A.I.Lipkina va L.A.Ribak aqlning tanqidiyligini faqatgina aqliy faoliyat doirasida emas, balki shaxs hislati sifatida ham o‘rganadilar. Ular aqlning bu hislatini o‘quvchilarning ustanovkalari va e’tiqodlari bilan bog‘laydilar va uni shaxsning o‘zini-o‘zi anglashi doirasida tahlil qiladilar. “Sub’ektning o‘ziga yo‘naltirilgan tanqidiyligini odatda u yoki bu shaklda o‘zini-o‘zi baholashni o‘z ichiga oladigan o‘zini-o‘zi tanqid qilish sifatida tavsiflash mumkin”4.
Ta’lim jarayonida kichik maktab o‘quvchilarida aqlning tanqidiyligini shakllantirish muammosini o‘rganishga N.A.Menchinskaya rahbarligida bajarilgan V.M.Sinelnikov-ning tadqiqoti bag‘ishlangan. Tadqiqotning asosiy maqsadi - o‘zgalarning fikri orqali o‘zini-o‘zi tanqid qilishni rivojlantirishdan iboratdir. O‘zini-o‘zi tanqid qilish shaxsning barqaror hislati sifatida o‘quvchining oldingi tajribasida yuzaga kelgan psixologik xususiyatlari bilan ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan qator izlanishlarda ham mustaqil tafakkur muammosiga asosan pedagogik psixologiya nuqtai nazaridan yondashuv mavjud.M.G.Davletshin o‘quvchilarda mustaqil tafakkur rivojlanishiga katta e’tibor beradi. Uning yozishicha, “Hozirgi maktabning asosiy vazifasi ta’lim metodlarini, o‘quvchilarning fikrlashini taraqqiy ettirish metodlarini takomillashtirish-dir. Maktabning vazifalari haqida gap borganda kishining hozirgi fanni, hozirgi ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni tushunib olishga ancha mos tushadigan tafakkur saviyalari haqida to‘xtalib o‘tish mumkin. Bu talablarga tafakkurning ilmiy-nazariy (dialektik) saviyasi javob beradi”5.
K.Turg‘unov Psixologiya terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘atida (1975) tafakkur mustaqilligini nazariy va amaliy masalalarni o‘zgalarining yordamisiz hal qilishdan iborat aql sifati deb ta’riflaydi. Xuddi shu fikrlarga keyinroq E.G‘oziev ham qo‘shiladi.
E.G‘.G‘oziev O‘zbekistonda tafakkur psixologiyasini keng yoritgan olimlardan biridir. Muallifning fikriga ko‘ra, inson tafakkuri o‘zining mustaqilligi jihatidan mustaqil va nomustaqil tafakkurga ajratildi. “Tafakkurning mustaqilligi deganda, kishining shaxsiy tashabbusi bilan o‘z oldiga qonkret maqsad, yangi vazifalar qo‘ya bilishi, ular yuzasidan amaliy va ilmiy xarakterdagi faraz qilishi, natijani ko‘z oldiga keltira olishi, qo‘yilgan vazifani hech kimning ko‘magisiz, ko‘rsatmasisiz o‘zining aqliy izlanishi tufayli turli yo‘l, usul va vositalar topib, mustaqil ravishda hal qilishdan iborat aqliy qobiliyatni tushunish kerak”6.
Tafakkurning mustaqilligi aqlning sertashabbusligi, pishiqligi va tanqidiyligida namoyon bo‘ladi. Aqlning sertashabbusligi deganda insonning o‘z oldiga yangi muammo, aniq maqsad va qonkret vazifalar qo‘yishini, ana shularning barchasini amalga oshirishda, nihoyasiga etkazishda, echimini qidirishda usul va vositalarni shaxsan o‘zi izlashi, aqliy zo‘r berib intilishi, ularga taalluqli qo‘shimcha belgi va alomatlarni kiritishdan iborat bosqichlarning namoyon bo‘lishini nazarda tutamiz. Aqlning pishiqligi vazifalarni tez echishda, echish paytida yangi usul va vositalarni tez izlab topishda, ularni saralashda, ana shu usullar va vositalarni o‘z o‘rnida aniq qo‘llashda trafaretga aylangan usul, eski yo‘l va usullardan forig‘ bo‘lishda va boshqa jarayonlarda ifodalanadi.
O‘zining va o‘zgalarning mulohazalarini chin yoki chin emasligini tekshira bilishda va namoyon bo‘lgan mulohazalarga, muhokamalarga, muammoli vaziyatga baho bera bilishda aqlning tanqidiyligi ob’ektiv va sub’ektiv ravishda ifodalanishi mumkin. Mazkur sifat - insonni baholash va o‘z-o‘zini baholash kabi tafakkurning individual xususiyati bilan bog‘liq ravishda namoyon bo‘ladi. Agar tanqidiylik oqilona muhim belgilarga, muammo mohiyatini to‘g‘ri ochilishiga asoslanib amalga oshsa, bunday tanqidiylik ob’ektiv tanqidiylik deb ataladi. Mabodo tafakkurning tanqidiyligi sub’ektiv xatolarga, umuman sub’ektivizmga og‘ib ketsa, bunday holda sub’ektiv tanqidiylik deyiladi. Sub’ektiv tanqidiylik salbiy oqibatlarga olib keladi, Shuningdek, insonlar o‘rtasida “anglashilmovchilik g‘ovi”ni vujudga keltiradi, ikki shaxs o‘rtasida kutilmaganda ziddiyatlar paydo bo‘ladi.
Maqsad, muammo va vazifalar o‘zga shaxs tomonidan qo‘yilib, tayyor usul va vositalarga tayangan holda o‘zga kishilarning bevosita yordami bilan amalga oshirilishi jarayonida bir oz ishtirok etgan tafakkur nomustaqil tafakkur deb ataladi. Nomustaqil tafakkurli kishilar tayyor mahsulotlar quliga aylanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |