www.ziyouz.com kutubxonasi
21
kutib o‘tirganini aytdi. Bobur bugun shariat ilmidan dars olishi kerakligini esladi va
tengdoshlaridan istar-istamas ajralib, ko‘shkka yo‘naldi.
Eshiklari nafis o‘ymakorliklar bilan bezangan, ichidagi oltin-kumush buyumlar ko‘zni
qamashtiradigan ko‘shkda hozir Boburni faqat bitta xona o‘ziga tortar edi. Mudarrisning
kutib o‘tirganiga qaramay, Bobur yaxshi ko‘rgan kitoblari qo‘yilgan shu xonaga burildi.
Baxmal va charm muqovalar ichidan sahifalarga bitilgan satrlarda ulug‘ shoirlarning
otash nafaslari sezilib turganday bo‘ladi. Bobur Firdavsiydan, Sa’diydan minglab
baytlarni yod biladi. Hozir u kitoblari orasidan «Xamsa»ni olar ekan, uzoq Hirotda
yashayotgan Alisher Navoiyni xayol ko‘zi bilan ko‘rib turganday bo‘ldi. Hirotda ta’lim olib
kelgan andijonlik me’mor mulla Fazliddin mana shu ko‘shk va marmar hovuzli tillakori
shiyponni qurgan paytlarida yosh Boburga Navoiy haqida juda ko‘p ajo-yib hikoyalar
aytib bergan edi. Me’mor Hirotdan Alisher Navoiyning Behzod chizgan rasmidan yaxshi
bir nusxa ko‘chirtirib kelgan edi. Bobur ham Navoiyga ixlosmand ekanini sezgan me’mor
unga mana shu rasmni in’om qilgan edi. Bobur «Farhod va Shirin» dostoni qatidan shu
rasmni oldi-yu, shariat ilmiga oid daftarining ichiga soldi. So‘ng mudarris o‘tirgan
xonaga chiqdi.
Oppoq soqoli ko‘kragini qoplab yotgan, katta oq salla o‘ragan qoshlari o‘siq keksa
mudarris darsxona to‘rida, banoras ko‘rpacha ustida o‘ltirib, qur’ondan qiroat bilan
suralar o‘qigach, fors tilida fiqh* ilmining qonunlarini tushuntirishga kirishdi. Bobur arab-
fors tillarini yaxshi o‘rgangan, qur’on suralarining ko‘pini yod bilar, ma’nosini ham
tushunar edi, fiqh ilmining ba’zi nuqtalariga qiziqar ham edi-yu, ammo hozir shu
daqiqalarda uning ko‘z oldidan Suhrob va Farhodlarning qahramonona ishlari suron solib
o‘tmoqda edi. Chorbog‘dagi mashqlar paytida tanasiga sig‘may avjlanib ketgan sho‘x,
bebosh bir kuch hali ham qalbini junbishga keltirib turibdi.
Unga yod bo‘lib qolgan sevimli baytlar goh turkiy, goh forsiy ohanglarda mudarris
qiroatini yorib o‘tib, xayolida jaranglab eshitila boshladi:
«Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin?»
«Zi mardoni jahon mardi biyomuz!*»
Yod bo‘lib qolgan bu satrlar xayolidan o‘tayotganda, Bobur daftari orasiga solingan
suratni mudarrisga ko‘rsatmaslikka urinib sekin oldi. Ko‘zlaridan ilhom va mehr
yog‘ilayotgan Navoiy uzun qora chakmon kiygan, ingichka hassaga suyangan. Uning
butun qiyofasi yaxshilik istab kelgan har bir kishiga katta yaxshiliklar qila olishidan
dalolat beradi. Bobur suratga qarab turib o‘zicha so‘radi: «Ulug‘ amir, nasib qilsa,
huzuringizga borsam, yo‘limda Axramanu ajdaho uchrasa, Farhodingizday hammasini
yengib o‘tsam. O‘shanda siz menga... she’riyat tilsimini ochg‘uvchi kalit berurmisiz?»
Mudarris qiroat bilan uqtirayotgan darslari behuda ketayotganini birdan sezib qoldi,
sekin o‘rnidan turdi-da, Boburning yoniga keldi. Bobur suratni yashirishga ulgurolmadi.
— Odam surati? — shiddat bilan so‘radi mudarris. — Siz qur’oni sharifdan saboq eshitish
o‘rniga, shariat qat’iyan man etgan suratkashlik bilan mashg‘ulmisiz.
— Mudarris janoblari, bu suratni men chizgan emasmen. Buni menga Hirotdin
keltirmishlar. Bu ulug‘ zot — Amir Alisher.
Mudarris Navoiyni shoir deb eshitgan, asarlarini hali o‘qimagan edi.
— Odam suratini tarqatmoq — shaytonu lainning ishi! Qani bu suratni menga bering,
mirzom! Bering!
Mudarrisning qahrli vajohati suratni yirtib tashlashdan ham toymasligini ko‘rsatar edi.
Shuning uchun Bobur suratni bermay turib oldi. Mudarrisning g‘azabi keldi-yu, ammo
taxt vorisiga qattiq gapirishdan qo‘rqdi. Boburdan xafa bo‘lib, Eson Davlat begimga
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |