Bolaligimni men Bobom bilan bozorga birga borish va u yerda savdo ishlarini olib borish bilan eslayman. O’sha paytlarda Bobom menga doim bir gapni aytishni yaxshi ko’rardi: “Tejog’likning ishi – bejog’lik”. O’sha vaqtlarda bu gaplarning nimaga qaratilganligini, ya’ni tajash kerakligini tushungan bo’lsam ham, asl mag’zini chaqmagan ekanman.
Oradan vaqt o’tdi va men 2015-yil Farg’ona viloyati bo’yicha eng yaxshi maktablardan hisoblangan , Qo’qon shahrida joylashgan Aniq fanlar chuqurlashtirib o’rganiladigan 5- Viloyat ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatiga imtihon asosida qabul qilindim. Bu maktabda o’qish jarayonida men o’z kelajagim haqida o’ylashni boshladim va bu hayotda o’z oliy maqsadimni topish uchun harakatga tushdim. Birinchi navbatda men o’z ma’naviy darajamni oshirish uchun badiiy kitoblar mutolaasiga oshno bo’ldim.
Men 8-sinfda o’qib yurgan paytimda O’tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobini mutolaa qildim va asar menga juda ham kata ta’sir o’tkazdi. Ayniqsa, asardagi “To’ychiboy” hikoyasi meni chuqur o’ylashga majbur qildi. Hikoyaning qisqacha mazmuni shundan iborat: Unda yozuvchining qo’shnisi o’z o’g’liga pulni ayamasdan dang’illama to’y qiladi, to’ydan biroz vaqt o’tgandan so’ng yozuvchi ularning uyidan baland shovqinni eshitib, qo’shnichilik yuzasidan nima bo’lganini bilmoqchi bo’lib, qo’shnisining hovlisiga chiqadi va anglab yetadiki, to’ydan so’ng ularda faqatgina nonga yetadigan pul qolgan va qo’shnisining ayoli bu pulni qiziga berib, non olib keltirish uchun chiqarib yuborgan. Lekin u qiz bu pulga o’qish uchun o’ziga kitob sotib olgan va uning bu qilgan ishi onasining undan jahli chiqishiga olib kelgan, natijada oilada janjal kelib chiqgan. Hikoyaning eng ta’sir qilgan joyini esa yozuvchining o’z tilidan keltiraman: “ Qizaloq ayvon ustuniga suyanib turar, kafti bilan yuzini to’sgancha, unsiz, o’kinib-o’kinib yig’lar edi… Indamay, chiqib ketdim. … Rostini aytsam, umrimda birinchi marta … O’zbek bo’lganimdan uyaldim …”.
Men bu hikoyani o’qib bobomning hikmatli so’zlarini mag’zini tushunib yetdim va yana shuni angladimki, odamzot o’z qo’lida bo’lgan resurslarni tejab va to’g’ri ishlatishi naqadar zarurligini va yana aynan Iqtisod sohasi bu jabhada yordam bera olishini tushunib yetdim.
Natijada men Iqtisod sohasini o’qishga qaror qildim. Chunki hikoyada ko’rganimizdek aholimizning ko’p qismi o’z resurslaridan qanday foydalanishni bilmaydi. Shu sababli, men o’z oldimga maqsad qo’ydim, men bu sohani puxta egallab, Davlatimizga va uning aholisiga o’z resurslaridan qanday foydalinishga yordam beraman. Bundan tashqari, boshqa tabiiy resurslardan foydalanishni ham Iqtisod boshqaradi. Ma’lumki, dunyoda borgan sari gaz, neft, ko’mir, suv kabi resurslar kamayib bormoqda. Men Iqtisodning bilimi va ko’magi bilan bu resurslardan o’zimiz uchun iloji boricha kamroq sarflab, aksincha ko’proq foyda olish kabi islohotlar o’tkazmoqchiman.
Maqsadim va rejalarimni aniq qilib olganimdan so’ng men, Toshkent shahrida joylashgan “International House Tashkent” Akademik Litseyiga imtihon topshirib, qabul qilindim. Bu ta’lim maskanida men o’qituvchi va sinfdoshlarim yordamida o’z maqsadlarimga erishish uchun dadil qadamlarni tashlamoqdaman. Men bu yerda Ingliz tilini puxta darajada o’rgandim, matematikani fanini esa chuqurlashtirilgan tarzda tahsil olishda davom etmoqdaman. Bu olgan bilimlarim yordamida, men Amerika Qo’shma Shtatlarining bir nechta top universitetlariga qabul qilindim. Men ular orasidan Iqtisod sohasi bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinlarda turadigan Arizona Universiteti(The University of Arizona)da o’qishni tanladim. Men Vatanim, ota-onam va o’qituvchilar oldida turgan qarzimni, Vatanimning Iqtisodiy tomondan rivojlanishiga o’z hissamni qo’shish orqali uzishni eng to’g’ri yo’l deb hisoblayman.
Nasib qilib “El-yurt umidi” jamg’armasi stipendianti bo’lsam, Amerika Qo’shma Shtatlarida ta’lim olib, o’z bilimlarimni, dunyoqarashimni va tajribamni oshirib, o’z Yurtimni Iqtisod sohasi bo’yicha rivojlantirishga va uni dunyoning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishiga o’z hissamni qo’sha olsam, men o’z oldimga qo’ygan eng kata maqsadimga erishgan bo’laman.
Do'stlaringiz bilan baham: |