘rta maktab yillarida diniy madaniyatga berilish qirralari kuzatiladi, faqat etuklik davrida YAngi davr madaniyati holatiga mos keluvchi ma’naviy darajalarga erishiladi».
Lekin, fikrimizcha, bunday o‘xshashliklar keltirilganida, har bir jamiyatda tarixiy rivojlanib, har bir ijtimoiy-tarixiy tuzilmada o‘ziga xos bo‘lgan ta’lim va tarbiya tizimini hisobga olish zarur. Bunda odamlarning har bir avlodi jamiyatning ma’lum bir rivojlanish bosqichiga to‘g‘ri kelib, o‘sha bosqichda tarkib topgan ijtimoiy munosabatlarga kirishadi. Shuning uchun insonga o‘z taraqqiyotida bosib o‘tilgan tarixiy bosqichlarni qisqartirilgan ko‘rinishda takrorlab o‘tirish shart emas.
Odamning ma’lum biologik tur vakili sifatida dunyoga kelishini hech kim tomonidan inkor etilmaydi. Shu bilan birga, inson ma’lum ijtimoiy muhitda tug‘ilgani uchun faqat biologik ob’ekt sifatida emas, balki, ma’lum jamiyat vakili sifatida ham rivojlanadi. Bu kabi ikki qarash doimiy ravishda o‘zaro ta’sirda bo‘lganliklaridan psixologiya uchun o‘zaro aloqalarining xususiyatini aniqlash muhimdir.
Odamning psixik taraqqiyoti qonuniyatlari ustida olib borilgan ko‘p sonli tadqiqotlar individ psixik taraqqiyotining boshlang‘ich sharti uning biologik rivojlanishi, deb hisoblash imkonini beradi. Individ ruhiy taraqqiyotining asosi bo‘lgan ma’lum biologik xossalar va fiziologik mexanizmlar to‘plami bilan dunyoga keladi. Lekin bu shartlar odam insonlar jamiyati sharoitida mavjud bo‘lgandagina amalga oshishi mumkin.
Inson ruhiy taraqqiyotidagi biologik va ijtimoiy nisbatning o‘zaro faoliyati va o‘zaro ta’siri muammosini ko‘rib chiqib, odam tuzilishining uch darajasini ajratish mumkin, bular: biologik daraja, ijtimoiy daraja va ruhiy darajalardir. SHunday qilib, shuni ko‘zda tutish lozimki, gap uchlikdagi: «biologik – ruhiy – ijtimoiy» o‘zaro ta’sirlashuv haqida ketadi. Boshqacha aytganda, shaxs tuzilishidagi biologik – ruhiy – ijtimoiylik uzluksiz birlikni tashkil etadi.
Mashhur rossiyalik ruhshunos B.F. Lomov, shaxs shakllanishi muammosini tadqiq qilib, shaxsdagi biologik va ijtimoiy nisbatning barcha murakkabligi va turli mohiyatliligini ochib berishga harakat qildi. Uning bu muammoga qarashlari quyidagi asosiy fikrlarga borib taqaladi. Birinchidan, individ taraqqiyotini tadqiqi etib, alohida ruhiy vazifalar va holatlar tahlili bilan chegaralanib bo‘lmaydi. Barcha ruhiy vazifalar shaxs shakllanishi va taraqqiyoti ma’nosida ko‘rib chiqilishi lozim. Shu munosabat bilan biologik va ijtimoiy nisbat muammosi organizm va shaxs nisbati muammomi sifatida namoyon bo‘ladi. Ikkinchidan, shuni nazarda tutish lozimki, bu tushunchalardan biri biologik fanlar doirasida, ikkinchisi esa ijtimoiy fanlar doirasida shakllangan. Lekin ikkovi ham odamga ham Homo sapiens turining vakili sifatida, ham jamiyat a’zosi sifatida munosabatda bo‘ladi. Shu bilan birga, bu tushunchalarning har birida inson xususiyatlarining turli tizimlari: organizm tushunchasida – inson individi tuzilishi biologik tizim sifatida, shaxs tushunchasida esa – insonning jamiyat hayotida qatnashishi aks etgan. Uchinchidan, psixologiya shaxs shakllanishi va taraqqiyotini tadqiq etib, shaxs – individning ijtimoiy sifati ekanligidan kelib chiqadi, bunda odam inson jamiyatining a’zosi sifatida namoyon bo‘ladi. Individning bu sifati jamiyatdan tashqarida mavjud bo‘lolmasligidan, «individ – jamiyat» munosabatlari tahlilidan tashqarida tushunish etish mumkin emas. Individ shaxsiy xususiyatlarining ob’ektiv asosi bo‘lib, uning o‘zi yashab, rivojlanib kelayotgan ijtimoiy munosabatlar tizimi xizmat qiladi. Va, nihoyat, to‘rtinchidan, shaxsning shakllanish va rivojlanish jarayonini inson tomonidan ushbu jamiyatda ma’lum tarixiy bosqichda tarkib topgan ijtimoiy dasturlarning o‘zlashtirilishi sifatida ko‘rib chiqish zarur. Bunda jamiyat tomonidan bu jarayonning maxsus ijtimoiy institutlar, birinchi navbatda, ta’lim va tarbiya tizimi yordamida yo‘naltirilishini ko‘zda tutish lozim.
Bundan kelib chiqqan holda quyidagi xulosani keltirish mumkin: individ taraqqiyoti xususiyatlarini belgilovchi omillar tizimli xususiyatga ega bo‘lib, yuqori dinamika bilan ajralib turadilar, ya’ni, rivojlanishning har bir bosqichida turli xil o‘rinlarni egallaydilar.
Shaxs psixologiyasi taraqqiyotini uch davrga ajratish mumkin, bular: falsafiy-adabiyot, klinik va tajribaviy.
Tadqiqotlarning birinchi davri qadimgi allomalarning ishlari bilan boshlangan bo‘lib, XIX asrning boshlarigacha davom etdi. Falsafiy-adabiyot davrida shaxs psixologiyasining asosiy muammolari insonning ahloqiy va ijtimoiy tabiati haqidagi masalalardan iborat bo‘ldi. Shaxs haqidagi birinchi ta’riflar etarli darajada kengroq edi. Ular o‘z ichiga insonda mavjud narsalarni va shaxsan o‘ziniki bo‘lgan: uning biologiyasi, psixologiyasi, mol-mulki, hulq-atvori, madaniyati va h.k.larni jamlagan edi.
XIX asrning birinchi o‘n yilliklarida shaxs psixologiyasi muammolari bilan faylasuflar bilan bir qatorda shifokor-psixiatrlar ham shug‘ullana boshladi. Ular birinchilar qatorida klinika sharoitlarida bemor shaxsi ustidan muntazam ravishda kuzatuvlar olib bordilar, uning hulq-atvorini yaxshiroq tushunish maqsadida bemor hayoti tarixini o‘rgandilar. Psixiatrlarning diqqat markazida bemor odamda odatda aniqlanadigan shaxs xususiyatlari bo‘ldi. Keyinchalik ular tomonidan aniqlangan o‘ziga xos xususiyatlar sog‘lom odamlarning deyarli barchasida mavjudligi, lekin ularda kuchsiz holatda, bemorlarda esa o‘ta kuchli tarzda ifodalanishi aniqlandi. Bu, masalan, xavotirlik va rigidlik, zatormojennosti va qo‘zg‘aluvchanlik holatlariga tegishlidir.
Shaxsni aniqlash qirralari shifokor-psixiatrlar tomonidan shunday atamalar bilan belgilangan ediki, ular yordamida ham normal, ham patologik, ham aksentuirovannuyu shaxsga ta’rif berish mumkin edi. Shunga qaramasdan, ushbu yondoshuv psixologiya nuqtai nazaridan mukammal deb hisoblanmaydi. Bunday yondoshuvlar normal shaxsni yaxlit holda ta’riflash uchun juda qisqa va etarli emas. Bunday aniqlash turiga turli sharoitlarda aniq ifodalanuvchi, doimo ijobiy, «mutanosib» bo‘lgan shaxs xususiyatlari kiritilmagan edi. Bularga misol qilib, layoqatlar, ahloqiy sifatlar va boshqa shaxs xususiyatlarini keltirish mumkin.
XX asrning dastlabki o‘n yilliklariga kelibgina, shaxs, ungacha inson holatlari va bilish jarayonlarini tadqiq etish bilan shug‘ullanayotgan psixologlar tomonidan o‘rganila boshladi. XX asrda psixologiyada tajriba tadqiqotlari jadal olib borilgani uchun, ularga farazlarni aniq tekshirish va asoslangan faktlarga ega bo‘lish maqsadida ma’lumotlarni matematik-statistika usulida hisoblash qo‘llanildi. Shu asosda, psixologlar uchun uzoq yillar davomida mutanosib shaxsni tadqiq etishning ishonchli va valid test metodlarini ishlab chiqish birinchi navbatdagi vazifa bo‘lib qoldi.
Shaxsga tegishli bo‘lgan nazariyalar va konsepsiyalarni tasniflashga nisbatan yondoshuvlarning turli xillari mavjud. Masalan, R.S. Nemov shaxsga doir nazariyalarning 48 tasini keltiradi, ularning har biri tasniflashga asos bo‘ladigan besh ko‘rsatkich bo‘yicha baholanishi mumkin. Bularga hulq-atvorni tushuntirib berish usuli; shaxs haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish usuli; shaxsga burchak ostidan qarash; yosh darajalari; shaxsni tasvirlab beruvchi tushunchalar kabi ko‘rsatkichlar kiradi.[2]
Mavjud bo‘lgan shaxs nazariyalarining barchasini hulq-atvorni tushuntirib berish usuli bo‘yicha psixodinamik, ijtimoiydinamik va interaksion nazariyalarga bo‘lish mumkin. Psixodinamik nazariyalarga shaxsning ruhiy yoki ichki xususiyatlaridan kelib chiqib, uni ta’riflovchi va hulq-atvorini tushuntirib beruvchi nazariyalar kiradi. Ijtimoiydinamik nazariyalarning nuqtai nazariga ko‘ra, hulq-atvor determinatsiyasida asosiy o‘rinni tashqi vaziyatlar egallaydi. Interaksion nazariyalar insonning dolzarb faoliyatini boshqarishdagi ichki va tashqi omillarning o‘zaro harakati tamoyiliga asoslangan.
Shaxs haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish usuliga ko‘ra barcha nazariyalarni eksperimental va noeksperimentallarga bo‘lish mumkin. Eksperimental shaxs nazariyalariga tajriba o‘tkazish yo‘li bilan to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish va umumlashtirishga asoslangan nazariyalar, noeksperimentallarga esa – mualliflari tajribaga murojaat qilmasdan turib, hayotiy taassurotlarga, kuzatishlar va tajribaga tayangan holda nazariy bilimlarni umumlashtiradigan nazariyalar kiradi.
Navbatdagi nazariyalarni tasniflashga asos bo‘lib xizmat qiladigan nuqtai nazar mualliflarning shaxsni tuzilishga ega bo‘lgan yoki dinamik hosila sifatida tasvirlovchi qarashdir. Tuzilishga ega bo‘lgan nazariyalar qatoriga tushunchalar tizimi yordamida tasvirlanuvchi shaxs tuzilishini aniqlash asosiy muammo bo‘lib hisoblanadigan nazariyalar kiritiladi. Dinamik nazariyalar deb, asosiy mavzusi shaxs taraqqiyotida qayta tuzish, o‘zgartirish, ya’ni, uning dinamikasiga taalluqli bo‘lgan nazariyalarga aytiladi.
Shuningdek, yosh va pedagogik psixologiyada yuzaga kelgan bir qator shaxs nazariyalari mavjud. Bunday nazariyalar shaxs taraqqiyotining inson tug‘ilganidan boshlab maktabni bitirishigacha bo‘lgan, chegaralangan yosh davrini ko‘rib chiqishga asoslangan. Bundan tashqari, mualliflari o‘z oldilariga shaxs taraqqiyotini insonning butun umri davomida kuzatish vazifasini quygan nazariyalar ham mavjud.
Shaxs nazariyalarini tasniflash uchun asos bo‘ladigan yana bir holat, bu nazariyalardagi shaxsning ichki xossalari, qirralari va sifatlari yoki uning tashqi ifodalanishi, masalan, hulq-atvori va harakatlariga qaratilgan e’tibordir. Shu asosda qirralar nazariyalarini ajratish mumkin. Nazariyalar ushbu guruhining holatlarga ko‘ra, barcha odamlar bir-biridan alohida, mustaqil qirralarning rivojlanganligining to‘plami va darajasi bilan farqlanadi, shaxs haqidagi ma’lumotlarni esa, test yoki shaxs qirralarini aniqlash va tasvirlashning boshqa usuli yordamida, masalan, ma’lum insonni kuzatgan turli odamlarning hayotiy kuzatishlarini umumlashtirish asosida olish mumkin. SHaxs qirralariga baho berishning ikkinchi usuli barcha odamlarni tipologik guruhlarga birlashtirishdan iborat. Bunda bir xil tipologik guruhga tegishli bo‘lgan odamlar yaqin psixologik xususiyatlarga ega bo‘ladilar, va ular o‘zlarining hulq-atvori bilan bir-birlariga juda o‘xshash bo‘ladilar.
R.S. Nemov tomonidan ko‘rib chiqilgan shaxs nazariyalarining tasniflaridan tashqari, boshqa tasniflar ham mavjud. Shulardan biri B.V. Zeygarnik tomonidan ko‘rib chiqilgan mavjud bo‘lgan shaxs nazariyalarini mazmun-mohiyat va tarixiy tamoyillarda, ularning yuzaga kelishi va taraqqiyoti sharoitlariga bog‘liq holda o‘rganishdir. Bunda nazariyalarning quyidagi guruhlari ajratiladi: freydizm va neofreydizmning shaxs nazariyalari, shaxsning umuminsoniy nazariyalari, ekzistensial psixologiyaning shaxs nazariyalari, fransuz ijtimoiy maktabining shaxs nazariyalari va boshqalar.[2]
Qisqacha asosiy psixologik shaxs nazariyalarini ko‘rib chiqamiz. Amerikalik ruhshunos G. Ollport va ingliz ruhshunosi R. Kettel tomonidan ishlab chiqilgan shaxs qirralari nazariyasi shular jumlasidandir.
Shaxs qirrasi deganda inson tomonidan hayoti davomida uning tajribasi, irsiyati va organizmining fiziologik xususiyatlari asosida egallanadigan barqaror xossa tushuniladi. Shaxs qirralariga xarakter qirralari kiradi.
G. Ollport tan olgan shaxs qirralarini aniqlash va baholashning usullaridan biri chet tilini o‘rganishga, shaxsni har tomonlama ta’riflash mumkin bo‘lgan so‘z-tushunchani tanlab olishga asoslangan. Tanlab olingan so‘zlarning etarli tarzda qisqartirish yo‘li bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsiy qirralarning ma’lum odamda ularni keyinchalik baholash maqsadida to‘la ro‘yxati tuziladi. G. Ollport shaxsiy qirralarni o‘rganish metodikasini tuzishga xuddi mana shu yo‘l bilan erishdi.
Shaxs qirralarini baholashning R. Kettel tomonidan qo‘llanilgan boshqa usulida hozirgi zamon statistikasining murakkab metodi – omil tahlili ishlatiladi, bu metod o‘zini tahlil qilish, so‘rov o‘tkazish, odamlarning hayotiy kuzatishlari natijasida olingan ko‘plab turli ko‘rsatkichlar va shaxsga baho berishni etarlicha kamaytirish imkonini yaratadi. Natijada statistik jihatdan mustaqil holatdagi inson shaxsining alohida qirralari bo‘lib hisoblanadigan omillar to‘plami hosil bo‘ladi. Ushbu metod yordamida R. Kettel 16 xil turdagi shaxs qirralarini namoyon qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning har biri kuchli va kuchsiz rivojlanganlik darajasini anglatuvchi ikkita nomga ega bo‘ldi. Tajribada aniqlangan qirralar to‘plami asosida R. Kettel 16-omilli shaxs so‘rovnomasini tuzib chiqdi. Bu so‘rovnoma haqida to‘liqroq ma’lumot bilan laboratoriya mashg‘ulotlarida tanishamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |