www.ziyouz.com kutubxonasi
247
Mavlono Fazliddin o‘shanda qanchalik ko‘hlik yigit bo‘lganiga hozir ishonish qiyin. Azob-
uqubatlarga to‘lib-toshgan so‘nggi o‘n yilliklar uning bo‘yinlariga ham ajinlardan to‘r
solib ketgan, qo‘llarini suyakday qotirib, tomirlarini bo‘rttirgan, yelkasini bukchaytib,
oltmish yoshlik mo‘ysafidga o‘xshatib ketgan. Holbuki, u endi ellik uch yoshga kirgani
Xonzoda begimga ma’lum edi. «O‘zimchi?» deb begim har kuni ko‘zguda ko‘radigan
aksini xayolidan o‘tkazdi. Xonzoda begimning old tishlaridan uch-to‘rttasi tushib ketib,
lablari burisha boshlagan, sochi siyraklashib, kulrang tusga kirib qolgan edi.
Go‘zal yoshliklari endi hech qachon qaytib kelmasligi, umrlarining eng yaxshi yillari
ochilmay so‘lgan gulday umrbod xazon bo‘lganligi Xonzoda begimning yurak-bag‘rini
timdalab o‘tdi.
— Mavlono, o‘g‘lingiz necha yoshdalar?
— Yigirma birda, begim.
Xonzoda begim halok bo‘lgan Xurramshohning tirik bo‘lsa hozir yigirma ikki yoshga
kirishini esladi. Bu yo‘qotishning unutilmas alami keyingi dardi ustiga qo‘shildi-yu,
ko‘ziga yosh quyilib keldi:
— Ishqilib, o‘g‘lingizning umri uzoq bo‘lsin. Men ko‘rgan musibat sizning boshingizga
hech vaqt tushmasin, mavlono. Men endi tirik qolmayman degan edim. Yolg‘iz
o‘g‘limning ketidan ketaman degan edim. Lekin jonim qattiq ekan.
Mavlono begimning yig‘isidan sarosimaga tushib o‘g‘liga bir qarab oldi. So‘ng begimning
xayolini boshqa yoqqa burish uchun o‘zining boshiga tushgan azob-uqubatlardan
so‘zlashga tushdi:
— Hirotlar ham juda notinch bo‘lib ketdi, begim. Shoh Ismoil shaharni olib, sunniylarni
quvg‘in qildi. Keyin yana shayboniyzodalar shaharni bosib olib, shia tarafdorlarini
qatag‘on qildi. Shia mozorlarini ochirib, Marvda Shayboniyxonni o‘ldirtirgan
ruhoniylarning suyaklarini to‘plarga solib ottirdilar. Keyin ko‘p o‘tmay, Hirotni yana
qizilboshlar ulardan tortib olishdi. Qasd olish qaytadan boshlandi. Hammayoq alg‘ov-
dalg‘ov. Kamoliddin Behzod Hirotdan Tabrizga shoh saroyiga xizmatga olib ketildi.
Mavlono Xondamir shahardagi to‘polonlardan bezib, ota yurtlaridagi uzoq bir qishloqqa
chiqib ketdilar. Bizga o‘xshagan musofirlarning ahvoli bundan ham battar bo‘ldi...
O‘g‘limiz Aloviddin Hirotda sangtaroshlik san’atini o‘rgangan edi. Lekin san’at bilan
kimning ishi bor? Axiri, shoir Muhammad Sulton bilan maslahatni bir joyga qo‘ydigu
Bobur mirzodan panoh istab Kobulga keldik.
Bu gaplar davomida Xonzoda begim ko‘z yoshlarini artib, o‘zini ancha bosib oldi:
— Kelib behad yaxshi qilgansiz, mavlono... men sizga bir omonatingizni qanday
qaytarishni bilmay yurgan edim.
Mavlono Fazliddin ko‘zlari pirpirab:
— Qaysi omonatim? — dedi.
Xonzoda begim ma’yus kulimsirab:
— Hozir, — dedi-yu, o‘rnidan ko‘tarildi va to‘rdagi o‘ymakor eshikdan ichkariga kirib
ketdi.
Ko‘p o‘tmay u bir xizmatkorga oq ipak matoga o‘ralgan narsani ko‘tartirib qaytib chiqdi.
Begimning ishorasi bilan xizmatkor haligi narsani mavlono Fazliddinning oldiga qo‘ydi-
da, ta’zim qila-qila orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
— Mavlono, ochib ko‘ring, — dedi Xonzoda begim.
Mavlono Fazliddin o‘ramni sekin ochdi-yu, chetlari sarg‘ayib ketgan chizmakashlik
qog‘ozlarini ko‘rdi. So‘ng ularni avaylab varaqlar ekan, o‘zining Andijonda qurmoqchi
bo‘lib, Xonzoda begim bilan bamaslahat chizgan loyihalarini tanidi. Yigitlik orzulari
xayolida qaytadan uyg‘onib, ko‘zlari chaqnab ketdi. Andijonda qurilmay qolgan
obidalarning loyihasini shuncha yildan beri asrab olib yurgan Xonzoda begim unga hozir
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |