Mehnat qo`shiqlari. O`zbek xalq og`zaki ijodi durdonalaridan bolalarga meros qoladigan qo`shiqlardan biri – bu mehnat bilan bog`liq mavzulardir. Bolalar taqlidchi bo`ladi. Xususan, bobo-buvilari, ota-onalari, aka-opalari bajaradigan ishlarni kuzatib, ularning xatti-harakatlarini o`z o`yinlari, qo`shiqlarida takrorlaydilar. Ularning qo`shiqlarini o`zlariga moslashtirib, o`zlashtiradilar. Bolalar, xususan, 7 yoshdan boshlab mehnat jarayoniga kirishadilar. Bajariladigan ishlarni anglay boshlaydilar. Bolalar kattalar bilan birgalikda podaga chiqqanda, ekin yerlarni chumchuq, olaqarg`a va shunga o`xshash qushlardan qo`riqlaydigan paytda o`z qo`shiqlarini aytadilar. Mehnat bolani ijtimoiy hayotning ichiga olib kiradi, turmush, oila, ro`zg`or degan tushunchalarni mehnat orqali anglay boshlaydilar. Kattalar o`zlari bajaradigan ishga bolalarni jalb qilish yo`li bilan bu jarayonni amalga oshiradilar. Bolalar kundalik turmushdagi turli mehnat qurollari, vositalari, shakllari bilan tanishib boradilar. Bolalar ko`pincha to`da bo`lib, poda boqqani chiqib ketishadi. Podadan qaytayotganda qo`shiqlar aytib, o`z ishlaridan mamnun bo`lib qaytadilar:
Podalar kelar bosh-bosh, Shildir-shildir kishonim,
Oyog`ida chag`ir tosh. Shildirama kishonim.
Chag`ir toshni olaylik, Shildirasang mungrab
Oyog`iga kishan uraylik. Buzoq qochar, kishonim!
Bolaning bu qo`shig`i podaning bir-biridan ajralib ketmasligi, qochmasligi, bir maromdagi harakatini belgilaydi. Chunki uy hayvonlari ham yaxshi va yomon munosabatni his qiladi va shunga qarab harakatda bo`ladilar. Bolalarning meva daraxtlarini chumchuq va yovvoyi qushlardan asrashi, ularni tez-tez quvib turishi ham ularning mehnati hisoblanadi. U endi tomoshabin emas. Mevalarni qo`riqlasa, uzoq vaqt saqlash mumkinligini tushunib yetadi. Ular o`z qo`shiqlarini yaratib, baland ovoz bilan qushlarni haydashga urinadilar:
Hala-yo, hala-yo!
Katta polni tala-yo!
Katta polga to`ymasang,
Kichik polni tala-yo.
Yoki:
Jo`xorilar bo`ldi oq,
Qo`nma shum qorayaloq.
Agar qo`nsang, uraman,
Bo`lar oyog`ing cho`loq.
Hayu, huvva!
Bo`sh chelaklarni to`ldirib, suv tashib kelish ham bolalarning mashaqqatli mehnatlaridan biridir. Ilgari vaqtlarda ham suv tanqisligi bo`lib, bolalar kattalar qatorida tinmay suv tashiganlar. Bugungi kunda ham bu tanqislik asosiy muammolardan biridir. Bolalar yoshlariga mos, kuchlari yetadigan chelak va idishlarni suvga to`ldirib keladilar. Bu harakat bir kunda to`rt yoki olti martagacha davom etadi. Bolalar zerikmaslik uchun qo`shiq xirgoyi qilib, she`r aytib ishlarini bajaradilar.
Chelagim-ho, chelagim,
Borguncha taqir-tuqur.
Chelagim-ho, chelagim,
Qaytguncha shaldir-shuldur.
Zilol suving saqlagin,
Bir tomchisin to`kmagin.
Suv keltirmoq mushkuldir,
Uni to`kmoq osondir.
Tosh yo`llarga to`qnashsam,
Chayqalmagin chelagim.
Ko`rinadiki, bola mehnat orqali har bir narsaning qadrini tushunyapti. Uni asrab-avaylash darkorlisini anglab yetmoqda. Bunday qo`shiqlar bolalar ishini tezlashtirib, yengillashtiradi. Bolalarda mehnatga muhabbat ruhini uyg`otadi, halollik, poklikka undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |