www.ziyouz.com kutubxonasi
214
nisbatan qalbida tutun aralashgan olovday murakkab bir iliqlik sezdi.
— Xizmatga kelgan bo‘lsangiz xush ko‘rdik, shahzoda, — dedi-yu, bolani qo‘lidan olib,
o‘ng yoniga o‘tqazdi.
Shu payt tashqaridan ellik yoshlardagi semiz haram bekasi ta’zim qilib kirdi:
— Podshoh hazratlari, Mohim begim olinasab egachingiz huzuriga kelishga ijozat
so‘radilar!
Bobur Xonzoda begimga qarab sirli bir tarzda jilmaydi. So‘ng bekasiga buyurdi:
— Ayting, kelsinlar! Mirzo Humoyunni ham ola kelsinlar.
Boburning yosh xotini Mohim begim keksa Qosimbek o‘tirgan xonaga kirishdan iymanib
kelolmayotganini hamma sezdi. Qosimbek va Muhammad Ko‘kaldosh Boburdan ruxsat
olib, sekin eshikdan chiqdilar.
Mehmonxona oldida odam ko‘p. Marg‘ilonlik Xo‘ja Kalonbek, uning ukasi Kichik Xo‘ja,
quvalik Tohir ko‘rchi, toshkentlik Saidxon, samarqandlik Majid barlos, Yusuf Andijoniy
degan bir navkar — hammalari vatanlarining daragini olib kelgan Xonzoda begimni
ko‘rmoqchi bo‘lishar, ammo ichkariga kirishdan istihola qilib turishar edi. Qosimbek
ularga:
— Avval haram ahli bilan ko‘rishsinlar, keyin sizlarga ham ruxsat so‘rarmiz, — deb ularni
tarqatib yubordi.
* X a s b a — ichterlama, tif.
2
Shaftoli gulli ipak qabosi ingichka beliga, nazokatli qaddi-qomatiga juda yarashgan bir
juvon shahzodalarcha yasantirilgan uch yashar bolani qo‘lidan yetaklab, eshikdan ohista
kirib keldi. Bolachaning yuz-ko‘zi Boburga o‘xshashini Xonzoda begim bir qarashdayoq
sezdi-yu, tez o‘rnidan turdi. Mohim begim kelinlik nazokati bilan egilib ta’zim qildi.
Xonzoda begim unga peshvoz chiqib, avval yelkasiga qo‘llarini qo‘yib ko‘rishdi. So‘ng
juvonning yuzidagi nafis oq pardani sekin ko‘tarib qaradi-da, uning ajib bir latofatini
yurakdan his qilib zavqi keldi. Kelinini peshonasidan, ko‘zlaridan quvonib o‘pdi, so‘ng
shodlikdan balqigan yuzini Boburga o‘girdi.
— Muborak bo‘lsin! Bir-birlaringizga benihoya munosibsizlar! Baxtli bo‘linglar!
Kichkina Humoyun bir qo‘lchasi bilan onasining etagidan tutib pastdan yuqoriga maroq
bilan qarab turardi. Xonzoda begim uni qo‘liga ko‘tarib oldi. Bola ammasini birinchi
marta ko‘rayotgan bo‘lsa ham, bu istarasi issiq ayolni ko‘pdan beri biladigandek
begonasi-ramas edi. Xonzoda begim bolaning lo‘ppi yuziga yuzini qo‘yib erkalatganda
Humoyun buni yoqtirib kulimsiradi.
Xonzoda begim uni o‘zining o‘g‘ilchasi oldiga ko‘tarib olib bordi-da, yerga qo‘ydi:
— Qani, kichkina tog‘acha «katta» jiyancha bilan tanishsinlar-chi!
Uch yashar boburiyzoda bilan to‘qqiz yashar shayboniyzoda avval bir-birlariga jim tikilib
turdilar. Keyin Humoyun Xurramshohning belidagi kichkina bezakdor xanjarchasiga
qiziqib qo‘l cho‘zdi. Xurramshoh uning qo‘lini olib ko‘rishdi-yu, ammo xanjarini bergisi
kelmay orqaga chekindi. Buni ko‘rgan kattalar kulib yubordilar.
Xonzoda begimning boshidan kechgan barcha dahshatlar, Qunduz yo‘lida uning yuragini
titratgan noma’lum xavfu xatarlar shu bir quvnoq kulgi bilan go‘yo uzoq o‘tmishga
aylandi. Xonzoda begim iymanib tabassum qilayotgan kelinini bir yoniga o‘tqazdi.
Ikkinchi yonida xushchaqchaq kulimsirab bolalarga qarayotgan Boburni ko‘rdi.
Yaqinginada o‘zlari ham mana shu tog‘acha-jiyan kabi yosh bola bo‘lgan paytlari esiga
tushdi. Og‘ir ayriliq yillarida opa-uka ikkovlari ham farzandlik bo‘lganlari, dushman
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |