www.ziyouz.com kutubxonasi
60
zahmatkashlarning kushandasiga aylanmasmikinsan, jiyanim?
— Ishoning, mulla tog‘a, men yomon beklarning zulmiga ilojim boricha qarshi
turgaymen!
— Bobur mirzo hukmdor bo‘la turib daf qilolmagan adolatsizliklarni sen nechun daf
qilursen?
— Balki Bobur mirzoning mendek navkarlari bo‘lmagani uchun daf qilolmagandirlar?
Balki u zotga men kerakdurmen, mulla tog‘a! Men o‘zim uchun shundan ma’qul yo‘l
topolmadim. Yolg‘iz yashashimning ma’nosi qolmadi. Ne qilay?
Mavlono Fazliddin jiyanining yuziga tikilib qaradi-yu, uni niyatidan qaytarib bo‘lmasligini
sezdi. Tohir bundan uch yil oldin Quvasoy ko‘prigini buzib, yov qo‘shiniga katta talafot
keltirgan paytlarda tarix daryosining qudratli oqimiga tortilmaganmi-di? Endi umrbod
o‘sha oqimdan chiqolmasdan, tarixiy voqealarning ichida yurishga mahkum
etilganmikin? Har qalay, jiyanining so‘nggi gaplari mavlononi o‘ylantirib qo‘ydi. U birpas
jim turgach:
— Tavochiga uchradingmi? — dedi.
— Uchradim. «Oting yo‘q ekan, piyoda qo‘shinga olamiz», dedi. Men piyoda yurib
o‘rganib qolganmen, mulla tog‘a.
— Ammo jangda eng ko‘p talafot piyodalar orasida bo‘lur, buni bilursenmi?
— Mayli-da, qirq yil qirg‘in bo‘lsa ham ajali yetgan o‘lgay.
— Bas!
Mulla Fazliddin bu haqda boshqa gaplashmadi. Ertalab nonushtadan keyin xizmatkoriga
aytib, bostirmada turgan har ikkala otni ham egarlatdi. Tohirga oyoqlari uzun jiyron otni
ko‘rsatib:
— Sen mana shuni min, — dedi. — Men sening piyoda askar bo‘lishingni o‘zimga
munosib ko‘rmasmen.
Mulla Fazliddin o‘zi Bobur in’om qilgan to‘riq qashqani mindi. So‘ng ikkovlari Boburning
qarorgohiga otliq yo‘l oldilar.
Odatdagiday, Bobur huzuriga kirish uchun eshik og‘adan ruxsat olish kerak. Tog‘a-jiyan
sakkiz burchakli ulkan oq o‘tovdan beriroqda otliq kelayotgan Qosimbekni ko‘rdilar va
uning hurmatiga otdan tushib qo‘l qovushtirdilar.
— Janobi amirul umaro, jiyanim ham Bobur mirzoga sodiq xizmat qilish orzusida keldi,
— dedi mavlono Fazliddin. — Ijozat bersangiz, amirzodaning huzuriga kirsak.
— Amirzodam hozir behad banddir, mavlono. Balki iltimosingizni menga aytursiz?..
— Jiyanim Tohir... amirzodamning xos navkarlari qatoriga olinishini o‘tinib so‘ramoqchi
edim.
Qosimbek Tohirning barvasta gavdasiga va yuzidagi chandiqqa qaradi-yu:
— Yigit, askariy xizmatda bo‘lganmisen? — dedi.
Qosimbekning «sensirab» gapirgani Tohirga uncha yoqmadi. Loqayd tovush bilan:
— Hali bo‘lgan emasmen, — dedi.
Mavlono Fazliddin oraga tushdi:
— Janobi amirul umaro, jiyanimiz asli dehqon bo‘lsa ham, lekin tabiatida jangovarlik bor.
Esingizda bo‘lsa, Quvaning ko‘prigida yog‘iylarimiz juda katta talafot ko‘rib, o‘zlari sulh
taklif qilgan edilar. O‘shanda bizga g‘alaba keltirgan azamat yigitlarning biri — mana shu
Tohir!
— G‘alaba keltirgan?! — ishonqirmay so‘radi Qosimbek. — Qanday qilib?
Mavlono Fazliddin Quvada o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealarni Qosimbekka qisqacha
so‘zlab berdi. Uning hikoyasiga qaraganda, jangovar beklar va navkarlar eplay olmagan
yovning belini oddiy «yalangoyoqlar» sindirgan bo‘lib chiqardi. Qosimbek bunga
ishongisi kelmadi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |