Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
42
atroflari bir necha kundan beri juda serharakat. Andijondan
tuyalarga ortib kelingan
hashamatli chodirlar Buratog‘* etagidan oqib o‘tadigan Jannatariq bo‘yiga o‘rnatildi.
Oqburasoy bo‘ylarida ham, Chilmahram tog‘ining etaklaridagi ko‘kalamzorlarda ham
yuzlab chodirlar va o‘tovlar paydo bo‘ldi. Tog‘dan haydab tushilgan dumbali qo‘ylar
so‘yildi, kabob qo‘ralarida archaning pistoqi ko‘miri cho‘g‘latildi, doshqozonlarda go‘sht
qaynay boshladi.
Bugun O‘shga Bobur mirzo boshliq hamma arkoni davlatlarning kelishi kutilmoqda.
Mulla Fazliddin yosh podshohning amri bilan Buratog‘ning chiqish qiyin bo‘lgan
xushmanzara bir qoyatoshi ustiga kichkina hujra qurgan. Bobur mirzo bultur shu ishni
unga topshirgandan keyin Samarqandga qo‘shin tortib ketgan va O‘shga mana endi yo‘li
tushmoqda edi. Mulla Fazliddin savdarlar bilan pastga tushib, hujraga yarashadigan
gilam va zarbof ko‘rpachalarni o‘zi tanladi. Tik, sirg‘anchiq
qoyatoshga chiqib
o‘rganmagan savdarlar jihozlarni olib kelayotganda juda qiynalib qolishdi. Qashqarcha
kumush obdasta ko‘tarib kelayotgan semiz oftobachi har o‘n qadamda bir to‘xtab
qolardi. Mulla Fazliddin uning qo‘lidan obdastasini olib, o‘zini suyab chiqdi.
Savdarboshi ayvonning sangfarsh qilingan zinalariga guldor poyandoz to‘shatgan edi,
mulla Fazliddin iltimos qilib, uni oldirib tashladi. Chunki zinalarga
ishlatilgan rangli
toshlar har qanday poyandozdan qimmatroq va go‘zalroq edi.
Tog‘ qirrasida turgan hujradan butun O‘sh shahri va uning atroflari kaftdagidek aniq
ko‘rinar edi. Hali ham nafasini rostlab ololmay hansirab o‘tirgan oftobachi pastga tikilib
qaradiyu, o‘rnidan sakrab turdi:
— Ana, keldilar!
Mulla
Fazliddin ayvon chetiga borib, pastga ko‘z yugurtirdi.
Oq otliq Bobur mirzo yuzdan ortiq beklari va xos navkarlari bilan Javzo masjididan o‘tib,
tog‘ etagiga yaqinlashib qolgan edi. Ular hammasi Jannatariq bo‘yiga o‘rnatilgan
borgoh* va xirgoh* oldida to‘xtadilar. Ichi zarrin ipak, usti qimmatbaho mayin movut
bilan qoplangan bu chodirlarning zarhal chilvirlari kumush qoziqlarga bog‘langan edi.
Chodirlarda dam olish va katta ziyofatlar berish uchun hamma tayyorliklar ko‘rib
qo‘yilganini mulla Fazliddin bilar edi. «Endi bugun Bobur mirzo o‘sha
yerda dam olsalar
kerak, bizning hujraga balki ertaga chiqarlar», degan o‘y bilan ishini sekin davom ettirdi.
Ammo oradan bir soat o‘tar-o‘tmas pastdan sersoqol qo‘rchiboshi to‘rtta soqchisi bilan
hansirab chiqib keldi:
— Hozir bu yerga oliy zotlar qadam ranjida qilurlar. Taxtiravon qayerda?
Savdarboshi mulla Fazliddinga yordam so‘raganday qilib qaradi. Zira beqasamdan yupqa
to‘n kiygan mulla Fazliddin qo‘rchiboshi qarshisida qo‘l qovushtirib:
— Ma’zur tuting,
janobi bek, — dedi.
— Xo‘sh?
Mulla Fazliddin shu hujrani qurishda g‘ishtlarni zambilga solib ko‘tartirib chiqmoqchi
bo‘lgan, ammo ilojini topolmagan edi. Chunki bu tik qoyaga odam faqat bitta-bitta
bo‘lib, goho qo‘li bilan qoyaga suyanib chiqishi mumkin edi. Taxtiravonni esa to‘rt
kishi
to‘rt tomonidan ko‘taradi, uning ichida podshoh yoki malikalar o‘tiradi.
— Biz tajriba etib ko‘rdik, bu qoyaga taxtiravon ko‘tarib chiqish mumkin emas, — dedi
mulla Fazliddin.
Qo‘rchiboshi uch tomoni devorday tik qoyatosh bo‘lgan, faqat bir tomonidan yolg‘iz
odam zo‘rg‘a o‘tib keladigan toqqa durustroq qaradi-yu, taxtiravon
ishlatish fikridan
qaytdi. Savdarboshiga xo‘mrayib:
— Bu yerda ortiqcha odam bo‘lmasin! — deb buyurdi.
Hujra atrofidagi sahn torroq bo‘lsa ham qoyaning shimol tomonida — uyday baland
toshlar ortida kichkina maydoncha bor edi. Soqchilardan ikkitasi oftobachi va