Bosh miya ichki bosimi oshishini davolash ( Cherepnoy davleniyani davolash )
Agar yuqoridagi diagnoz aniqlansa nima qilish kerak? Agar bosh miya ichki bosimi oshishi ikkilamchi kasallik ekanligini inobatga olsak, uni kelib chiqish sababini yo‘qotish kerak. Masalan, ateroskleroz, gipertenziya, osteoxondroz, gormonal disbalans kabilarni davolash. Simptomatik davoni ham unutmaslik lozim.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Bosh miya atrofiyasi nima?
Bosh miya ichki bosimi aniqlangandan keyin davo chorasi faqatgina shifokor tomonidan buyuriladi. Davo choralari ikkiga: konservativ va operativga bo‘linadi.
Konservativ davoda miya ichki bosimini kamaytirish uchun likvor oqishini yaxshilash, qon tomirlarda qon aylanishini yaxshilash kabi muolajalar dori preparatlari yordamida olib boriladi. Asosiy dori preparatlarga diuretiklar (furosemid, diakarb), agar o‘sma yoki meningit belgilari aniqlansa, shishni olish uchun steroid yallig‘lanishga qarshi preparatlar buyuriladi. Bundan tashqari venoz qon oqimini yaxshilash uchun kaliy saqlovchi preparatlar (asparkam) qo‘llaniladi. Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, bosh miya ichki bosimi oshishida nootrop preparatlar hech qanday samara bermaydi.
Kattalarda fizioterapiya (miya darvozalariga magnit bilan ta’sir qilish, elektroforez), bo‘yin sohasini massaj qilish, davolovchi mashqlar, igna bilan davolash va maxsus vanna (dush) qabul qilish yaxshi natijalar beradi. Bunday davo muolajalari faqatgina hayot uchun xavfli bo‘lmagan bosh miya ichki bosimi oshganda tavsiya etiladi.
Kasallikning og‘ir ko‘rinishlarida operativ muolaja o‘tkaziladi. Operatsiya bosh miya suyuqlik kanallarini shuntlash asosida olib boriladi, ya’ni miyadagi ortiqcha suyuqlik maxsus trubka yordamida qorin bo‘shlig‘iga oqib tushadi. Bu usulning kamchiliklari ham bor, birinchidan bu asoratlar qoldirish xavfi bor, ikkinchidan qo‘yilgan katetr (trubka) joyidan siljib ketishi mumkin. Bolalarda esa bo‘yi o‘sganligi sababli qo‘yilgan trubkani bir necha marta almashtirishga to‘g‘ri keladi. Yana bir usulda miya qorinchalaridagi likvorni pardalar orasiga o‘tkazib yuborish ham mumkin. Bunda asoratlar qolish xavfi kamroq.
Asosiy davo choralariga qo‘shimcha ravishda xalq tabobatidan foydalanish ham mumkin. Masalan, do‘lana, evkalipt, yalpiz (myata), valerianalardan foydalanish mumkin. Diyeta ham katta rol o‘ynaydi, kunlik qabul qilinayotgan suyuqlikni kamaytirish kerak bo‘ladi (maksimum 1,5 litr). Magniy va kaliy ko‘p saqlovchi maрsulotlar – dengiz karami, grechka, fasol, kivi kabi. Bunda natriy saqlovchi tuzlarni, go‘sht mahsulotlarini, ayniqsa, hayvon yog‘larini, shirinliklarni kamaytirish kerak. Tana vaznini ham me’yorda saqlab turish muhimdir.
Kasallik bo‘lmagan hollarda oldini olish uchun jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turish kerak. Eng foydali mashq bu – yugurish va suzishdir. Kasallik avj olgan vaqtda issiq vanna qbul qilish, chekish, alkogol ichish mutlaqo taqiqlanadi. Bosh miya ichki bosimi oshganda tana haroratining 38 C dan yuqori bo‘lishi xavflidir, bunday holatda darhol haroratni tushiruvchi preparatlar qabul qilish kerak. Kun tartibiga rioya etish kerak, o‘z vaqtida uxlash, yetarlicha uxlash, vaqtida dam olish, televizor ko‘rganda miyani zo‘riqtirmaslikka harakat qilish lozim.
http://fayllar.org
Do'stlaringiz bilan baham: |